Shaharga sig'mayotgan bolalar

Meni ko'pdan buyon bir savol o'ylantiradi. Biz bolajon xalqmizmi? Kimgadir erish tuyular bu savol, kimningdir ensasi qotar, lekin o'ylashimcha, bu o'ta jiddiy va og'riqli savol. Xalqimiz bolajon xalqligi rost. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida millatdoshlarimiz bag'rikenglik namunasini ko'rsatib, xalqimiz sha'nini yuksaklarga ko'targan. Biroq keyingi o'n yilliklarda mamlakatimizda qashshoqlar va boylar to'dasiga bo'linib, o'rtadagi chohning tobora chuqurlashib borayotgani aynan bolalar taqdirida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Tibbiyot qoidasi bo'yicha bolalar o'z tanasidagi ma'lum energiyasini har kuni turli xil harakat va mashg'ulotlar bilan chiqarib turmasa, asta-sekin o'sha ichidagi mavjud dimlangan energiya uni yeb boshlaydi. Bu esa keyinchalik bola hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Hozir bizda bolalarning miriqib o'ynashlari va jismidagi energiyani chiqarishlari uchun sport maydonlari bormi? Bugun biz go'riga g'isht qalayotgan sobiq ittifoq davrida aynan shu masalaga jiddiy e'tibor qaratilgan. Ko'p qavatli binolar orasida maxsus bolalar maydonchalari uchun joy qoldirilgan. Ibtidoiy bo'lsa ham ba'zi birlari jihozlab ketilgan. Bugun esa “dom”lar orasidagi sport maydonlari o'rnini “lyubaya biznes xorosho” shiori asosida osmono'par binolar egalladi, tasodifan ko'zdan qochib qolgan joylarni katta-kichik xususiy mashinalar, sotiladigan do'konlar bosib ketdi. Hech joyga arzi o'tmaydigan, arz qilishdan yiroq bechora bolalar qo'llaridagi to'plarini quchoqlagancha o'ynash uchun joy izlab yuribdi. Agar bundayroq joyda o'yin boshlashsa, mashinasiga to'p tegishidan vahimaga tushgan “amaki” va “xola”larning bolalarga baqirig'i olamni tutadi. Ko'rib turibsiz, bolalarimiz shaharga sig'may qolyapti.

Kuni kecha Uchtepa tumanidagi 295-maktabning janub tomonidagi ko'p qavatli binolar orasidagi mundayroq joyda bolalar endi o'yin boshlagan ham ediki, bitta “aqlli” haydovchi amaki bolalarga o'zicha tanbeh berib, “boshqa joyda o'ynanglar”, deb haydab yubordi. To'g'ri, yaqinida futbol maydonchasi bor, atrofi baland qilib to'r bilan o'ralgan. Pullik o'yin maydoni. Lekin bu maydonlarda o'ynash uchun bolalar pulni qaerdan oladi? Tuman hokimlari, mahallaning oqsoqol-raislari aynan shu og'riqli masalaga jiddiy e'tibor qaratishlari kerak. Yaxshidan sharofat, yomondan kasofat, deganlaridek, pulparast ayrim amaldorlar, hech bo'lmasa, shu masalada INSON bo'lib, INSOFga kelinglar. Bizdan xudbinlik tarbiyasini olgan bolalardan qanday qilib ertaga ShAFQAT kutish mumkin?

OChIL TOHIR,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 7 =