“Adabiyot – ketmon bozori emas…”
Saviyasi past, badiiylikdan yiroq bo'lgan to'plamlarni nashr etishning xunuk oqibatlari haqida
Zamonaviy bir rivoyat:
Ko'chada ikki do'st uchrashib qolibdi.
— Nima ish qilyapsan?
— G'irt bekorchiman.
— Nimaga?
— Ishga kiray desam, maktabni zo'rg'a bitirganman. Savod chatoq. Boshqa mundayroq yumushlarga bo'yin tob bermaydi.
— Unda she'r yozib ko'r yoki qo'shiq ayt. Darrov mashhur bo'lasan. Hozir aksariyat senga o'xshaganlar shunday qilishyapti. Ishonmasang, hozir chiqayotgan ayrim kitoblarni o'qib, ba'zi qo'shiqlarni tinglab ko'r!
— Mayli-ku-ya. Ammo buning uchun alohida qobiliyat, iqtidor kerak emasmi?!
— He-e-e! Qaysi zamonda yashayapsan o'zi? Hozirda san'atkor yoki shoir bo'lish uchun hech qanday qobiliyat shart emas. Kompyuterda tayyor musiqa, tayyor “she'rlar” mavjud. Pulini to'lab qo'ysang bas. Asar birpasda tayyor.
Bu suhbatni eshitib o'ylanib qoldim. Darhaqiqat, bu gaplarda jon borga o'xshaydi. Mana, oldimda yosh ijodkorlardan bir nechtasining turli nashriyotlarda chop etilgan kitoblari turibdi. Gapning ochig'i, ularni dastlab katta umid, hattoki ozgina hayajon bilan o'qiy boshladim. Kim biladi, balki bu ko'rimsizgina, oddiy varaqlar orasida ulkan kashfiyotlar, tesha tegmagan tashbehlar, kutilmagan falsafiy mushohadalar bordir. Ammo ming afsuski, ilk sahifalardanoq umidlarim puchga chiqdi. Mana bu satrlarga e'tibor qiling.
Ko'nglingdan (?) joy berganing uchun,
Qarzdorman sendan hamma vaqt.
Senga hamma-hammasi uchun,
Kattaqo'rg'on, ming bora rahmat!
Yoki:
Ulug'roq xoki undan(?),
Kechirilmas, aldamas(?).
Endi non-tuz bilanmas,
Tuproq bilan ich qasam(?).
Yana:
Bor qayg'uni bizlarga bering,
Siz salomat bo'ling hamma vaqt.
Sizni bizga bergani uchun,
Xudoyimga behisob rahmat!
(Munisa Rasulova. “Qizg'aldoqqa aylangim keldi”. “Tafakkur” nashriyoti. Toshkent, 2013 yil.)
Muallif ham, mazkur to'plamni chop etgan nashriyot mutasaddilari, tashkilotchi janoblar ham ma'zur tutsinlar-u, oddiy tilaklar, pala-partish gaplarni qofiyaga solib, uni yana oz emas, ko'p emas, 1000 nusxada chiqarish shartmikan?!
Satrlardagi mantiqsizlikni-ku aytmasa ham bo'laveradi. Singlim Munisa! Kattaqo'rg'on sizga ko'nglidan emas, balki bag'ridan joy bergan bo'lsa kerak, negaki, ko'ngil insonga nisbatan ishlatiladi, shahar, qishloq yoki avtobusga nisbatan emas. Buning ustiga, ikki misrada naq uch marta “hamma” so'zini ishlatgansiz. Ikkinchi to'rt qatorda esa gap nima haqida ketayotganligi hatto noma'lum. Jumlalar anchayin to'mtoq. Endigina tili chiqayotgan bolaning poyintar-soyintar gaplariga o'xshaydi. “Non tuz bilan emas, tuproq bilan qasam ich”, deb kimga murojaat qilyapsiz? Yo, tavba!
Endi boshqa bir to'plamdan joy olgan Vatan haqidagi “she'r”larga qarang:
Ochiq nasibamsan(?), ey ona Vatan,
O'lmas qasidamsan, ey ona Vatan!
Yoki:
Qachonki dildan sevinsam,
Chin ko'ngildan quvonaman(?).
Xalqim birdamligin ko'rsam,
Bu dunyoga parvonaman(?).
(Amirjon Doniyorov. “Anorbuloq ilhomlari”. “Turon zamin ziyo” nashriyoti. Toshkent, 2015.)
Vatan haqida o'xshatishlar bisyor. Ammo uni “nasibamsan” deyish to'g'rimikan? Bunchalar jo'n, ming marta chaynalgan oddiy so'zlar tizmasi.
Shu o'rinda bir mulohaza. Istiqlol tufayli yurtimizda tub burilish davri boshlanganiga salkam 35 yil bo'lyapti. O'zbekiston dunyoga qadam qo'ymoqda. Bu jarayon qalam ahliga ham cheksiz g'urur, zavqu shavq bag'ishlab, go'zal asarlar yaratilmoqda. Ammo, tan olib aytish joizki, so'nggi yillarda Vatan haqida yozish modaga aylanib borayotgandek go'yo. Yaxshi she'r, mag'zi to'q jumlalar bo'lsa-ku, bosh ustiga.
Afsuski, shunday muqaddas mavzu haqida bitilgan “asar”larda aksariyat hollarda bir xil fikrlar, aytilaverib siyqasi chiqib ketgan o'xshatishlar ko'p uchramoqda. “G'ururimsan, sururimsan, bog'laring bor, tog'laring bor, minorlaring, chinorlaring bor, bag'ringda o'sdim, tuprog'ing ko'zimga to'tiyo, buyuk ajdodlarim yotgan joy, seni sevaman, yurtim, dunyoda yagonasan” va hokazo. Ishonmasangiz, so'nggi yillarda Vatan haqida bitilgan she'rlardan xohlaganingizni olib o'qing. Mana, yana ulardan biri:
Vatan nima? Vatan mening qishlog'im,
Bunda yashar do'stim, yaqin-yirog'im.
Unib o'sdim, o'ynab uning bag'rida,
Shirin suvin ichib, sutu qaymog'in.
(Sobir Usmonov. “Vatan tafti”. “Mumtoz so'z” nashriyoti. Toshkent, 2014 yil.)
Yoki:
Osmoning sof, musaffo,
Har qarich yer misli zar.
Bu zaminda yurtimiz
Egalari ulg'ayar.
Bo'lgin dunyoga doston,
O'zbekiston, O'zbekiston.
(Qahhor Nurmuhammedov. “Yaxshi noming qolsin”. “Navro'z” nashriyoti. Toshkent, 2014 yil.)
Jondan aziz ko'raman seni,
Tuprog'ingni ko'zimga surtgum.
Ko'z tegmasin senga, Vatanim,
O'lsam, sening bag'ringda o'lgum.
(Jamshid Mahmudov. “Sog'inib yashayman”. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati. Toshkent, 2011 yil.)
To'g'ri, Vatan haqida yozish yaxshi, faxrli. Lekin hech kim aytmagan, hech qaerda uchramagan, kashfiyot darajasidagi fikr bo'lsa. Yuqoridagi misralarda esa yana o'sha gap. Vatanning bag'rida ulg'ayib o'sish, uning har qarichi bebaho ekanligi, tuprog'ini ko'zga surtish kerakligi, unda yaqin qarindoshlar yashashi, dovrug'i dunyoga doston bo'lishi, yurtimga ko'z tegmasin deyish she'r bo'ladigan yangilik yoxud kashfiyot darajasidagi fikr emas, hamma biladigan oddiy haqiqat. Uni she'rga solish “dushanbadan keyin seshanba keladi” deganday gap. Bunday sayoz fikrlar, yumshoq qilib aytganda, kitobxonning didini o'tmaslashtiradi, xolos.
Taniqli shoir Muhammad Yusuf yozadi:
Lochin netar ko'kda ko'zi o'tmasa,
Sindir qalamingni, so'zi o'tmasa,
Vatan desa o'pkang to'lib ketmasa,
She'r yozishga balo bormi, birodar?
Yana bir gap. Yuqoridagi mualliflarning aksariyati 18-30 yosh oralig'idagi ijodkorlar. Ularni ham tushunish mumkin. Ha, nima bo'pti, falonchining kitobi chiqibdi deb tezroq el og'ziga tushgisi, tengqurlariga maqtanib kitobini ko'rsatgisi keladi. Ammo bir narsani unutmaslik lozim. Qo'lga qalam olib qog'oz qoralashdan oldin o'zingizga savol bering. Xo'sh, o'quvchiga nima demoqchisiz? Siz aytmoqchi bo'lgan gapni sizdan ilgariroq boshqalar qoyillatib aytib qo'ymaganmikan?! Aytadigan fikringiz originalligiga, o'quvchining diqqatini torta olishiga, so'zingizning salmog'iga o'zingiz ishonasizmi?
Masalaning yana bir og'riqli nuqtasi ham bor. Bular-ku hali oq bilan qoraning uncha farqiga bormagan yoshlar ekan, xo'sh, ularning kitobiga muharrirlik qilayotgan ayrim qalamkashlar nimani tahrir qilyaptilar? Nahotki muallifni yonlariga chaqirib, uning xatolarini aytib, adabiyot bunaqa bo'lmaydi deyish qiyin bo'lsa?!
Darvoqe, mazkur maqolani tayyorlash jarayonida bir hamkasbimdan fikr so'rasam, u keyingi uch yil ichida 50 dan ortiq kitobga muharrirlik qilganini aytdi. Men u qo'l urgan kitoblarning ayrimlari bilan tanishdim. Afsuski, ular orasida yuqoridagi singari “sara asar”lar qariyb 90 foizini tashkil etadi.
Shu o'rinda atoqli so'z san'atkori, benazir ustoz Abdulla Qodiriyning quyidagi so'zlari xayoldan o'tdi: “… Qalam – o'qlog', adabiyot – ketmon bozori emas. Xayolga kelgan har qanday fikrdan jumlalar to'qimoq fazilat emasdur. So'z – qolip, fikr uning ichiga quyilgan g'isht bo'lsin. Ko'pchilik xumdonidan pishib chiqqach, yangi hayot ayvonig'a asos bo'lib yotsin…”
Ustoz shoir G'afur G'ulomdan: “Yaxshi she'r yozish uchun nima qilish kerak?” deb so'rashganida, u kishi hazil aralash: “Avval qo'lni yaxshilab sovunlab yuvmoq kerak”, degan ekan.
Keyingi paytlarda paydo bo'layotgan yuqoridagi singari maza-matrasiz “ash'or”u “majmua”lar esa, bizning fikrimizcha, ko'p o'qimaslik, tor fikrlashning mahsulidir. Negaki, hazrat Navoiy bobomiz qayd etganlaridek, 500 misra mag'zi to'q she'r o'qigan kishi, jillaqursa, 5 misra yaxshi ash'or yoza olishi kerak. Vaholanki, ulug' shoir 5 ming misra she'rni yod bilganlar. Ammo o'qiganda ham topib, saralab, mutolaa qilib o'qimoq lozim. Chiroyli, yaltiroq muqovasiga havas qilib, duch kelgan kitobni o'qiyverish haqiqiy kitobxonning ishi emas.
Qolaversa, yosh ijodkorlar uchun hozirda o'nlab nazariy qo'llanmalar, she'r texnikasi haqida kitoblar mavjud. Loaqal taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umirovning 2014 yilda Samarqandda chop etilgan “She'r texnikasi va poetikasi” nomli risolasini oling. Olim she'rga shunday izoh beradi: “She'riyat asosida lirikaning qonuniyati yotar ekan, demak, unda hissiyot va fikr qorishiq yashaydi. Obrazli qilib aytganimizda, hissiyot – ona, fikr – ota, ulardan dunyoga kelgan farzand esa she'rdir…”
She'riyatni bozorga aylantirayotgan ba'zi birovlardan bag'ri kuygan toyloqlik marhum shoir Jamol Sirojiddin Xumiy shunday yozgan edi:
Yo manim ishimmas bugun shoirlik,
Yoxud zamonada mezon o'zgardi.
Muboshir, muborak senga zargarlik,
Go'yo besh vaqt namoz, azon o'zgardi.
Azizim she'riyat! Ey bokira qiz,
Sen-da badnafslarning qo'lida asir.
G'ozadin yuzlarin etgancha qirmiz,
Qo'shmachi bu noshir zo'rlatar hozir.
Cevgi-muhabbat mavzuidagi bir-biriga ikki tomchi suvdek o'xshash, o'ta sayoz va bachkana bitiklarni-ku aytmay qo'ya qolaylik. Ular kishining ensasini qotiradi, xolos. E'tibor qiling-a:
Jonim, seni juda sevaman,
Xohlasang, xohlamasang uylanaman.
Buyog'i bitta mulla, uch so'm pul,
So'ng akang senga bir umr qul.
Naqarot:
Jonim, seni juda sevaman,
Xohlasang, xohlamasang uylanaman. (10-12 marta)
Bu “go'zal asar” yaqinda xususiy radiokanallardan biridan yangradi. Ana sizga saviya! Go'zal xohlasa-xohlamasa uylanadigan bo'lsang, uylanaver, og'ayni. Shu gapni kuyga solib, qo'shiq qilib, radiodan do'mbira qilib chalish shartmidi? Agar bu qo'shiq kulgi ustalarining qo'liga tushsa, juda ajoyib askiya, payrov bo'lishi shubhasiz. Menimcha, bu yerda “misra”lar tahlil qilishga ham arzimaydi.
Uyali aloqa kompaniyalari tomonidan taklif etilayotgan “dil izhorlari”-chi? Yana eng yomoni, bu jumlalarni ayrim “xushovoz yulduzlar” xuddi matniga o'xshash betayin musiqaga solib, konsertlarda, “oynai jahon” ekranlari orqali zavq bilan, bemalol kuylashyapti. Endi bu alohida mavzu.
Ammo yuqoridagi singari sayoz va saviyasiz bitiklarning paydo bo'lishida shu kabi “SMS”larning ham qaysidir darajada ta'siri bor, bizningcha. Negaki, hozirda qaysi tomonga qaramang, hammaning qo'lida uyali telefon. Aksariyat yoshlar hatto ko'chada ham qulog'iga eshitish moslamasini taqib, shunaqa narsalarni eshitishadi. U yog'i esa ma'lum haqiqat.
Mazkur da'vo quruq bo'lmasligi uchun yana bir voqeani keltirsak. Bundan uch-to'rt kun avval qaysidir davrada yuqoridagi kabi “suvi ko'proq” she'rlar haqida gap ketdi. Shunda o'tirganlardan biri: “Bunday she'rlar internet saytlarida ham, uyali aloqa vositalarida ham to'lib-toshib yotibdi-ku. Hech kim ulardan foydalanishni taqiqlagani yo'q-ku! Demak, mumkin ekan-da”, — dedi. Ana shu “mumkin ekan-da” esa boshqa ma'naviyatsizlikni, ruhiy qashshoqlikni, hayotga yuzaki, yengil-elpi qarashni keltirib chiqaradi…
Haqiqiy shoir hamisha ma'naviyatsizlik, ruhiy qashshoqlikka qarshi kurashuvchi zotdir. Chunki u hamisha xalqning jigar-bag'ridan bunyod bo'lguvchi zurriyot, o'tmish va bugun o'rtasidagi ko'prik, el qalbining ertangi kunga yetguvchi sadosi bo'lib qolaveradi.
Shoir qaysi zamonda, qaysi yurtda yashamasin, birinchi galda o'z qalbining holatini ayon etadi. Agarda bu holat minglarning, millionlarning qalbi, dardi, armonlariga esh bo'lsa, shoir nidosi umumbashariy nidoga aylanadi. Shoirlik hamma zamonda ham qismat bo'lgan.
Ammo bir haqiqat ayonki, ilk kitobi chiqqan mualliflarning hammasi ham bunday qismatga duchor bo'lavermaydi. Shuning uchun, bizning fikrimizcha, qandaydir manfaat yoki shunchaki obro' uchun yozayotganlar, yaxshisi, boshqa sohada o'zlarini sinab ko'rganlari ma'qul.
Eng achinarlisi, nafaqat she'riyatda, balki muqaddas adabiyotning boshqa janrlarida ham aslo chidab bo'lmas darajadagi chuchmal “kitoblar” nashr etilishi odatiy holga aylandi. Hozir nodavlat nashriyotlarda desak, hatto nufuzli davlat nashriyotlarida ham shunday “durdona”lar chop etilmoqdaki, esiz qog'oz, esiz shuncha mablag' deb yuborasiz. Kitob do'konlarini aylanar ekansiz, peshtoqlarda bir-biridan go'zal, salmoqli badiiy asarlar bilan bir qatorda, ming afsuski, sariq chaqaga arzimaydigan “Jo'qi”lar yozgan “to'plamlaru kitob”larga duch kelasiz. Bu esa adabiyotning, haqiqiy adabiyotning nufuziga salbiy ta'sir qilmay qolmaydi.
Pul bo'lsa, bo'ldi. Har qanday gazetada, to'g'rirog'i, hech kim o'qimaydigan, o'qishga arzimaydigan devoriy gazeta misol bir baloda chiqqan-chiqmagan to'rt qog'ozli allambaloni sakkizga buklab olib borishsa, hojatbaror, saviyasi g'ovlagan, “pul bo'lsa, bo'ldi, menga nima?” deguvchilar “Mana kitobingiz!” deya nashr etib berishmoqda. Ana shunday “kitobcha”lar, “to'plamcha”lar, netongki, hattoki “romancha”lar zo'r berib chop etilmoqdaki, ko'pining muqovasiga qarab, kitob ekan deyish mumkin. Ammo ularning aksariyatini varaqlasangiz, uzr-ku, bir tiyinga qimmat so'zfurushlikdan boshqa hech narsa emas.
Adabiyotni bunday chayqov bozoriga aylantirish gunoh bo'lsa kerak. Taklifimiz: endi huquqiy shaklidan qat'i nazar, nashriyotlar badiiy adabiyotlarni nashr etishda Yozuvchilar uyushmasi va uning bo'limlaridan nashr etishga loyiqligini ko'rsatuvchi bir enlik yorliq olishlari talab etilsagina, bu ahvolning oldini olish mumkin.
To'g'ri, bugun bozor iqtisodiyoti. Erkinlik davri. O'quvchi o'zini qiziqtirgan kitobni olishi, yoqmasa o'qimasligi mumkin. Ammo badiiy did, saviya masalasi-chi? Buning uchun kim javob beradi?
Prezidentimiz ma'naviyat sohasi vakillari bilan bo'lgan uchrashuvlarining birida: “Ma'naviyat masalasining tijoratga aylanishiga yo'l qo'yilmaydi”, degan edi. Shunday ekan, haqiqiy adabiyotni, haqiqiy iqtidorlarni hurmat qilishni o'rganishimiz, adabiyot sofligini ta'minlashda qat'iy chora-tadbirlar ko'rilishi maqsadga molik bo'lar edi. Bu esa hech qanday cheklov, senzura emas, aksincha, haqiqiy ijodni, ijodkorni qo'llab-quvvatlash deganidir.
Yor MUHAMMAD
