Piar vasvasasi

PR (piar) — xorijiy ikki so'zning qisqartirilgan (bosh harflaridan olingan) shakli bo'lib, “Public Relations” — jamoatchilik bilan aloqa degan ma'noni anglatar ekan. Lekin bizda…

Idoraga yangi rahbar keldi. Majlis o'tkazdi. Faqat o'zi gapirdi, boshqalarga og'iz ochirmadi. Tushlik vaqti o'tdi, lekin hech kimni yig'indan chiqishga qo'ymadi. Yangi rahbar “mahorat darsi”ni hadeganda tugatay demasdi. Ammo kimdir bu yoqda idora ishi qolib ketayotganini yurak yutib ayta olmasdi. Nihoyat, rahbar o'z “amri ma'rufi”ni tugatar ekan:

— Hech kim idoradan chiqmaydi. Tushlikni kechki ovqatlanishga qo'shib, bir yo'la uylaringda qilasizlar, — dedi.

Keyin ma'naviyat va axborot ishlariga mas'ul xodimni chaqirdi.

— Nega televidenieni chaqirmadingiz?!

— Oddiy majlis bo'lsa…

— Mahmadanalik qilmang, mendanam aqllimisiz?

— Yo'g'-e, unaqa demadim…

— Undan keyin, nega blogerlar ham yo'q?.. Lapashangsiz! Shu paytgacha qanday ishlab kelgansiz, hayronman. Ishda qolish-qolmasligingizni o'ylab ko'rishim kerak, — har so'zidan o'q otib, o'dag'aylardi boshliq.

Xodim hech nima deyolmay qoladi, nimayam derdi, rahbar yangi bo'lsa…

— Gap bunday: bugungi majlis eng zo'r ijtimoiy tarmoqlarda chiqsin! Rasmga olib turuvdingiz, ha, rasmlar ko'proq bo'lsin. Hamma tasvirlarda birinchi planda men bo'lishim shart. Ko'p uzun gap kerakmas, lekin sarlavhada ism-sharifim, obyazatelno, ko'rsatilsin! Davayte, deystvuyte!..

Xodim o'zi tanigan blogerlarga qo'ng'iroq qiladi. Ohho, ularning-da dimoqlari bulutlarni iskaydi!..

— Mushuk tekinga oftobga chiqmaydi. Boshlig'ingizga ayting, biz bilan yillik shartnoma tuzsin. Blogerlarning “podpischik”lari soniga qarab to'lov qilasiz, — shart qo'yadi ketmoni uchgan bloger.

— Xo'p… Siz qancha so'raysiz?

— Qirq “limon”, kamaytirish yo'q…

…Ish odatdagidan, ya'ni qonunda belgilangan ish vaqtidan ancha kech tugaydi: xodimlar borliq zimistonga qorishgan pallada idorani tark etishadi.

Endi tasavvur qilib ko'ring:

Ilgari sakkiz soatlik ishdan keyin doimo uyda bo'lgan, bugun esa bolalari uxlab qolgan pallada ostonada paydo bo'lgan ayol eridan kaltak yeydi. Ovqat qilinmagan, xonalar yig'ishtirilmagan.

— Ertagayoq ishdan bo'shaysan! — qichqiradi er piyolani devorga otib sindirarkan…

Xo'p, bu tasavvur deylik. Lekin kimdir bolasini, nabirasini bog'chadan olishi kerak bo'lgan odatdagi vaqt o'tib ketdi… Bolajonlar kutib qolganini o'ylab, qulog'iga gap kiradimi, asablari buzilmaydimi?

Haqiqat — achchiq. Yuqorida tilga olingan voqea bugungi piarbozlikning qiyofasini ifoda etib turibdi. Afsuski, bundaylar yo'q emas. Har qalay, kursiga o'tirgan ayrim rahbar xodimlar mana shunday taassurot qoldirayotgani bor gap.

Targ'ibot-tashviqot ishlarining asl mohiyatini tushunib yetmayotgan, piar deganda tizimda amalga oshirilayotgan muhim ishlar emas, aksincha, o'zim ko'rinishim kerak, degan tushuncha miyasiga singib qolgan tashkilot rahbarlari ko'paygan. Eng achinarlisi, ularning xatti-harakatini baholovchi, o'rni kelganda, to'g'ri-noto'g'ri yondashuviga munosabat bildiruvchilarning yo'qligi.

Ha, biz xo'jako'rsinga ishlayapmiz. Ya'ni foydali ish qilmasak ham, yuqorida turgan xo'jayinga yaxshi ko'rinaylik qabilida. Shunda rivojlanish bo'ladimi?

Aslida, rahbarlar kundalik qilib yurgan ishini emas, o'ziga xos yondashuvlarni, boshqalarga ibrat yoki o'rnak bo'la oladigan ishlarni piar qilishi maqsadga muvofiq bo'lar edi. Dehqoncha aytganda, uy supurish, non yopish, sigir sog'ish-u kir yuvish bir ayolning kundalik ishi bo'lgani kabi, rahbarning xodimlar bilan majlis o'tkazishi, joylarga chiqib, qo'l ostidagilarning ishini ko'zdan kechirishi ham uning doimiy ishi, vazifasi hisoblanadi. Bu ishi bilan Amerika kashf etayotgani yo'q. Buning uchun u davlatdan oylik oladi, hamma qatori oila tebratadi.

Axir, arziydimi-arzimaydimi, har ishga shunday yondashadigan bo'lsak, vazifamiz va burchimiz bo'lgan yumushlarni ko'z-ko'z qiladigan bo'lsak, davlatga, xalqqa minnat bo'lib qolmaydimi?

Qaniydi, bu rahbarlar, avvalo, o'zlarining ma'naviyatini oshirish haqida o'ylasa! (Afsuski, ma'naviyat asliyatida (qonida) bo'lsa bo'ladi, bo'lmasa — yo'q…) Kitob o'qish haqida ko'p gapiramiz, lekin qanday kitobni uqish haqida emas… Ayrim rahbarlar sarguzasht, detektiv asarlarni o'qib maqtanib yuribdi. Boshqasiga aqli yetmasa, nima qilsin?

Jamiyatga ma'naviyatli rahbarlar suv va havo kabi zarur. Ular boshqarayotgan jamoalar jamiyat, mamlakat taraqqiyotini belgilaydi-ku.

Yaqinda ustoz jurnalistlardan biri nufuzli tizim faoliyati respublika nashrida yoritilganini va hech bir tamasiz gazetani o'zi boshqarmaga yetkazganini, keyingi gal ish bilan borsa, o'sha gazeta kotiba stoli ustida o'qilmay yotganini ko'rganini alam bilan so'zladi.

Bir paytlar shu rahbarlarning yuqori organi falon gazetani yoki jurnalni o'qidingmi, deb so'ragan bo'lsa, bugun bu savolni biroz boshqacharoq berayapti: “Ijtimoiy tarmoqdagi falon kanalga ko'zingiz tushmadimi?”

Mana shuning uchun ham rahbarlar ijtimoiy tarmoqda ko'proq ko'rinishga harakat qilishadi, bu uchun mablag'ni ayashmaydi. Lekin, aytaylik, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” yoki “Tafakkur” jurnaliga obuna bo'ling, desangiz, “mablag' yo'q” deb javrashga tushadi…

Internet hayotimizning ajralmas qismiga aylangani rost. Lekin savodsizlik urchib yotgan, o'rgimchak to'ri bo'lgan internet kitob va matbuotning o'rnini bosa olmasligi kunday ravshan-ku!

Rahbarlar piarga emas, ma'naviyatga oshno bo'lishi kerak. Bu muammoga yechim topadigan vaqt kelmadimikan?

Hamzabek TURDIYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × four =