Aytsam tilim, aytmasam dilim…

Keyingi yillarda mamlakatimizda ta'limga, badiiy savodxonlikka, malakali kadrlar tayyorlashga jiddiy e'tibor qaratilayotgani hech kimga sir emas. Ammo guruch kurmaksiz bo'lmagani kabi, bosma nashrlar, oynai jahon, radio to'lqinlaridagi ayrim dasturlar, qishloq maktablaridagi ba'zi holatlar beixtiyor kishini o'ylashga, mulohazaga chorlaydi, bunday holatlarning ildizlarini tahlil qilishga undaydi.
Echkining ayoli
Birinchi misol. Xususiy telekanallardan birida berilayotgan axborot dasturini kuzata turib, g'alatidan g'alati jumlalarni eshitib qoldim. Kadrda gapirayotgan muxbir yigit xorijdan keltirilgan echkilarni maqtay turib, dam-badam “echkining ayoli” derdi. Dastlab adashgandir deb o'yladim. Ammo ikki-uch marta shu so'zlarni qaytarganidan so'ng, noto'g'ri eshitmadimmi, degan xayolda beixtiyor atrofimda o'tirganlarga qaradim. Ulardan biri muxbirning dovdirligi, savodsizligidan sharaqlab kulib yubordi: “Tavba, echkining ham ayoli bo'larkanmi? Axir u odam emas-ku?!”
Muxbirni chalasavod desangiz, dastur boshlovchilari saviya borasida undan ham oshib tushdi. Ular bir lavha haqida gapirayotib, bir emas, bir necha marotaba “pistolet” degan so'zni tilga olishdi. Agar eslayotgan bo'lsangiz, o'sha lavhada olis shahardagi qaysidir dorixonaga kirib, to'pponcha bilan bosqinchilik qilgan shaxs haqida gap ketadi. Dasturni kuzatarkanman, nahotki boshlovchilar “pistolet” so'zining o'zbekcha tarjimasi “to'pponcha” ekanligini bilmasalar, degan xayolga bordim.
Oradan bir necha kun o'tib, yana o'sha axborot dasturining Toshkent viloyatidagi kasalxonadan lavha tayyorlagan muxbiri: “Muassasada 2 dona shifokor ishlayapti”, dedi. Uning samarqandlik hamkasbi esa viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasiga “10 nafar tez yordam mashinasi berildi”, dedi. Mana sizga ahvol!
Axir odamga nisbatan “dona” emas, “nafar” degan so'z ishlatilishini, “dona” faqat jonsiz narsalarga nisbatan qo'llanilishini bu “muxbir”larga nahotki hech kim aytmagan bo'lsa?! Balki ular e'tiborsizlik qilgan ham deylik. Xo'sh, dastur muharriri-chi? U kishi qayoqqa qaradi? Dasturdagi matnlarning to'g'riligi va saviyasi uchun shu vazifadagi odam javob bermaydimi?
Muharrirning nega o'rni yo'q?
Shu o'rinda bir mulohaza. Aksariyat hollarda baxtsiz hodisalar-u ichki ishlar xodimlari faoliyatiga oid lavhalardan tashkil topayotgan shu kabi dasturlarda boshlovchilar aytgan jumlani lavha boshlanishi bilan muxbir ham so'zma-so'z takrorlaydi.
Masalan, boshlovchi “falon tumanda ikkita yengil avtomashina to'qnashdi, tafsilotlar muxbirimizning lavhasida” desa, ekranda paydo bo'lgan muxbir ham go'yo bir olamshumul voqea yuz bergandek hovliqib: “Bugun falon tumanda ikkita yengil avtomashina to'qnashib ketdi”, deb boshlovchining aytganlarini aynan takrorlaydi.
Buning ustiga, ayrim muxbirlar bemalol kadr ortida ham aytsa bo'ladigan jumlalarni (o'zlarini ko'z-ko'z qilish uchunmi) kadrda ko'rinib gapirishlari beixtiyor tomoshabinning ensasini qotiradi. Bu yerda ham muharrirning o'rni mutlaqo sezilmaydi.
“Qahramonlik”
Ikkinchi misol. Yana boshqa bir telekanalda beriladigan axborot dasturida doimiy ravishda faqat qiyshaygan simyog'ochlar-u eskirgan transformatorlar, abgor yo'llar tanqid qilinadi. Va muxbirlar har gal “albatta mavzuga qaytish”ni va'da qiladilar. Biroz vaqt o'tib esa mavzuga qaytgan muxbir o'pkasini qo'ltiqlab: “Mana, biz aralashganimizdan so'ng vaziyat mutlaqo o'zgardi!” deb jar soladi. Tomoshabin ko'z o'ngida ular go'yo Xizr boboga aylanib, o'zlaridan qahramon yasaydilar.
Natijada tomoshabinda go'yoki barcha mas'ullar mas'uliyatni sezmaydigan, burnining tagidan narini ko'rmaydigan, faqat hamyonini o'ylaydigan tekintomoq, oshqovoq kimsalar, faqatgina televideniedagilar xalqparvar, vatanparvar ekan, degan fikr uyg'onadi.
Ammo, haqiqiy manzara esa butunlay boshqacha. Keling, endi mana shu voqeani batafsilroq tahlil qilaylik.
Viloyatning olis bir tumaniga uyushtirilgan press-tur mobaynida elektr energiyasi bilan ta'minlash borasida muxbirlarga axborot berildi. Shunda kamina tuman elektr korxonasi bosh muhandisidan yaqinda televidenieda tumanning bir qishlog'idagi vaziyat tanqid qilinganligi, oradan 2 hafta o'tib esa “televidenie aralashuvidan so'ng” qishloqdagi eski transformator yangisiga almashtirilganligining tafsilotini so'radim.
Shunda bosh muhandis: “Hamkasblaringiz mikrofonu kamera ko'tarib kelib, ikki oyog'ini bir etikka solib turib olishadi. Nima qilardik? Avariya holatlari uchun olib qo'yilgan zaxiradagi transformatorni o'rnatib berib qutuldik. Ammo, to'g'risini aytsam, nafaqat tuman, balki viloyatimiz bo'yicha qariyb 70 foiz transformatorlaru simyog'ochlar shu ahvolda. Chunki hammasi eskirib ketgan. Buni yuqoridagi soha mutasaddilari ham juda yaxshi bilishadi. Bosqichma-bosqich almashtirib kelyapmiz. Hammasini bir vaqtda almashtirib bo'lmaydi-ku axir. Buning uchun vaqt, mablag' kerak. Odamlar esa faktlarga emas, o'zlarini qahramon qilib ko'rsatayotgan ayrim muxbirlarga ishonishadi”.
Agar muxbir saviyali bo'lganda…
Suhbatdoshimning aytishicha, ba'zi yangi paydo bo'lgan, tog'oldi hududlarida joylashgan qishloqlarda uylarning orasi 30-50 metrni tashkil etadi. Uy qurilgan vaqtda xonadon sohibi vaqtincha bir yo'g'onroq xodani simyog'och sifatida o'rnatib, tizimga ulanib oladi. Keyinchalik esa, mana bizning simyog'ochlarimiz qanday ahvolda, bizga hech kim yordam bermayapti, deb matbuotga murojaat qilishadi. Buni eshitgan muxbir esa mavzuni chuqurroq tahlil qilish o'rniga mas'ullarni ayblay boshlaydi.
Agar sal saviyaliroq jurnalist bo'lganida, viloyatda hozirda necha foiz shunday eskirgan simyog'och va transformatorlar mavjudligi, ularni to'liq almashtirish uchun qancha mablag' va vaqt kerak bo'lishi, bu borada davlat tomonidan ajratilayotgan mablag' nimalarga sarf bo'layotgani, muqobil energiyadan qishloqda kimlar, qanday foydalanayotgani haqida chiroyli tahliliy material qilishi mumkin edi.
Motivatsiya degani nima?
Uchinchi misol. “Mening yurtim” telekanalidagi dasturlardan birida boshlovchi ham, muxbir ham, uning suhbatdoshi ham “Motivatsiya” degan so'zni qayta-qayta takrorladi. Ertasi kuni katta bir idoraning kattakoni yoshlar bilan uchrashuvda so'zga chiqib, yana o'sha so'zni aytdi. Keyinroq esa bu so'zni turli davralar, anjumanlarda tez-tez eshitadigan bo'ldik.
Ish shu darajaga borib yetdiki, “O'zbegim taronasi” radiosida “Ertalabki motivatsiya” degan eshittirish ham paydo bo'ldi. Mazkur dasturni olib boruvchi qiz eshittirish davomida bu so'zni shu darajada ko'p ishlatdiki, hatto sanoqdan ham adashib ketdik.
Xo'sh, so'nggi paytlarda, ayniqsa, yoshlar orasida ko'p tilga olinayotgan “motivatsiya” degani nima o'zi?
Aslida bu ruscha so'z bo'lib, rus tilining izohli lug'atida “Motivatsiya — eto pobujdenie k deystviyu” deya ta'rif beriladi. Demak, uning o'zbekcha tarjimasi “harakatga chorlash”, “ilhomlantirish” yoki “ilhom”, “rag'bat” degan ma'noni beradi. Nima uchun endi shu hammaga tushunarli bo'lgan o'zbekcha so'zni xorij tilidagi so'zga almashtirish kerak? Bu nima? O'ta zamonaviylikmi, madaniyatlilikmi yoki saviyasizlikmi?
Hozir jurnalist bo'lish juda osondek
Yana bir gap. Hozir jurnalist bo'lish juda osondek. Telekanallarda tanlov-kastinglar uyushtirilyapti. Gazetalar tahririyati qoshida kurslar faoliyat ko'rsatayapti. Qiziq, oliy o'quv yurtlarining jurnalistika fakultetida kontrakt to'lab 4-5 yillab o'qiganlar ham, allaqanday kastingdan o'tgan, 6 oylik kursni bitirganlar ham muxbir bo'lib bemalol ishlashi mumkin. Bu imkoniyat esa o'zini tezroq ko'rsatishni, tezroq obro' olishni va daromad topishni istagan ayrim chalamulla yoshlar uchun ayni muddao bo'lyapti.
O'zbekiston xalq yozuvchisi, marhum Tohir Malik “Tilingni avayla” nomli risolasida shunday yozadi: “Suxandon” “diktor” ma'nosini bermaydi. “Diktor” aniq va tiniq talaffuzli odam. “Suxandon” esa gapga usta, gapdon odam degani.
Shu o'rinda yana bir gap. Ko'p hollarda kulgi ustalari, hajvchilar haqida gap ketganida negadir ularni “so'z ustasi” deyish urf bo'lyapti. Bizningcha, bu mutlaqo noto'g'ri. “So'z ustasi” deb Hazrat Navoiy, Abdulla Qahhor, G'afur G'ulom, Abdulla Oripov kabi ulug'larni aytish mumkin. “Oynai jahon”da kunora ko'rinadigan hajvchilarni esa “kulgi ustalari” desak maqsadga muvofiq bo'lardi. Bu fikrga, menimcha, ularning o'zlari ham qo'shilsalar kerak”.
“Nima, yozuvchi she'r yozmaydimi?”
To'rtinchi misol. Nima bo'ldi-yu, kasb taqozosi bilan yaqinda viloyatning olis tumanlaridagi qishloq maktablarida tahsil olayotgan yuqori sinfdagi o'quvchi-yoshlar bilan suhbatlashishga to'g'ri keldi. Suhbat jarayonida bu yoshlarning bilim saviyasi pastligi, dunyoqarashining juda torligi bizni hayron qoldirdi. “O'zbekiston — Vatanim manim” she'rining muallifini so'raganimizda, ulardan biri hech ikkilanmay “Said Ahmad” deb yubordi.
Shundan so'ng o'quvchilarga yozuvchi bilan shoirning farqini tushuntirdik. Shuncha gapdan keyin ham yana bir o'quvchi “Nima, yozuvchi she'r yozmaydimi?” deb so'radi. Keyin esa o'qituvchi hamrohligida bitiruvchi sinf o'quvchilaridan 10 nafariga ishga kirish uchun ariza yozdirdik. Ishonasizmi, 10 ta arizadan 6 tasida 5 tadan 12 tagacha imlo xatolari bor edi. Mana sizga maktabdagi “islohotlar”ning yorqin samarasi!
Xuddi shu ta'lim maskanidagi tadbirda va'zxonlik qilayotgan, yoshi 60 dan oshgan mahalliy kengash deputati bugungi kunda xalq ta'limi sohasida “tub burilish”lar yuz berayotgani, “ulkan islohotlar” amalga oshirilayotgani haqida kuyib-pishib gapirdi.
Qizig'i shundaki, bu odam bundan 15 yilcha avval ham mahalliy kengash sessiyasida so'zga chiqqanida hozirgi aytayotgan gaplarini aynan takrorlagan edi. Kim bilsin, uning qo'lidagi siyqasi chiqib ketgan ma'ruza sana va raqamlari o'zgartirilgan holda yana necha marta minbarga chiqar ekan?
* * *
Nozik didli o'quvchi yuqoridagi misollarni o'zaro bog'lovchi yagona rishtani ilg'ab olgan bo'lsa, ajab emas. Ha, anglaganingizdek, bu rishtaning ildizlari — ta'lim tizimidagi oqsashlar, xatolar, tajribalar, “chuqur islohotlar”ga borib taqaladi.
Chunki sobiq sho'rolar tuzumi davrida paxta dalasidan beri kelmagan o'quvchi mo'may pora evaziga oliy o'quv yurtini “muvaffaqiyatli” tamomlab, malakali o'qituvchi bo'ldi. U hali ma'rifat nimaligini to'la anglab yetmasdanoq, maktab sohasi ulkan tajriba maydoniga aylandi. Dastlab 9 yillik ta'lim joriy etildi, keyin esa hech narsaga o'rgatmaydigan 3 yillik kasb-hunar kollejlari qurildi.
Istiqloldan keyin chorak asr o'tibgina bu kollejlarni bitirganlar qo'shni davlatlarning mardikor bozorini to'ldirayotganini, tizimda amalga oshirilayotgan “tub islohotlar” yoshlarni tubsiz jarlik tomonga boshlab ketayotganini anglab qoldik. Yaxshiyam, kechroq bo'lsa-da anglab qoldik. Ayrim notiqlarning havoyi gaplariga qarsak chalib yuraverganimizda, hozir nimalar bo'lishini tasavvur qilish qiyin emasdi!
Va yana 11 yillik ta'lim tizimiga qaytdik. Ammo qariyb 20 yil davom etgan bu “tajriba” davrida bir emas, bir nechta avlod vakillari shakllandilar. Ular orasida bugun televidenieda millionlab tomoshabinlar qarshisida turib “to'pponcha”ni “pistolet” deydigan, “dona” bilan “nafar”ning, “urg'ochi” bilan “ayol”ning farqiga bormaydigan boshlovchi-yu muxbirlarni, shoir bilan yozuvchini ajrata olmaydigan “barkamol avlod”ni tarbiyalayotgan muallimlar ham bo'lsa, ne ajab?!
“Oynai jahon” yoki radio to'lqinlarida yangrayotgan aksariyat “zamonaviy” qo'shiqlarning ma'no-mazmuni, badiiy saviyasi haqida-ku gapirmasa ham bo'ladi. Chunki ularning ko'pchiligi hatto tahlil qilishga ham arzimaydigan darajada.
Xullas, yuqoridagi voqealarga bevosita guvoh bo'lib ko'nglimdan kechirganlarimni siz bilan o'rtoqlashdim. Ammo hali bular dengizdan tomchi, xolos. Ehtimol, bunday holatlarni siz ham kuzatgan, ammo ulardagi ishtirokchilar qaysi tomondandir sizga yaqinligi bois, o'zlariga aytolmay yurgandirsiz. Zero, maqolda aytilganidek, “aytsam tilim kuyadi, aytmasam dilim”.
Yor MUHAMMAD.