Fransuzcha gapira olasizmi?

Aziz NESIN
Fransuzchadan tarjima qilgan romanimni kitob sotuvchisiga tashlab, pulini oldim-da, Boyazid masjidi tomon yura boshladim. Qarasam, ro'paramdan sollana-sollana bir hurliqo kelyapti. Ochig'i, kishi atrofida hamma vaqt go'zallar bo'lishi mumkin. Ammo so'z beraman, odam bunday ofatijonning farqiga, albatta, boradi. Hozir kim bilan bo'lsa ham garov o'ynayman, bu ayol fransuz!
Sochining uchidan tortib tuflisining poshnasiga qadar Parij atiri ufurib turar, nozik bo'ynidagi oq xolli havorang ro'moli shamolda yo'lovchilarni qo'ng'iroqdek chorlardi. Men sizga nima dedim, fransuz dedimmi, ana, u ko'cha mirshabi tomon ketdi. Gaplari shundoqqina eshitilib turardi.
— Esküze muva Mösyö L’ajan… Parle vous Franse?
Mirshab hayron bo'lib so'radi:
— Xizmat, xonim?
— Parle vous Franse?
Mirshab ayolga nimanidir tushuntirishga harakat qilar, qo'lidan hech vaqo kelmaganidan tinmay kaftini qimirlatar, sohibjamolga yordam berishga tirishardi.
Buni qarang-da endi. Turist, turist deymiz-u, o'zi oyog'imizning tagiga kelib tursa-yu, uning na tilini bilsak va na dardini anglasak. Ammo mirshabning xorijlik mehmonga yordam berishga shayligi tahsinga loyiq. Nihoyat, ilojsiz qolganidan u yo'ldan o'tib ketayotganlarga qarata:
— Hoy, hoy, kechirasiz, orangizda fransuzchani biladiganlar bormi? — dedi. Lekin bilgich bo'lmadi. Faqat bir keksa odam yo'l-yo'lakay:
— Esiz, bilsam edi, jon deb yordam berardim, — dedi va qo'shib qo'ydi. — Yoshligimizda “donne muva” deb yurardik hartugul. Yoki “donne muva ön beze”midi, ishqilib-da…
Mirshab sho'rlik fransuz xonimiga astoydil ko'mak bermoq istardi. Shu payt qo'li bilan ayolga “yur” ishorasini qildi va birgalikda chetdagi yo'lakka chiqdilar. Yo'lda o'n besh-o'n olti yoshlardagi o'quvchilar kelishardi. Mirshab o'smirlardan birining bilagidan tutdi-da:
— O'g'lim, parle vous Franse? — deb so'radi. Yigitcha biroz dovdiragancha do'stlariga qaradi. Mirshabning yarim turkcha, yarim fransuzcha gapirishi yoshlarni hayron qoldirgandi. U yana boshqa bir o'spiringa yuzlandi:
— Parle vous Franse, o'g'lim?
O'quvchi:
— Yo'q, amaki… — dedi.
Uchinchisi:
— Uzr, men ham gapirolmayman, — dedi.
Mehmon xonim esa:
— Par u il fo aile… — derkan, tevarak qiziquvchilarga to'lib ketdi. Yordamga shay bo'lganlardan biri:
— Inglizcha bo'lsa bajonidil. Inglizchani ammo qiyvoraman, — dedi. Boshqasi bo'lsa:
— Inglizchani hamma biladi, — dedi shartta.
— Ha, xotin bechoraga qiyin bo'pti. U tag'in hojatxonani so'rayotgan bo'lmasin.
— Voy, sho'rlik…
— Yordam beraylik bechoraga.
Har tarafdan haybarakallachilar to'plangan paytda, bir yigit turkchani fransuzchadek gapirsa, juvon tushunadigandek, shunday dedi:
— Madam… Pardon… Ya'ni siz haligini izlayapsiz… Shundaymi?
— Haligi demang-ey, chet ellik xonim uyaladi axir, — dedi yana biri uning gapini tuzatib.
— Tuvalet…mi, xonim? Shuni so'rayapsizmi?
Mirshab esa yana o'quvchilarga o'girilib dedi:
— Sizlar qanday o'quvchisizlar-a? Bir “Parle vous”ni tushunmasangiz, hayf sizlarga!
Shu mahal o'smirlardan biri shoshgancha xonimdan:
— Parle vous Franse? — deya so'radi. Juvon esa kulimsiragancha o'z tilida:
— Vly… Natürelman… U e la müze d’arkoloji? — dedi.
Mirshabga jon kirdi. Yigitchaning ajnabiy tilda gapirayotganidan mamnun, uni endi o'rtoqlari yonida dastaklashga tushib ketdi:
— Barakalla, qani, o'g'lim, javob ber-chi. Yanayam ko'proq “Parle vous Franse” degin-chi, qani, ko'proq gapir!
— Amakijon, boshqa gapirolmayman, faqat o'qiy olaman, xolos, — dedi xaloskor ham. Buni eshitib, og'aynisi gapga qo'shildi:
— Ie, axir fransuz tilidan o'ndan to'qqiz ball olding-ku. Qani endi gapir, ko'raylik-chi?
— Grammatikadan so'rasa, bilaman, qarasang-chi, nuqul “parle vous” deyapti, — dedi bola ham noiloj.
Endi ayol so'raganiga pushaymon bo'lgandek turardi, ketay desa, u uchun shuncha olomon jon kuydirib yotibdi. Kamiga dastyor mirshab to'planganlarga qarata:
— Xo'sh, nahotki ichingizdan birorta “parle vous” fransuzchani biladigan bo'lmasa? — dedi hafsalasi pir bo'lib.
Orqadan kimdir baland ovozda gapirdi:
— Haligi, nima edi-ya qurg'ur. “Komsi, komsa”midi?
— “Komsi komsa” deyilmaydi, birodari aziz, — dedi kimdir kinoya bilan.
— Unda nima deyiladi, afandim, ayting-chi?
— “Ön pö” deyiladi, “ön pö”…
— Haaa, “ön pö” deyilarkan, qoyil! Keling, unda fransuzchani chalpak qilib tashlang-chi!
— Tajriba yo'q, azizim, tajriba. Kitob bo'lganidami, ag'dar-to'ntar qilib tashlardim sizga, — dedi bilag'onlik qilib.
— To'g'ri aytdingiz, do'stim. Shuning uchun tarjima boshqa, “parle vous” boshqa…
Bu orada haligi o'quvchilar bir-biriga gap qotdi.
— Hech qursa, sen gaplash.
— Nima deyin axir, bu xotin meniyam tushunmasa, sharmanda bo'laman.
— Fransuz xotinlariga “bey”ni qanday aytadi?
— O'g'lim, “bey” har so'zda bir xil. Fransuzcha uchun alohida so'z yo'q.
Go'zal mehmonga g'ala-g'ovurning bir nafi tegmayotganidan mirshabning joni siqilar, ora-orada boyagi yoshlarga: “Ichingizda shu xotinni mot qilib qo'yadigan bitta mard topilmaydi, esiz”, deb qo'yardi. Shu mahal fransuz tilidan o'ndan to'qqiz ball olgan haligi o'quvchi uyala-uyala:
— Regüliye fe'llarini so'rasin, mayli, javob beraman, — dedi. Uni tushungandek, ayol dona-dona qilib tushuntirdi.
— Pardon… Mösyö L’ajan, je mere aile o müze d’arkoloji En sikö o pale dö Topkapi?
Mirshab darhol yigitchaga qaradi:
— Nima dedi?
— “Topkapi” deyapti.
Keksa yo'lovchi so'radi:
— Ya'ni bu xotin Fransiyadan ataylab Topkapiga kelibdimi?
— Axir bu turist bo'lsa, istasa Topkapiga, istasa chopkapiga keladi, sizga nima? — dedi birovi.
— Shunday-ku-ya, lekin Topkapida nima qilarkin, qiziqayapman, — dedi qariya ham bo'sh kelmay.
Xijolatdan yer bo'lgan mirshab esa har zamonda tomoshatalablarga qarata:
— Orangizda shu fransuz tilida ikki og'iz gapni eplab gapiradigan nahotki topilmasa, — derdi umid bilan.
Taloto'pda hassasiga suyangancha turgan boshqa bir qariya:
— Mening xotiram pand bermasa, bir nechta so'zlarni bilardim, — dedi qaltirab. — Biroq buni xonimga aytib bo'larmikin?
— Ayting, xudo xayringizni bersin, nimadir deng! — dedi mirshabning toqati-toq bo'lib.
— Nima desam ekan. Buni, adashmasam, o'ttiz yil oldin Shahzodaboshidagi Tuluat teatrida eshitgandim. Xotiramdan ketmagan bo'lsa, “Je vuzem je vuze dö tu mon kör… Ah mon amur…”midi, vallohu alam.
Hammaga qarab, hayron bo'layotgan ajnabiy go'zal birdan xandon otib kuldi-yu, so'ng:
— Je vure mersi Mösyö… Me il… — deya dardini tushuntirishga urindi.
Hech kim xonim nega kulganini anglamasa-da, yig'ilganlar bir yengil tortdi. Mirshab esa oxirgi umidli nigohlarini o'quvchilarga qadab:
— Qani, o'g'lim, yana bir urinib ko'r-chi, buning hech qiyin tomoni yo'q, — dedi boyagi bolaga yolvorgandek. Ellik yoshlardagi boshqa kimsa esa shunday dedi:
— Hozirgi bolalar dangasa, shataloq otib yurishsa bo'lgani. Bizning paytimizda men maktabda o'qib yurganimdayoq Pyer Lotining asarini tarjima qilib bo'lgandim. Bunday “parle vous” fransuzchasini bulbul kabi sayratib yurardim.
— Ha, nimasini aytasiz. Esimda, fransuz tili o'qituvchimizning darsda xatosini topganim uchun meni sinfdan chiqarib yuborgandi.
Bu gapning zavqidan orqada turgan bir yigit kaftini og'ziga olib bordi-da, g'alati tovush chiqardi. Hamma gurros kulib yubordi. Ammo boyagi nusxa pinagini buzmasdan davom etdi:
— Endi bo'lsa odamning esida fransuzcha qoladimi, tavbangdan ketay? Kecha nima yeganimni eslolmayman-ku.
Kimdir luqma tashladi:
— Haqiqatni aytadigan bo'lsam, hamma ayb o'zida.
— Nimaga? — dedi kimdir.
— Xotin boshing bilan begona mamlakatga kelyapsan, bir-ikkita turkcha so'zni o'rganib kelsang asakang ketarmidi a, nima dedingiz?
— To'ppa-to'g'ri! Shunday bo'lsaydi, amallab ishora qilib bo'lsayam tushuntirardik, — dedi sherigini ma'qullab ayollardan biri.
— Ha, ayb o'zida. Qani anglasaydi, unga hech bo'lmasa bir qahva ikrom etardik.
— Qahva nima bo'libdi, men uni tushlikka taklif qilardim.
— Xo'sh, buni unga qanday tushuntirardik?
— Ovqat “manje” deyiladi, — dedi bolalardan biri topag'onlik bilan.
— “Manje”ni hamma biladi, qarog'im. Salon-palon degan ko'p so'zlarning nomi zotan o'sha yerdan kelib chiqqan, — dedi boyagi xotin o'zini dono ko'rsatib.
Olomon ichidan chiqishga urinayotgan ayolga mirshab yo'lboshchilik qilarkan, go'yo uloviga odam chorlayotgan kirakashdek:
— Qani, kim “parle vous Franse…”ni biladi, bitta bo'lsayam bormi? — derdi gavjum joyga umidlanib. Shu zamon bir o'quvchi:
— Aytgancha! — deb yubordi.
— Demak, esingga tushdi, qani, gapir, o'rtoq, — dedi hamsabog'i dalda berib. Bolalar orqada pichir-pichir gapira boshlashdi.
— Haligi… “aruvar” fe'lining endikativi nima edi?
— “Jave, tü ave, il ave, nu zavon, vu zave il… zave”mi, oxirgisimi?
— Yo'q, sen “passe sempl”ni aytayapsan…
— Avvalo, bu “parle vous” fe'li negativmi, pozitivmi, shuni bilish kerak!
Sabr kosasi to'lgan ayol odamlarning ichidan chiqmoqqa urinarkan, mirshab:
— Madam, pardon… ün münit… Bolalar endi gapirishadi, — dedi uni to'xtatib.
Keyin bolalarga:
— Qani endi, yigitcha, g'ayrat qil, — dedi ishonch bilan. Qaysi biridir: “Buning o'rniga “Jö süvi” ishlatiladi”, desa, boshqasi: “Xo'p, undan keyin-chi?” derdi. Bu orada tamoman charchagan xonim ularga gapirdi:
— Jö vu rö mersi mösyö L’ajan. Jö viyen dö şanze L’ide si vu vule le son la disküisyon…
O'quvchilardan biri esa tushungandek:
— Ha, madam, jö süi parle Franse, — dedi.
Turganlarning bari birdan o'spirinni olqishladi. Odamlar nihoyat fransuz xonimi bilan kimdir gaplashishga muvaffaq bo'ldi, deb o'ylashdi yoki shunday bo'lishini chin dildan istashdi. Oqibatda juvon talato'pdan chiqdi-yu, yo'liga ravona bo'ldi…
Sezib turibman, hozir kaminadan: “Modomiki, siz fransuzcha romanni tarjima qilibsiz, nima uchun ayol bilan o'zingiz gaplashmadingiz?” — deya so'rayotgandirsiz. Qani edi, men bu tilni bilsam… U holda qanday qilib asar tarjima qilayotibmanmi? Nafsilamrini aytsam, eski turk tiliga bir qancha fransuzcha kitoblar o'girilgan. Kamina esa o'sha eski yozuvlarni yangi turkchaga ag'darib qo'ya qolaman, xolos. So'ng ularni fransuzchadan tarjima qildim, deyman-u sotaman. Kim ham mendan “Parle vous Franse?”ni so'rardi deysiz?..
Turk tilidan
Nargiza ASADOVA tarjimasi.