Chig'anoqlar qabristoni

Muhabbat HAMIDOVA

Bolalikda hayratning ko'zlari katta bo'ladi. Bolaligimda o'zim sohilida sigir boqib, o'rtoqlarim bilan quvlashib o'ynab yuradigan Chirchiq daryosi ko'zimga qirg'og'i ko'rinmaydigan dunyo hovuzlari — dengizlardan ham bepoyon ko'rinardi. Oppoq ko'pikli to'lqinlarini chayqatib-chayqatib oqizib ketayotgan daryomizning ko'm-ko'k suvlari moviy osmon bilan birlashib ketganday edi. Quyosh botishi arafasida daryo sohilidagi azim chinor daraxtining tepasiga chiqib, ko'zim tinib ketguncha oqimga tikilib o'tirardim. Osmondan qanotlarini yig'ishtirib, daryoga toshday sho'ng'igan baliqchi qushlar tumshug'ida bilanglab turgan kattakon baliqni ilintirib ko'kka ko'tarilganda hayajon va hayratdan yuragim qafasidan chiqib ketguday tipirchilab qolardi. Ehtimol, o'sha paytda daryoning suvi rostdan ham ko'p bo'lgandir. Negaki, daryo katta-kichik yettita irmoqqa bo'linib oqardi. Irmoqlar orasidagi orolchalarda xushbo'y hidli yulg'unlar, oppoq gulxayrilar, gulining ifori boshni aylantirib yuboradigan yovvoyi jiydalar bir-biriga chirmashib, qalin to'qayzor paydo qilgandi. Yulg'unlar orasida to'satdan paydo bo'lib qolgan yumronqoziq, tipratikan yoki qamishlar orasidan suzib chiqqan qunduzlar to'qayga kirib qolsa, qaytib u yerdan chiqa olmaydiganday tuyulardi.

Men shalvarimni tizzamgacha ko'tarib olib, daryoning qirg'oqqa yaqin sayoz joylariga tushib, suv kechishni yaxshi ko'rardim. Chunki oyoqlarim orasidan oqayotgan suv vujudimni erkalab, silab o'tardi. Ammo ba'zan oyoqlarim orasidan o'tib qaytayotgan quvnoq baliqchalar, hatto shapaloqday-shapaloqday yapaloq chig'anoqlar badanimda titroq uyg'otar, hatto cho'chitib ham yuborardi. Sohilga yaqin joylarda chig'anoqlar juda ko'p edi. Buvim bizga: “Sohildagi qumlarni sinchiklab qarasalaring, chig'anoqlar to'nlarini tashlab ketgan bo'ladi. Mayda-maydalarini terib kelinglar. Quritib, ukangning beshigiga munchoq qilib osib qo'yamiz. Lekin tag'in suvdan tirik chig'anoqni ushlab qobig'ini yorib, o'zini o'ldirib qo'ymalaring, uyam Xudoning bezarar jonivori, uvoli bor”, — deb tayinlardilar.

Buvimning aytishicha, daryo bo'ylaridagi qamishlar-u yulg'unlar, yovvoyi archa-yu maymunjonlar, ko'rsichqon-u suvkalamushlarning ham odamlarga, tabiatga foydasi bor emish. Ularga ham Xudo kerakli vazifani buyurib qo'ygan emish.

— Buvijon, o'sha chig'anoqlarni uyimizga olib kelib boqsak-chi? — so'radi bir kuni akam.

— Unday qilma, bolam. Chumolining ham uyi buzilmasin. Har bir narsa o'z yerida unib-o'sadi. O'sha chig'anoqni ushlab, sekin qulog'ingga olib borib tinglagin-da, uning ichidan daryoning shovullashi, shamolning g'uvullashi eshitiladi. Agar sen chig'anoqni uyda boqsang, u bunday ovozlarni eshitmaydi, keyin o'sha ovozlarni sog'inib halok bo'lishi mumkin, — dedilar buvim.

— Nazira qizim, o'zing ham, o'rtoqlaring ham chig'anoqlarni hadeb qo'lingizga olib o'ynab, ularni qiynamanglar. Sizdan sal narida, garchi ko'zingizga ko'rinmasa-da, onasi xavotir bilan kuzatib turgan bo'ladi. Bolasini qutqarish qo'lidan kelmagach, sizlarni qarg'aydi. Qarg'ish yomon narsa. Tabiatdagi hamma narsani Xudo yaratgan.

Biz ana shu hikoyalar asosida qishlog'imiz tabiatini, daryo-yu soylarini, yantog'-u giyohlarini, urishqoq chug'urchuqlari-yu o'zini samo hukmdori deb bilgan baliqchi qushlari, chaqqon tipratikanlari-yu mug'ombir chiyabo'rilarini sevib, ularni do'st bilib katta bo'lganmiz. Yozda supadagi hovlida yulduzlarga tikilib uyquga ketar ekanmiz, ukkilarning vahimali sayrog'i, ko'rshapalaklarning sharpasiz qanot qoqishlari, chigirtkalarning chirillashi bizni allalardi. Oradan yillar o'tdi. Maktabni bitirib, shaharga o'qishga ketdim, keyin ishladim. Ro'zg'or, bola-chaqa tashvishi bilan ancha payt qadrdon daryo bo'yiga borolmadim. Har gal ota uyimga mehmon bo'lib kelganimda, ukalarim, onam daryoda suv kamayib ketayotgani, odamlar dehqonchilik ham qilmay qo'ygani haqida tashvishlanib gapirib qolishardi. Ha, derdim-u, buning qanchalik fojia ekanligini tasavvur qilmasdim.

Bu galgi mehmonga kelganimda, ukam:

— Opa, jiyanlarni daryo bo'ylariga olib chiqib kelay. Suvning salqingina shabadasida jaziramani sezishmasin, — deb qoldi.

— Yaxshi taklif, nega endi men bormasligim kerak? Axir u yerdagi har bir tup suvtol shoxlarida, har bir irmoq sohillarida mening bolaligim qolgan. Bu haqda jiyanlaringga o'zim gapirib beraman, — dedim-u, hammadan oldin mashinaga chiqib oldim. Ukam: “O'zimiz har doim yuradigan “Changalli ota” qabristoni tomonda yo'l yo'q, dala hovli egalari yo'llarni to'sib olgan”, deb mashinasi rulini Karyer tomonga burdi.

Ochig'i, men daryoning Rohat ko'liga olib chiqadigan yo'lning bu taraflarini unutib ham yuborgandim. O'lay agar, ukam gidlik qilmasa, yakkam-dukkam suvtollari-yu onda-sonda ko'zga tashlanayotgan so'qmoqlar bir paytlar yurishga to'sqinlik qilgan vahimali to'qayzor ekanligini bilmasdim ham. Nihoyat, mashinani qatnov yo'l chekkasida to'xtatdi.

— Pastga o'zimiz tushamiz, — dedi quyi tomonga enib ketgan so'qmoqqa ishora qilib. Jiyda topgan jinniday quvonib kenjatoyimning qo'lidan tutdim-u, nishab yo'ldan yelib ketdim. Yo'l bizni sohilini qum bosgan soy yoniga olib bordi.

— Alisher, shunchalik ham beo'xshov hazil qilasanmi, bu Qiyot ariq-ku, nega daryoga bormadik? — dedim soyning narigi chekkasidagi qizil “Jiguli”ga tikilib. Shu choq “Jiguli”dan tushgan mayka- shortikdagi bir kishi safar xaltasini titgancha biz tomonga “xorijliklarmi?” deganday qayta-qayta qaradi.

— Nega hazillashaman, opa? O'zingiz cho'milib katta bo'lgan Chirchiqni tanimayapsizmi? Bu huv birda suv ko'payib ketib, daryodan o'tolmay yig'lab o'tirganingizda tog'am harbiylarning vertolyotida qutqarib olib ketgan uchinchi irmoqning oroli-ku, — dedi ukam.

— Ie, unda birinchi, ikkinchi irmoqlar qani?

— Irmoqlar sizni kuta-kuta charchab qurib qoldi, — xo'rsindi ukam.

— Oyi, mana bu qanaqa suyak? Rosayam qattiq ekan, — deya oyog'i tagidagi qumni tepkilayotgan Sardor asta egildi-da, ichidagi chig'anog'i o'lib, vayron bo'lgan kosasi (skeleti)ning bir pallasini qo'liga oldi. Yugurib bordim. Chig'anoqning ko'kish, qoramtir shapaloqdek pallasi. Biz chig'anoqlarning ana shu mustahkam pallalari orasidan boshlarini chiqarib, suvo'tlarini yeyishlarini zavqlanib kuzatardik. “Ajoyib-a, shu shilliqqurt uyini o'zi bilan olib yuradi. Ular shu uycha ichida keyinchalik qimmatbaho marvaridga aylanar ekan. Chig'anoqning o'zi marvaridga aylanarmikan yoki uychaga kirib qolayotgan qumlarmi? Nahotki bir kuni o'sha marvaridni ko'rsak!” deb hayajonlanardik. Lekin biror marta ham qurib-qaqshab ketgan qumlar orasidan ularning vayron bo'lgan uychasini yoki uycha devoriga qapishib qurib qolgan tanasini ko'raman deb o'ylamaganman. Uzoq vaqt ko'rmagan qadrdonimni topib olgandek uni entikib ushladim. Ko'zlarim yoshlandi. Najot qidirib suv bo'yiga bordim.

Bir paytlar barq urgan suvo'tlar orasida yuzlab chig'anoqlar suzib yurardi. Qancha tikilmay, bugun ularni topolmadim. Mung'ayib ukamga qaradim. Bu orada o'rtancha o'g'lim qum orasidan yana bir majaqlangan chig'anoq kosasini topib oldi. Men serrayib turib qoldim. Bolalarim yugurib-yugurib yarimta-yurimta chig'anoq “uycha”larini terishga tushib ketishdi. Men beixtiyor yarmi kuyib ko'mirga aylangan yovvoyi jiyda tagiga o'tirib oldim. Ko'zim tinib, qulog'im g'uvullardi. Shu payt oq charloqlarning tovushidan seskanib ko'zimni ochdim.

Ulardan biri naq boshim ustida ikki bor aylandi-da, nimanidir tashlab yubordi. Cho'chib oyog'im ostiga qaradim. Bir qarich keladigan zog'ora baliq qum ustida jon talvasasida tipirchilardi. Beixtiyor uni yerdan ko'tardim. Buni ko'rgan baliqchi qush ko'ngli xotirjam tortib, uzoqqa uchib ketdi.

— Ana, opa, buvimning: “Tabiatdagi barcha narsa — jonivor-u o't-o'lan, hasharot-u qurt-qumursqagacha odamzodning do'sti, yaxshilikni unutmaydi”, degan gaplari rost ekanmi? Nazarimda, keksa baliqchi qush sizni tanidi, sizni mehmon qilish uchun baliq tashladi. Hoziroq uni qovurib yeyishingiz mumkin, — deya jilmaydi ukam.

— Ha, — dedim xo'rsinib, — sovg'a uchun rahmat! Balki bu ham daryodagi so'nggi baliqdir. Yaxshisi, men uni joyiga qaytaraman. Menga rahmat deydi, o'zidan ko'paysa ham, ajabmas, — dedim-da, tez-tez yurib borib, baliqchani suvga qo'yib yubordim. U bir zum garangsib turgach, dumlarini likillatib suzgancha o'tlar orasiga kirib ko'zdan yo'qoldi.

Nahotki biz shu baliqchi qushcha ham bo'lolmadik? Nahotki butun bir qishloq aholisi birgalashib, bog'-rog'larimizni gullatgan, shirindan-shakar sabzavotlar yetishtirishimizga zamin bo'lgan saxovatli daryomizni asrab qolishga harakat qilmadik? Nega men onamning hasratlarini eshitganimda, oppoq to'lqinlari bilan meni erkalab katta qilgan Chirchiq daryosidan xabar olmadim? Bir tabiat jonkuyari sifatida tegishli tashkilotlar eshigiga tanda qo'ymadim. Axir yurt puflasa shamol turardi-ku. Ehtimol, oyoqqa qalqqanimizda, daryomiz yo'llarda bo'lar-bo'lmasga bo'linmagan, ojizgina irmoqqa aylanib qolmagan bo'lardi-ku… Shu xayollar yuragimni g'ijimlab turganda o'g'illarim bir xalta chig'anoq pallalarini keltirib oyoqlarim ostiga to'kdi.

— Oyi, qarang bularning ko'pligini… Endi ularni nima qilamiz? — dedi kenjatoyim qop-qora ko'zlarini javdiratib. — Buning ichida yashagan chig'anoqlar hozir qaerdaykin-a?

— Ularni mana bu jiyda tagiga ko'mamiz, — dedim ko'zda yosh bilan.

— Voy, o'lib qolgan chig'anoqning o'rniga ularning sinib qolgan uychasini ko'msa ham bo'laveradimi? Tog'a, keyingi gal kelganimizda ham chig'anoq suyaklarini terib bularning yoniga qator qilib ko'mib qo'yaylik. O'shanda odamlar bu yerni chig'anoqlar qabristoni deb ataydi, — dedi o'g'lim miq etmasdan chuqur qaziyotgan ukamning qo'llaridan ushlab.

— Endi qirg'oqdan bunaqa singan sadaflarni topa olmaysan, — dedi ukam. — Endi chig'anoqlar yo'q.

— Ular qayoqqa ketishdi, dengizgami?

— Ularning ukalarini kecha o'zimiz tomondagi irmoqda ko'rdim. Chig'anoqlar rosa ko'payishyapti. Biroq endi ular sohilga chiqishmaydi, maza qilib irmoqda — onalarining yonida, suvo'tlar orasida bexavotir yashayverishadi, — dedi ukam.

Garchi bu gap to'qimaligini, bu yerda endi daryo ham, chig'anoqlar ham qolmaganini bilsam-da, ukamning gaplariga ishongim keldi. Chunki oqqan daryo oqmasdan qolmas, deyishadi-ku. Zora hammamiz birlashsak, xatomizni to'g'rilasak. Daryo suvini bag'riga qaytarsak. Yana qishlog'im bolaligimdagiday bog'-rog'larga, serhosil dalalarga aylansa… Chig'anoqlar-u baliqlar daryo suvlarida chayinaverib yaltirab ketgan toshlar orasida bir-birini quvalab o'ynasa, beg'ubor oppoq to'lqinlar yuzida balandlarga sakrasa. Men eshilib, to'lg'anib oqayotgan daryoda qulochini katta otib suzayotgan nabiralarimga saxiy tabiat, saxovatli hamqishloqlarim haqida to'lib-toshib hikoya qilsam…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + three =