Amaldorlarga — “Tracker”, gazetaga — bahonami?

Yaqinda viloyatdan kelgan bir do'stim kuyinib gapirib qoldi: “Biz tomonlarda ahvol chatoq. Gazeta-jurnallar, hatto hokimlik nashrlari borgan sari “kamyoblashib” bormoqda. Ayniqsa, tuman gazetalarida bitta yoki ikkita xodim ishlashga majbur. Sho'rlik gazeta muharririning o'zi — fotograf, o'zi — muxbir, o'zi — korrektor bugun. Obuna mavsumida esa yugur-yugur ham o'zining gardanida”.

Tan olib aytish kerak, obuna mavsumida markaziy va ayrim viloyat hokimliklari nashrlari “amallab” “yashab qolish”ga ba'zo'r yetadigan adadga ega bo'lishmoqda. Ammo ko'pgina tarmoq va tuman gazetalarida ahvol achinarligicha qolmoqda. Ayrim gazetalarning obunadan tushgan mablag'i yarim yillik xarajatlariga ham yetmaydi. Ayrimlariniki esa…

Bu chinakkam muammo bugun. Netongki, Sirdaryo viloyati hokimligining 60 yillik nashrlari — “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sirdarya” gazetalari jamoasi iqtisodiy tang­lik sabab iyun oyida yoppasiga “ta'til”ga chiqqan edi. (Xodimlar hozirda ishga qaytishgan) Mana oradan ikki oy o'tsa-da, vaziyat o'zgarmabdi. Viloyatdagi birorta mas'ul bu bo'yicha amaliy ko'makka shoshilmabdi. O'ylab qolasan kishi, nahotki, butun boshli katta viloyatning bosh nashri yopilib ketish arafasida tursa-yu, birorta “vallomat” churq etmasa?

Nashr yopilgan paytda bosh muharrir Muhammad Ismoil shunday sabablarni keltirib o'tgan edi: “Tahririyatimizning 12 nafar xodimi 2023 yilning 15 iyun kunidan boshlab mehnat ta'tilida. Iqtisodiy ahvol sabab shu qarorga keldik. Bir oydan so'ng yana faoliyatimizni davom ettiramiz, degan niyatdamiz. Viloyat hokimi shu yilning fevral oyida ham, kuni kecha iyun oyining boshida ham tahririyat jamoasi bilan ko'rishib, qo'llab-quvvatlashini bildirgan”.

Biz maqolani tayyorlash jarayonida bosh muharrir bilan telefon orqali suhbatlashdik. Uning aytishicha, gazetaning ta'tilga chiqib ketgan xodimlari hozirda ishga qaytishgan. Jamoa bilan birgalikda gazetaning ikkita sonini tayyor qilib qo'yishgan. Biroq… adad bor-yo'g'i 300 ta. Vaholanki, uni chop etish uchun “Sharq” nashryoti bilan kamida 1000 nusxa uchun kelishilgan. Nashriyot esa undan kam nusxada gazetani bosmaydi. Muharrir obuna masalasida viloyatdagi har bir mahalla, tuman va shahar hokimliklari vakillari, ularning o'rinbosarlari va boshqa bir nechta tashkilotlar, korxonalar bilan bot-bot gaplashgani, barchasi yordam berishga rozi bo'layotgani, biroq haligacha amaliy natija bo'lmayotganini afsus bilan aytib o'tadi.

Bosh muharrirning qo'shimcha qilishicha, viloyat hokimi joriy yilda gazetani qo'llab-quvvatlash maqsadida tahririyat binosini ta'mirlash hamda uni moddiy-texnik jihatdan kompyuterlar bilan jihozlash uchun 200 000 000 so'm mablag'ni qurilish firmasiga o'tkazib bergan.

Albatta, viloyat hokimining bu tashabbusi yaxshi. Ammo aholisi bir millionga yaqinlashayotgan hududda nahotki gazeta adadi 300 tagina bo'lsa? Bu ham yetmayotgandek u chiqmayotgan bo'lsa, ta'mirlangan binoga na hojat?

Azaldan sirdaryoliklar o'zining zukko, ilmli hamda birdamligi bilan barchaga o'rnak bo'lib kelishgan-ku! Bu go'shadan To'ra Sulaymon, Halima Hudoyberdiyeva kabi millat ziyolilari yetishib chiqqan. Bugun esa viloyatning ziyo tarqatuvchi bosh nashri yopilib ketishi uyat emasmi? Ilm, ma'rifat rek­lama qilinmaydi. Ammo bugun zamon talabi shunday ekan, albatta, mutassadilar bilan birgalikda viloyatdagi ziyolilarning shaxsiy tashabbuslari muhim sanaladi.

Aytgancha, ko'p bo'lmadi, yaqinda viloyat hokimi ijtimoiy tarmoqlarda “Sirdaryo viloyati hokimi o'rinbosarlariga, shuningdek, tuman va shahar hokimlariga 16 ta “Tracker” avtomobilini xarid qilish rejalashtirilmoqda.

Buning uchun 4 mlrd. so'm ajratish bo'yicha qaror loyihasi muhokamalar portaliga qo'­yildi”, — degan xabarlarga o'zining quyidagicha munosabatini bildirib o'tgan edi: “Men buning tahlilini qildirdim. Hammasini tekshirib ko'rsam, kunda-kunora har bir mashina ta'mirlanishi uchun xarajat ketyapti. Bari 2016-2017 yillardagi mashinalar. Ayrim tumanlarda esa transport muammosi bo'lgani uchun klasterlarning mashinasida yurishibdi. Ertaga bu manfaatlar to'qnashuviga olib kelmaydimi? Bunday bo'lmasligiga kim kafolat beradi? Men ulardan ishni talab qilib olishim uchun birinchi o'rinda sharoitini ham qilib berishim kerak”.

Juda yaxshi-da! Xodimlarga munosib shart-sharoit yaratib berish lozim, albatta. Ishda unumdorlik bo'lishi uchun bu ham kerakli tashabbus deylik. Ammo siz rahbarlik qilayotgan viloyat bosh nashrining bugungi ahvoliga nima deb izoh berasiz, janob hokim?!, deya so'rashga majburmiz-da. Axir, 60 yillik tarixga ega bu nashrning ertangi kuni, u yerda yillar davomida mehnat qilib kelayotgan insonlarning taqdiri, gazetani sevib mutolaa qiladigan viloyat ahlining ehtiyoji nahotki, zarracha tashvishlantirmasa? Shu yerda tug'iladigan “e'tirozingiz”ga, ya'ni “gazetani sevib mutolaa qiladigan viloyat ahli shunchalar ko'p bo'lsa, nega unga ular obuna bo'lishmayapti?” deydigan savolingizga javobni ham bilsangiz ajab emas. Bugun ijodiy jamoalarni qo'llab-quvvatlash, aholining ma'rifat ziyosi bo'lgan matbuot nashrlariga obuna bo'lishiga xayrixohlik talab etiladi. Hozir esa aksincha, “gazeta-jurnallarni o'qing, obuna bo'ling, agar shunday qilsangiz, mana bunday imtiyozlar beriladi” deyish o'rniga, “obuna majburiy emas, kim obunaga majbur qilsa o'zidan ko'rsin, ishdan ketadi” deganga o'xshash tahdidlar bo'layotgani sirmi? Shunday munosabat davom etar ekan, kim ham obuna bo'lishga taraddud qilardi? Yoki hokim   o'rinbosarlari, tuman, shahar hokimlariga xizmat avtomobillari xarid qilish uchun ajratilgan 4 milliard so'mning loaqal bir qismini viloyat hokimligi nashriga berilsa, zarar bo'lardimi? Yiliga 700-800 million dollarlik eksportni amalga oshirayotgan viloyatga mushkul ishmi shu?! Hududda qanchadan-qancha ishlab chiqarish korxonalari bo'lsa? Nahotki, gazeta va tahririyat jamoasini qo'llab-quvvatlash uchun yiliga hech bo'lmasa, jami xarajatlarning yarmini qop­lash imkoni bo'lmasa?

Xolisona aytganda gazeta tahririyatining ijodiy darajasi, mushtariylarni o'ziga jalb qilish salohiyati ham maqtagulik emas. 309 tagina obunachisi bor “Yangi Sirdaryo” gazetasining rasmiy kanalini ko'zdan kechirdik. Juda sust. Faqat turli-tuman kechinmalar va turli telegram kanallardan olingan xabarlar aylanib yotibdi…

Bu ham bor gaplar.

Lekin O'zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi Qonuni 14-moddasida ommaviy axborot vositasining chiqarilishini ta'minlash muassisning majburiyati sifatida belgilab qo'yilgan.

To'g'ri, yuqorida ta'kidlanganidek, obuna majburiy emas. Darrov og'izga uriladigan “shior” bo'ldi bu. Biroq bugun muhtaram Yurtboshimiz ta'biri bilan gapirganda, “majburiy obuna deb, ixtiyoriy obunani ham yo'qotmadik”mi?!

Axir insof bilan aytganda, har bir viloyat, tumanda qancha korxona va tashkilotlar, maktab va oliy ta'lim muassasalari, kutubxonalar mavjud. Ularning nechtasiga gazeta boryapti? Nega har bir mahalla, har bir xonadonga aqalli bitta nashr bormay qo'ydi? Mumkin emasmi, iloji yo'qmi shuning?!

Bor. Bo'lganda qandoq! Faqat ozgina e'tibor kerak, xolos!   Bugun ayrim rahbarlarimiz bir narsani to'g'ri tushunib, anglab olishsa edi. Gazeta — jamiyat ko'zgusi. Unda e'lon qilinayotgan maqolalar, xabarlar, badiiy mavzudagi har bir chiqishlar sira besamar ketmaydi. Birinchi navbatda mutolaa ko'nikmasini shakl­lantiradi, savodni oshiradi. Tanqidiy chiqishlar esa mutasaddilarga tayyor “yo'riqnoma” vazifasini o'taydi. Qaerda qanday muammo bor, uning yechimi nimada? Hamisha muhokama oynasi bo'lib kelgan matbuot. Nega ana shunday vositadan to'g'ri foydalanishni istamaymiz?

Albatta, ayrim nashrlar, xususan, “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sirdarya” gazetalarini ham bugungi zamon, o'quvchi talabiga to'liq javob beradigan nashrlar deb bo'lmas ehtimol. Shu bois, tahririyat jamoasi ijodiy tomondan o'zgarishi, izlanishi davr talabi. Biroq bu jihatlar “gazetani yopib yuborsa ham bo'laveradi” degani emas.

Bugun matbuot nashrlariga e'tibor sustligi birgina Sirdaryoda emas. Andijon, Qashqadaryo, Jizzax singari viloyatlarda ham pesh emas. Bu viloyatlarda ham hokimliklar muassis bo'lgan nashrlarning ahvolini ko'ngildagidek deb bo'lmaydi. Adadlari juda kam. Shu bois, ularda ishlayotgan jurnalistlar arzimagan maoshlarini ham vaqtida olisholmayotgani achinarli.

Baribir hamma joyda ham shaxsga, rahbarga ko'p narsa bog'liq ekan-da. Aytaylik, bir necha oydan buyon chop qilishi to'xtab yotgan Sirdaryo viloyat nashrlari oldin viloyatni boshqargan hokimlar davrida bunday ahvolda emas edi.

Demak, bahonani ham, imkonni ham istalsa hamisha topsa bo'ladi.

Islom ASILBEKOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =