Zo'ravonlik holatlari nega ortib bormoqda?

(“Himoya orderi”ni olish tartibi va undagi imkoniyatlar haqida)
Himoya orderi oilada eridan jabrlangan yoki uchinchi shaxslarning zulmiga uchragan ayollarga, ota-onasi yoki boshqa shaxslarning zulmiga duch kelgan (voyaga yetmagan) qizlarga, qo'ni-qo'shnilar o'rtasidagi kelishmovchiliklarda jabr ko'rgan, ko'chada, ishda, o'qishda tazyiq yoki shilqimlikka uchragan, huquqbuzarlik yo jinoyat qurboni bo'lgan xotin-qizlarga beriladi.
2025 yil 30 iyul kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan taqdim etilgan statistik ma'lumotlarda qayd etilishicha, 2025 yilning yanvar-iyun oylarida tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan 41 051 nafar xotin-qizga himoya orderi rasmiylashtirilgan. Shuningdek, 4 006 nafar xotin-qizga birlamchi ko'mak xonalarida ijtimoiy yordam ko'rsatildi.
“Gazeta.uz” internet nashrida e'lon qilingan xabarda ta'kidlanishicha, 2025 yilning birinchi yarmida O'zbekistonda 48,3 ming zo'ravonlik holati qayd etilgan, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 121 foizga ko'p. Eng ko'p holatlar Toshkent (9414), Buxoro (5612), Qashqadaryo (5268) va Andijon (4808) viloyatlarida qayd etilgan. Shu davrda 930 nafar ayolga takroriy himoya orderi berilgan.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25 iyun kuni qabul qilingan tegishli qarori bilan “Tazyiq va zo'ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmat ko'rsatishning ma'muriy reglamenti” tasdiqlangan.
Amaldagi tartibga ko'ra, tazyiq holatlari bo'yicha murojaatlarni ro'yxatga olish quyidagi 5 xil bosqichdan iborat bo'ladi:
Jabrlangan shaxslar, boshqa shaxslar yoki tashkilotlar “Inson” markazlariga, profilaktika inspektorlariga, “102” yoki “112” qisqa raqamlarga va “1146” ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin. So'ngra, “Inson” markazlari murojaatni ro'yxatga olib, profilaktika inspektoriga yuboradi.
Profilaktika inspektorining murojaat kelib tushgandan boshlab 24 soat ichida amalga oshirishi lozim bo'lgan harakatlari quyidagicha bo'ladi:
Tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan fuqaroning o'zidan tashqari, yaqinlari, qo'shni yoki qarindoshlari ham order olish uchun murojaat qilishi mumkin. Holat haqida xabar bergan fuqarolar hamda tazyiq va zo'ravonlikka uchragan xotin-qizlarning shaxsga doir ma'lumotlari amaldagi qonunchiligimizga asosan sir saqlanadi.
Murojaatdan so'ng, profilaktika inspektori jabrlangan shaxslarga himoya orderini rasmiylashtiradi. Shuningdek, 18 yoshga to'lmagan jabrlanuvchi ham order olishi mumkin. Ammo uning arizasi qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili bilan birgalikda ko'rib chiqiladi.
Himoya orderining amal qilish muddati 30 kun bo'lib, tazyiq va zo'ravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlansa, 24 soat ichida rasmiylashtiriladi va o'sha vaqtdan e'tiboran kuchga kiradi.
Shuni inobatga olish joizki, 2020 yil oktyabrda “Ma'muriy javobgarlik to'g'risida”gi kodeksga 2061-modda kiritilib, “Tazyiq va zo'ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo'lgan shaxsning himoya orderi talablarini bajarmaslik” normasi bilan to'ldirildi. Agar zo'ravon shaxs himoya orderi talablarini bajarmasa, zo'ravonlikda gumonlangan shaxslar BHMning 3 baravarigacha jarima to'lashi yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoq jazosi bilan jazolanishi belgilangan.
Bundan tashqari, zarur hollarda, profilaktika inspektori birlamchi ko'mak xonalariga joylashtirish uchun tegishli dalolatnoma tayyorlashi mumkin. Bunda tazyiq va zo'ravonlikka uchragan xotin-qizlar birlamchi ko'mak xonasiga joylashtiriladi.
Birlamchi ko'mak xonasi nima? Mazkur xona tazyiq va zo'ravonlikka uchragan xotin-qizlarga birinchi tez yordam sifatida moslashtirilgan, kamida to'rtta o'rindan iborat bo'lgan hamda gigiena talablariga mos jihozlangan xona hisoblanadi. Tazyiqdan jabrlanganlar ushbu xonada uzog'i bilan 3 sutka muddatga joylashtiriladi. Birlamchi ko'mak xonasida qanday yordamlar ko'rsatiladi? Qonunchiligimizda birlamchi ko'mak xonasida shoshilinch tibbiy yordam, psixologik ko'mak, oziq-ovqat, shaxsiy gigiena vositalari bilan ta'minlash ishlari amalga oshiriladi.
Har bir sohada nazorat qiluvchi tashkilot bo'lgani kabi himoya orderini berish tartibini belgilovchi qonunchilikni nazorat qiluvchi tashkilot ham mavjud. Shikoyat qilish va xizmat sifati nazorati Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Sirojiddin Otajonov,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya Toshkent shahar boshqarmasi bosh mutaxassisi.