Quroq

Zilola PIRNAZAROVA
Muallif haqida:
Zilola PIRNAZAROVA — 1980 yili Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug'ilgan. O'zMU jurnalistika fakultetini tamomlagan. Samarqand viloyat teleradiokanalida muharrir vazifasida ishlaydi.
She'r va hikoyalari matbuotda e'lon qilingan.
Yaponiyaning nufuzli madaniyat maskanida ko'rgazma bo'layapti. San'at ixlosmandlari lolu hayron. Bunchalar tiniq va tuyg'ularni mavjlantirishga qodir jonli manzaralar, qadim yurtning jilva-jozibasi jam bu suratlarning tafti har qanday odamni o'ziga tortishi shubhasiz.
Telejurnalist savol berdi:
— Rasmlaringizda mozaika uslubini talqin etgansiz. Keyin so'z bilan ifodalashimiz mushkul bo'lgan allanechuk sog'inchmi yo mehrmi, shunga o'xshash ramziy chizgilar ham titrab turganga o'xshaydi. Bu nima? Bunday suratlar chizishda sizga nima turtki bo'lgan?
Rassom jilmaydi:
— Bularda hech qanday yangilik yo'q. Bu — qadriyat. Axir bular buvimning quroqlari-ku… Quroq san'ati bu!
Shu tobda rassomning ko'z o'ngida bolaligi, o'sha go'zal manzara gavdalandi…
…Oddiygina o'zbek xonadoni. Rayhon bo'yi tutgan hovli. Jildirabgina suv oqayotgan ariq. Vayish ostidagi supada ko'zoynak ilgan mushtipar kampir turli gazlamalar qiyqimlarini bir-biriga ulab, chinakam san'at asari yaratmoqda. Hayratlari to'lib-toshgan bolakay bu manzaraga uzzukun termilib o'tiradi…
— Ha, bu shunday san'at, — rassomning ko'zlarida yosh halqalandi.
O'GAY
Bolakayning otasi qazo qildi.
Hayot tuyqus katta odamga aylantirib qo'ydi.
Unda onasini o'zgalardan qizg'anish hissi uyg'ondi…
Baribir ko'nglida doimo xavotir va og'riq solib turgan voqea sodir bo'ldi: onasi turmushga chiqdi.
Yillar o'tdi. O'gay ota bolaning qalbiga yo'l topish uchun sovg'a-salomlar, turli o'yinchoqlar bilan siylayverdi.
…Bora-bora bola ko'nikdi.
Bog'chaga bordi.
Maktabni tugatdi.
Universitetga o'qishga kirdi.
O'gay otasi ikkisi orasida baribir qandaydir omonat va mo'rt munosabat saqlanib qoldi.
O'g'longa endi chinakam ko'mak, o'qish uchun to'lov, ota hovlidan olislarda o'z kunini ko'rish, oyoqda tik turish uchun mablag' kerak edi. Negadir… negadir o'gay otadan yordam so'rashga tili bormas, qandaydir bir to'siq, g'ururmi, ojizlikmi, o'zi ham bilmaydi, nimadir… nimadir, ha, nimadir xalal berardi… Na ota, na o'g'il bu narsani olib tashlashga o'zida kuch topolmasdi. O'gay ota ham undan “nima kamchiliging bor, qanday yordam beray?” deb so'ray qolmasdi. Yigit o'ziga nisbatan uning joni achimasligi, baribir yorti yotligi, o'gay otligi borligi, o'gayning o'tini yonmasligi, yonsa ham tutuni tinmasligini his qilgach, og'iz ochib tish yormas, jim edi. Shunday bo'lgach…
Xullas, hayot arzon o'yinchoqlardan iborat emas ekan. Donishmand xalq “o'zing uchun o'l yetim”, deb bekorga aytmagan ekan-da.
Dardi ichida, ishonchi kuchida bo'lgan o'g'lon endi hayotning turfa qiyin-qistovlariga sobit tura bildi. Bu yog'iga hayotning o'zi muallimlik qildi. O'z maqsadidan chekinmadi. Intildi, kurashdi, yiqildi, eng muhimi, o'rnidan tura bildi. Hayot uni yashashga o'rgatdi…
…Endi uni el taniydi. Obro'-e'tibori ziyoda. Endi unga hamma havas qiladi. Endi uni odamlar alqay boshladilar: “Senday farzandni tarbiya qilgan otangga rahmat!”
“Otangga rahmat!”
“Otangga rahmat!”
Bunday olqishlardan so'ng ba'zida u negadir ma'yus jilmayib qo'yardi…