Chorasizlik

Shahar chekkasidan o'tgan, qurilishi davom etayotgan katta aylanma yo'lning ovloq, kimsasiz, har zamonda bitta-ikkita adashgan avtoulovlarning o'tishini aytmasa, doimiy jimjit manzilida sekin, imillab borayotgan mashina tuyqus silkinib to'xtadi.

Haydovchi yo'l chetidagi jilg'inzorga nimanidir otdi.

Orqa eshik ochilib, targ'il it sakrab tushdi va o'zini yo'l chekkasidagi jilg'inzorga urdi.

Mashina shiddat bilan oldinga jildi. Suyak tishlab olgan it katta yo'lga chiqqanida, sohibining mashinasi allaqachon undan ancha olislashib ketgan edi.

It avvaliga nima bo'lganini tushunmagandek, bir lahza yo'l o'rtasida qoziqday qotdi va birdan og'zidagi suyagini tashlamay, mashina ortidan chopdi.

U shunchalar tez yugurdiki, yon oynadan qaraganmi, sohibi ham mashinani yanada tezroq hayday boshladi.

It esa jon-jahdi bilan — oyog'i yerga tegib-tegmay chopib borardi; birdan it egasining mashinasi sekinladi va kutilmaganda “g'iyqillagan” ovoz chiqarib to'xtadi.

Yozgi yengil, oppoq ko'ylakdagi pakana odam avtoulov eshigini ochdi, lekin ulgurmadi; hansirab, tillari osilib qolgan it uni tushishga ham qo'ymay yalab-yulqay boshladi.

— To'xta, to'xta, To'rtko'z, to'xta!!!

Itning biroz tinchiganidan foydalanib, u mashinadan sirg'alib chiqdi va quchog'ini ochib, cho'nqaydi.

Hali-hamon hansirab turgan it uning bag'riga otildi.

Sohibining dimog'iga tanish hid urildi. U itni shunchalar qattiq quchoqladiki, dukurlab urilayotgan hayvon yuragining olatasir zarbidan diydasi bo'shab ketdi.

Hozirgina uni tiyiqsiz bir mehr bilan hidlab, aylanib-o'rgilayotgan it esa uning qulochlari orasidan chiqish uchun orqa oyog'iga tiralib, tisarilishga chog'landi.

Lekin sohibi uni qo'yib yuborishni istamasdi; ko'zlaridan jimillab chiqqan yosh yuzini ho'l qilib, cho'zinchoq iyagi bo'ylab sidirilib, mitti bir tomchiga aylandi va itning qulog'iga tomdi.

— To'rtko'z!.. Nima qilay, anavi alvasti seni… seni qaerlargadir yo'q qilib kelmasam, “yoshim ellikda bo'lsa ham bu hovlida bir kun ham turmayman, uyda siz bo'lmagan kun bu uyning egasi shu sassiq it, namozshomdan tong otguncha ovozi tinmaydi, bu dardisar itning dastidan qo'ni-qo'shnilar ham bu uyga kirmaydigan bo'ldi”, deb shallaqilik qilsa, men nima qilay?!

Men uning nima niyatda yurganini bilaman, To'rtko'z!..

Endi nevarali bo'lganimda seni deb ajrashayinmi? Keyin el-yurt nima deydi, To'rtko'z?!

It egasining bu dard va iztirob to'la ovozini zarra tushunmay, unga doimgidek erkalanib, bo'yin va quloqlarini hidlar edi…

Temirpo'lat TILLAYEV

 

Birovning omonati

Mol bozoridan chiqqan Dilmurod muallim oyog'i tagida yotgan tugunni ko'rib, egilib oldi. Pulga o'xshadi, kimdir tushirib qoldirgan bo'lsa kerak.

Muallim traktorning panasiga o'tib, tugunni ochdi. Ha, pul ekan, naq to'rt yarim million.

Dilmurod muallim choyxona tomon yurdi va choyxonachiga pul topib olganini, kimdir yo'qotgan bo'lsa, uyda bo'lishini tayinlab jo'nab ketdi.

Ertasiga maktabdan qaytayotgan muallim darvozasi yonida turgan ikki yigitni ko'rib, hoynahoy, o'sha pullarning egasi bo'lsa kerak deb o'yladi va ular bilan ko'rishdi. Bilganiday, yigitlarning novcharog'i dedi:

— Domla, bozorda pul topib olibsiz, manovi Turob qassobning o'g'li, ikkita echki sotib, pullarini yo'qotib qo'ydi.

— Pullar qancha edi?

— Ikki million edi, qora salafan xaltaga o'ragandim…

Dilmurod muallim yigitlarning yolg'on so'zlayotganini sezdi.

— Men topgan pullar sizlarniki emas, borib, boshqa birovni laqillatinglar!

Yolg'on da'volari fosh bo'lgan yigitlar indamay ketishdi.

Muallim hali yigirma yoshga ham kirmagan yigitlarning bunchalik past ketishini ko'rib, biroz achchiqlandi.

Ertasiga maktabda yangiliklardan doim birinchi bo'lib xabar topadigan Ashir muallim bir gap aytdi:

— Turob qassobning kenja o'g'li bozorda qimor o'ynab, ikkita echkining pulini yutqazibdi…

Muallimni shundan keyin ham “pulini yo'qotganlar” bezovta qilib turdi.

Hatto tuzukkina odam deb yurgan Shavkat taksichi ham bir kuni dov to'kib keldi-yu, ammo “imtihon”dan o'tolmay qaytib ketdi.

Nihoyat, oradan bir oy o'tib, muallimning uyiga mototsikl mingan ikki odam keldi. Dashtlik ekan. Biri keksaroq, ikkinchisi o'g'li bo'lsa kerak, yoshgina.

Muallim mehmonlarni uyga taklif qildi.

Dasturxon ustida keksa kishi bozorda qo'y sotgani, pullarni qizil gardi ro'molga o'raganini, pullar to'rt yarim million ekanini aytdi.

Dilmurod muallim omonatning haqiqiy egasi topilganidan xursand bo'ldi, go'yo uning yelkasidan tog' ag'darilgandek edi. U shkafdan tugunni olib, mehmonning oldiga qo'ydi.

Mehmonlar esa qo'yarda-qo'ymay uch yuz ming so'm pulni suyunchi deb dasturxon chetiga tashlab ketishdi.

Xayrlashayotib, keksa kishi muallimning yelkasiga qoqdi.

— Halol, iymonli odam ekansiz, baraka toping!

Mehmonlarni kuzatib qo'ygan muallimning yoniga nevarasi Shohida yugurib keldi.

— Buva, suyunchi bering, enam o'g'il chaqaloq tug'di!

Muallim yangilikdan quvonib ketdi, endi uning o'g'il nevarasi bor…

U — dasturxon chetidagi pulni nevarasiga uzatarkan, bu xushxabarni Yaratganning inoyati bilib, shukronalar qildi.

O'rolboy QOBIL

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + fifteen =