Tizimda “noma'lum” xatolikmi? Yoxud tijorat banklariga “ozgina” e'tiroz
Bugungi kunda axborot texnologiyalari bo'yicha erishilayotgan yutuqlar, ko'plab imkoniyat va qulayliklarning yaratilayotgani, odamlarning og'irini yengil qilib, byurokratiyaning oldi olinishiga xizmat qilayotgani barchamizga ayon. E'tibor qaratadigan bo'lsak deyarli barcha sohalarning taraqqiy etishi va samaradorligining oshishi ham bevosita zamonaviy axborot texnologiyalariga bog'liq bo'lib qoldi.
Maktabgacha ta'lim tizimidan tortib oliy o'quv yurtlarigacha deymizmi, chekka tumanlardagi tadbirkorlik markazlaridan tortib davlat boshqaruviga oid yirik tashkilotlar deymizmi hamma-hammasining kundalik faoliyatida IT ya'ni axborot texnologiyalari juda muhim o'ringa ega bo'lib ulgurdi. Shu sababli bu sohaga davlat miqyosida e'tibor qaratilib, yoshlar bu boradagi bilimlarni mukammal tarzda o'rganishlari, kelgusida barcha elektron xizmatlarni miridan-sirigacha tushuna oladigan zamonaviy mutaxassisga aylanishlari uchun ham bir qator samarali ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va sohalarda hamda hududlarda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish masalalari yuzasidan o'tkazilgan videoselektorda ham so'nggi uch yilda IT sohasiga qaratilgan jiddiy e'tibor natijasida ma'lum o'zgarishlarga erishilgani ta'kidlanib, yoshlarni ITga o'qitish, ularga ishlashi uchun sharoit va mahsuloti uchun bozor yaratish zarurligi aytilgani ham fikrimizning yaqqol isboti desak xato bo'lmaydi.
Joriy yil 1 apreldan boshlab “Elektron hukumat”, “Biznes uchun dastur”, ta'lim yo'nalishlari bo'yicha mukofot jamg'armasi 1 million dollar bo'lgan respublika tanlovi boshlanishining e'lon qilingani esa bu boradagi rivojlanishning yanada jadallashishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Natijada esa har bir soha bo'yicha yo'lga qo'yilgan qator elektron xizmatlarning sifati yanada yaxshilanib, hozirda uchrab turgan ayrim muammolar bartaraf etilsa ajab emas.
Mana birgina bank tizimini olaylik, avvalgidek ortiqcha yugur-yugurlar, qog'ozbozliklar bugungi kunda keskin kamaydi. Bir necha yil oldin yo'lga qo'yilgan bank plastik kartochkalaridan foydalanish ham ancha osonlashdi. Avvalgidek plastik kartochkalardagi mablag'ni naqdlashtirish borasidagi muammolar to'liq bartaraf qilindi.
Endilikda odamlarning o'zlari naqd pullardan foydalanish o'rniga plastik kartochkalardagi elektron pullardan foydalanishni ko'proq ma'qul ko'rishmoqda.
Pullaringiz plastik kartochkada bo'lsa ko'p joy egallamaydi, qaerdadir nima uchundir to'lov qilayotganingizda ham har bir so'mni birma-bir sanab ko'p vaqt sarflamaysiz.
Odamlar tiqilinch bo'lgan joylarda kissangizdan kimdir yashirincha pullaringizni olib qo'yishidan ham xavfsiramaysiz. Sababi plastik kartochkada mablag'ingiz ishonchli himoyalangan deb plastik kartochkalarning afzalliklari haqida gapira boshlashdi. Demak zamonaviy axborot texnologiyalari o'zini oqlamoqda.
Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Joriy qilingan va endi tadbiq etilayotgan bu tizimlar turli xatolik va muammolardan yetarlicha himoyalanganmi?
So'nggi vaqtlarda odamlarning plastik kartochkalaridagi mablag'larini turli firibgarlik yo'llari orqali o'g'irlash holatlari ko'paygani, turli xildagi pul o'tkazish ilovalaridan (Click, Payme) foydalanishda, bankomatlar orqali plastik kartochkalardagi pullarni naqdlashtirishda ham goh-gohida ayrim muammo va xatoliklar yuzaga kelib, noqulayliklarga uchrash holatlari kuzatilayotgani aytilmoqda. Bu esa odamlarning ham vaqti ham naqdi “o'g'irlanishiga” sabab bo'layotir.
So'zimni shaxsan o'zim guvohi bo'lgan voqealar misolida davom ettirsam.
Kunlarning birida poytaxtimizdagi savdo do'konlaridan biriga kirib, bir qancha buyumlarni oldim va to'lov qilish uchun kassaga borganimda do'kon xizmatchisi xaridlarim uchun plastik kartochkamdan ma'lum miqdordagi mablag'ni terminal orqali yechib olishga urindi. Lekin tizimdagi noma'lum xatolik sabab harakatni yana bir marta takrorladi. Shunda ham to'lovni amalga oshirib bo'lmadi. Sotuvchi kartaning puli tugagan bo'lsa kerak dedi. Ammo plastik kartochkamda anchagina mablag'im borligiga ishonchim komil edi. Shunday bo'lsa ham yana bir aniqlashtirish maqsadida yaqinroqdagi “Orient Finans bank”iga tegishli bankomatlardan birida plastik kartochkam hisobini tekshirdim. Yo'q, mablag' bor. Mayli, qandaydir xatolik bo'lsa kerak deb o'yladim-da, bankomat orqali naqd pul yechib to'lovni amalga oshirmoqchi bo'ldim. Ammo bankomat plastik kartamdagi mablag'ni yechib oldi-yu naqd pul chiqarib bermadi.
Shundan so'ng plastik kartochkam tegishli bo'lgan “O’zsanoatqurilishbank”i bilan bog'landim. Bank xodimiga bo'lib o'tgan voqeani aytib plastik kartochkamning harajatlar tarixini tekshirib berishlarini so'radim. Ular birma-bir qaerlarda, nima uchun to'lov qilganligimni aniqlab berishdi. Buni qarangki, ularning orasida menga “hisobingizda mablag' tugagan bo'lsa kerak” deyilgan do'konda ham pul yechib olingani ko'rsatilgandi.
Bank xodimi bu holatni tizimdagi xatolik deb so'nggi vaqtlarda tez-tez shunday bo'layotgani, arizamni olib qolishi va plastik kartochkamdan yechilgan mablag' uch ish kunida hisobimga avtomatik qaytarilishini aytdi. Haqiqatan ham uch kundan keyin o'sha pullar plastik kartochkamda paydo bo'ldi.
Yana bir safar oilamizda kutilmaganda og'ir judolik bo'lib qolganligi sababli shoshilinch tarzda viloyatga qaytadigan bo'lib qoldim. Aksiga olib naqd pulim qolmagandi. Buni bilgan dadam esa plastik kartochkamga taksiga berish va yo'lda ovqatlanishim uchun yetarlicha pul o'tkazib qo'yganini aytdi.
Yaqinroqdagi bankomatlardan birida pullarni naqdlashtirib tezroq yo'lga tushishga shoshilardim. Bankomatga plastik kartamni solib, parolni terdim va naqd pul yechish tugmasini bosdim. Ekranda “tizimda noma'lum xatolik yuz berdi” degan yozuv paydo bo'ldi. Shundan keyin kartamni boshqa bankomatga solib hisobimni tekshirsam mablag' yechib olinib, kartamda umuman pul qolmagan. Bankomat esa yana naqd pul chiqargani yo'q. Noiloj yana bankka qo'ng'iroq qildim. Bu safar muammo “Asiya alliance bank”ga tegishli bankomat orqali yuzaga kelgan ekan. Bu bank xodimlari ham aynan yana o'sha javobni qaytarishdi: – “So'nggi vaqtlarda nimagadir tizimda shu kabi nosozliklar bo'lyapti. Xavotir olmang, pullaringiz uch ish kunida hisobingizga qaytariladi”.
Bank xodimiga vaziyatni tushuntirishga urinib, viloyatga, janozaga shoshib ketayotgan edim, bundan boshqa mablag'im yo'q, bori shu edi, xolos. Tezroq bir yo'lini qilishning imkoni yo'qmi deb qancha zorlanmay bari befoyda bo'ldi.
Bir tomonda yaqin insonimizni yo'qotganimizdan qayg'uda bo'lsam, bir tomondan uning janozasiga borish uchun shoshilayotganimda o'z pulimni ishlata olmay muammoga uchraganim g'azabimni qo'zitardi.
Avvalgi safar muammoga uchraganimda tushungandim. Harqalay vaziyat boshqacha edi unda. Ammo bu gal…
Ochig'ini aytsam, ijtimoiy tarmoqlarda plastik kartalardan firibgarlik yo'li orqali pul yechib olishayotganidan qo'rqib oylik-maoshim tushishi bilanoq darrov naqdlashtirib olishga urinardim. Endi bo'lsa yuqoridagek muammolar sabab bankomatlardan pul yechishga ham qo'rqadigan bo'lib qoldim.
Men bilan bo'lgan bu muammolardan xabar topgan bir qancha tanishlarim ular ham shu kabi nosozliklarga uchrayotgani, hatto kursdoshim Temurmalik Hamidov plastik kartochkasini bankomatga solganidan keyin qaytib chiqmay qolgani, bu ham yetmaganidek ilovalar orqali pul o'tkazib ham bo'lmay qolganini aytdi.
Albatta, tijorat banklari tomonidan aholiga qulaylik bo'lsin deb har qadamda bankomatlar o'rnatilayotgani yaxshi. Biroq ularning ko'pincha ishlamasligi, nosoz holda bo'lishi hamda “texnik kamchiligi” ortib borayotgani yaxshi emas. Bunga Markaziy bank mutasaddilari nima deyishar ekan?
Kamoliddin RO'ZIMATOV