Yaxshidur achchiq haqiqat…

Statistik ma'lumotlarga qaraganda, hozirda qariyb 2 milliondan ortiqroq yurtdoshlarimiz xorijda mehnat qilishar ekan. Katta-katta shaharlardagi mardikor bozorlariga ish izlab chiqayotganlarning esa hozircha aniq hisobi yo'q. Yo'q, men bu mardikor bozorlari haqida so'zlamoqchi emasman. Ammo mazkur mavzu bahonasida anchadan beri kaminani o'ylantirib kelayotgan ayrim mulohazalarim bilan o'rtoqlashmoqchiman, xolos. Keling, o'zim guvoh bo'lgan, ko'rgan-eshitgan voqealar asosida mavzu haqida batafsilroq suhbatlashaylik.
Amalda esa mutlaqo boshqacha
So'nggi yillarda qishloq joylarda fermer xo'jaliklari rivojlanib borayotgani sir emas. Ular yetishtirayotgan mahsulotlar tufayli bozorlarimiz to'kin. Bu yaxshi, albatta.
Ammo bugungi kunda mazkur xo'jaliklarning dalalarida kimlar, nima evaziga mehnat qilayotgani haqida hech o'ylab ko'rganmisiz?
Bilmasangiz, bilib oling. Bugun dalalarda “fermer xo'jaligi ishchisi” sifatida javlon urib ishlayotganlarning ko'pchiligi mardikorlar, ya'ni bir kunlik mehnat bozoridan olib kelingan yollanma ishchilardir. Aslida, bu xo'jaliklar shu yaqin atrofda istiqomat qiladigan odamlarni ish bilan ta'minlash maqsadida tashkil etilgan edi. Amalda esa mutlaqo boshqacha. Xo'sh, nimaga shunday bo'lyapti?
Birinchidan, har qanday fermer eng avvalo o'zining oila a'zolari, so'ngra yaqin qarindoshlarini ish bilan ta'minlashni xohlaydi. Ulardan ortadigan yumushlarnigina boshqalarga beradi. Xo'jalik tashkil etishda esa oila a'zolari va qarindosh-urug'larigagina yetadigan qilib yer oladi. Boshqalarni o'ylamaydi ham.
Ikkinchidan, begonani ishga olib, uning oilasini yil bo'yi boqqandan ko'ra, mavsumiy ishlarga mardikor yollash fermerga ancha arzonga tushadi.
Uchinchidan, kunlik ishga chiquvchilar uchun ham bu usul ma'qul. Chunki fermer o'zining doimiy ishchilariga oylik ish haqi o'rnida ko'pincha g'alla yoki g'alladan bo'shagan maydonga ikkinchi ekin ekish uchun ma'lum miqdorda yer beradi. Kunlik mardikorlarga esa bajargan ishi uchun naqd pul to'laydi.
“Shular tufayli qora qozonimiz qaynab turibdi…”
— 3 yildan beri tog'amning fermer xo'jaligida oilam bilan mehnat qilaman, — deydi Oqdaryo tumanidan Shuhrat Eshxo'jayev. — Yomon yashayotganimiz yo'q. Yiliga mehnat haqi evaziga 2-3 tonna g'alla olamiz. Mollarimiz uchun 100 tagacha presslangan somon, ikkinchi ekin uchun 2 gektar yer berishadi. Unga loviya ekib, 7-8 tonna hosil olamiz. Suv, traktor xizmati va o'g'it ham fermerning hisobidan.
Bog'dorchilik sohasida ham xuddi shunday manzarani kuzatish mumkin. Hozirda Samarqand, Jomboy, Oqdaryo, Payariq tumanlaridagi aksariyat intensiv bog'lar “Ohalik oltin bog'i mevasi” klasteriga tegishli. Pishiqchilik mavsumida mazkur klasterdagi mavsumiy ishchilar, ya'ni mardikorlar soni 10 ming nafardan oshib ketadi. Bir kunlik ish uchun beriladigan 100 ming so'm atrofidagi pul uchun qishloq ayollari va ta'tilda bo'lgan yuqori sinf o'quvchilari tong sahardan qora kechgacha meva terishadi. Ammo ular bu mehnatdan nolimaydilar.
— Boshqa qayoqqa ham borardik, uka, qo'limizda bir hunarimiz bo'lmasa, — deydi Oyshirin Allaboyeva. — Shu bog'ning xo'jayinlariga rahmat, shular tufayli qora qozonimiz qaynab turibdi. Ishga kelib ketishimiz uchun transport, bir mahal bepul ovqat berishadi. Iloyo, baraka topishsin.
Qishloq tumanlarining aksariyatida ayollar uchun mardikorlikning yangi boshqaruv sxemasi mavjud. Har bir qishloqda kunlik ishga chiqayotgan xotin-qizlarning o'z “gastarbayteri”, ya'ni dalloli bor.
Arzon ishchi kuchi izlayotgan fermer va tadbirkorlar aynan shu odamga murojaat qilishadi. Bu dallollarda ham shu yaqin atrofdagi fermerlarning telefon raqamlari, hatto qaysi maydonga qanaqa ekin ekkanligi haqidagi ma'lumotlargacha mavjud.
“Guruhimda o'qituvchilar ham bor…”
Bu vositachilar o'z guruhidagi mardikorlarga har kuni ish topib bergani uchun u olayotgan ish haqining 10 foiziga, fermerga arzon ishchi topib bergani uchun esa u berayotgan umumiy summaning ham 10 foiziga egalik qiladi. Xullas, dallol ikki tomondan ham o'z ulushini oladi.
— Ha, endi tirikchilik-da, o'rgilay, sixni ham, kabobni ham kuydirmaymiz, — deydi shunday vositachilardan biri Orzigul Ochilova. — Fermer ham xursand, ishchilar ham. Ba'zi fermer akalar: “Ertaga falon joydan komissiya kelayapti. Mening dalamga guruhingizni olib borib turing, iltimos! Agar so'rab qolishsa, ha, shu fermer xo'jaligida ishlaymiz, deysizlar” deb yalinib qolishadi. Chunki o'zlarining ishchilari deyarli yo'q hisobi. Hammasi xorijga ketgan. Albatta, bunday iltimoslar quruq bo'lmaydi. U yog'ini so'rasangiz, mening guruhimda hatto o'qituvchilar ham bor. Ular yozgi ta'tilda bekor o'tirishgani yo'q.
Xo'sh, nega o'qituvchilar kunlik ish uchun dalaga chiqishyapti?
Yaqinda e'lon qilingan statistik ma'lumotlarga ko'ra, joriy yil yanvar-iyul oylarida O'zbekistonda kredit va vositachilik faoliyati xodimlarining o'rtacha oylik ish haqi 14,4 million so'm, savdoda 5,9 million so'mni, umumiy ovqatlanish xizmatlari ishchilarining oylik maoshi 4,6 million so'mni tashkil etgan. Ammo ta'lim tizimida bu ko'rsatkich 3,5 million so'm, sog'liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish sohasida esa 3,3 million so'mdan oshmagan.
Ko'rib turganingizdek, yurtimizda eng kam oylikni o'qituvchilar va sog'liqni saqlash tizimi xodimlari olishadi. Boshqacha aytganda, maktabni zo'rg'a bitirib, savdoda mehnat qilayotgan ishchi yoki oshxonada ishlayotgan oddiy oshpaz ham o'qituvchidan ko'p pul toparkan. Xo'sh, bunday ahvolda muallim kunlik ish uchun dalaga chiqmasdan yana qaerga ham borsin?
Nimaga bizga xorijdan ish izlab kelishmaydi?
Ma'lumotlarga ko'ra, hozirda 2 million nafardan ko'proq yurtdoshlarimiz xorijiy mamlakatlarga ish izlab chiqib ketgan.
Shu yerda ba'zi bir savollar paydo bo'ladi. Nimaga bizning yurtimizga xorijdan mardikorlar ish izlab kelmaydi? Yoki siz biror o'zbekning uyida Rossiyadan, Qozog'istondan kelib ishlayotganlarni ko'rganmisiz?
To'g'ri, O'zbekistondagi katta-katta kompaniya va korxonalarda, qishloq xo'jaligi sohasida xorijlik mutaxassislar ishlayapti. Ammo ularga otning kallasiday maosh to'lanmoqda.
Yana bir gap. Nima emish, Koreya, Olmoniya, Xitoy, Rossiyaga ishga boradigan migrantlar o'sha mamlakatlarning tilini o'rganishlari shart ekan. Koreyaga boruvchilar bir necha yildan beri koreys tilidan imtihon topshirishyapti. Hatto bu sinovlarning “reytingi” oliy o'quv yurtiga o'qishga kiruvchilarning sinovlaridan ham balandroq. Qizig'i shundaki, bu sinovlarda talabgorlarning bilimini kompyuter emas, nimagadir mas'ullar baholashadi…
Eng yomoni shundaki, talabgorlarni xorijga ishga jo'natish uchun mas'ul bo'lgan, migratsiya agentligida ishlaydigan janoblarning ayrimlari bu sinovlardan cho'ntak qappaytirib olganlari yaqinda oshkor bo'lib qoldi. Bir bechora bola-chaqasini boqaman deb birovlardan qarz-qavola qilib imtihonga borsa-yu, qaysidir nafsi o'pqon mulozim shunga ham sherik bo'lsa… G'alati-a?
Dangalroq qilib aytadigan bo'lsak, boshqa yurtga mardikorlikka borish uchun ham bechora qishloqi yigit kimgadir yalinib pora bersa…
Ha, boshqa davlatda mardikor bo'lib ishlash uchun biznikilar imtihon topshirishadi. Qiziq, o'sha davlatning fuqarosi ham bizga ishga kelish uchun o'zbek tilidan o'z yurtida imtihon topshirarmikin? Imtihon topshirmasayam, biror koreys bizning fermer dalasiga “ro'zg'or tebratish uchun” kelarmikin?
“Xonimlar bu holni kulib tomosha qilishadi…”
Rossiyada ancha yil mehnat qilgan bir yigit o'tgan yili menga bir voqeani aytib berdi.
Moskva yaqinida Ximki degan shaharcha bor. O'sha yerdagi ko'chalardan birida qurilayotgan ko'p qavatli uyning yerto'lasida qariyb 20 nafar o'zbek yigiti yashar ekan.
Gohida shunday kunlar ham bo'larkanki, ular hatto bir burda nonga pul topolmay qolisharkan. Shunda ulardan ba'zilari ertalab turib ko'p qavatli uylar yoniga borib turisharkan. Chunki bu uylarda yashovchi mallasoch xonimlar chiqindi qutisiga hali qotib ulgurmagan non, shirinliklar, bir tishlab tashlangan kolbasa bo'laklarini chiqarib tashlar ekanlar.
Boyagi yigitlar bu yeguliklarni chiqindi qutisidan talashib-tortishib olayotganliklarini bu xonimlar derazadan ko'rib, kulib tomosha qilisharkan. Judayam ayanchli holat.
Shu yilning fevral oyida Nuroboddagi sanatoriylardan birida dam oldim. Sanatoriyda bel, qo'l, oyoq og'rig'ini davolash uchun bemorlarga parafin, ya'ni eritilgan sham qo'yishadi. Men har kuni ertalab nonushtadan so'ng muolaja olish uchun borganimda, bu yerda 3-4 nafar 23-26 yoshlar atrofidagi yosh yigitlarni ham ko'rardim.
Bir kuni qiziqib ulardan: “Hali yosh bo'lsalaring, nimaga parafin bilan davolanayapsizlar?” deb so'radim. Shunda yigitlardan biri: “Eh, amaki, nimasini aytaylik, bizning belimiz, oyoqlarimizdan Rossiyaning qahraton sovug'i o'tib ketgan. Har yili 10 kun shu yerda davolanmasak, ishga yaramaymiz. Shu yerda davolanib, keyin yana o'sha yoqqa ishga boramiz”, dedi.
Mardikorlik qilayotgan zobit
Jomboy tumanida yashaydigan Zafar Norov Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakultetini bitirgan. Oliy ma'lumotli zobit, harbiy aloqa bo'yicha yetakchi mutaxassis, katta leytenant unvoniga ega.
Bundan 8 yil ilgari Surxondaryodagi chegara qismlardan birida harbiy xizmatni o'tash chog'ida u komandirining aybini ochib tashlagani uchun ishdan nohaq haydalib ketgan. Ayni paytda esa mardikorlik qilib rizqini topayapti.
— 2-3 joyga murojaat qildim, ammo meni ishga qaytib tiklashmadi, natijada xorijda ishlashga majbur bo'ldim, — deydi u. — O'sha yerda ishlab topgan pulimga oilam uchun ikki xonali boshpana qurib oldim. Mana, hozir kunlik mardikor bozoriga chiqib bolalarimni boqayapman. Hech kimdan shikoyatim yo'q. Yurtimizda mehnat qilgan odam xor bo'lmaydi.
Ha, yigit to'g'ri aytdi. Bizning yurtimizda mehnat qilgan kishi, albatta, rizqini topadi. Ammo alam qiladigan joyi shundaki, ayrim mulozimlar ana shu halol mehnat qilayotganlarga munosib sharoit yaratish o'rniga ularning topayotgan yarimta nonini ham tuya qilishyapti.
Muammolarning bosh ildizi — ishsizlik
O'zining qarindoshi, yaqinlarini mo'may pul evaziga xorijga qullikka sotib yuborayotgan ayrim vijdonsiz kimsalarni-ku aytmay qo'ya qolaylik. Bu alohida mavzu.
To'g'ri, hozirgi kunda aholini ish bilan ta'minlash maqsadida joylarda bo'sh ish o'rinlari yarmarkalari tashkil etilyapti, boshqa turli choralar ko'rilyapti. Ammo bu tadbirlarning aksariyati, bizning nazarimizda, xo'jako'rsinga qilinayotgandek.
Yana bir gap. Migratsiya agentligi xodimlaridan birining aytishicha, ishlash uchun odamlarni xorijga ishga yuborishdan oldin o'sha mamlakatning mehnat bozori o'rganilar ekan. Buni qarang-a?
Nima uchun o'sha mutaxassislar o'zimizdagi mehnat bozorlarini o'rganishmaydi? Nimaga bu mas'ullar har bir sohada ishchi-xodimlarga berilayotgan oylik maosh miqdori ularning bir oylik xarajatlariga yetishi yo yetmasligi haqida o'ylab ko'rmaydilar? Nimaga ular jamiyatdagi jinoyatchilik, huquqbuzarlik, oilaviy ajrimlarning bosh ildizi — ishsizlik ekani haqida gapirmaydilar?
Xullas, savollar ko'p. Ammo bu savollarga batafsil, asosli javob beradiganlarni topish qiyin.
Mulohazalarimizga shu joyda nuqta qo'ymoqchi bo'lib turganimizda, radiodan taniqli hofizning mashhur ashulasi yangrab qoldi: “Yaxshidur achchiq haqiqat, lek shirin yolg'on yomon. Shu shirin yolg'onga lekin aldanib qolg'on yomon”.
Siz nima deysiz, aziz o'quvchi?
Yor MUHAMMAD