Rahbarning vazifasi piardan iboratmi?

U tumanda ishlardi. Saviyasi ham shunga mos. Nima bo'ldi-yu, boshiga baxt qushi qo'ndi. Uni viloyatdagi bir tashkilotga rahbar qilib ko'tarishdi. Yangi rahbarning tashrifi g'alati bo'ldi. O! Uning yurishlari, dimog'iga qurt tushgan, dag'dag'ayu otasi tengi xodimlarga ham sensirashlari…

Qizig'i shundaki, u tumanda ishlaganida, shu tashkilotdagilarni yaxshi tanir, muomalasi ham “silliq supurgi” edi. Amal kursisiga mingach, bir dumalab, qadamidan kibr sochadigan kimsaga aylandi-qoldi.

Avvalgi rahbar dunyoqarashi keng, mulohazakor bo'lgani uchun ko'pchilikning mehrini qozongan. Boobro' tashkilot emasmi, boshqaruv ham shunga yarasha edi-da! Ijtimoiy tarmoqlarda amaliy ishlar batafsil yoritilar, sobiq rahbar esa duch kelgan narsaga o'zini tiqishtiravermas, matbuot kotibiga: “Menga urg'u bermang, ishlasam, oyligimni olyapman. Vazifamiz — quyi qatlamdagi yutuqlarni yoritish”, — derdi. Boz ustiga, u sohani miridan-sirigacha bilar, shu uchun tizimdagilar ham hurmatini joyiga qo'yardi.

Amal kursisining yangi sohibi ishni yig'ilishda tanqiddan boshladi: “Sizlarning ishlaringizdan rozi emasman! Rahbarning ijtimoiy tarmoqlarda, turli matbuot nashrlarida ko'rinishi har kun asosiy planda bo'lishi kerak! Har yarim soatda to'rtta rasm va bitta gap bo'lsa, yetadi”. Kimdir uning obro'-e'tibori va faoliyati boshqacha yondashuvni talab qilishi haqida gap boshlagan edi… “Kimga kerak uzundan-uzun gaplar? Aqlli jumlalaringizni pishirib yeng!” degan javob oldi.

Hamma dong qotdi. Axir viloyatdagi sanoqli, ko'zga ko'ringan korxonalardan biri…

Ertasidan tashkilot telegram kanalidagi har bir xabar yangi rahbarning 8-9 ta rasmi bilan chiqadigan bo'ldi. Boshliq tuman-shaharlarga borar va rasmga tushar, shuningdek, bir soatning ichida sohada uchraydigan uzrli holatlar uchun ham o'nlab ishchilarni ishdan bo'shatib yuborar edi. Ularning orasida tizimda 30-40 yil ishlagan fidoyilar ham bor. Ammo dardingni kimga aytasan?..

Hammayoq piar bo'lib ketdi. Blogerman degani bilan shartnomalar tuzildi. Natija shu bo'ldiki, viloyatdagi nufuzli tashkilotlardan birining instagramda reklama qilinadigan oshxona va kiyim-kechak do'konlaridan umuman farqi qolmadi.

Aytishlaricha, yangi rahbar telegram kanallarda har rasmini ko'rganda bir qop semirar emish. Oxiri baxayr bo'lsin-da…

Obid QO'LDOSh

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =