So'zning nuqsi iymonga urg'ay…

yoxud xolis tanqid uchun jurnalistni haqorat qilgan mudir va boshqalar xususida

Tushlik payti edi. Bir tanishim qo'lidagi telefonni oldimga qo'yib: “Do'stingizning ahvolini qarang”, deb qoldi. Bir betayin elimizning ardoqli ijodkorini “qatlamaga o'rab oldiga tashlasangiz it qaramaydigan” haqoratlar bilan “siylabdi”.

— Mana sizga so'z erkinligi, mana sizga demokratiya, mana sizga globallashuv, — dedi haligi tanishim telefonini o'chirarkan.

Hamkasbim Usmonali Normatov birdan tutaqib ketdi: “Ishtahani ham bo'g'dingiz, qo'ying bunaqangi ipirisqilarning jirkanch gaplarini! So'z erkinligiga ham, globallashuvga ham, demokratiyaga ham bularning hech qanday aloqasi yo'q!” dedi. Shu bilan mavzu yopildi. Kechgacha o'zimga kelolmadim. Noiloj, hovurimdan tushish, ko'nglimni bo'shatish uchun ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga “El bo'laylik!” degan post joylashtirdim. Unga yuzga yaqin ijodkorlar ijobiy fikr bildirishdi.

Shu voqeadan so'ng  ikki kun o'tib, telegramimga  kimdir videolavha tashlabdi. Qarasam, katta bir hududning hokimi qo'l ostidagi rahbar xodimlarni shunaqangi haqorat qilganki, aslo kurakda turmaydi. Rahbarki, bir necha yuz ming aholiga rahnamo hisoblanuvchi, Prezidentimiz tomonidan “Elga yurakdan xizmat qil, odamlarning dardini eshit, ko'mak ber”, deya qo'yilgan odam shunday qilib turganda, avomdan nima umid?

Palak – palakdan rang oladi, deydilar. Yangi yildan oldin shundoq internetga kirsam, Muzrabot tuman Maktabgacha va maktab ta'limi mudiri, xalq tilida hamon “rayono mudiri” deb atalmish tashkilotga rahbar hisoblangan Salohiddin Hamroyev (bu “topilmaydigan va bebaho” mudir keyingi ikki-uch yil orasida bir necha bor lavozimidan olinib, yana qayta tiklangani, hatto Xalq ta'limi vazirligining hududiy boshqaruv organlari boshqaruv xodimlarining bilim va ko'nikmalarini baholash tizimidan yetarli ball to'plolmagani uchun u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi ma'lum qilingani, tuman hokimi tomonidan bu “vallomat”ning vazifasiga noloyiqligi to'g'risida sohadagi mutasaddilarga taqdimnoma yuborilganligi ham kor qilmadi! S.O.) uning nopok ishlarini gazetaga olib chiqqan jurnalistni, u haqda fikr bildirgan o'qituvchilarning ota-onasini haqorat qilib, boshidan tirnog'igacha balchiqqa belagan edi. 2023 yil 20 dekabr kuni ana shu so'kag'on va qopag'on “mudir”ni sud qilishibdi. Sud hukmiga ko'ra ishlayvering, deb (ilgari ham bir necha bor sudlanganiga qaramay. S.O.) aybdor mudirga atigi to'qqiz million to'qqiz yuz ming so'm jarima belgilab, odatdagidek, qaror oxirida: “Hukmdan norozi bo'lsangiz, tegishli tartibda yuqori turuvchi organga  murojaat qilishingiz mumkin”, degan ma'noda  jo'mardlik ham qilishgan. Bu shunchaki rasmiyatchilik, hatto jarimani to'lamasangiz ham bo'ladi, deganimi?

O'zingiz fikr qiling, Surxondaryo viloyati yoshlarga ta'lim-tarbiya berish borasida o'quvchilarning reyting ko'rsatkichi bo'yicha mamlakatimizda eng oxirgi o'rinlarni band qilib turgan bo'lsa-da, Muzrabot tumani ko'rsatkichi viloyatda yanada “ilg'or” bo'lib, tumandagi ta'lim ko'rsatkichlari bilan aslo maqtana oladigan ahvolda emas bo'lsa-yu, ne ajabki, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda viloyat mutasaddilari xalqning ertasini, kelajagini xal qiladigan tuman bo'limiga munosib rahbar topish o'rniga, nega endi bunday chalajonlikka, murosasozlikka yo'l qo'yib kelishmoqda? Bu yerda biz bilmaydigan qanday sir bor ekan?

Jamiyatda yuz berayotgan bunaqangi misollardan yuzlab keltirish mumkin. Xullas, ijtimoiy tarmoq deganlari ba'zida moldan farqi bo'lmagan, savodsiz, tuban va pastkash, g'arazgo'y odamlarning huzurlanadigan “poligoni”ga aylanib qoldi. Men bunga achinmayman, molning joyi – molxona, lekin istaymizmi-yo'qmi, norasida avlod, nuridiydalarimiz — bolalarimiz, nabiralarimiz kelajagi uchun bu “quturgan madaniyat”, odob, chegara bilmaydigan “so'z erkinligi”, “yovvoyi demokratiya” o'lim virusidan ham dahshatliroq, xavfliroq ta'sirga ega ekanligidan cho'chiyman, xolos.

Bilasizmi, Alisher Navoiy bobomizning avliyo shoir ekanligiga imon keltirmasdan iloj yo'q. “Yomon so'zki kelib jong'a urg'ay, Jondin ham o'tib iymong'a urg'ay” deydi mutafakkir shoir.

Darhaqiqat, ma'naviyatdan yiroq, og'zi shaloq, tarbiyasiga inson chiday olmaydigan, nopok ishlardan qaytmaydigan, xalqning rizqiga chang soladigan  kaslarning kasri ne-ne imonli odamlarga, ayniqsa, yoshlarga salbiy ta'sir o'tkazayotgani sir emas-ku.

Shubhasiz, dunyo miqyosida globallashuv jarayonining kundan kunga rivojlanishi barcha sohalarda taraqqiyotning tezlashuviga olib kelishi yaxshi narsa. Lekin har yaxshining bir yomon tomoni bor, degan aksiomani unutmasligimiz kerak. To'g'risini aytadigan bo'lsak, globallashuvning milliy o'zlikni anglash, qadriyatlar, urf-odatlar, ma'naviyatlar, madaniyatlar, mafkuralarning milliy, mintaqaviy manfaatlar kesishuvidagi (to'qnashuvidagi) nomutanosibliklarining farqiga bormaslik, oxir-oqibat u yoki bu tomonning tanazzuliga olib keladi.

Chunki shiddat bilan kechayotgan globallashuv davrida asriy milliy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazib berishda o'zligini anglab yetgan va o'z SO'Ziga ega bo'lgan millatning eng zo'r vakillarigina bardosh bera oladi. To'g'ri, bugun har bir fuqaro axborot olish, uni tarqatish, so'z erkinligi huquqiga ega. Bu qonun bilan mustahkamlab qo'yilgan. Darhaqiqat, so'z — ulug' ne'mat. Lekin ana shu muqaddas ne'matning qadriga yetmasdan, so'zni poymol, oyoq osti qilayotganlarni har qadamda uchratganda achinib ketasan, kishi. Ayrim telekanallarimizda va ijtimoiy tarmoqlarda so'z erkinligi berilgan ekan — hamma narsa mumkin deya ish tutish oqibatida bachkanalik, bema'nilik, johillik, avomlik va nihoyat razillik urug'i ko'kara boshlayotganini nahotki sezmayotgan bo'lsangiz?!

To'g'ri, bugun OAVda senzuraga yo'l qo'yilmaydi. Lekin har bir insonda ichki ma'naviy sezgirlik va madaniy “senzura” bo'lishi shart va lozim emasmi? Axir so'z erkinligi — birov yoki biror voqea-hodisa haqida bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, anglab-anglamay, og'izga kelganini, ko'ngildan kechganini aytish degani emas! Ayni jarayonda so'zlashuv, muomala, notiqlik, bosma va qo'lyozma madaniyati noqislik­lari haqida hazrat Navoiy ko'rib-bilib turgandek bong uradilar: “Insonni so'z ayladi judo hayvondin, Bilki guhari sharifroq yo'q ondin”. Mana shu birgina baytda insoniyatning so'zga bo'lgan munosabati, tafakkur qobiliyati va ichki madaniyati haqida mukammal ta'rif berilgan. U oddiy ishchi bo'lsin, olim yoki rahbar bo'lsin, ulug' ne'mat atalmish So'zga, o'z ona tiliga, madaniyatga, ma'rifatga, tafakkurga bo'lgan nopisandlik, e'tiborsizlik — o'zligini anglamaslik oqibatida kelib chiqayapti, desak, noto'g'ri bo'lmasa kerak.

Biz matbuot vakillari xizmat taqozosi bilan joylarda bo'lamiz, yig'ilishlarda qatnashishga to'g'ri keladi. Ayrim rahbarlarning minbardan turib aytayotgan poyintar-soyintar, qo'pol va jargon so'zlarini eshitib, hayron qoladi kishi. Nahotki shunday katta lavozimga, ming uzrlar bo'lsin, cho'chqaboqardan farqi bo'lmagan, og'zidan chiqayotganini qulog'i eshitmayotgan kimsani tayinlashgan bo'lsa?! Axir majlis ahlining hammasi ziyolilar, buning ustiga, ko'pchiligi xotin-qizlar, oddiygina aytganda, shu yurt, shu el, shu millat vakillari, vakilalari-ku! Nahot ulug' xalqimiz, qudratli davlatimiz bergan imkoniyatga, vakolatga, yaratilgan sharoitga, ne'matlarga shuk­ronalik shu zaylda bo'lsa?! Navoiy bobomiz bunday holatlarni bejiz kuyunib ta'riflamaganlar: “Tilga ixtiyorsiz — elga e'tiborsiz!”

Demak, har bir aytayotgan gapimizni, har bir so'zimizni o'ylab, mushohada qilib, so'ng tilga ko'chirishimiz lozim ekan. Ayniqsa, xususiy telekanallarda salkam o'ttiz yetti millionlik O'zbekiston ahli ma'naviy dasturxoniga har kuni tortiq qilinayotgan o'ta saviyasiz, tuturuqsiz, sayoz shoular, behayo kliplar, yoshlarimiz ongini zaharlab ulgurgan, katta avlodning me'dasiga tegib ketgan anons va reklamalar haqida gapirmasa ham bo'ladi. Axir o'z nomi bilan telekanallarmi ular yo mahalla choyxonasimi?! Bu savollarga kim javob beradi?! Ayniqsa, yuqorida aytganimizdek, ijtimoiy tarmoqlarga qarasangiz, ko'nglingiz behuzur bo'ladi. Kimlarningdir sha'niga aytilayotgan, yozilayotgan o'ta qo'pol haqoratli so'zlarni eshitib, behayo qiliqlarni ko'rib, hayhot, shunday odamlar ham oramizda yashayaptimi, deb tosh qotasan. Shu ahvolning o'zi bugungi yosh avlod ulug' va donishmand bobolarimizning so'z eng qudratli vosita ekanligi haqidagi olamshumul ko'rsatmalari, tavsiyalari, o'gitlaridan naqadar yiroq ekanligini ko'rsatib turibdi. Oxir-oqibatda tilga e'tiborsizlik ma'naviyatimizga, jamiyatimizga, eng yomoni, yoshlarimizga, kelajagimiz egalariga yomon ta'sir qilmaydi, deb kim kafolat bera oladi?!

Yana hazrat Navoiy “Og'ziga kelganni demak nodonning ishi, Oldiga qo'yganni yemak hayvonning ishi”, deya bong urarkanlar, go'yo olti asr naridan turib jamiyatimizdagi bugungi muammolar va holatni aynan bilib, ko'rib aytgan ekan-da, degan o'ylar kechadi.

Ayni zamonda milliy ma'naviyatimizda yuzaga kelayotgan yo'qotishlarning, qusurlarning asl ildizlari qo'shtirnoq ichidagi so'z erkinligi, inson huquqlari, ommaviy madaniyat, ommaviy demokratiya kabi niqoblar ostida insoniylikdan tashqaridagi holatlarni himoya qilayotgan, bir qarashda juda beozordek ko'rinayotgan va chetdan boshqarilayotgan illatlarning mevasi emas, deb ham hech  kim ayta olmaydi!

Bizning milliy ma'naviyatimiz, madaniyatimiz, ma'rifatimiz, mafkuramizdagi yo'qotishlar, u yoki bu jabhada ko'rinib qolayotgan kamchiliklar, ularning kelib chiqish sabablari haqida fikr yuritadigan bo'lsak, shu sohaga mas'ul bo'lgan kishilarning ham o'ziga yarasha aybi bor. Xo'sh, ommaviy madaniyat niqobi ostida g'arbdanmi, sharqdanmi, qaerdan bo'lmasin, tiqishtirishayapti, deylik. Lekin jabhaga mas'ullar nega sukut saqlab o'tirishibdi? Biz-chi, o'zimiz nima qilayapmiz? Bu narsani jiddiy o'ylab ko'rish, keskin chora-tadbirlar belgilash vaqti allaqachon yetib kelmadimi?!

O'ylab ko'ring, Orol dengizi bir kunda, bir yilda yoki o'n yilda qurimadi, asrlar davomidagi mas'uliyatsizlik, e'tiborsizlik, raqam va rejaning orqasidan quvish oqibatida mana shunday katta ummon tanazzulga yuz tutdi. Milliy til, ma'naviyat, ma'rifat, qadriyat deganlari ham ming-ming yillik ildizga ega katta ummondir. Biz e'tiborsizlik qilaversak, oxir-oqibat o'zligimiz, milliy qadriyatlarimiz, ma'naviy dunyomizga o'nglab bo'lmas ziyon-zahmat yetishi mumkin.

Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan milliy matbuotimiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz, ma'naviyatimizning barcha jabhalari haqida kerakli qonun va qarorlar qabul qilingan. Ana shu qonun va qarorlar ijrosini ta'minlash, unga to'liq amal qilish, kelgusi avlod oldidagi mas'uliyatni chuqurroq his etish bir yillik, o'n yillik ish emas. Toki millat, milliy til, ma'naviyat, davlat bor ekan, bu kurash bir kun, bir lahza ham to'xtamasligi kerak.

Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o'tgan yilning 22 dekabr kuni bo'lib o'tgan Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida so'zlagan nutqida birinchi navbatda yurtimiz ziyolilariga murojaat qilib, milliy o'zligimizni avaylab-as­rash, qadriyatlarimizni e'zozlash, yurtimiz mustaqilligini ko'z qorachig'idek asrash uchun ham turli yot g'oyalarga munosib javob qaytarish kerakligini aytib, bu yo'lda  faol bo'lishga bejiz undamagan edi.

Demak, loqaydlik, e'tiborsizlik va ma'naviyat yo'lida hissiz yashashga hech kimning haqqi yo'q!

Safar OMON.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =