Poraxo'r o'rinbosarlar

Nega korrupsion jinoyatlar ortib bormoqda?
Yaxlit davlatga birlashgan jamiyat ichida bir-biriga teskari maqsadlar yo'lidan borayotgan toifalar bo'lishini tasavvur etishning o'zi chin vatanparvar, xalqparvar qalblar uchun juda og'riqli.
“Ulkan maqsadlar yo'lida xalqimiz bir tan, bir jon bo'lib mehnat qilmoqda”, “Elimiz yagona niyat yo'lida bir-birini qo'llaydi. Shunday bo'lib kelgan, bundan keyin ham…”, “Katta rejalarni oldimizga qo'yib, yuzdan ortiq millat bir tan, bir jon bo'lib harakat qilmoqdamiz!” — bu kabi gaplar tilimiz, dilimizga shu qadar singishib ketganki, yarim-yortisini eshitsak, bas, u yog'ini aytish shart emas, tushunamiz. Minbarlarda, ommaviy axborot vositalarida, kattayu kichik rasmiy davralarda viqor, tantana, iftixor bilan aytiladi bu so'zlar. Ammo hayotiy dalillar gapimiz bilan ishlarimiz har doim ham mutanosib emasligini tez-tez tacdiqlamoqda. Buni tan olmaslik jamiyat taraqqiyoti, jipsligi, ma'naviy va maqsadlar birligini yemirayotgan ijtimoiy muammolarning ildizlari chuqurlashib, qo'llari uzayib, asoratlari surunkaliyu xavfliga aylanib borishi uchun ayni qulay muhit. Eng qizig'i va achinarlisi, yuqoridagi kabi gaplarni o'rni kelsa-kelmasa tantanavor aytadiganlar orasida so'zi bilan ishi yeru osmoncha yiroq, bir-biriga mutlaqo to'g'ri kelmaydiganlar ko'proq uchraydi.
“Quruq qoshiq og'iz yirtadi”. Fikrlarimiz kimlargadir “arzimas narsadan g'avg'o ko'tarish” bo'lib tuyulishi mumkin. Dalillar… Ijtimoiy tarmoqlar orqali hammamizga har kuni oqib kelayotgan xabarlardan ayrim ko'chirmalar (darvoqe, ularni o'qib, qabul qilishga etimiz o'lib borayotgandek), eng yangilaridan biri:
“Uchtepa tumanining avval ham uch marta sudlangan hokimning mahalladagi yordamchisi 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. U tadbirkorlik bilan shug'ullanmoqchi bo'lgan fuqaroga yuqori lavozimli tanishlari orqali yer maydoni olib berishni va'da qilgan”.
Shundoq yon-atrofdagilardan qay biri qishning yog'ingarchiliklar kunida o'quvchi bolasiga 150 ming so'mga oyoq kiyimi olib berishgayam imkon topolmayotgan; bozor to'la meva-cheva bo'lgan kundayam qay bir homilador erining cho'ntagi ahvoliga qarab ko'ngli tusagan mevani bir donagina so'rashga-da botinolmayotgan; qay bir ota-ona kasal bolasini avaylab ko'proq elektr isitkichdan foydalanib qo'ygani uchun “endi to'lovini nima qilamiz?” deb tashvishga botgan; nogironu nimjon, kasalmandligiga qaramay, qay bir oriyatli insonlar halol rizq topish uchun bozorda arava sudragan… (hammasi ko'z o'ngimizda!) kunlarda, shu xalqning nonu tuzini yeganlardan biri nafsi o'pqoni uchun 30 ming dollar berishga-yu, yana biri 30 ming dollar olishga o'g'ri mushuklardek shay bo'lib turishini qanday tushunish, qanday tushuntirish mumkin?! Beixtiyor yodga mavlono Muqimiyning “Men zahar yutsam, asaldir o'zgalar komi…” degan satri tushdi.
O'tgan yili “Andijon viloyat hokimining sobiq o'rinbosari — viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig'i Botirjon Hamrayevga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo'llangani; manbaga ko'ra, uning xonadonida o'tkazilgan tintuvlar payti uyidan 3 million dollar (?!) topilgani; sobiq o'rinbosar byudjet mablag'larini talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste'mol qilish va boshqa holatlar bo'yicha tergovga chaqirtirilgani” ma'lum qilingandi.
“Kun.uz”ning 2024 yil 19 iyuldan 9 oktyabrgacha (3 oy ichida) bergan xabarlarida shunday ma'lumotlar ketma-ketligi davom etgan:
“Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisiga qidiruv e'lon qilindi”.
“Sirdaryoda nogiron bolaning onasidan tibbiy xulosa uchun pul olgan shifokorga hukm o'qildi”.
“Dashtobod temir yo'l stansiyasi boshlig'i pora bilan ushlangan”.
“Qashqadaryo va Jizzaxda pora olgan ekologiya va qurilish mutaxassislari ushlandi”.
“Samarqandda Janubiy kon boshqarmasi mutasaddisi fuqarolarni ishga olish uchun 5 ming dollar olganda ushlandi”.
“Samarqandda YPX xodimiga pora bermoqchi bo'lgan haydovchi qo'lga olindi”.
“90 ming dollar bilan ushlangan Kogon tumani prokurori 15 yilga qamaldi”.
“Jizzaxda mahbusning jazosini yengillashtirib berish evaziga 10 ming dollar pora so'ragan IIB mansabdoriga hukm o'qildi”.
“Sirdaryoda tadbirkordan 4 ming dollar olgan soliq xodimiga hukm o'qildi”.
“Samarqandda kadastr xodimi fuqaroning uy-joyini hujjatlashtirib berishini aytib, 1,5 ming dollar so'ragan”.
“Surxondaryo viloyat sudi sudyasi pora bilan qo'lga tushgani aytilmoqda”.
“Namanganda pora bilan “o'tirib chiqib” oqlangan IIB xodimi yana qamaldi”... — uh-h… bular poraxo'rlik bilan bog'liq jinoiy ish qo'zg'atilgan yoki hukm o'qilgan holatlardan ayrimlari, xolos.
…Ijtimoiy tarmoqqa qo'yilgan bir postda yaydoq kuz dalasida muxbirning savollariga javob bergan qishloq ayolining javoblari sirtdan qaraganda juda muloyim, beozor. Ya'ni, muxbir so'raydi:
“— Kecha qanday ovqat yegandingiz?
— Piyava sho'rva, — jilmayib javob qaytaradi ayol.
— Piyava… u qanaqa ovqat? — so'raydi yosh muxbir.
— Ozgina yoqqa piyoz qovurilib, kartoshka solib… agar bo'lsa…
— Go'shti bormi?
— Go'shti… — xuddi bir noo'rin so'z yo harakati oshkor bo'lib qolgan kabi o'ng'aysizlanib yana jilmayadi ayol. — Yo'-o'q, go'shti yo'q… go'sht ololmaymiz…”
Ayrim hokimlar, ularning o'rinbosarlari, turli idoralarning rahbarlariyu ularning muovinlari shunga o'xshash holatlarni, suhbatlarni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishga vaqtu imkonlari, undan ham muhimrog'i, ehtiyojlari bormikin? Ammo ular buning uchun uzoqqa borishlari shart emas: qabullariga kelganlar, qabulxonalarida o'tirganlarni o'zlariga yuklangan mas'uliyat darajasida tinglasalar edi, mansabni uchar gilamdek his etib, hayot ham, mamot ham yer bilan bog'liq ekanini unutib qo'ymasmidilar? O'shanda “Xovos tumani hokimi o'rinbosari 7 yilga qamalmasmidi?..”
Pora olish jinoyatlari keyingi yillarda yuqori mansabdorlar va ayniqsa, hokimlarning o'rinbosarlari bilan bog'liq yuz berishi “trend”ga chiqdi. Internet tarmog'ini sal “silkitsang”, bu fikrni dalillaydigan misollar tizilib keladi:
“Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida hokim o'rinbosaridan biri o'z xizmat xonasida mahalliy mas'uliyati cheklangan jamiyat ish yurituvchisidan 400 dollarni pora sifatida olgan vaqtda qo'lga tushdi”.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimining o'rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan, shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko'maklashish evaziga 2 mln AQSh dollari talab qilib, oldindan 1 mln AQSh dollarini o'zining haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlandi”…
Qiziq, “o'rik o'rikni ko'rib rang olibdi”, degandek, hokim o'rinbosarlari orasida bir-birlaridan “tajriba” o'rganib yoki “ilhomlanib” pora olish poygasiga qo'shiluvchilar safi kengayyaptimi yoki illatni palak ottirayotgan boshqa sabablar ham bormikin? Bu savol ko'pchilikni o'ylantiryapti, turli mulohazalar aytilyapti.
Deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda pora bilan qo'lga tushganlar haqida axborotlar o'qishgayam ko'nikib ketdik. Ishchi ishchidan, ketmonchi ketmonchidan, ko'cha supuruvchi ko'cha supuruvchidan, bog'bon bog'bondan, haydovchi haydovchidan pora olganini eshitganmisiz? Yo'q. Poraxo'rlar — davlatning mansab kursisiga joylashib olganlar. Ular orasida barcha soha va tarmoq vakillari bor. Prokurorlar, soliq va bojxona xodimlari, hokim o'rinbosarlari va hokimiyat idoralari vakillari…
Afsuski, ijtimoiy illatga aylanib bo'lgan bu “ov” hech tugay demaydi. Jamiyatga taqdim etilayotgan yuqoridagi kabi holatlar xalq orasida: “Bizda pora, korrupsiya bilan shug'ullanmaydigan tashkilotning o'zi bormikin?” degan savolni qayta-qayta o'rtaga tashlamoqda.
“Platforma.uz” yozdi:
“Nega bunday bo'ldi, bo'lyapti? Tushunishimizcha, bizda korrupsiyaning tomiri suv ichadigan chashmagacha yetib borilmayotganday. Faqat atrofdagi novdalar butalanayotganday. Masalan, shu yaqin yillar ichida o'nlab “zamlar” pora bilan qo'lga tushdi, hokimlar esa kursisida o'tiribdi. Yoki boshqa tashkilotlardayam shunday…”
Shu o'rinda hammaga ma'lum savolni takrorlab qo'ymoqchimiz:
— O'rinbosaringiz, xodimingizning poraxo'rligi dalillar bilan isbotlanib, xalqqa ma'lum qilinib, el ichida ovoza bo'lgandayam nega siz indamaysiz? Hokimligingiz, idorangiz, tashkilotingiz sha'niga dog' bo'lib, xalqning davlat idoralari vakillariga ishonchini susaytirgan, obro'-e'tiborini yo'qotishi mumkin bo'lgan va ayni siz mas'ul rahbar bo'lib turgan paytda yuz bergan nojo'ya qilmishlar uchun javobgarligingiz yo'qmi?
Shu o'rinda yana bir ma'lumot: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma'lum qilishicha, o'tkan bir yilda jami 5 ming 716 ta korrupsiyaga oid jinoyat aniqlangan. Xalqimizga yaqin ko'makchi bo'ladi deb tashkil qilingan va otning kallasiday maosh olayotgan mahallalarda faoliyat yurituvchi hokim yordamchilaridan 309 tasi jinoyatga qo'l urgan.
Prezidentimiz katta-kichik amaldorlarning halol, xalqni o'ylab vijdonan ishlashi uchun imkoniyatlar yaratib bermoqda. Jumladan, bir paytlardagidek, ular kam maosh olishmaydi. Oladigan oyliklari hozirgi paytda katta miqdorni tashkil etadi. Ammo…
Muqaddas dinimizda ham eng katta gunoh, qonunchiligimizda og'ir jinoyat deb tavsiflanadigan poraxo'rlik, ta'magirlik, firibgarlik nega ko'payib bormoqda? Nima uchun korrupsion jinoyatlar oshib ketyapti? Byudjetning, ya'ni xalqning pulini o'marish avjida. Bunday noma'qulchiliklarni yo'q qilish uchun nima qilmoq kerak?
Muhtarama ULUG'OVA,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi.