Inson qadri – ustuvor vazifa

Har bir jamiyatda inson qadri va uning haq-huquqlarini ta'minlashning asosiy vositalaridan biri ijtimoiy himoya tizimidir. Ijtimoiy himoya nafaqat moddiy yordam berishni, balki insonning shaxsiy manfaatlari, mehnatga bo'lgan huquqlari, sog'lig'ini muhofaza qilish va munosib hayot darajasini ta'minlashni ham nazarda tutadi. O'zbekistonda so'nggi yillarda ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlar jamiyat taraqqiyoti va adolatli munosabatlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
So'nggi yillarda O'zbekistonda ijtimoiy himoyani takomillashtirish va inson qadrini ustuvor maqsad sifatida belgilash bo'yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2023 yilda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilib, mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasini takomillashtirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo'llab-quvvatlash va ijtimoiy adolatni ta'minlash maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning muhim natijalaridan biri bu so'zsiz Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Ushbu agentlik ijtimoiy himoyani markazlashtirish, tizimni raqamlashtirish va uni aholi ehtiyojlariga moslashtirishda muhim rol o'ynamoqda.
Aslida, aholini ijtimoiy himoya qilish, nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir. Yurtimizda aholining imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini to'laqonli qamrab olish, ularga ko'rsatilayotgan ko'mak sifatini yangi bosqichga ko'tarish masalasi islohotlar negizini tashkil etmoqda.
Yaqin yillargacha jamiyatimizda imkoniyati cheklangan kishilarga davlat idoralari, davlat xizmatchilarining munosabati ayanchli holatda edi, desak xato bo'lmas. Davlatimiz rahbarining g'amxo'rligi, ehtiyojmand oilalardagi muhitni, kayfiyatni yaxshi bilishi natijasida yuqorida keltirilgan ijtimoiy himoya bilan bog'liq masalalar bo'yicha ham butunlay yangi tizim yaratildi.
Xususan, kam ta'minlangan oilalarga nafaqa belgilash asoslari aniq qilib qo'yildi. “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi ishga tushirilib, kam ta'minlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko'rsatish boshlandi. Ochiqlik, tenglik, adolat tamoyillariga qat'iy amal qilish vazifasi belgilandi.
Alohida ta'kidlash kerakki, bu raqamlar nafaqaga muhtoj oilalar soni ortganini emas, balki ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy himoya yetib borayotganini anglatadi. “Imkoniyati cheklangan kishilar” degan tushuncha davlat va jamiyatning nogironlarga bo'lgan tor, bir yoqlama munosabatini ifodalab kelgan bo'lsa, yangi islohotlar davrida, avvalo, qonunchilik o'zgarib, “nogironligi bo'lgan shaxslar” degan tushuncha yuzaga keldi.
Shu asosda davlat va jamiyat nogironlarga imkoniyati cheklanganlar, deb emas, balki shaxs sifatida munosabatda bo'lishga o'tdi. Bu munosabat uning huquqlari tan olingani va ro'yobga chiqishi uchun imkoniyat yaratilayotganini anglatadi. Mana shu uchta misol mamlakatimizda ijtimoiy himoya masalasiga munosabat, e'tibor va mas'uliyat tubdan o'zgargani, muammolarni yashirish emas, balki hal qilish uchun ham huquqiy, ham amaliy jihatdan izchil choralar ko'rilayotganining isbotidir.
Ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish bo'yicha tizimli islohotlar amalga oshirildi. Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasi yangi bosqichga olib chiqilib, yagona markazlashgan tizim sifatida shakllantirildi.
Respublikaning 208 ta tuman (shahar)larida “Inson” markazlari va har bir mahallada ijtimoiy xodimlar faoliyati yo'lga qo'yildi. Mahalla darajasida 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko'rsatish tizimi yaratildi.
Nogironligi bo'lgan shaxslarga ko'maklashish, jamiyatga integratsiya qilish, sifatli protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash tizimi takomillashtirildi. Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlarini 18 tadan 30 taga, qoplab beriladigan mablag'lar miqdori o'rtacha 10 baravargacha oshirildi.
Eng muhimi – insonlarga zarur vositalarni elektron tarzda o'zlari tanlab olish imkoniyati yaratildi. Bunda muhtoj shaxslarga vaucherdan (davlat tomonidan qoplab beriladigan mablag'dan) foydalangan holda elektron tijorat (“POM Market” platformasi va “Uzum market”) orqali tegishli protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasini o'z tanloviga ko'ra bevosita o'zi, qonuniy vakili yoki ijtimoiy xodimlar ko'magida xarid qilish imkoni yaratildi.
Respublika bo'yicha 66 ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha va maktab ta'lim tashkilotlarida nogironlikning og'ir turlariga ega bo'lgan bolalar uchun “G'amxo'rlik” guruhlari tashkil etildi. Mazkur guruhlarga 500 dan ortiq og'ir turdagi nogironligi bo'lgan bolalar yo'naltirilgan.
2021 yildan hozirga qadar 2481 ta yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar davlat tomonidan uy-joylar bilan ta'minlandi (418 mlrd 988 mln so'm mablag' sarf etilgan). Joriy yilda shu maqsadda davlat byudjetidan 140 mlrd so'm, Ijtimoiy himoya davlat jamg'armasidan esa 42 mlrd so'm, jami 182 mlrd so'm mablag' ajratildi.
Joriy yilda 775 nafar bolalar uy-joy bilan ta'minlandi va yilning so'nggiga qadar yana 15 nafar bolani turar joylar bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan.
Tazyiq va zo'ravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish amaliyoti tubdan o'zgartirildi. Tazyiqqa uchraganlarga uch bosqichli “mahalla-tuman-viloyat” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish tizimi joriy qilindi. Endilikda, tazyiq holati doimiy o'rganilib, kuzatib boriladi, himoya orderi talab qilmasdan ijtimoiy xizmatlar ko'rsatiladi, ariza talab etmagan holda boshpana va chuqur reabilitatsiya qilish uchun psixologik va huquqiy xizmatlar ko'rsatiladi.
2024 yil 1 maydan boshlab reestrga kiritilgan yolg'iz keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslarga har oylik uy-joy-kommunal xizmatlarga to'lash bo'yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiena tovarlari uchun har oyda qo'shimcha pul to'lovlari o'rniga, yolg'iz keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslar uchun 648 ming so'mlik moddiy yordam joriy etildi.
Albatta, takshil etilganiga ko'p bo'lmasa-da ijtimoiy himoya milliy agentligi O'zbekistonda aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash sohasidagi eng muhim institutlardan biriga aylanmoqda. Uning faoliyati nafaqat inson qadrini e'zozlash, balki jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta'minlashga xizmat qiladi. Agentlikning shaffof va samarali ishlash tizimi aholi farovonligini oshirish yo'lidagi muhim qadamdir. Bu esa mamlakatning umumiy taraqqiyoti va aholining ijtimoiy ehtiyojlari ta'minlanishida katta ahamiyatga ega.
Islom ASILBEKOV.