YHXBBga dangal savol
Harakat xavfsizligi — muhim masala. Chunki yo'llarda haydovchilarning yo'l harakati qoidalariga amal qilishi ko'plab baxtsiz hodisalarning, ko'ngilsizliklarning oldini oladi. Shu boisdan ham mamlakatimiz bo'ylab yo'llarga ming-minglab (balki, yuz minglab) kuzatuv kameralari o'rnatildi. Bu kameralardan haydovchilar “qochib” qutulishining aslo iloji yo'q. Bugungi kunda nafaqat tezlikni oshirganlar, balki kamar taqmasdan yo piyodaga yo'l bermasdan harakatlanayotgan avtoulov haydovchilari ham kattagina jarima bilan “siylanayotgani” sir emas.
Shunday qilib, bu borada jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Qonunchilikka o'zgartirishlar kiritildi. Jarimalar miqdori “otning kallasidek” qilib qo'yildi. Mayli-da, odamlar qiynalsa ham, eng muhimi, tartib bo'lsin. Hech kim baxtsiz hodisaga uchramasin.
Albatta, bunday o'zgarishlardan hamma ham xursand emas. Jarimalar ko'payib ketganidan xunob bo'lib yurganlar son mingta. Lekin qonun deganlari “hammani xursand qiladigan” vosita emas, balki ularga itoat qildirishni yoqtiradi. Yashirishga hojat yo'q, bunday qat'iy choralar ko'plab “o'pkasi yo'q” haydovchilarning jilovini tortib qo'ygani ham bor gap.
Biroq… shu o'rinda bir kichkinagina kuzatuv, mulohazamiz ham yo'q emas. Bugun yangi O'zbekistonimiz dunyoga bo'y cho'zmoqda. Jahonning eng rivojlangan shaharlari kabi poytaxtimiz ham har tomonlama go'zallashib, kengayib borayotgani qatorida, bitta “lokin”imiz ko'ngilni xira qilmoqdadir. Ehtimol, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi YHXBBdagi mutasaddilar bunga javob berishar (ochig'i, javob berishlariga 99 foiz ishonchimiz yo'q!). Shunday bo'lsa-da, o'z mulohazamizni bayon etamiz.
Gap shundaki, dunyoning eng katta shaharlarida ham kuzatuv kameralari yo'l harakati xavfsizligini ta'minlaydi. Lekin u shaharlarda xuddi bizdagidek, xalq tili bilan aytganda, “GAI”larni uchratmaysiz hisobi. Nima uchun?
Ha, nima uchun bizda shuncha ming-minglab kuzatuv kameralari milliardlab mablag'lar evaziga o'rnatilgan bo'lsa-da, bu zamonaviy kuzatuv uskunalari orqali “beminnat” kuniga milliardlab mablag'lik jarimalarni taqdim qilayotgan, to'g'rirog'i, undirib berayotgan bo'lsa-da, yana buning ustiga har bitta yo'l, muyulishda YPX xodimlarining kamayish o'rniga ko'payib borayotganiga sabab nimada ekan? Nahotki maqsad faqat jazolash, jarima undirish bo'lsa?! Nahotki kuzatuv kameralari orqali aniqlanayotgan qoidabuzarliklar “etarli” bo'lmayotgan bo'lsa?! Yoxud bu kamera kuzatuvlariga, zamonaviy texnika vositalariga “ishonchsizlik”mi? Chunki hamma narsaning ham me'yori bo'lgani yaxshi-da.
Yaxshiyam Prezidentimizning qat'iy talabi bilan uzoq yillar davom etgan va xalqni huda-behudaga tekshirib, to'xtatib azoblagan, kilometrlab tirbandliklarni yuzaga keltirgan respublika bo'ylab qanchadan-qancha “post”lar olib tashlangan edi. Ungacha yurtdoshlarimiz bir viloyatdan boshqasiga avtoulovda o'tgunicha chindan ham bo'ladigani bo'lar edi.
Xalqimiz yana yaxshi eslaydi. “Yo'llarga kuzatuv kameralari o'rnatilgandan keyin YPXXlar keskin kamaytiriladi, faqatgina muhim chorrahalarda, ma'lum postlardagina YPX xodimlari xizmat olib borishadi”, deyilgan edi-ku mutasaddilar tomonidan. Hozir esa, ayniqsa, keyingi paytlarda boshqa joylarni bilmadig-u, poytaxtimizda buning mutlaqo teskarisiga guvoh bo'linmoqda. “Bunday holatga biz-ku, mayli, o'rganib ketganmiz, yurtimizga kelayotgan sayyohlar nima der ekan? Shunchalik ham nazorat, qo'riqchilik sira yarashmaydi-da”, dedi Toshkentda yashovchi 40 yillik haydovchilik tajribasiga ega Alijon aka.
Qiziq, ajab, ammo to'g'ri gapga o'xshaydi yuqoridagi hamyurtimizning mulohazasi. Bunga YHXBB kattakoni nima der ekan?
Muhammadsodiq TO'RAYEV,
jurnalist.
