Yolg'iz

Ilhom AHROR

To'yxona oldida turgan to'ychi ko'p qatori meni davraga taklif etdi. Uning yonida turgan kishi menga ergashdi. Bizdan oldingi olti-etti o'rinli stolda nuroniy qariya negadir birgina o'zi o'tirardi. Men uning yoniga o'tmoqchi bo'lib, u tomon yurdim. Buni chol sezdi. Menga yarq etib qaradi. Bu nigohdan uning xushfe'l, halim tabiatli insonligini angladim, u mening o'ziga davradosh bo'lishimni istayotgandek tuyuldi. Ammo hamrohim ovoz berib, yonimizdagi stolda bo'sh turgan ikki o'ringa ishora qildi. Men cholning yoniga o'tirishni istaganim uchun u tomonga ishora qildim. Biroq davradan ikki-uch kishining ovozi eshitildi: “Domla, keling bu yoqqa”, “Kelsangiz-chi, sizga joy olib qo'yganmiz”.

Ikkinchi ovoz egasining gapi ta'sir qildimi, kulimsirab ortimga qaytdim. Kelib, hamrohimning yoniga joylashdim. Dasturxonga qarayman. Yo'q narsaning o'zi yo'q. Ayniqsa, rang-barang ichimliklar birma-bir ochilar, sarmast so'zlar ko'proq hazil-mutoyiba og'ushida edi. Davradagilarning bari to'ychining sinfdoshlari ekan. Shuning uchun bu davraga e'tibor boshqalardan ko'ra o'zgacharoq edi.

Har zamon qariya tomonga xijolatli nigoh tashlaganimda, ko'zlarimiz to'qnashib qolar, uning ko'zlari, agar yonimga kelib o'tirganingda azaldan harom qilingan zahar-zaqqumdan ichmasding, deyayotgandek bo'lardi. “Balki, uning yoniga borib o'tirmaganim ham yaxshi bo'lgandir, — o'ylayman yana, — u quda tarafdan bo'lib, boshqalar o'tirmasligi — joyni band qilish uchun atay qo'yilgan — uzoqdan kelayotgan mehmonlar kutilayotgandir”.

Xayolim cholda bo'lsa ham davradagilar suhbatiga qaytdim.

Bizning davrada ham ichmaydiganlar bor edi. Yonimdagi hamrohim ko'p ichib qo'yganidanmi, to'ychiga yaqin qarindoshmi, boshqa davralarga ham o'tib turdi. Shu-shu qaytib kelmadi. O'rniga ichmaydigan, meni yaqindan biladigan ochiq chehrali To'lqinjon kelib o'tirdi.

Beixtiyor atrofga nazar soldim. Nafaqat bizning davramizdagilar, balki butun to'yxonadagilar faqat o'zlarining zavqu shavqlariga g'arq edilar. Bir insonni ko'rmadimki, kelib qariyaning yonida bir zum o'tirsa, unga davradosh bo'lsa! To'g'ri, ba'zi to'yga kechroq kelgan yoshlar ora-orada bo'sh joylar borligini bilmay, tamomila xoli chol o'tirgan stolga o'tirishar, dasturxonga ichimlik qo'yilmaganligini ko'rib, tezda boshqa joy izlashar, uning yonidan turib ketardilar. Har safar bu holat yuz berganda chol istehzoli jilmayganday tuyulardi menga.

Tangri asliyatini ko'z-ko'z qilmasdan, uni boshqalarga his qildiradigan bandalariga fayzu barakotidan ulush beradi, ammo qudratidan emas. Axir tongni ottiradigan ham, quyoshni bottiradigan ham faqat O'zi. Dunyoning har joy-har joyida aqidani zulm vositasiga aylantirgan bandalarning bandalarga, kuningni qora qilaman, deya o'shqiradiganlari haqida o'ylab, yoqa ushlaysan. Biz davradoshlar o'rni kelganda ana shunday kufrona so'zlarni ayttiradigan “shayton” suvini ichib, kayfimizni chog' qilayotganimizni bilmasdik.

Men endi qariya tomonga qarashga botinolmay qoldim. Chunki u ham meni kuzatib turgandek edi. Endi menga to'y boshlanishidagi dilgir qarashlari nasib etmaydi, deb o'ylardim. Zakiylar aytgan-ku: “Shamolni chorlagan bo'ronda qolur”. Nazarimda, tumtaroq so'zlarni qalashtirib tashlayotgan ovozi yoqimsiz davrakash, havoyi ohangi yasama ovozidan baland xonanda ham faqatgina cholning taajjub, afsus-nadomat bo'ronida qolganday edilar.

To'y nihoyasiga yeta boshlashi bilan barcha o'rnidan qo'zg'ala boshladi. Men ochiq qaramasam-da, cholni zimdan kuzatardim. To'ychi ikki qo'li ko'ksida holda cholga tashrifi uchun minnatdorchilik bildirdi chog'i, chol qandaydir tilaklar aytib duoga qo'l ochdi. So'ng o'rnidan turdi, hamma qatori tashqariga chiqa boshladi. “Demak, uning davrasiga hech kim kutilmayotgan ekan-da! To'y boshlanishidan oxirigacha yolg'iz o'tirdi-ya!”

Chol yonimizdan o'tib ketguncha tik turgan holda o'zimni kimnidir kutayotgandek teskari tomonga burildim: aslida, kelin-kuyov qarshisida o'ynayotgan qudalar va ularning qarindoshlari, kuyovjo'ralarga qaragancha bir muddat o'zimni chalg'itdim. Uning bizdan uzoqlashganini ko'rgach, eshik tomon yo'naldim.

Mana, bu to'yning o'tganiga haftalar o'tsa hamki, cholning qiyofasi sira ko'z o'ngimdan ketmasdi. Qariyaning qarashlari, ma'noli ko'zlari o'zim qaerdadir o'qigan yoki kimdandir eshitgan hikmatu ibratli iboralarni eslatib, meni ruhan ezardi.

—        Bilaman-u, amal qilmayman, — shivirlardim go'yo u meni eshitayotgandek. — Axir aytishgan-ku: amalimiz aslimizdir…

Ha, shunday. Ko'pchiligimiz afsuski, shu yolg'on dunyoning hoyu havaslari bilan ovvoramiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + thirteen =