Niqobli odam

Uni siz ko'rgansiz, bilasiz, suhbat ham qurgansiz, bir davrada o'tirgansiz, choy ichgansiz, chaqchaqlashgansiz. Uning qaddi-qomati tik, so'zlari burro, suhbati kishini mahliyo qilib qo'yadi. Fikri tiniq, gapi mazmunli. Yurt istiqboli uchun qayg'uradi, ertamizni, kelajagimizni ko'p o'ylaydi. Doim kitob o'qiydi, odamlarga juda mehribon. Elning yukini yelkasiga olgan. Aholiga yordam berish, ko'maklashish, ro'zg'orining bir chetini ko'tarib yuborishni burchi deb biladi.
Odamlar ham uni alqaydi, duo qiladi, “baraka topsin, elga qayishadigan odam ekan” deyishadi, o'zining birodaridek, qiyomatli do'stidek hurmat qilishadi. Dardi dunyosini unga aytishadi, najot kutishadi. Ammo ular bu taassurotlar, bu mulozamat, bu mehribonlik, bu vatanparvarlik aldamchi ekanini bilishmaydi. Aslida, uning yuzida niqob bor. Odamlar uning haqiqiy basharasini ko'rishmaydi. Niqob orqali bilishadi. Niqob esa unga shon-shuhrat, obro'-e'tibor, mansab, martaba va olqish keltiradi.
Asling kabi ko'rin, yoki…
Uning haqiqiy basharasini hech kim ko'rgani yo'q. Ko'ra olmaydi ham. Ko'rsatmaydi ham. Sababi niqob unga hayot-mamot, najot, yashashi uchun suv va havo! Niqobsiz u suvdan chiqib qolgan baliq. To tirik ekan, niqobini yechmaydi. Niqobini yechsa bormi, go'yo dunyo teskari aylanib ketadi. Hayoti barbod bo'ladi. Hamma qilmishlari oshkor bo'ladi. El undan yuz o'giradi. Ishonganiga, duo qilganiga pushaymon bo'ladi. Niqobli odam bunday bo'lishini sira istamaydi. Niqobni qattiqroq taqadi. Elu yurtga yoqadigan, odamlarning yuragini eritadigan gaplarni o'ylab topadi. Jaloliddin Rumiyning “Yo asling kabi ko'rin, yo ko'ringaning kabi bo'l” degan hikmati xuddi shundaylar uchun aytilgan.
U minbarlarda balandparvoz gaplarni aytib, eldan olqish olishga harakat qiladi. Shu tariqa kattalarga yoqishga, mansabini yanada ko'tarib olishga intiladi. Po'rim kiyinadi, shinam va go'zal avtomobillarning orqa o'rindig'ida savlat to'kib yuradi. Niqob unga nafaqat shon-shuhrat keltiradi, balki uning munofiqliklarini yashiradi, el nonini tuya qilayotganini bekitadi, davlat mulkiga xiyonatiga parda tortadi, resurslarni isrof qilayotganini xaspo'shlaydi. Shu orqali soxta boylik, mol-dunyo, qo'sha-qo'sha avtomobil, villa, dacha, uy-joy qiladi. O'zi davlat xizmatchisi bo'lsa ham, tijorati gullab-yashnaydi. Firmalari soni oshib boraveradi. Davlat ishida ishlab, tadbirkorlik qilish mumkin emasligini bot-bot takrorlaydi, “bu mumkin emas” deydi. O'zi esa niqob ostida gapining teskarisini qiladi.
U minbarlarda korrupsiyaga qaqshatqich zarba berish kerakligi haqida shunday chiroyli gapiradiki, odamlar chippa-chin ishonadi. “Halol odam ekan” deyishadi. Ammo o'ziga “uzatib” turishmasa, hech qanday ishni bitirib bermaydi. O'ziyam o'rni kelganda “uzatib” turadi. “Eng ichida” korrupsiya yashnab boraveradi. So'zda, qog'ozda, amalda teskarisi. Davlat rahbari kuyunchaklik bilan aytayotgan gaplarni jon qulog'i bilan eshitadi. O'zini korrupsiyaga qarshi eng “ashaddiy” kurashchi qilib ko'rsatadi. Televideniega “korrupsiyaning oldini olishda yangicha tartib va tamoyil joriy etildi, endi biz bu illatning payini qirqamiz” deb intervyu beradi. Unga pora berib ish bitirganlar bu gaplarni eshitib, ichida: “O'zing korrupsiyaning boshida turibsan-ku”, deydi.
U o'zining niqob ostidagi “faoliyati” bilan yurt taraqqiyotiga salbiy ta'sir o'tkazayotganini yaxshi biladi. Ammo ichida: “Bitta men yeyapmanmi?” deb o'ziga taskin beradi. Keyin esa: “Davlatimiz boy, biz yeganimiz bilan kamayib qolmaydi”, deb o'ylaydi. Har kuni ertalab yuziga “niqobi”ni taqib ishga jo'naydi. Ehhe, u rahbarlik qilayotgan tizimda qanchadan-qancha loyihalar bor. U qancha loyihada ishlasa, shuncha boyiydi. Loyiha qancha ko'p bo'lsa, “soqqa” ham shuncha mo'l bo'ladi. Nega deysizmi? Unda eshiting. Abu Nasr Forobiy aytadi: “Yomon ishlarni o'ylab topish uchun zehn-idrokka ega bo'lganlarni aqlli deb bo'lmaydi, ularni ayyor, aldoqchi degan nomlar bilan atamoq lozim”. Niqobli odam ham buyuk alloma aytganidek, zehn-idrokini o'z manfaati yo'lida ishlatib, ayyorlik, aldoqchilik qiladi. Jamg'armalardagi pullarni “unga berdik, bunga berdik” deb o'zlashtiradi, bir imzosiga falon ming “ko'ki”dan so'raydi. Bechora tadbirkor shu pulni beradi, bermasa, yillab ishi bitmaydi. Korxonasi to'xtab qoladi, muammoga duch kelaveradi.
“Dod, poraxo'rni ushla!..”
Mashhur adib Abdulla Qahhor aytganidek, bitta go'l poraxo'rni tutishdan ko'ra yigirmata uchar o'g'rini tutish osonroq. O'g'ri urgan kishi: “Dod, o'g'rini ushla” deydi, pora bergan kishi: “Dod, poraxo'rni ushla!” — demaydi. Hikoyanavis adibimiz bu gapni topib aytgan, xo'p aytgan-da.
Bugun yuzida niqobi bor, asli kabi ko'rinmaydigan odamlar ko'payyaptimi yoki ozayyaptimi? Bu savolga javob topish ancha mushkul. Qo'lga tushmagan o'g'ri, o'g'ri emas, deyishadi-ku! Qo'lga tushyapti, kunora eshityapmiz. Agar kamaysa yoki tag-tomiri bilan qirilib ketsa, qo'lga tushishlar ham tugashi kerak emasmi? Tugamayaptimi, demak, ko'p. Poraning nomi qora, o'zi esa shirin. Jaraq-jaraq pul kelib tursa, buning nimasi yomon? Bitmagan ishlar bitib ketadi. Firmalar ko'payadi, uy-joylar kengayadi, qizi, o'g'li, nevarasi, nevarasining o'g'liga yetadigan meros qoldirsa, maza-ku! Yoki unga “boy ota”, deb mulozamat ko'rsatishsa, qanchalik yoqimli-a, to'g'rimi? Faqat shu gunohi og'ir-da. Namoz o'qib, ro'za tutib turibdi, yana 2-3 marta haj safarini ado etgan bo'lsa-chi?..
Xalqimiz “halolidan bersin” degan gapni topib aytgan-da. Tamagirlik qilgan odamning namozu ro'zasi qabul bo'ladimi? Poradan yuzi qora odam ming marta yuvsa ham tavqi la'nat ketmaydi. U “dog'” bir umrlik. Isnodi-chi? Unga qanday chidab bo'ladi? Poraxo'r qilmishi fosh etilsa, farzandlari ko'chada qanday bosh ko'tarib yuradi, o'zi elning yuziga qanday qaraydi? Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida yozganidek, tamagirlik tubanlikka dalil, boyigan tamagir odam xor va pastkash, xasis kimsa, xorliklar tamagirlikdan boshlanadi, qanoat qilgan azizdir.
Ortiqcha hashamat va dabdaba
Pul kelib turganidan so'ng ortiqcha hashamatu dabdabalar ham ko'payadi-da. “Beli og'rimaganning non yeyishini ko'r” deganlaridek, pul topganlar uchun bu juda oson. Niqobli odamga: “Shuncha molu dunyoni qaydan topding? Kelgan manbalarni sanab ber-chi”, desangiz: “Meniki emas, bunisi u qarindoshimniki, unisi boshqasiniki” deb aytadi. Chunki topgan-tutganini boshqa kishilar nomiga o'tkazib qo'ygan-da.
“Korrupsiyani yengish uchun, birinchi navbatda, uning ortiqcha hashamat va dabdaba degan “o'q ildizlarini” quritishimiz shart. Eng achinarlisi, bunga taniqli shaxslar bosh-qosh bo'lyapti, odamlar ularga tenglashaman, deb o'zini “o'tga-cho'qqa” urayapti. Bu borada ayrim rahbarlar o'zining kamtarona turmush tarzi bilan barchaga namuna bo'lish o'rniga, bunday soxta qadriyatlar asiriga aylanib, noqonuniy daromad topishga intilayotgani ham bor gap”, dedi Davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig'ilishida.
Niqobli odam buni eshitdi. Yerga qaradi. Nimalarnidir o'yladi. Keyin niqobini yanada to'g'rilab olib, hech narsa bo'lmagandek o'tiraverdi. Balki ichida “bor bo'lsin niqob!” deb quvongandir. Balki insofga kelib: “Endi bu ishlarni to'xtataman, halol yashayman, tavba qilaman”, degandir. Bu esa bizga hozircha qorong'i.
Bo'lmasa, qanchadan-qancha fidoyi kishilar bor. Ular yurtda ro'y berayotgan ulkan yangilanishlarga hissa qo'shish, Yangi Renessansga poydevor yaratish, barpo etilayotgan Yangi O'zbekistonga jilla qursa bittagina bo'lsa-da, g'isht qo'yishga intilayotgani rost-ku! Mamlakatda kechayotgan izchil islohotlar xalqimiz farovonligini ta'minlashga, yurt taraqqiyotini yanada yuksaltirishga qaratilyapti. Shunday lahzalarda niqob taqib, soxta faoliyat bilan faqat o'z cho'ntagini o'ylash vijdonsizlik emasmi? Ha, vijdonsizlik. Ammo niqobli odamda vijdon nima qilsin?! Hayriyatki, yurtda ibrat olsa arzigulik qanchadan-qancha fidoyi kishilar bor. Ular borligi uchun ham yurtimiz gullab-yashnamoqda, hayotimiz, turmush tarzimiz farovon.
Olijanoblikning eng kattasini qilgan kosonlik tadbirkor haqida niqobli odam eshitmagan deysizmi? Kambag'allikni qisqartirishga munosib hissa qo'shib, oddiy va faqir odamlarni qo'llab-quvvatlagan bu tadbirkor Koson tumanida 20 milliard so'mdan ortiq mablag' sarflab, 14 ta kottej tipidagi uy qurdi. Xonadonlarni jihozlab, 14 ta kambag'al oilani topib, ularga hadya qilib yubordi. Yana bir kosonlik tadbirkor ko'p qavatli uy qurib, 20 ta kambag'alga tekin beribdi. Ammo bu tadbirkorlar o'zini ko'rsatmadi, ismi sharifini ham odamlar bilishini istamadi. Savob uchun qilingan ish shunday bo'ladi, aslida. “O'ng qo'ling berganini chap qo'ling bilmasin”, deyishgan.
Bu olijanobliklarni eshitib, niqoblar yechib tashlanib, “endi halol yashayman, elga naf keltiraman” deyishsa bo'lardi-ku! Ammo unday bo'lmadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha o'tkazilgan yig'ilishning ertasi kuni yana xabar tarqaldi: “falonchi falon so'm bilan ushlandi…” Nega shunday? Balki yig'ilishda alohida ta'kidlanganidek, korrupsiyaning oldini olishda davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilishni tezlashtirish kerakdir. Balki shunda davlat xizmatchisi deklaratsiya qilgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkini qaerdan olganini isbotlay olmasa, bu mudhish illatdan chekinar. Eng asosiysi, oiladagi tarbiya orqali yoshlarimiz ongu tafakkuriga “halollik vaksinasi”ni singdirish kerak. Boshqa yo'l yo'q!
Nima bo'lganda ham halol yashagan inson murodiga yetadi. Harom-harish va birovlarning haqiga xiyonat qilib, to'plangan soxta boylik hech qachon buyurmaydi. Zero, buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiy hazratlarining “Ichindagi ichindadir” asarida aytilganidek, hamma narsa o'zingizda, hamma narsa o'zingizdan. Xulosa ham o'zingizdan.
Faxriddin BOZOROV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.