51 mingta daraxtni kesamizmi?

Bugun Toshkent ulkan qurilish, bunyodkorlik maskaniga aylandi. Ayniqsa, so'nggi yillarda mamlakatimizda aholi uchun qulay, shinam turar-joy majmualari, turli inshootlarni qurish ishlari ancha ilgarilab ketdi. Nafaqat poytaxtda, balki viloyat markazlari, olis shaharu tumanlarda ham bir-biridan ko'rkam binolar qad rostlayapti. Ta'bir joiz bo'lsa, biz uchun katta yangilik bo'lgan “city”lar hududlarimizga uzukka ko'z qo'ygandek yarashmoqda. Yashash va mehnat qilish uchun zarur barcha qulayliklar, eng so'nggi innovatsion yechimlarni taqdim etuvchi bunday muazzam binolarda yashashni, ofis ochishni kim istamaydi, deysiz?

Biroq ana shu qurilishlar sabab nafaqat poytaxtda, balki uzoq viloyatlarda ham daraxtlarning kesilishi bilan bog'liq muammolar tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylanmoqda. Jamoatchilikning o'rinli noroziliklariga sabab bo'lmoqda. Mana, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo va Buxoro viloyatlari hududida qurilishi rejalashtirilgan xalqaro avtomobil yo'li loyihasi uchun 70 mingga yaqin daraxt kesilishi to'g'risidagi xabar kattagina rezonans berdi. Unga keng jamoatchilik tomonidan keskin e'tirozlar bildirildi.

 

Ma'lumotlarga ko'ra, Surxondaryo viloyati hududida 21,8 mingta, Buxoroda 28,9 mingta, ya'ni qariyb 51 mingdan ko'p daraxtning kesilishi rejalashtirilgan ekan. OAV vakillari mazkur muammo va uning kelgusidagi oqibati haqidagi qayta-qayta chiqishlar qilishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o'rinbosari Odiljon Tojiyev holat yuzasidan quyidagicha fikr bildirdi:

“Ayni kunlarda hukm surayotgan anomal issiq ancha-muncha odamning tinkasini quritayotganini bilasiz. Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida quriladigan avtomobil yo'li tufayli esa 51 ming tup (dastlabki muhokamalarda 70 ming tup deyilgan) daraxt va buta kesilishi mumkinligi aytildi. Bu shunchaki dahshat! Ayni kundagi anomal issiqda 70 mingga yaqin daraxt kesilishi, go'yoki qulog'imga “70 ming odam bedarak yo'qoldi” deb eshitildi. Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida quriladigan avtomobil yo'li sabab umumiy hisobda 70 mingga yaqin daraxt kesilishi keng muhokamaga sabab bo'ldi. Har qanday yo'l qurilishi tabiatga ziyon yetkazish hisobiga bo'lmasligi kerak.

Bu masalaga Parlament tomoshabin bo'lib turmaydi, albatta. Muhokama qilamiz va deputatlik so'rovi yuboramiz”.

O'zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlari, olim va mutaxassislardan iborat ishchi guruh Surxondaryo va Buxoroga borishgan. Manzilga yetib borgan Ishchi guruh jamoatchilikning e'tirozlariga sabab bo'lgan ushbu loyihani soha mutaxassislari ishtirokida o'zgartirish va daraxtlarga zarar yetkazmaslik bo'yicha mutasaddilarga taklif berishgan. Umid qilamizki, ular tomonidan kiritilgan taklif ijobiy inobatga olinadi. Albatta, har qanday qurilish daraxtlarning kesilishi evaziga bo'lmasligi lozim!

Yana bir masala, Toshkentdagi chiroyli binolarimizni qurish jarayonlari tufayli shahrimizda changlar nisbatan ko'proq to'p­lanmoqda. Shamol esganda ular yuqoriga ko'tariladi, ularni ushlab turuvchi baland-baland daraxtlarimiz kamayib ketdi. Hozir ular o'rniga kichik manzarali daraxt­lar ekilyapti. Natijada Toshkent havosi tarkibidagi chang miqdori sezilarli darajada oshmoqda. Masalan, 2020 yil may oyi­­da shahar atmosferasida chang miqdori oshib ketishi 13 kunni tashkil qilgan bo'lsa, 2021 yil esa bu muddat 20 kunni tashkil qilgan.

Shveysariyaning IQAir kompaniyasi havo tozaligi bo'yicha dunyoning eng yaxshi va eng yomon davlatlari ro'yxatini taqdim etdi. Uning ma'lumotlariga ko'ra, dunyo shaharlarining atigi 3 foizi Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti standartlariga mos keladigan havo sifatiga ega. Bu nuqtai nazardan havosi eng iflos shahar Nyu-Dehlidir. O'zbekiston havo sifati eng yomon davlatlar ro'yxatida jahonda “faxrli” 12-o'rinni egalladi.

Taassuf, O'zbekistonda 2023 yilning 6 oyi­­da daraxt va butalarni noqonuniy kesish bilan bog'liq 2 mingdan ortiq huquqbuzarlik aniqlangan. Bosh prokuratura ma'lumotlariga qaraganda, bunday huquqbuzarlik oqibatida tabiatga 3,6 milliard so'mlik zarar yetkazilgan. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 7 ta jinoyat ishi va 2 mingdan ortiq ma'muriy ishlar qo'zg'atilib, 1,7 milliard so'mlik zarar undirilgan.

Bir necha hafta oldin Xorazmda o'zini tadbirkor deb tanishtirgan shaxslar istirohat bog'idagi daraxtlarni kesib tashlagan. Buxoroda 22 tup qarag'ay noqonuniy kesilib, tabiatga 144,3 million so'mlik ziyon yetkazilgan. Farg'onadagi chegara posti yaqinida 12 tup manzarali daraxt qo'porib tashlangani, Vatanimiz poytaxti Toshkentda…

Ekofaol Nargis Qosimova bu borada qu­yidagi fikrlarni bildirdi: “Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko'ra, inson erkin nafas olishi, kayfiyati yaxshi bo'lishi, umuman olganda, normal hayot kechirishi uchun 60 kv.m. yashillik kerak. Bu faqatgina daraxtlar emas, balki butalar, maysazor bo'lishi ham mumkin. Nima uchun butalar? Chunki katta yo'lning chetiga ekilgan butalar avtomobillar shovqinini kamaytiradi, avtomobildan chiqadigan is gazi va boshqa zararli moddalarni o'zida ushlab qoladi. Hozirgi kunda archa (mojjevelnik) ko'p ekilyapti. Ammo issiq iqlimli mamlakat bo'lganimiz sabab sathi keng bargli daraxtlar ko'proq bo'lishi kerak. Bunday daraxtlar soya beradi, changni, zaharli moddalarni o'zida ushlab qoladi”.

Rivoj topgan va madaniyat oldingi o'ringa chiqqan davlatlarda daraxtlar kesilishi yo bosh­­qa joyga ko'chirilishi bilan bog'liq holatlarda jamoatchilik muhokamasini o'tkazish amaliyoti mavjud. Yaqin atrofda yashovchilar muayyan daraxt kesilishi to'g'risida yozma ravishda xabardor qilinadi. Bunda qulab tushib, odamlarga, texnikaga, uylarga zarar yetkazishi mumkin bo'lganlari kesiladi, xolos. Bu e'lon kesilishi rejalashtirilgan daraxt oldiga o'rnatiladi. Unda daraxtning o'zi haqida ma'lumot beriladi, uning kesilish sabablari va jamoatchilik muhokamasi o'tkaziladigan vaqt va manzil ko'rsatiladi.

Daraxtlar insoniyat to'laqonli yashashi uchun hayotiy ahamiyatga egaligi sir emas, albatta. Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekiston hududining faqatgina 7,5 foizi tabiiy o'rmonlar bilan qoplangan. Dunyo mamlakatlarida esa bu ko'rsatkich o'rtacha olganda 30 foizni tashkil etarkan.

Xo'sh, ahvolimiz chatoq ekan, nega yashil olam kushandalariga keskinroq jazo yo'q. Nega u amaliyotda o'zining kuchini ko'rsatmayapti? Nega kundan kun daraxtlarning kesilishi ortsa ortyaptiyu hech kamaymayapti.

Ming afsuski, bugun hamma o'z bilganicha ish tutadigan bo'lib qoldi. Istashsa, poytaxtning qoq markazida — Alisher Navoiy teatri yonidagi 100 yillik daraxtni kesib ketadilar. Ayrim kuyunchak yurtdoshlarimiz uch-to'rt kun “oh-voh” qilishadi. Lekin na shahar hokimi, na prokuratura va boshqa huquq idoralari, na tabiatni asrash gardaniga yuklangan tashkilotlaru hatto Oliy Majlis va Senat ham keskin munosabat bildirmaydi. Bong urishmaydi. Go'yoki hammasi joyida, hech narsa bo'lmagandek. Lekin qachondir o'qigan edim: dunyo­ning qaysidir mamlakatida odamlar hatto o'z hovlisidagi bitta daraxtni kesish uchun mamlakat Prezidentidan ruxsat olishlari shart ekan. Qaysi davlat edi-ya, bu yurt?

Shu aniqki, bu — O'zbekiston emas!

Islom ASILBEKOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 6 =