Talabalar daromad manbaimi?

Navro'z oldidan to'rt kun dam oladigan bo'ldik. Uydagilarning sog'inchi ustun kelib, yo'lga otlanib turganimda, kursdosh dugonam so'rab qoldi:

— Qachon ketyapsan, o'rtoq? Poezdga chipta ololdingmi?

— Yo'q, hamisha shunday bo'ladi, yana kechikibman, chiptalar tugab qolibdi.

— Aholi xizmati uchun shuncha poezd qo'yilsa ham ahvol o'zgarmas ekan-da, endi nima qilmoqchisan?

— Nima qilardim, har galgi ahvol, taksijonda ketaveraman-da.

Ha, bayram yaqinlashavergach, talabalarning paytavasiga chipta qurti tushib qoladi. Axir hamma bayramni oilasi bag'rida nishonlagisi keladi-da. Ammo “Yo'l azobi — go'r azobi” deganlaridek, shunday paytlarda talabalar ne mashaqqatlar bilan uylariga borib kelishadi. Omadi borlar avtobus yoki poezdga chipta olishga ulguradi. Bizga o'xshagan bo'shangroq “bechora”lar esa yo'lovchi mashinalarga ilinishadi.

“Yo'lga chiqsang, manzil ko'rinadi”, deganlaridek, mening ham qishlog'imga otlanib turgan joyim edi. So'nggi darsdan chiqiboq, avtobusga ilinib olish uchun avtovokzalga yetib oldim. Bir men emas ekanman, odam “mindi-mindi”. Bu yerda ham temiryo'l kassasidagi ahvol.

“Jonajon Xatirchim, meni kut”, deya ulov qidirishga tushdim. Turnaqator yo'lovchi taksi haydovchilari “bitta odam”, “bitta odam”lab biri qo'yib, biri olyapti. Borib, yo'lkira haqini so'radim.

— 130 ming so'm, — dedi naynovroq bittasi.

— Ie, amaki, hech bo'lmasa, 60 ming deng.

— Ikki kun oldin shunday edi. Endi bayram oldi, narx ko'tariladi-da, Hali ko'rasan, bundan ham oshib ketadi, qizim, ketsang shu, bo'lmasa, sendan boshqa ketadiganlar ko'p…

Xafa bo'lib ketdim. Cho'ntagimdagi yemay-ichmay saqlab yurgan, o'zimdan battar ezilib ketgan so'mlarni barmog'im bilan chamalayman. Xo'p desam, uyga borguncha tishimning kirini so'rib borishim kerak. Bormay desam, bundan ham quruq qolaman. Chekkaroqqa chiqib, yarim soatcha kuzatib turdim. Ana, ikkita avtobus lapanglagancha jo'nab ketdi. Ichida tirband odam. Shunday bo'lsa-da, ularga havasim keldi. Bir taksichi yonimga kelib:

— Qaerga, qizim? — dedi.

— Xatirchiga.

— O'tir, birdan yuraman.

— Qancha ekan o'zi?

— 200 ming, mayli, student ekansan, 150 bera qol.

Vujudimdan sovuq ter chiqib ketdi. Haligi shof­yorning aytgani rost, shekilli.

— Ie, amaki, o'ylab gapiryapsizmi? — deb yubordim asabimni jilovlay olmay.

— Qizim, insof bilan aytdim-ku, benzin bilan gazning ahvolini ko'rib turibsan-ku.

Uyga borsam, ukalarim, opa-singillarim, ota-onamning diydoriga to'yib, bir maza qilish orzularim chippakka chiqishini his qilib, xo'rligim keldi.

— Yo'q, ketmayman, — dedim ovozim titrab.

Miyamga yotoqxonaga qaytib, bayramdan keyin ketish fikri ham keldi. Yo'q, yotoqxona ham 2 kundan keyin yopiladi. Ilojsiz ekanligimni bilib, sekingina yana avtovokzalga qaytdim. Hech yo'q omadim shu payti keldi. Uchinchi avtobusda 2 ta joy qolgan ekan, yuklarimni ortib, chiqib oldim. Oldinda meni yetti soatlik uzoq yo'l va undan ham og'ir xayollar kutar edi.

Shunday kezlarda talabalarga qiyin. Abiturientligida o'qishga kirish uchun qancha qiynalib, “DTM”­ning o'yinlariga chidaydi. O'qishga kirib olgach esa, “kvartira muammosi” boshlanadi. Endi to'rt yillik o'qish davrida-ku, talaba bechorani qanday mashaqqatlar kutib turganini aytmasa ham bo'ladi. Yilda bor-yo'g'i uch yoki to'rt marta uyiga boradi. Unda ham yo bayram, yo ta'til paytlari. Har safar ahvol shu. Bu ham bo'lsa bechora ota-onaning sho'ri, g'irt boqimandamiz, bu yog'i kontraktjon “semirib” yotibdi. Ham o'qib, ham ishlash hammaning ham qo'lidan kelavermaydi.

Bayram yoki ta'til yaqinlashaversa, haydovchilar insofni suvning o'rniga ichib yuborishadi.

Otam ham ba'zida qishloq ichida taksichilik qiladilar. Ko'p marta o'zim guvoh bo'lganman, o'qishdan qaytayotgan talabalardan pul olmasdilar: “Sog' bo'l, o'zimning qizim ham student”, derdilar. Agar yo'llari bir bo'lsa, ba'zi talabalarni ins­titutigacha yetkazib qo'yardilar. Shunda doim o'zimning poytaxtdan ne qiyinchiliklar bilan qaytishim yodimga tushadi. Talabalar ham odam-ku! Ijaraga uy topib beradigan maklerlar ham, haydovchilar ham talabalarni o'zlarining “daromad manbai”ga aylantirib olishgan. Nimaga, viloyatlararo qatnaydigan avtobuslarni tartibga solish shunchalik qiyin ishmi? Yoki bayram va ta'til vaqtlari ayrim taksichi yoki transport xodimlari uchun daromad manbaimi? Shunday paytlarda talabalar uchun doimiy narxda qo'shimcha avtobuslar, poezdlar qo'yilsa, mutasaddilarning asakasi ketadimi? Mana shularni o'ylaydigan rahbarlarning yo'qligidan achinib ketasan.

Shuncha gapni o'zimga-o'zim gapirib kelaverib, yetti soatlik yo'lni qanday bosib o'tganimni bilmay qolibman. Men-ku manzilimga bir amallab yetib oldim. Kursdosh dugonam-chi, u nima qildi ekan? Axir u naq 1100 kilometr yo'l bosib Xorazmga borishi kerak edi-ya?..

Sevinch AKMALJONOVNA,

O'zJOKU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 9 =