Haykaltarosh nega xunob?

Sirdaryoliklar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi “O'zbekiston xalq shoiri To'ra Sulaymon uy-muzeyini tashkil etish to'g'risida”gi 321-sonli qarorini xursandchilik bilan kutib olgan edi. Sababi yurtimizda yana bir go'zal ma'naviy qadamjo qad rostlashiga tamal toshi qo'yilishi kutilayotgan edi-da! Ana shu tariqa xalq shoiri umrguzaronlik qilgan Mirzaobod tumani Turg'un Ahmedov nomidagi mahalla fuqarolar yig'ini Baxmal ko'chasi 7-uy manzilida ishlar boshlanib ketdi. Shoir uy-muzeyi binosini rekonstruksiya qilish, qo'shimcha binolar qurish va atrof hududlarni obodonlashtirish, shoir haykalining postamentini barpo etish tenderda g'olib chiqqan “Boyovutlik Islombek trans” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga ishonib topshirildi.
Buyurtmachi tashkilot viloyat “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasining direktori Akbar Kushanovning yozma ma'lumotiga ko'ra, ob'yekt 2024 yilning 27 noyabr kuni foydalanishga topshirilgan. Buyurtmachi tomonidan pudratchi tashkilot “Boyovutlik Islombek trans” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga shartnoma shartlarida belgilangan 95 foiz mablag' moliyalashtirib berilgan.
Ana endi gapning indallosiga o'tsak. Hukumat qaroriga binoan Sirdaryo viloyati hokimligi — To'ra Sulaymon haykalini yaratish bo'yicha buyurtmachi etib belgilangan. O'zbekiston Badiiy akademiyasi esa xalq shoiri haykalini yaratish bo'yicha ijodiy tanlov e'lon qilgan. Mazkur tanlovda o'zining bir necha eskizlari bilan ishtirok etgan taniqli haykaltarosh, O'zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, “Do'stlik” ordeni sohibi Azamat Xatamov yutib chiqqan.
Haykaltarosh kunlarni tunlarga ulab, shoir siymosini bronzaga ko'chirdi. Pudratchi tashkilot haykal uchun ajratilgan mablag'ning bir qismini oldindan to'lab berdi. Ana shu mablag' evaziga muazzam obida tayyor bo'ldi. Haykal To'ra Sulaymon uy-muzeyi hovlisiga o'rnatildi. 2024 yilning 4 dekabr kuni uy-muzeyining ochilish marosimida Azamat Xatamov yaratgan haykal poyi gullarga to'lib ketdi. Biroq haykalni yaratishga ketgan mablag'ning qoldiq pulini to'lashda pudratchi tashkilot “Boyovutlik Islombek trans” MChJ Sadriddin Ayniyning qahramoni Qori Ishkambadan ham xasis bo'lib ketdi. Ishim bitdi, eshagim loydan o'tdi qabilida qoldiq pulni to'lashni achchiq ichakdek cho'zib yubormoqda.
— Pudratchi tashkilot shartnomada belgilangan 602 million qoldiq mablag'ni besh oydan buyon orqaga surib kelyapti, — dedi Azamat Xatamov. — So'rovlarimizga bot-bot: “Sabr qiling, keyingi hafta to'lab beramiz”, deb qo'ynimizni puch yong'oqqa to'ldirgani-to'ldirgan. Oradan haftalar o'tsa-da, ularning ertasi tugamayapti. Men haykalni qolipga quyishda anchagina ishchilarni ishlatganman; haqini berishim kerak. Ularning oldida beburd bo'lib qoldim. Oldimda bitta yo'l qoldi — sudga murojaat qilish.
“Mazkur masalada viloyatning mas'ul rahbarlariga murojaat qilmadingizmi?” — degan savolimizga haykaltarosh: “Bunday yo'l tutishdan uyaldim. Muazzam haykal hukumatning qarori bilan yaratilgan bo'lsa, quyi tashkilotlarning bo'ysunmasligi yetti uxlab tushimga ham kirmabdi”, — deya javob berdi.
Shu joyda haqli bir savol tug'iladi: viloyat hokimligining Moliya boshqarmasi shoir uy-muzeyi bilan bog'liq xarajatlarning 95 foizini o'tkazib bergan bo'lsa, nega haykaltaroshning mablag'ini to'lash cho'zib yuborilyapti? Bu ishga shaxsan daxldor “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi nega tomoshabin bo'lib turibdi? Savollar ko'p, javoblar esa…
Biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Boyovutlik Islombek trans” MChJ rahbari Behzod Ro'ziboyev bilan telefon orqali bog'landik.
— Hozir hisob-raqamimizda haykalning xarajatiga yetadigan mablag'imiz yo'q. Bir ob'yektdan mablag' tushishi kerak. Ana shu ish amalga oshsa, may oyining oxirlarigacha qarzimizni uzamiz, — deya javob berdi.
Biz u kishining javobidan hayratda yoqa ushladik. Haykal uchun ajratilgan mablag'ni viloyat hokimligi moliyalashtirgan bo'lsa, pudratchi tashkilot uni qaerga sarflab yubordi ekan? Yoki Alining do'ppisini Valiga kiygizish bu tashkilotning a'moliga aylanganmi?
— Sirdaryoga katta umidlar bilan borgandim, — dedi Azamat Xatamov. — Guliston shahrining “Bilimdonlar maskani”dagi Alisher Navoiy haykali tegrasiga o'zbek shoirlarining byustlarini o'rnatib, go'zal bir galereya yaratmoqchi edik. Afsuski, san'atning og'ir mehnatini tushunmaydiganlar hafsalamni pir qilishdi.
Balki, bu mojarolar viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning aralashuvi bilan yaqin kunlarda yechimini topar, taniqli haykaltaroshni sarson-sargardon qilishga barham berilar? Omon bo'lsak, mojaroning nima bilan tugashini ko'rarmiz.
Muhammadali AHMAD,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.