Tazyiq
yoxud Ohangaron shahridagi 1-umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori
Nargiza Boymirzayevani g'ayriqonuniy ishdan bo'shatish “kampaniyasi” haqida
Ohangaron tumanlararo fuqarolik sudi sudyasi Dilnavozxon Begmatova fuqarolik ishi yuzasidan sud muzokaralarini o'tkazib bo'lgach, sud maslahatda qolishini e'lon qildi.
Hayajonli daqiqalar…
Taraflar esa o'zlaricha fikr qilishmoqda.
Da'vogar Nargiza Boymirzayeva sudning adolat va xolislik bilan ish yuritishiga qat'iy ishonadi.
Javobgar tomon ham o'zlari g'olib chiqishidan umidvor, shekilli, bir-biriga qarab mamnun jilmayishadi.
Va nihoyat, sudya hal qiluv qarorini e'lon qildi:
“Da'vogar Boymirzayeva Nargiza Mirzaahmatovnaning da'vo arizasi qanoatlantirilsin.
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasining 2025 yil 27 iyundagi 400-“k” sonli buyrug'i g'ayriqonuniy deb topilsin.
Boymirzayeva Nargiza Mirzaahmatovna avvalgi ishi — Ohangaron shahridagi 1-umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori lavozimiga ishga tiklansin…”
Javobgar tomon, ya'ni Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasining suddagi vakillari sudning hal qiluv qaroridan behad norozi bo'lib, “biz albatta, appelyatsiya shikoyati beramiz” deb sud zalidan g'azablanib chiqib ketdilar.
Nargiza esa xursand bo'lishini ham, xafa bo'lishini ham bilmay qoldi. Uning dilidan endi bular yana nimalarni o'ylab topisharkan degan xavotirlar kechdi va xayollari uni uzoq-uzoqlarga olib ketdi…
…Mana shu maktabda bir paytlar o'qigan zavqli kezlarini shirin o'rtanishlar bilan esladi.. Mehribon onajonisi, rahmatli Marziya opa xuddi mana shu maktabning hurmatli pedagoglaridan biri edi. Padari buzrukvori Mirzaahmat aka esa Ohangaron sement kombinatida mas'ul vazifalarda ishlagan. Bu inson hozir sakson besh yoshda bo'lib, shoirtabiat qalbi bilan uchta kitob yozib chop ettirdi.
1989 yili Nargiza o'n yetti yoshida mana shu maktabga yoshlar yetakchisi bo'lib ishga kirdi. Bu orada sirtdan Toshkent viloyati pedagogika institutining boshlang'ich ta'lim yo'nalishida o'qiy boshladi.
Uzoq yillar o'zi ta'lim olgan jonajon maktabida oddiy o'qituvchi, psixolog, ilmiy bo'lim mudiri vazifasida sidqidildan mehnat qildi.
2018 yildan buyon maktabda direktor lavozimida ishlayotgan edi.
1-umumiy o'rta ta'lim maktabi — Ohangaron shahrining to'qson yillik tarixga ega, eng qadimiy va yirik maktablaridan biri.
Bugungi kunda ushbu maktabda 1666 nafar o'g'il-qiz ta'lim olmoqda, ularga esa 98 nafar oliy ma'lumotli pedagoglar ta'lim-tarbiya berishmoqda.
2024 yili mazkur ta'lim maskani viloyat maktablari orasida g'olib bo'lib, eng namunali maktab deb topildi.
Nargiza Boymirzayeva bir necha bor tashakkurnomalar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.
Maktab direktorining jamoada va Ohangaron shahrida obro'si salmoqli.
Ha, hammasi risoladagidek kechayotgan edi.
Nargiza kelgusi yil — 2026 yil 1 oktyabrda pensiyaga chiqib, umrguzaronlik qilmoqchi edi. Biroq 2025 yil bahorida uning hayotida noxush voqealar sodir bo'la boshladi.
Nargiza Toshkent shahridagi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida navbatdagi malaka oshirish kursida o'qish uchun bordi. Tabiiyki, pirovardida imtihonlar bo'lib o'tdi va unda aksariyat maktab direktorlari test sinovlaridan o'ta olishmadi: ular safida Nargiza Boymirzayeva ham bor edi.
Mana shunday antiqa test sinovlari haqida menga Ohangaron shahridagi tajribali va malakali pedagoglardan biri Sharofxon Ahrorov quyidagilarni gapirib bergandi:
— Bilasizmi, test savollari shu qadar g'alatiki, hatto savollarga har qanday professor, fan nomzodlari ham javob berishlari mushkul. Hayron qolaman, mana shunday “test”lardan kutilgan maqsad nima ekan o'zi?..
Nargiza Boymirzayevaning testdan o'tolmaganligi haqidagi xabar Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi rahbariyatiga ham yetib keldi va bu gapni ular negadir quvonch bilan kutib olishganga o'xshardi.
Lekin bu orada Nargiza qaytadan imtihon topshirib, sertifikat olishga muvaffaq bo'ldi.
Biroq Boymirzayevaga tinimsiz telefon qo'ng'iroqlari yog'ila boshladi.
“Boshqarmaga tez yetib keling!”
Navbatdagi qo'ng'iroqlardan birida Boymirzayevaga yaxshilikcha o'z xohishi bilan ishdan bo'shash to'g'risida zug'um qilishdi.
Asablari haddan tashqari charchagan N.Boymirzayeva nihoyat 2025 yilning 23 iyun kuni boshqarma boshlig'i nomiga o'z xohishi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to'g'risida ariza yozib berdi.
Bu xabarni maktab jamoasi va Ohangaron shahar aholisi norozilik bilan kutib oldi va Nargizaga arizasini qaytarib olish haqida maslahat berishdi.
2025 yilning 27 iyun kuni Boymirzayeva boshqarma boshlig'iga muqaddam yozgan arizasini oqibatsiz qoldirish uchun ariza qoldirdi.
Buni qarangki, boshqarma rahbariyati buni pisand qilmay, xuddi shu kuni, ya'ni 2025 yilning 27 iyun kuni 400-“k” sonli buyruqqa asosan N.Boymirzayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qildi.
Demak, nima qilib bo'lsa ham Nargiza Boymirzayevani ishdan bo'shatish asosiy maqsad edi…
Bundan norozi bo'lgan Boymirzayeva Ohangaron tumanlararo fuqarolik sudiga ishga tiklash to'g'risida da'vo arizasi kiritdi.
Sudya da'vo arizasi yuzasidan bir necha bor sud majlislarini o'tkazdi. Guvohlarning tushuntirishlarini diqqat bilan tingladi va nihoyat, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 26-sonli qarorining 21-moddasidagi “sudlar da'vogarning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizasini ish beruvchining qistovi natijasida berganligi to'g'risidagi vajlarini sinchkovlik bilan tekshirmoqlari lozim, ish beruvchi tomonidan uni ariza yozishga faol ravishda undash harakatlari ham qistov sifatida baholanishi lozim” degan bandga e'tibor qaratdi.
O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 266-moddasiga ko'ra, sudning ishga tiklash to'g'risidagi hal qiluv qarori darhol ijroga qaratilishi lozim.
Biroq boshqarma 2025 yilning 12 noyabr kuni, ya'ni sudning hal qiluv qarori chiqqanidan yigirma kun o'tgach, N.Boymirzayevani ishga tiklash to'g'risida 925-“k” sonli buyruq chiqarishga majbur bo'ldi.
Biroq bu buyruq bilan birga shu kuni, ya'ni 2025 yilning 12 noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasi, 2-qismi 3-bandiga ko'ra, ya'ni xodimning malakasi yetarli emas vaji bilan N.Boymirzayevaga 2025 yil 1 dekabrdan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ogohlantirish xatini ham qo'liga tutqazishdi.
Bundan “O'ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” degan ma'noni tushunish mumkin edi.
Ish beruvchining yarim varaq ham kelmaydigan ogohlantirish xati shu qadar kulgiliki, unga haftada bir kun ishga chiqmasligi haqida tushuntirishibdi-yu, biroq Mehnat kodeksining 144-moddasi asosida unga boshqa ish o'rnini taklif etishni unutishibdi…
Boshqarmaning ogohlantirish xatidan shu holat ma'lum bo'ladiki, “bo'ldi, biz o'z huquqini talab qiladigan maktab direktori bilan ishlashni xohlamaymiz, biz sudga murojaat qilganlarni yoqtirmaymiz, uni maktabdan haydaymiz” degan fikrlar kelib chiqadi va pensiyasiga bir yil qolgan xodimni izzat-ikrom bilan kuzatish o'rniga ko'chaga haydab solishni ma'qul deb biladilar.
Qani bu yerda inson qadri, qani bu yerda oqibat va odamgarchilik?
Yana bir gap.
Boshqarma tomonidan 2025 yilning 14 noyabr kuni N.Boymirzayeva nomiga g'alati bir bildirishnoma yuborilgan. Unda go'yoki Ohangaron shahridagi 1-umumiy o'rta ta'lim maktabi direktorlik ish o'rni bo'sh, ya'ni vakant deb ta'riflangan va N.Boymirzayevani qandaydir suhbatga chorlashibdi. Qiziq, nahotki boshqarma boshlig'i O'zbekiston Respublikasi nomidan 2025 yil 22 oktyabr kuni chiqarilgan sud qarorini tan olmasa? Sud qarorida esa “N.Boymirzayeva darhol ishga tiklansin” deyilgan, tamom-vassalom!
Shuningdek, N.Boymirzayeva sudning hal qiluv qarorida ko'rsatilgan 21 million so'm majburiy progul uchun ish haqi va besh yarim million so'mlik ma'naviy zararni davlat byudjetiga zarar bo'lmasin deb undan voz kechish to'g'risida ariza ham yozganligini bildirdi.
Holbuki, O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 184-moddasida ta'kidlanishicha, sudlar ishga tiklash to'g'risidagi fuqarolik ishida uchinchi shaxs sifatida mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqqa imzo chekkan mansabdor shaxsni sudga jalb etishi va davlat tashkilotiga yetkazilgan zararni uning zimmasiga yuklash to'g'risida ajrim chiqarishlari kerak edi.
Bu borada esa sudya ancha odamgarchilik qilibdi.
Bir ayol kishiga shu qadar zug'um, shu qadar adovat va tazyiq insofdanmi? Qachonki, odil sudlov tomonidan masalaga xolis baho berilgan bo'lsa!
Ishonchimiz komilki, O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi adolat bilan ish ko'rib, muammoning yechimini topadi.
Ozod XUShNAZARZODA,
jurnalist.
