Onaizor

Xadichaxon KARIMOVA
Muallif haqida:
Xadichaxon Karimova – Farg'ona viloyatida tug'ilgan. Uzoq yillar Qo'shtepa tumani hokimligi muassisligidagi “Istiqbol yo'li” gazetasida faoliyat yuritgan. 2001 yilda “Shuhrat” medali, 2022 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan. Muallifning “Tilaklarim qalbimda bisyor”, “Men o'zbek qiziman”, “Hayrat” singari o'nga yaqin kitoblari nashr etilgan.
Bugun aya o'zgacha kayfiyatda uyg'ondi. “Ie, bomdod vaqti kirib qolibdi-ku”. O'rnidan har kungidan yengil qo'zg'aldi, bitta-bitta yurib deraza oldiga kelib, samoga qaradi. Subhidam pardasi ortidan osmonda yulduzlar miltiraydi. “Ulug' ayyom tongiga yetkazganingga shukur! Kunimni xayrli, barakotli qilgin, Allohim”.
Aya namozoldi tadorigini ko'rarkan, ko'nglida ajib bir his uyg'ondi: bugun sog'ingani — katta o'g'li albatta yo'qlab kiradi, axir hovlisi bir mahallada. Uchinchi qavatdan shundoqqina ko'rinib turadi. Diydorlashmaganiga ham bir hafta bo'libdi. “Sog'intirmasang bo'lardi, bolam. Nahotki umrini senga bag'ishlagan onangni kun-kunora bir yo'qlab qo'yolmaysan?” deyishga mehr otlig' tuyg'usi parda bo'ldi chog'i. Va ana shu tuyg'u: “Ungayam oson emas: imorat quryapti, kichigini uylantirishi kerak, bir yoqda ustalar, bir yoqda ishi bor. Ayoli ham o'ziga yetarli. Muborak Hayit ayyomini unutmasa kerak axir”, deya ko'ngliga taskin beradi.
Ibodatdan so'ng ayaning telefoni jiringlab qoldi. “Bo'lsa-bo'lmasa, yonimdagi kattam”, ko'nglidan o'tkazdi aya. Xiralashgan ko'zlari kimdanligini ko'rmadi, “Eshitaman, o'g'lim”, deya qulog'iga tutdi.
— O'zimning onajonim, assalomu alaykum! Ulug' ayyomingiz muborak bo'lsin! — O'g'li Umid qo'ng'iroq qilayotgan ekan. — Yolg'izlikda qiynalmayapsizmi? Keliningiz ham ish orqasidan Toshkentga kelib qolganimizdan xursand emas. Har kuni siz haqingizda gaplashamiz. Nabiralaringiz bir oy bo'lmay sog'inib qolishdi. Xudo xohlasa, bugun bayramni hammamiz oldingizda, bir dasturxonda o'tkazamiz. Yo'lga chiqyapmiz, onajonim.
Aya astagina: “Rahmat, o'g'lim!” deya oldi-yu, yuragining tub-tubi jizillab ketdi…
O'shanda kattasi hali o'n yoshga yetmagandi. Erta tongda eshik ortidan chaqaloqning “inga”si eshitilib qoldi. Qiziq, saharlab bolasi bilan kim keldi ekan, deya shosha-pisha eshikni ochdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, shundoqqina ostonada yo'rgaklangan chaqaloq turardi. Ona emasmi, yuragi qinidan chiqayozdi, qo'shnilarni chaqirdi. Emizikli kelindan Alloh uchun ona mehridan mahrum bolaga ko'krak tutishni iltimos qildi. Ichki ishlarga xabar berilib, holat bo'yicha o'rganishlar bo'ldi… Natija chiqmadi. Go'daklar uyiga olib borilgan chaqaloqni asrab olish bo'yicha barcha rasmiyatchiliklarni ado etib, yolg'iz ona bo'lsa-da, imkoniyati borligini ayta-ayta: “Bu menga Allohning marhamati, onasi bejiz mening eshigim tagiga tashlamagandir”, deya uni farzandlikka oldi. O'shanda aya qirq yoshlarda, turmush o'rtog'i avtohalokatga uchrab, vafot etganiga sakkiz yillar bo'lgandi. Bolaga Umid deb ism qo'yishdi.
Umid Xurshid qatori onaizor mehri og'ushida bo'ldi. Ammo Xurshidning nazarida onasi Umidni ko'proq yaxshi ko'rayotganday tuyulaverdi. Kunlarning birida: “Nimaga boqqan bolangizni tuqqaningizdan yaxshi ko'rasiz?” deb o'dag'aylaganida, Umid ikkinchi sinfda o'qirdi. Zehnli, hushyor emasmi, odamlar doim: “Nimaga akangga o'xshamaysan?” deyishlarining mag'zini chaqdi. Chaqdi-yu, onaizoriga mehri o'n chandon ortdi. Nimagadir unga yanada qattiqroq bog'lanib qoldi. Har gal ona qo'yniga singib, uning mehriga qonib-qonib olardi va bu, albatta, Xurshidning g'ashini keltirardi.
Yillar oqar daryoday o'tardi. Yoshligidan xushsurat, kelishgan ayol bo'lgan aya taqdir chorrahalarida yo'liqqan “xaridorlar”ga ro'yxushlik bermadi. Buni o'ziga ep bilmadi. Axir ikki o'g'liga hech kim o'z otasiday bo'lmaydi-da. Kunduzi ishga chopsa, kechasi do'ppi tikdi: bolalarim kam bo'lmasin, dedi-da. Xullas, butun yoshligi, mehri, kuch-quvvati — borini ikki o'g'il kamoliga poyandoz qila oldi aya.
Xurshid hunarmand, Umid o'qib, anchayin bilimdon huquqshunos bo'ldi. Kattasini uyladi. Topish-tutishi chakki emas, mahallasiga hovli-joy qilib chiqib, ukasiga uy bo'shatdi. Umid ham o'ziga loyiq-munosibiga uylantirildi. Mana, ikki farzandli ham bo'lishdi. Ammo ishi Toshkentga ko'chirilgani…
Bugun uyi mehmonga to'ladigan onaizorning ko'ngli to'lib, entikib, derazadan kattasi tomon boqadi. Mana hozir-hozir ikki nabirali bo'lishga ulgurgan Xurshid o'g'li ularni yetaklab, darvozadan chiqadi. Biladi, chevaralari katta buvijonisini yaxshi ko'rishadi. Qo'lidan chiqib, bu tomonga chopadilar. Xira tortgan ko'zlari ikki qo'lida bola yetaklab kelayotgan odamga tushdi. Ha, bu Xurshid va nihoyat, diydorlashadi! Shosha-pisha eshikni ochib, bilmasdan zinaning ikkinchi pog'onasiga qadam qo'yib, dumalab ketdi. Xah, eshik oldida kutaversa bo'lmasmidi-ya, intizorlik ham shunchalar bo'ladimi?!
Onaizor shifoxonada ko'zini ochib, Xurshidning diydorini g'ira-shira ko'rdi. Ko'kimtir tortgan lablari: “Shukur, diydor qiyomatga qolmadi, bolam!” deya shivirlaganini bolasi yo angladi, yo anglamadi. Oxirgi nafasda bor kuchini to'plab: “Ukang kelyapti, yaxshi kutib olgin, uni aslo yolg'izlatma”, deya oldi. Onaizorning lablari sassiz pichirladi, kalima o'girdi chog'i. Va… mehr to'la ko'zlari mangu uyquga ketdi.
— Onajo-o-n, bizni tashlab ketmang! — Xurshidning ovozi borliqni tutib ketdi…
Umid, hartugul, onasining sovuq diydorini ko'rib qoldi. Bel boylab, tobutning oldida borayotgan biri-biridan kelishgan, kattasi bo'ydor, kichigi o'rtabo'y o'g'illarning quloqlariga odamlarning: “Mahallamizning ibratli, bolajon ayasi edilar. Shuning uchun ham mangu manzillariga ulug' kunlarda safar qilyaptilar”, degan so'zlari eshitilardi.
“Yaxshi amallaringiz, menga bergan mehringiz uchun ham mangu manzilingiz nurlarga to'lsin, onaginam!” — bu tilakni dil-dilidan takrorlarkan, qanchalar jiddiy odam bo'lmasin, Umid quyilib kelayotgan ko'z yoshlarini ichiga yutolmasdi…
Xurshidning ko'zlari jiqqa yoshga to'lgan edi…