“UVULDIRIQ”ning o'zbekchasi “IKRA”mi?
Sobiq ittifoq davrida ruscha so'zlar shu darajada so'zlashuv nutqimizga singib ketgan ediki, ularning asl o'zbekchaci esdan ham chiqib ketgandi.
O'tgan asrning 70-80-yillarida O'zbekiston televideniesida muharrir bo'lib ishlardim. Toshkent viloyatidagi “Damachi” baliqchilik xo'jaligidan yarim soatlik ko'rsatuv tayyorlab kelishdi. Men unga muharrirlik qildim.
Matnda uvuldiriq so'zi bir joyda baliq tuxumlari, yana bir joyda baliq urug'lari, yana bir joyda ikra deb ishlatilgan edi. Ularni uvuldiriq so'ziga almashtirib chiqdim. Bundan kasbdoshim xafa bo'ldi. Bosh muharrir esa uning yonini oldi. “Nega endi xorazmcha lahja o'zbek adabiy tiliga kirib kelishi kerak?” deya e'tiroz bildirdi.
— Fikringiz to'g'ri. Bu so'z Xorazmda haliyam ishlatiladi. Buvilarimiz baliq tozalayotganimizda: “Baliqning o'tini yorib yuborma, uvuldirig'i achchiq bo'lib qoladi”, deya o'rgatib turardi. Aslida, bu o'zbekcha, ya'ni qadimiy turkiy so'z, — deya izoh berdim.
O'shanda katta bahslardan keyin ikra so'zi uvuldiriq so'ziga almashtirildi.
Ushbu maqolani yozish jarayonida “O'zbek tilining izohli lug'ati”ni ochib qaradim. Unga shunday izoh berilgan ekan: “UVULDIRIQ — baliq va boshqa ba'zi suvda yashovchi jonivorlarning tuxumchalari, urug'i; ikra”. O'zbek tilining izohli lug'ati (2008 yil).
Qarang, o'zbekcha so'zning mazmun-mohiyatini tushuntirish uchun yana ruscha so'z qo'llanilmoqda. Albatta, bu zamonimiz sadosi bo'lib, gohida o'zimiz ham nevaralarimizga bir so'zni izohlash uchun ana shunday tushuntirish beramiz.
Xuddi shunday ruscha so'zlarni qo'llash o'tgan asrda oddiy holga aylanib qolganini badiiy tarjimachilik misolida ham ko'rish mumkin. Oles Goncharning “Hayot navosi” asarida Ukraina manzaralari, asar qahramonlari obrazi zamon bilan uyg'unlikda mehr-muhabbat bilan yaratilgan. Asarning o'zbek tiliga tarjimasida ham makon, zamon, olam, milliy-madaniy qadriyatlar go'zal ifodasini topgan. Ijodkorlar obrazlarni to'laqonli tasvirlashda jonli nutq bilan birga dramaturgiyaga xos bo'lgan paralingvistik harakatlarni ham mohirona faollashtira olgani, ayniqsa, tahsinga loyiq.
Jahon adabiyotidan o'rin olgan ukrain ijodkorini o'zbek xalqiga tanishtirish yo'lidagi tarjimonning sa'y-harakatlari, xalqlar do'stligiga qo'shayotgan munosib hissasi e'tiborga loyiq. Biroq til masalasida kamchiliklardan xoli emas. Bu juda achinarli. Chunki bu asar o'tgan asrning 70-yillarida tarjima qilingan.
Oles Goncharning “Tronka” — “Hayot navosi” asarining tarjimoni Lola Tojiyeva rus tilidagi ko'pgina so'zlarni o'zbek tiliga o'girmay, aynan ishlatgan. Ular kasbiy atama ham emas, baynalmilal so'z ham emas, balki o'zbek tilida muqobili bo'lgan oddiy so'zlar. Masalan, putyovka — yo'llanma; Eyfel bashnyasi — Eyfel minorasi; territoriya —hudud, maydon; vistavka — ko'rgazma; fufayka — guppi, paxtali qishki kiyim; etajerka — javon, tokcha; sivilizatsiya — taraqqiyot, yuksalish; gerbitsidlar — kimyoviy o'g'it; koridor — yo'lak; richag — dastak; klyuchlar — kalitlar; instruksiya — yo'riqnoma; bosonojka — ayollarning yozgi oyoq kiyimi, yozlik oyoq kiyim; labirint — murakkab aylanma joy; koziryok — bosh kiyimning soyaboni, shapkaning soyaboni. Ko'rib turibsizki, tarjimon “Hayot navosi” asarida ishlatgan so'zlarning o'zbek tilida qo'llaniladigan so'zlar mavjud. To'g'ri, tarjimon qo'llagan ruscha so'zlarning bari maktabda rus tilini o'qigan ko'pchilikka tushunarli bo'lishi mumkin.
Ammo ona tiliga hurmat, e'tibor – vijdon, qalb ishiga aylanmog'i kerak. Qachonki, elu xalqqa ziyo, ma'rifat ulashuvchi qatlam o'zbek tilini e'zozlamasa, boshqalardan nimani kutish mumkin?!
Ushbu fikrlarimni aytishimga sabab, O'zbekiston televideniesida suxandonlar, ko'rsatuv boshlovchilari hamon ruscha so'zlarni ko'p ishlatishadi. Yana inglizcha so'z va ishoralardan ham foydalanishadi. Xalqimizga madaniyat-ma'rifat tarqatayotgan kishilar har bir so'z va jumlaga e'tiborli bo'lishi lozim.
Ayniqsa, yosh jurnalistlarning ish stolida “O'zbek tilining izohli lug'ati” bo'lishi va uni tez-tez ochib o'qib turishlarini tavsiya qilardim. Zero, xalqimiz “Ona tilim — jonu dilim” iborasini bejiz ishlatmaydi. Zero, o'zbek tili mavjud ekan, millatimiz ham bordir.
Ra'no ZARIPOVA,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist,
filologiya fanlari bo'yicha
falsafa doktori (PhD).