“Bo'ston”dagi qarovsiz xiyobon

Andijon tomondan Qo'qonga kelaverishingizda yo'lning o'ng tomonida Bo'ston (avvalgi Bo'z) tumani hokimiyati binosiga nigohingiz tushadi. Binoga kiraverishdagi maydonlar obodonlashtirilib, atroflariga gullar ekilibdi. Shu tomondan chamasi ikki yuz qadam yursangiz, xiyobonga o'xshagan kichik maydon bor. Maydon etagida 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga lavha ham o'rnatilgan.

Ma'lumotlarga qaraganda, bundan qirq besh yilcha avval shu tumanda rahbar bo'lib ishlagan Mirzajon Iminov ulug' allomalar hamda taniqli adiblarning byustlarini o'rnatishga bosh-qosh bo'lgan ekan. Yodgorliklar qanday xomashyodan tayyorlangani bizga qorong'i, ammo qarovsizlikdanmi, tabiiy iqlim ta'siridanmi, o'nlab byustlar juda xunuk ahvolga kelib qolibdi. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, bunday achinarli holat ancha yillardan beri davom etmoqda.

Bu yerda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho'lpon, Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Mirtemir, Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek, Nodira, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat kabi ulug' zotlar xotirasiga yodgorliklar o'rnatilgani tarixiy voqea bo'lgan, albatta.

Bu yodgorliklar o'rnatilgan davr sobiq sho'rolar zamoni edi. Shunday bo'lsa-da, millat va ma'naviyatga, madaniyat va adabiyotga jonfido inson, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan paxtakor, rahmatli Mirzajon Iminovning vijdon amri, adiblarga bo'lgan hurmat-ehtiromi tufayli ushbu yodgorliklar qad rostlagan. Keksa otaxonlarning eslashlaricha, o'sha yillari Mirzajon Iminov tumanga trolleybus ham olib kelish uchun yo'llarni kengaytirib, ustunlar o'rnatgan ekan.

Endilikda Bo'stonning bugungi rahbarlari yodgorliklarni saqlay olmayapti. Ma'naviy qadriyatlar qadriga yetilmayapti. Afsus, bugungi holni ko'rsa, maymunlar ham yig'lab yuborsa kerak.

Noyabrning yomg'irli va sovuq kunlari ham keldi. Tumanda paxta yetishtirish rejasi ham o'lda-jo'lda. Bir yoqda kambag'allikka qarshi kurashish… Hokimning ko'ngliga hech narsa sig'maydi. Angladikki, uning huzuriga buyuklar byustlarining qarovsiz holatiga oid muammoni ko'tarib borish befoyda!

Yaqinda Qo'qon shahrida Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqatga yangi haykal o'rnatildi. Bu yuksak san'at asari yanglig' haykal o'rnatilgach, barcha adabiyot ixlosmandlari quvonishdi.

Ammo Bo'stondagi “bo'zlayotgan” Furqatning holidan kim xabar oladi?

Bu ne ko'rgulikki, Bobur yurtidagi “Bobur”ning byustiga birov qaramasa, Bo'ston tumanida?

Aytishlaricha,  O'zbekiston xalq shoiri,  rahmatli To'lan Nizom bu yodgorliklarni avaylab-asrab yurgan.  Bugun Andijonda To'lan Nizom kabi  adabiyot jonkuyari yo'qmi?

Nahotki ulug' adiblar ruhini shod etish ma'naviyat ekanligini bo'stonliklar yodidan chiqargan bo'lsa? Chingiz Aytmatov bilan Muxtor Shoxonov hammualliflikda yozgan “Cho'qqilarda qolgan ovchining ohi-zori” kitobidagi shunday ibora yodga tushadi: “Ma'naviyatsiz kishi tovuqqa o'xshaydi,  qanoti bo'lgani bilan yuksaklarga parvoz qila olmaydi…”

Umid qilamizki, Bo'ston tumanidagi bu xunuk holatni bartaraf etishga qodir bo'lgan ma'naviyatli mas'ullar topilib qolar…

Muhammad KENJA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × five =