Qassobga mol qayg'usi…
Ekologik vaziyat o'zgaruvchan bo'lib turgan hozirgi davrda odam umrini uzaytirish, uning sog'lig'i haqida g'amxo'rlik qilish tobora jiddiy ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada ba'zi joylarda hukm surayotgan ayrim holatlar esa bizda hali-hanuz ekologik madaniyat yetishmayotganligini ko'rsatadi va beixtiyor “Qassobga mol qayg'usi, echkiga jon qayg'usi” degan mashhur maqolni yodga soladi.
“Bu odam tarvuzdan zaharlanibdi…”
Birinchi misol. Bundan qariyb 40 yillar ilgari hovlimizda ikki tup ertapishar olma bo'lardi. Ular har yili shoxlari egilib yaxshi hosil berar, ta'mi ham juda mazali edi. Rahmatli otam bu olmalarni mehr bilan parvarish qilardi.
Ammo biz bolalar ko'pincha bir holatdan hayron qolardik. U kishi qurt yeb tagiga tushgan mevalarni terib olib o'zi yer, bizlarga ham berardi. Otamdan: “Nimaga aynan qurt tushgan olmalarni yeysiz?” deb so'raganimda, u kishi: “Olmaning eng pishgani, eng sarasi, eng mazalisini qurt yeydi-da, dori tekkan mevaga qurt yaqinlashmaydi”, deb javob berardi.
Otamga: “Qurtlar, hasharotlarga qarshi dori sepsangiz bo'lmaydimi?” desak, u kishi: “Yo'q, dorining bir tomondan foydasi bo'lsa, ikkinchi tomondan, albatta, zarari ham bo'ladi”, deb bu ishga unamasdilar.
Ikkinchi misol. Ikki hovli naridagi qo'shnimiz — yosh ota-onaning bir-biriga qarindoshligi yo'q, er ichish-chekishdan ancha nari yuradi, ayolning ham salomatligi joyida. Lekin negadir oilada tug'ilgan bolaning oyog'i nogiron, tovonlarini yaxshi bosa olmaydi. Bolani tekshirgan mahalliy shifokorlarning aksariyati bu holatning sabablarini aniq aytib bera olmadi. Birovi u deydi, birovi bu. Muammoga Olmoniyadan kelgan taniqli vrach oydinlik kiritdi. Uning aytishicha, bolaning otasi yoki onasi bola hali dunyoga kelmasdan oldin dorilangan meva iste'mol qilgan va bunday holatlar so'nggi yillarda respublikamizda ko'plab uchrayotgan ekan.
Uchinchi misol. Tuman shifoxonasiga yarim tunda “Tez yordam” mashinasida o'rta yashar erkakni olib kelishdi. Shifokorning aytishicha, bu odam tarvuzdan zaharlanibdi.
— Har yili yoz, pishiqchilik mavsumi boshlanishi bilan bunaqa holatlar ko'payadi, – dedi qabul bo'limi shifokori. — Ayniqsa, hali aprel oyidayoq bozorlarni egallab olayotgan tarvuzlardan ehtiyot bo'lgan yaxshi. Chunki ularning aksariyati issiqxonalarda turli kimyoviy o'g'itlar bilan yetishtiriladi.
“Bizda ham bola-chaqa bor…”
Vohadagi dong'i ketgan bozorlardan biridamiz. Bu yerga daqiqa sayin respublikaning turli burchaklaridan meva-sabzavot mahsulotlari ortilgan avtomashinalar kelib turibdi. Bundan tashqari, shu yaqin-atrofdan ham dehqonlar mahsulotlarini olib kirishayotir.
Mazkur avtoulovlarda keltirilayotgan meva-sabzavot, poliz mahsulotlarining iste'molga yaroqlilik darajasi bu yerda qanday nazorat qilinishi bilan qiziqdik.
— Imkoni boricha nazorat qilayapmiz, ammo hammasiga ulgurish qiyin, ayniqsa, hozir ayni pishiqchilik payti, yuk olib keluvchilar juda ko'p, – dedi o'zini tahlilxona xodimi deb tanishtirgan, ammo ismini aytishni istamagan yosh yigit. — Qolaversa, shu bozordan ko'pchilik ro'zg'or tebratadi, bizdayam bola-chaqa bor. Siz aytayotgan masala ko'proq dehqonlarga tegishli. Axir mahsulotni ular dori bilan yetishtirsa, bizda nima ayb? Qolaversa, ulardayam bola-chaqa bor…
Mana sizga saviya! Inson salomatligiga munosabat!
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo'limi mas'ul xodimi Husan Eltoyev yaqinda Malayziyada bo'lib qaytdi. Undan safar taassurotlari haqida so'radim.
— Bilasizmi, meni hayron qoldirgan narsa shuki, u yerda dorixona judayam kam ekan, – dedi u. — Chunki ekologik madaniyat yuqori, aholi, asosan, tabiiy giyohlardan tayyorlangan vositalardan foydalanar ekan. Bizlarda esa deyarli har qadamda dorixona…
“Ichkariga kirmang, nafasingiz bo'g'ilib qoladi…”
Ha, biz bugun iste'mol qilayotganimiz meva, sabzavot, poliz mahsulotlari, mol, parranda, baliq go'shtining aksariyatida turli kimyoviy vositalar borligi ayon haqiqat. Fikrimizni misollar bilan isbotlashga harakat qilamiz.
Keyingi yillarda intensiv bog' yaratish, olmaning turli navlarini chetdan keltirib, ularni mahalliylashtirishga e'tibor kuchaydi. To'g'ri, bu olmalarni ko'rsangiz, ko'zingiz quvnaydi. Chiroyli, mazali, bozorbop, xaridorgir, kasallikka chidamli, raqobatbardosh va hokazo…
Ammo, ba'zi joylarda bu mevalarga plastmassa quvurchalarda suvga qo'shib tomchilatib berilayotgan kimyoviy o'g'itlarni hech ko'rganmisiz? Agar ko'rmagan bo'lsangiz, erinmasdan bir borib tomosha qiling!
Kasbim taqozosi bilan o'tgan yili shunday intensiv bog'lardan birida bo'lishga to'g'ri keldi. Suvga qo'shib mevalarga berilayotgan kimyoviy dorilar omborini ko'rdim. Bu yerda 20 ga yaqin shunday vositalar mavjud ekan. Eshikdan kirishim bilanoq dimog'imga urilgan qo'lansa hiddan boshim aylanib ketay dedi.
— Ichkariga kirmang, nafasingiz bo'g'ilib qoladi, — dedi yuziga qalin niqob taqib olib kimyoviy vositalarni suvga qo'shib oqizayotgan yoshgina yigit.
— Boshqa ish qilsangiz bo'lmaydimi?
— Qo'limda hunarim bo'lmasa, boshqa qaerga ham borardim? Buning ustiga, oyligi yaxshi.
“Faqat tabiiy ozuqa bilan ish bitmaydi-da…”
Viloyatning yirik parrandachilik xo'jaliklaridan birida tovuqlar uchun tayyorlanayotgan ozuqaga qanaqadir dori qo'shilayotganining ham guvohi bo'ldim.
— Bu narsa tovuqlarni qisqa muddatda rosa semirtiradi, — deydi savolomuz qarashimga javoban tovuqboqar tadbirkor. — Bo'lmasa, faqat tabiiy ozuqa bilan ish bitmaydi-da, aka. Bankdan falon so'm kredit olganmiz. Qolaversa, bu yog'i — tirikchilik.
— Bu go'shtni iste'mol qilganlarning sog'lig'i nima bo'ladi? Oshqozonga ta'sir qilmaydimi?
— Qorni og'risa — ana, atrof dorixonaga to'la. Dorining ming xili bor. O'likniyam tiriltirib yuboradi.
Viloyatning chekka tumanida bir yigit baliq yetishtirishni yo'lga qo'ygan ekan. Boshqa joylarda baliq 6-7 oyda yetilsa, bu yerda suvga tashlangan chavoqlar 4-5 oy o'tiboq yetilarkan. Bu holatning siri bilan qiziqsak, yana o'sha gap. Hovuzlarga maxsus kimyoviy dorilar bilan ishlov berilgan xo'raklar tashlanarkan.
Urgut tumanining “Tersak” mahallasida 80 yoshli Qo'ysin bobo istiqomat qiladi. Uning tashqi ko'rinishi 50-60 yoshni eslatadi. So'zlari biyron, xotirasi yaxshi, harakatchan.
Bobodan bu holning sirini so'raganimizda, u kishi tog' havosi yaxshiligini, doim toza yeguliklar iste'mol qilishini, muntazam jismoniy mehnat bilan shug'ullanishini aytdi.
Inson kamida 120 yil yashashi mumkin, agarda…
— Inson o'z sog'lig'ini himoya qilish uchun o'ta ehtiyot bo'lishi kerak! — Bu 85 yoshida ham yigitlardek navqiron yevropalik Pol Breggning so'zlari. — Zaharlangan meva va sabzavot iste'mol qilinganida bosh og'rig'i va qayt qilish alomatlari paydo bo'ladi, ximikatlar meva va sabzavot qaynatilganda ham ketmaydi. Lekin har bir inson ma'lum gigienik va parhez qoidalariga rioya qilgan holda o'z umrini uzaytirishi mumkin. U o'z tanasi haqida qayg'ursin, chunki faqat sog'lom insongina Vatanga munosib xizmat qila oladi. Olimlarning fikricha, hozirgi vaqtda 1000 dan ortiq turli-tuman sintetik qo'shimchalar iste'mol qilinadigan ozuqalarga qo'shilmoqdaki, ular ko'plab yangi-yangi kasalliklarni keltirib chiqarmoqda.
Masalan, baton noni sanoat usulida ishlab chiqarish jarayonida u tayyorlanadi, oqlanadi, tozalanadi, yumshatiladi, soda qo'shiladi, bezaladi, bo'yaladi va hokazo. Bularning hammasi sintetik kimyoviy moddalar yordamida bajariladi. Hozirda 100% toza baton nonini topish qiyin.
Inson organizmi alohida hujayralar yig'indisidan iborat. Agar u iste'mol qilayotgan ozuqa hujayraning o'sishi va normal ishlashi uchun yetarli bo'lganida bu hujayra kamida 120 yil yashashi mumkin edi. Lekin inson o'z hayoti davomida iflos havo bilan nafas olsa, tabiiyki, hujayralarga bu salbiy ta'sir o'tkazadi, natijada hujayra kasallanadi yoki o'ladi.
Odam o'z ozuqasini turli sintetik kimyoviy mahsulotlar bilan aralashtirib yesa, ayniqsa, bir mahsulotda turli qo'shimchalar bo'lsa, hujayralarga juda yomon ta'sir qiladi, hujayra o'z vazifasini chala bajaradi yoki butunlay bajara olmaydi.
O'zingiz o'ylang, qanday qilib organizm normal ishlasin, siz unga ketma-ket sintetik qo'shimchalar berib tursangiz?
Dunyo miqyosidagi masala
Mutaxassislarning fikricha, hozirda atmosfera havosi birgina avtomobil transportidan chiqayotgan va turli xususiyatlarga ega bo'lgan 200 xildan ko'proq zararli moddalar bilan ifloslanmoqda. Ulkan zavod va sanoat korxonalaridan kul, tutun, chang, zararli gazlar, metallar, mis, qo'rg'oshin, pyx, temir, molibden va boshqa rangli metallarning atmosferaga tashlanishi havoni, tuproqni, suv havzalarini zararlamoqda.
Atrof-muhit pestitsidlar, mineral o'g'it va boshka kimyoviy moddalar bilan ifloslanmoqda, sanoat korxonalaridan chiqayotgan chiqindi suvlarining chala yarim tozalanib daryo suvlariga tashlanishi, qolaversa, insonni o'rab olgan atrof-muhitning zararlanishi insoniyatga noqulay ekologik-gigienik holatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bu esa, o'z navbatida, insonning sihat-salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Shuning uchun ham XXI asrda atrof-muhitni, ya'ni tabiiy muhitni, qolaversa, tabiatni asrash, muhofaza qilish vazifasi dunyo miqyosida eng dolzarb masalaga aylanmoqda.
Shunday bir sharoitda, hech bo'lmasa, yetishtirayotgan mahsulotimizni o'zimiz zaharlashdan saqlanaylik axir! Qolaversa, mahsulotni tabiiy vositalar bilan ham yetishtirish mumkin-ku!
“Oilamizda kasallanish holati yo'q…”
Shu o'rinda Qo'shrabot tumanidagi tog'lar, adirlar bag'rida joylashgan “Haytanbuloq” qishlog'ida yashovchi shifokor Inoyat Arkayevning bu borada bildirgan quyidagi fikrlarini keltirmoqchimiz: “Hozirgi paytda kimyoviy vositalar aralashmagan meva, sabzavot, poliz, go'sht mahsulotlari deyarli qolmadi hisob. Shuning uchun men hovlimdagi tomorqamda bu mahsulotlarni o'z qo'lim bilan, tabiiy ravishda yetishtirib, oila a'zolarim bilan iste'mol qilamiz. Balki shuning uchunmi, ular orasida kasallanish holati yo'q.”
To'g'ri, Inoyat akada bor imkoniyat boshqalarda bo'lmasligi mumkin. Ammo har qanday sharoitda ham o'z sog'lig'imizga befarq bo'lmasligimiz kerak, nazarimda.
Qolaversa, ko'pni ko'rgan keksalarning aynan qurt tushgan olmalarni terib yeyishida ham bir hikmat bo'lsa kerak. Axir bu borada hozirdanoq me'yorni saqlamas ekanmiz, oilalarda nogiron bolalar ertaga ham, indinga ham tug'ilaveradi. Nima dedingiz, aziz zamondosh?
Yor MUHAMMAD.