Bunchalar befarqlik qaerdan?
yoki “Reklama to'g'risida”gi Qonunni kim nazorat qiladi?
So'nggi yillarda inson ruhiyati, ongi, dunyoqarashi, ma'naviyatiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi, odob-axloq qoidalariga zid bo'lgan reklamalar urchib ketdi. Misol uchun, yaqinda o'zini blogerman deb biluvchi bir kimsaning xotin-qizlarni masxara qilib, ayollar salfetkalarini reklama qilgan videosi mutasaddi davlat idorasi tomonidan noqonuniy deb topilib, o'chirtirildi va uning muallifi ogohlantirildi. Bir necha oy oldin esa maishiy texnika sotib olishga chaqiruvchi “Ikkinchi xotin”ga g'amxo'rlik qiling” mazmunidagi reklama roliki noqonuniy deb topilgan edi.
Reklama beruvchilar, uni yaratuvchi va tarqatuvchilar ezgulikka asoslangan chiroyli tasvirlar, obrazlar, ma'noli so'zlar bilan emas, balki yashirincha yoki hatto ochiqchasiga johillik, shavqatsizlik, zo'ravonlikni targ'ib qiluvchi, umuminsoniy qadriyatlar va ma'naviyatga, odob-axloqqa zid bo'lgan g'ayrioddiy, g'ayritabiiy obraz, tasvir va iboralarni qo'llashmoqda. O'tgan yili poytaxtimizning gavjum chorrahalaridan birida qonga burkanib, yaralangan odamning boshi va bolta tasviri tushirilgan “reklama banneri”ni ko'rish mumkin edi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish organiga ma'lum qilingandan so'nggina ushbu “reklama” olib tashlandi. Lekin ushbu axmoqona uzrku-ya, matnni kim joylashtirgani va unga nisbatan qanday chora ko'rilgani haqidagi savolga javob berilmadi.
Biz farzandi arjumandlarimiz bilan birgalashib boradigan dam olish, hordiq chiqarish va ko'ngilochar maskanlarni ham jangari, fantastik filmlar, multfilmlarning maxluqsimon qahramonlari tasvirlari “bezab” turibdi.
Bir necha oydan buyon futbolchi kiyimini kiygan mashhur bokschimiz ikki yonida bor vajohati bilan baqirayotgan maxluqlar bilan tasvirlangan reklama poytaxtimizning markaziy ko'chalari-yu metro bekatlariga “ko'rk” berib turibdi. Ammo… hammaning parvoyi palak!
Yana metro bekatlarida bir necha oy (balki yildir) davomida sochi tap-taqir olingan, ko'z qarashlari-yu harakatlaridan sarxush holatdagi yigitcha tasvirlangan ayfon apparati reklamasi poytaxtimiz aholisi, shu jumladan, albatta, yoshlarimiz ongi va ongostiga ta'sir qilib turdi.
Ko'zlari ko'k rangda pardozlangan, labi cho'chchaygan, bir ko'zini qisgan ayol yuzi tasvirlangan reklamani ham ko'rganmiz – unda “Go'zallik sanoati ko'rgazmasi” deb yozilgan edi. Ha, reklamachilar nazarida ko'zi qisiqlik ham go'zallik ifodasi bo'lishi mumkin ekan-da!
Mashhur savdo brendlaridan biriga taalluqli reklamada o'smir yoshdagi qiz qo'lida bolg'a bilan, ko'zini qisgan, og'iz-burnini jiyirgan holda (bu qanday obraz bo'ldi endi?!) qaysarlik, tajovuz bilan bizga nazar tashlaydi.
Dori vositalari va tibbiy xizmatlar reklamasini-ku, qo'yavering…. Erkaklar jinsiy zaifligini davolovchi dori vositalarining reklamachilari uyatli so'zlardan ham tap tortmayaptilar. Bunday reklamalar hatto davlat radiokanallarida (“Mahalla” va boshqa) ham tez-tez berilyapti. Bunda, albatta, jinsiy zaiflik muammosi nisbatan yosh erkaklarda ham uchrashi ta'kidlanib, vahima qilinadi…
Shunday reklamalarning birida andijonlik 38 yoshlik erkak o'z jinsiy muammosi to'g'risida murojaat qilgani haqida aytiladi. Reklamada yana aytilishicha, dori tarkibida “o'simlik erkaklari” ham bor ekan… (bu qanday modda ekanligi xususida vakolatli organ bo'lmish Sog'liqni saqlash vazirligi mutasaddilari mum tishlab o'tirmay, munosabat bildirsa, yaxshi bo'lar edi). Gap “Prostata-ultra” deb nomlanuvchi preparat haqida boradi.
Yana bunday reklamalarda “mutaxassis” deb tanishtirilgan shaxslar “o'z tajribasidan kelib chiqib” muayyan dori vositasini mutaxassislar nazorati ostida qabul qilishni tavsiya qilishadi, vaholanki, “Reklama to'g'risida”gi Qonunning 34-moddasida dori vositalarini reklama qilishda tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan foydalanish taqiqlangan. Ya'ni bunda Qonun talabi ochiqchasiga buzilmoqda.
Bundan yarim yil oldin ertalab, ayni talaba yoshlar o'qishga shoshayotgan paytda ularga metro vagonining reklama ekranida “Ko'k choy” guruhi klipi namoyish etilar edi. Metro shovqinida qo'shiq eshitilmaydi, lekin bu muhim emas-da, muhimi – klipning asosiy mazmuni guruh a'zolarining yuz-ko'zini, og'izlarini bo'yab, burib, qiyshaytirib, tillarini chiqarib o'zlaridan maxluqlarni yasashdan iborat bo'lgan.
Bu kabi “ajoyib” misollarni davom ettirish mumkin. Afsus, bunday xunuk reklamalarning kundan kunga yangi-yangilari reklamachilar tomonidan “ijod” qilinib, odamlar ongi va ruhiyatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda, jamiyatimizda ma'naviy yemirilish belgilarini kuchaytirmoqda. Shu voqelikdan kelib chiqadigan bo'lsak, “Reklama to'g'risida”gi Qonunni yaqindagina – 2022 yil sentyabr oyida yangilanganiga qaramasdan, sohani tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirishni davom ettirish va uning normalariga rioya qilinishini nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirish dolzarb masala bo'lib qolmoqda.
Afsuski, bundan bir necha yil oldin “Hurriyat” gazetasida “Shou-biznes va ma'naviyat”, “Reklama va ma'naviyat”, “Kamchiliklarga murosasiz bo'laylik” sarlavhali, 2 yil oldin O'zA saytida “Reklama safsatasi yoxud mukammal ishlanmagan qonun loyihasi” sarlavhasi ostida e'lon qilingan tahliliy-tanqidiy maqolalarimizda reklama sohasi muammolari ko'tarilib, ularni yechish bo'yicha ilgari surilgan bir qator takliflar jamoatchiligimiz, mutasaddi idoralaru deputatlarimiz e'tiborini tortmadi. Shu sabab, takliflarimizning ayrimlarini takrorlashga majburmiz.
Fikrimizcha, qonunchiligimizda nomaqbul – noto'g'ri, axloqsiz, yashirin reklama, milliy va oilaviy an'analarga, shuningdek, axloq va ma'naviyatning umumqabul qilingan normalariga zid bo'lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanishni taqiqlashga doir normalarni aniqlashtirish kerak. Kengroq, batafsilroq bayon etish, insonga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi reklama axborotiga ta'rif berish va ushbu normalarga rioya etilishi nazoratini kuchaytirish, noqonuniy reklama munosabati bilan ko'riladigan javobgarlik choralarini qat'iylashtirish lozim.
Ayni vaqtda reklama amaliyotida bolalar obrazlaridan faol va betartib foydalanilyapti. Shirinliklar, sharbatlar, hatto dori vositalari reklamasiga ko'p hollarda voyaga yetmagan o'g'il-qizlar jalb etilmoqda. Fikrimizcha, bolalar obrazidan faqat ijtimoiy reklamalarda – sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishda, bilim olish, kitob o'qishga qiziqtirishda foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Reklamalarda sog'liqni saqlash bilan bog'liq tovar-xizmatlarning ko'pligi reklama bozorining nosog'lomligidan dalolat beradi. Aslida tibbiy xizmatlar va dori vositalari har bir bemorga uning organizmi va ruhiyati holati maxsus bilimga ega mas'uliyatli mutaxassis – vrach tomonidan diqqat bilan o'rganilgandan keyin tavsiya etilishi lozim. Bundan dori va tibbiy xizmatlar reklamasi mantiqqa zidligi kelib chiqadi. Fikrimizcha, ma'rifatli, sivilizatsiyalashgan bozor iqtisodiyotining qulay biznes muhitida dori va tibbiy xizmatlar reklamasi umuman taqiqlanishi lozim.
Nahotki, ko'p reklama qilingan “Guangzhou” klinikasi faoliyatidagi firibgarliklar, “Dok-1Maks” preparati iste'moli bilan bog'liq fojialardan tegishli xulosa chiqarmasak?! Alloh asrasin, yana qanday baxtsizliklar sodir bo'lishi kerakki, biz dori vositalari reklamasini tamoman taqiqlash zarurligini tushunib yetaylik?!
Lekin pulini to'lasa… menga nima deganlaridek, Milliy teleradiokompaniyasining deyarli barcha kanallarida, xususiy telekanallarda-ku, aytmasak ham bo'ladi, ertalabdan kechgacha dori-darmon vositalari zo'r berib reklama qilinmoqda.
Qiziq, qani bu yerda nazorat organlarining o'rni, ta'siri? Yoki hamma o'z bilganini qilsa bo'laveradigan zamon keldimi?!
Bundan tashqari, energetik ichimliklar reklamasi taqiqlangan tovarlar guruhiga kiritilishi maqsadga muvofiq bo'lardi.
Yuqorida keltirilgan hayotiy misollar, odatiy holga aylangan qonunbuzilishlar reklama sohamizning achinarli ahvolidan dalolat berib turibdi. Shunday ekan, keng jamoatchilik, OAV vakillari, ilm-fan ahli vakillari, ijodkor ziyolilarimizdan bu ahvolni chuqur anglab yetishlari, xalqni ogohlikka chaqirishlarini so'rardik. Eng asosiysi esa mutasaddi tashkilotlar tomoshabinlikdan qachon amaliy ishga o'tadilar?!
Farhod QURBONBOYEV,
iqtisod fanlari nomzodi