Ish haqini o'z vaqtida to'lang-da!

Oylik ish haqi — fuqarolarning tirikchilik manbaidir. Zero, mehnat ahli ish haqi ma'lum vaqtda to'lanishini orziqib kutadi, pensionerlar ham oyning birinchi va ikkinchi kunlarida uyali telefonlari oynasida nafaqa puli tushganligi haqidagi xabar paydo bo'lishiga intiq bo'ladilar.

Amaldagi Mehnat kodeksining 253-moddasida: “Xodimlarga ish haqi to'lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatlarda, ular mavjud bo'lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko'rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo'lishi mumkin emas”, deyilgan.

Odatda, jamoa shartnomalarida ish haqini to'lash muddatlari har oyning o'ninchi kunigacha va bo'nak esa oyning yigirmanchi kuniga qadar to'lanishi shart qilib qo'­yiladi. Bir paytlar mamlakatimizda o'ta mashhur bo'lgan “Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyatida esa ish haqi o'tgan yilning mart oyidan beri asossiz ravishda to'lanmay kelinayotganligi esa aynan katta bir muammoning, qonunsizlikning o'zidir. Kuni kecha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri qiziq faktni keltirib o'tdi. Uning yozishicha, bir paytlar “Ohangaron hayoti” gazetasida rus tilida maqola chiqqan va unda Ohangaron dehqon bozorida kartoshka va boshqa mahsulotlarning narxi bir kunda sezilarli darajada ko'tarilganligi, bunga “Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlari oylik maosh olgani sabab bo'lganligi ma'lum qilingan. “Nahotki bir paytlar butun boshli bozorning narxini o'zgartirishga qodir bo'lgan korxona bugungi kunda oylik maosh to'lashga ham kuchi yetmay, abgor bo'lib qolgan?” — deydi u.

Yana Mehnat kodeksiga murojaat qilamiz. Kodeksning 244-moddasida “ish beruvchining o'z moliyaviy holatidan qat'i nazar qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to'lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to'lashni amalga oshirish majburiyatini mustahkamlab qo'yish” ta'kidlangan.

Bundan ko'rinib turibdiki, ish beruvchi korxonaning hisob-raqamida mablag' yo'qligini bahona qilish bilan qutula olmaydi. Uning puli bormi-yo'qmi, xodimga bajarilgan ish uchun haqini o'z vaqtida berishga majbur. Agarda ish beruvchining hisob-raqamida pul bo'lmasa, u tijorat bankidan kredit olib, xodimlarga ish haqini to'lashi shart.

2023 yil 30 aprelgacha amalda bo'lgan Mehnat kodeksida ish beruvchi ish haqini o'z vaqtida bermaganligi uchun javobgarlik ko'zda tutilmagandi. Hozir amalda bo'lgan Mehnat kodeksining 333-moddasida “ish beruvchi ish haqini, ta'til to'lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to'lovlarni va (yoki) xodimga to'lanishi lozim bo'lgan boshqa to'lovlarni to'lash muddatini buzgan taqdirda, ularning to'lov muddatidan keyingi kundan e'tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o'z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O'zbekiston Res­publikasi Markaziy bankining o'sha vaqtda amalda bo'lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to'lashi shart” qilib qo'yildi.

Ohangaron tumanlararo fuqarolik sudi 2024 yil 26 yanvar kuni fuqaro Uraimqul Irisqulovga jami 69 239 943 so'm ish haqi va 500 000 so'm miqdoridagi ma'naviy zararni uning sudga kiritgan da'vo arizasini ko'rib chiqib undirib berdi.

Sudda ma'lum bo'lishicha, Irisqulovdan korxona jami 17 762 976 so'm ish haqidan qarzdor bo'lgan va sudya S.Panjiyev fuqarolik ishini har tomonlama odilona ko'rib chiqib, unga qo'shimcha 52 million so'm pulni kechiktirilgan har bir kun uchun undirib berdi.

Demak, ish beruvchi ish haqini o'z vaqtida to'lamaganligi uchun korxonaga shuncha zarar keltirdi.

Uraimqul Irisqulov “Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyatining ilk asoschilaridan va u 1992 yil fevral oyida Ohangaron sement zavodining shifer sexini ijaraga olgan va uning mohirona rahbarligi mobaynida korxona mamlakatning eng mashhur korxonalaridan biriga aylangandi.

Uraimqul aka keyingi paytlarda rahbarning ishlab chiqarish bo'yicha maslahatchisi bo'lib ishlab, zavodga faqat foyda keltirayotgan edi. Biroq korxona rahbariyatiga tajribali yetuk mutaxassis kerak bo'lmay qoldi va u bilan mehnat shartnomasining “muddati tugadi” degan bahona bilan bekor qilishdi.

Inson qadri e'tiborda bo'lgan yurtda mana shunday behurmatlik har bir kishiga juda alam qiladi, albatta.

Keyingi vaqtlarda “Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyatidagi mazkur noxush holat turli darajadagi yig'ilishlarda muhokama qilinsa-da, ahvol ijobiy tomonga o'zgarganicha yo'q.

Ko'rib turibsizki, o'zi kasod bo'layotgan davlat ulushi bor korxonaga shuncha ko'p miqdordagi zarar ish beruvchining bevosita aybi bilan sodir bo'layapti.

Qizig'i shundaki, ish haqini o'z vaqtida bermayotgan ish beruvchiga muqarrar javobgarlikni hech bir mas'uliyatli huquq idorasi amalga oshirmayapti. Bu esa juda taajjublanarli holat.

Bugungi kunda zavod to'rt oydan beri ish beruvchining aybi bilan ishlamayapti va korxonaga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik bo'yicha Ohangaron tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ish qo'zg'atilgan.

Xullas, ish haqini o'z vaqtida to'lang, muhtaram janoblar!

Ozod XUShNAZARZODA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + fifteen =