Yolg'onsiz yashab bo'ladimi?
Yolg'on… Bu so'z inson dunyoga kelibdiki, u bilan birga. U yillar va asrlar osha odamlar manfaati-yu himoyasining quroliga aylanib, hayotiga singib, keng quloch yozib bordi. Yolg'on goh “aldov”, goh “hazil” ko'rinishida namoyon bo'lib, bugunga qadar yashab kelmoqda. Ba'zan u shirin va achchiq so'zlar ichida yashirinib olib ham o'z maqsadiga intiladi.
O'tmishdan ma'lumki, ajdodlarimiz yolg'ondan hazar qilib, “bo'yningda qilich tursa ham rostini gapir” degan qoidaga amal qilib, yolg'onni zarur bo'lganda faqat ezgulik, tinchlik va adolat yo'lida yaxshi niyatning amalga oshishi uchun ishlatganlar. Afsuski, inson ongi o'sib, ehtiyoj doirasi kengayib borgan sari “yolg'on” degan illat hayotiga chuqurroq kirib bordi. Ayniqsa, bugunga kelib “yolg'on” ishlatib ko'zlangan maqsadga erishish, ish bitirish, manfaatli bo'lish, hatto shu yo'l bilan boyishga intilish butun dunyo bo'ylab keng quloch yozayotganligini ko'rib, eshitib turibmiz. Hatto mana shu illatni dastak qilib, dunyoning bir qator nuqtalarida ayrim davlatlar bir-birini gijgijlab, urush olovini alanga oldirishga, shahar va qishloqlarni vayron, begunoh odamlarni qirg'in qilishga urinmoqda. Shubhasizki, bu yovuzlikning mag'zida bitta narsa — nopok manfaat turganligini anglash qiyin emas.
Xo'sh, ota-bobolarimiz nima uchun yolg'ondan hazar qilganlar? Bu savolga ular shunday javob berganlar: “Hazil — hazilning tagi zil”. Bu yolg'onning oqibati yomon degani. Shuning uchun ham oilada bola yolg'on gapirib qo'ysa, kattalar “bundan keyin yolg'on gapirma, bolam, uyat bo'ladi” deb, uni rost so'zlashga da'vat etganlar. Ming afsuski, keyingi yillarda maktab va oliy o'quv yurtlarida ham yolg'on avjiga chiqib, ta'lim-tarbiyaning susayishiga olib kelganligi matbuotda tez-tez ko'zga tashlanib turibdi. O'quvchi va talabalarning darsga kechikib kelishi yoki bir-ikki kun kelmasligi esa odat tusiga kirganligi fikrimizning yaqqol dalili. Darsga kechikkanlikning yoki kelmaganlikning sababi so'ralganda o'quvchi bilan talaba rostini aytadi deb o'ylaysizmi? Aslo! Unisi ham, bunisi ham ko'zlarini lo'q qilib yolg'onni do'ndirib, o'qituvchini aldaydi.O'z ota-onasidek mehribon bo'lgan aziz ustoziga yolg'on gapirgan yigit-qiz ota-onasini aldamasligiga kim kafolat beradi? Achinarlisi shundaki, bunday yoshlar eng yaqin sirdosh do'stlarini ham o'z yolg'onlariga ishontirishdan toymaydilar. Lekin bu yolg'onlar bir kunmas, bir kun fosh bo'lishi aniq. O'shanda yolg'on gapirib, do'stini qattiq ranjitgan inson xuddi chayon chaqqandek uzr so'rab to'lg'anadi, bosh egib qasam ichadi, yalinib-yolvoradi. Ammo darz ketgan ishonchni o'z holiga keltirib bo'larmidi?! Yolg'onchiga aldanib yurgan do'stning qalbi sovigan, oldingi mehr-oqibat va ishonch o'rnini qandaydir loqaydlik egallagandek tuyuladi. To'g'ri, qonunda yolg'on ko'rsatma bergan kishiga jazo belgilangan. Biroq, ota-onasini, o'qituvchisini, do'stini aldagan, ularga yolg'on gapirgan yoshlar nari borsa tanbeh eshitish bilan qutulib qolishmoqda. Jamoatchilik bu masalada o'z fikr-mulohazasi-yu taklifini o'rtaga tashlasa, ta'lim muassasalarida davra suhbatlari, bahs-munozaralar muntazam o'tkazilib borilsa, “Yolg'onsiz bir oy”, “Rostgo'y o'quvchi”, “Yolg'ondan nafratlanadigan talaba” singari tanlovlar o'tkazilib turilsa ayni muddao bo'lur edi. Xo'sh, qani ayting-chi, umuman yolg'onsiz o'qish, ishlash, yashash mumkinmi?!
Bunga siz nima deysiz?
Malikaxon MIRJALOLOVA,
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti talabasi.