Oltin asrning mustahkam qo'rg'oni
Tarix haqiqati har doim barhayot. Zamonlar, saltanatlar to'lg'og'ida ularga munosabat o'zgarib borishi, ba'zan panada qolishi, ba'zan bo'rtib turishi mo''tadil hol bo'lsa ham, tarix haqiqatidan yuz o'girib bo'lmaydi. Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davriga ko'z-qarash bunga yorqin misol: yondashuvlar necha alvon yangilandi? Hatto o'tgan asrning oxirlarida munosabatning birdaniga, hozirgi darajada keskin o'zgarishi kimlarnidir dovdiratib qo'ydi: “Yo'g'-e, bunchalik emasdir. Nahotki yuz yil oldingi gap-so'zlar butunlay yolg'on bo'lsa?” Bu shubhani amalda tasdiqlaydiganlar hozir ham topilyapti: turli darajadagi voqeliklarni bo'rttirib ko'rsatib, o'sha kunlarga soya tashlashga, panada qoldirishga urinishlar urchib ketdi. Hatto vorislik masalasida uzoqni ko'ra olmaganlikda ayblab, tarixning muhtashamligiga shubha bilan qarashlar ko'zga tashlanyapti.
Hamma gapda jon bor, daraxtning shoxi behuda qimirlamaydi. Lekin insof yuzasidan qaraganda, har qanday jo'n bir dalilni boshqalari bilan taqqoslab, qo'l yetmas darajada yuksaklik va tengsizlikni anglash qiyin emas. Masalan, davlatni yo'qdan bor qilish va 35 yilda jahon sahniga olib chiqish; holbuki, ko'plab buyuk shaxslarga hokimiyat meros bo'lib o'tgan. Nafsilamrini aytganda esa katta g'alabalar katta qurbonliklar evaziga qo'lga kiritilgan — tarixning xulosasi shunday. Natija esa erishilgan yutuqning salmog'i, bo'y-basti bilan o'lchanadi. Axir Temuriylar davri madaniyati butun bir mintaqaning obro'yini bugun ham ko'zko'zlab turibdi-ku. Hali ochilmagan qancha sinoatlar bor? Qolaversa, u kunlarning ruhi, shukuhi bizni butunlay tark etgani yo'q. Tarix kitoblarini o'qib, o'sha davrda shakllangan dunyoviy unsurlar hamon maishiy hayotimizda, turmush tarzimizda, qolaversa, fe'l-atvorimizda yashayotganiga qayta-qayta ishonch hosil qilamiz. Gapning indallosi esa Temuriylar davlatchiligining an'analari bizning hozirgi hududlarimizda to chor bosqinigacha (aniqrog'i, 1876 yilgacha) ustuvor bo'lgan.
…Bobur Mirzo Buyuk Turonni tark etgach, bu hududda tizginsiz boshboshdoqliklar boshlanib ketgani ham haqiqat. Oqibat shu bo'ldiki, Temuriylar saltanatining qalbi uchga bo'linib ketdi. Mazkur uchlikning qanday davru davron surgani ko'pchilikka ma'lum, ammo ular ayri-ayri hududlarda umrguzaronlik qilsa-da, o'tmishni, bugun Ikkinchi Renessans deb yuritilayotgan tamaddunning saboqlari, tajribalari va an'analari unutilmagan. Garchi poytaxt Buxoroga ko'chgan bo'lsa ham Samarqandning mavqei bir sharif shahar darajasida ko'rildi, undagi Sohibqiron xilxonasi qiblagoh sifatida e'tirofda bo'ldi. Xiva xonlari, Buxoro amirlari, Qo'qon xonlari (1709 yildan keyin) bu tabarruk go'shaga o'z ehtiromlarini izhor qilish bilan birga saltanat tartiblarida o'sha shonli yillarda shakllangan mo''tabar an'analarni dasturulamal deb bildilar va faoliyatlarida qo'lladilar.
Hindistondan Bobur podshoh va uning avlodlari Go'rimir xarajatlari uchun har yili katta miqdorda mablag' jo'natib turishni odat qilganlar. Xorazmda hukmronlik qilgan Ko'chkinchixon (onasi Robiyasultonbegim — Ulug'bek Mirzoning qizi) 1519 yilda Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sini fors tilidan Muhammad Ali Buxoriy tomonidan eski o'zbek tiliga tarjima qildirishga erishgan. Shuningdek, “Ravzat us-safo” va boshqa o'sha davrga xos tarixiy asarlar ham o'zbek tiliga o'girilganki, bu hol o'tmishning munavvar kunlari doim amaliyotda asqatganligi, faoliyatni yoritib turganligini anglatadi. Hindistonda shahzoda Shohjahon (Xurram) 1637 yilda Muhammad Hifz al-Buxoriyga “Temur tuzuklari”ni “Zafarnoma” bilan solishtirib, mukammallashtirishni topshiradi. Buxoro amirlari va xonlari muttasil Samarqandga tashrif buyurib, o'z e'tiqodlarini izhor etib turganlar, ular Oqsaroyda toj kiyishni o'zlariga sharaf deb bilganlar. Ashtarxoniy Imomqulixon o'z shajarasini Amir Temurga bog'lab yozdirgan. 1835 yilda Qo'qon xoni Madalixon Sohibqironning tarjimai holiga oid “Zafar yo'li” kitobini forschadan o'zbekchaga tarjima qildirdi.
Xullas, bunday vobastalik yuzasidan ko'plab misollar keltirish mumkinki, Temuriylar shuhrati va obro'si yillar osha yurtimizga hamnafas bo'lgan. Agar gapning nafsilamrini aytish lozim bo'lsa, bu muhtasham kunlar shukuhi Qo'qon xonligida, aniqrog'i, Farg'ona vodiysida to'laroq va mukammalroq hamda uzoq vaqt yashab qolganini tarixiy dalillar tasdiqlaydi. Bu fikrni quvvatlaydigan bir qancha misollar mavjud. Avvalo, Buyuk Turondagi eng so'nggi Temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur Andijonda hukmronlik qildi va u 1504-1505 yillarda Amudaryodan o'tib, Xurosonga yo'l oldi. Shundan keyin mintaqada Shayboniylar mavqei kuchaydi, ular poytaxtni Buxoroga ko'chirishdi. Bu sulolaning o'z davlatchilik uslubi va tutumlari borligini esdan chiqarmaslik lozim. Ular Temuriylardan farq qilib, ko'chmanchilar madaniyatiga xos udumlarni saqlagan edi va bu hol joriy bo'lgan shahar tartiblariga ba'zi o'rinlarda mos kelmas edi.
Qolaversa, Temuriylar xonadonida ulg'aygan va tarbiyalangan Muhammad Shayboniyxon bu sulolaning zaiflashganini sezgach, harakatlarini kuchaytirgan. Muhammad Shayboniyxon ham o'z xizmatiga yarasha bahosini olgan, uning qismatini bir qur eslab qo'yish zarar qilmaydi. Albatta, ko'chmanchilarning yangi asrdagi avlodlari ma'rifatli zotlar sifatida salaflarining tarixiga hurmat bilan qaragan, Samarqandning ham mavqeini saqlashga astoydil intilgan. Xiva xonligi hududi jihatidan ajralib qolgan bo'lsa-da, o'tmishga hurmat saqlagan, jumladan, Temuriylar tarixi shukuhi, Samarqand shahri maqomini doimo yodida tutgani aniq, ma'rifatli namoyandalar turkiy yaxlitlikni saqlash uchun kurashgani ham bor gap.
Demak, taqdirning o'zi Temuriylar sulolasiga to'g'ridan-to'g'ri merosxo'rlik qilishni Qo'qon xonligiga ham nasib etgani tasodif emas. Keyingi ba'zi dalillar ham bu hol mantiqan to'g'ri bo'lganini ko'rsatadi. Xususan, mazkur haqiqatni Shahrisabz va Kitob bekliklari keyinchalik mang'itlar sulolasi boshqargan Buxoro xonligi bilan muxolifatda bo'lib kelgani, Farg'ona bilan doimo aloqalarni mustahkamlashga intilgani ham tasdiqlab turibdi.
Tarixda esa Buxoro bilan Shahrisabz o'rtasida keskin to'qnashuvlar bo'lgani, bir necha marta hujumlar uyushtirilgani qayd etilgan. Bu ko'chmanchi va shahar madaniyatining, aniqroq qilib aytganda, Chingiziy va Temuriy qadriyatlarning to'qnashuvi edi, jo'n qilib aytganda, urug'lar o'rtasidagi mojaro edi. Shu tufayli keyinchalik Shahrisabz va Kitob beklari Bobobek va Jo'rabek muxtoriyat talab qilib, Qo'qon bilan yaqinlashishga harakat qilganlari aniq dalil, hatto bunga erishganlar ham. Mazkur vazifani amalga oshirganlar, ya'ni bir necha yillar ular mustaqil siyosat yuritganlar. Shahrisabz ahli orasida bir rivoyat yurardi: Buxoro hukmdori har nahor kun chiqishga qarasa, bir minora ko'rinar va uning havasini qo'zg'ar ekan. Nihoyat, uni ko'rishga ahd qilibdi va yo'lga tushibdi. Ammo kun bo'yi yo'l tortsalar ham minoraga yeta olishmabdi. Ularning suv va ozuqalari tugab, juda abgor bo'lishibdi. Keyin jahli chiqqan xon minorani buzib tashlashga farmon beribdi. Bu Shahrisabzdagi Oqsaroy bo'lib, ertalab oftob nurida oppoq bo'lib tovlanar, mahobatidan Buxorodan ham ko'rinib turar ekan.
Albatta, bu xalq hikoyasi, lekin unda haqiqat unsuri bor, hatto buyuk va salobatli imoratning vayron bo'lishi va xarob holga kelishi sabablariga ishora ham yashiringanga o'xshaydi. Faqat bu emas, yillar davomida ikki hudud o'rtasida bir necha marta qonli to'qnashuvlar ham yuz bergan. Bunday ziddiyatlarning keskinlashuvini yuzaga keltirgan ko'plab omillar borki, ularning tahlili va sharhi alohida, maxsus mukammal tadqiqotlarni talab qiladi (shu o'rinda Kenagasbegimning qismatini eslash o'rinsiz bo'lmaydi). Yakun esa juda dahshatli. “Bo'linganni bo'ri yer” degandek bo'ldi: chor istilochilari bostirib kelganda kuchlarni birlashtirib bo'lmadi…
Totalitar tuzum esa Buyuk Amir Temur dunyoga kelgan shaharning mavqeiga putur yetkazish uchun jiddiy choralar ko'rdi. Hatto shaharning etnik tarkibini buzib yuborish uchun dastlab yahudiylar, keyinroq qrim-tatarlarning ko'plab oilalarini ko'chirib keltirdi. Kitob muzofotiga qiziqqon kavkazliklar olib kelib o'rnashtirildi. Ular maishiy xizmat, transport, savdo, hunarmandchilik, hatto sog'liqni saqlash sohalariga faol aralashib ketishdi. Natijada shaharda ijtimoiy muhit jiddiy o'zgarishlarga duch keldi. Muhtasham Oqsaroy esa qarovsiz holga keltirildi, bosqinchilar tomonidan to'pga tutildi, uni buzish uchun hasharlar uyushtirildi, koshinlari ko'chirilib, boshqa binolarni ta'mirlashda ishlatildi. Shunchalik ko'rimsiz holga keltirildiki, beso'naqay taxta devorlar bilan o'rab tashlangan obidani dunyoning go'zal imoratlaridan biri ekanligiga ishonish ham qiyin edi…
* * *
1709 yilda Buxoro amirligidan ajralib chiqqach, Qo'qon xonligi o'z tutumi bilan kun ko'rishga kirishdi. Shungacha Bobur Mirzo bu hududlarni tark etgandan keyingi ikki asrdan ortiqroq vaqt esa turli bo'hronlar ichida kechgan. Muhammad Shayboniyxon iqtidorga kelgach, Farg'ona mulkini boshqarishni o'z qarindoshlaridan bo'lmish Jonibek Sulton Abulxayrxon o'g'liga topshiradi. Bu hol shu bilan hammasi izmiga tushib ketdi, degani emas, chopqinlar davom etardi. 1560 yilda qozoqlarning katta juz sultonlaridan Buydashxon o'ttizta qozoq xoni ixtiyoridagi qo'shinga bosh bo'lib, Farg'ona vodiysiga Talas orqali bostirib keladi. Ular bartaraf etilgach esa qalmoqlar suqilib kiradi. “Shayboniylarning aksariyati o'z hukmdorlik faoliyatlarini hokimiyat uchun o'zaro kurash, Erondagi Safaviylar, Xurosondagi turkmanlar va Dashti Qipchoqdagi qozoqlar bilan tinimsiz urushlarda o'tkazib, mamlakat rivoji, obodonchiligi kabi muhim ishlarga e'tibor qarata olmadilar” (Muhammad Yahyoxon Xo'qandiy. “Oltun beshik”. T., 2025) Faqat Abdullaxon II (1533-1598 yillar) davrida madaniy hayot jonlandi, obodonchilik ishlari rivojlandi. Boshqaruv navbati Ashtarxoniylarga o'tgach, Farg'onada Maxdumi A'zam avlodlaridan Chodak xojalarining mavqei oshdi. Nihoyat, Amir Temur davrida yuqori mavqega erishgan Minglar sulolasi maydonga tushdi va Shohruhbiy boshchiligida mustaqil Qo'qon xonligi yuzaga keldi.
Albatta, Qo'qon xonligi tarixi ancha batafsil tadqiq etilgan. Bu yerda muddao an'analar davomiyligi va Buyuk Turonda shakllangan davlatchilik tizimida qanday manzara bardavom bo'lganiga e'tiborni qaratishdan iborat. Ortda qolgan suronli yillar boqiy an'analarga zaxa yetkazgan bo'lsa-da, mohiyat o'zgarmay turgan edi, ya'ni xonlikda Temuriylar (Zahiriddin Muhammad Bobur timsolida) ustuvor qilgan tartiblar saqlanib qolgandi. Bu holga oliq-soliqdan tortib dehqonchilik-bog'bonlikkacha, tijoratdan ma'rifatgacha — barcha jabhada amal qilgan tizimlarni alohida o'rganib va tadqiq qilib, qat'iy ishonch hosil qilish mumkin. Bunga shubha yo'q. Shuningdek, xonlarning tutumlari oldin amalda bo'lgan tartiblarga asoslangani ham rost (buni ko'plab aniq misollar tasdiqlaydi). Tabiiyki, taxt egalari o'z nasablarini unutmaganlar va buni iftixor bilan qayd etganlar. “Vujudim gulbuni Temur Ko'ragon gulistoni shajarining samarasidir, Xilqatim niholiki, Bobur sulton chamanining navbodasidur” deb yozadi Amir Umarxon (Amiriy) devonining debochasida. “Sayodat xonadoni Shohi Bobur nasli pokiman, Xudoyo, rahmat ayla jumla ajdodi izomimni” deya faxr bilan qayd etadi shoira Nodira (Mohlaroyim). (Yoki “Oltin beshik” voqeasini eslaylik).
Saroylarda qaror topgan adabiy muhit, ilm-fan, san'atga homiylik XV asr osmonini yoritib turgan munavvar kunlar shukuhini yodga soladi. Hatto mushoiralarda o'qilgan “Shoir Ado so'zini Navoiydan o'tkazsa ne tong, Sulton Husayn afzalmi yoki Amir Umarxon?..” singari bir oz havoyi satrlarda ham ular ulgini kimdan olgani, demak, ajdodlarning xayrli amallari bardavom ekanligini ta'kidlash kayfiyati bo'rtib turmayaptimi?! Po'latxon domla Qayumiy 6 daftardan iborat tazkirasida 325 nafar shoir va ijodkorning nomini qayd etgan ekanlar. Bunday shukuhli davron tarixda bundan oldin faqat Temuriylar davrida bo'lgan edi, xolos. Yana boshqa juda ko'plab o'lchamlar borki, ular Qo'qon xonligi Temuriylar davlatining qonuniy merosxo'ri bo'lganini so'zsiz tasdiqlaydi.
Davlatchilikda ham tomir otgan va shakllangan an'analar bardavom bo'lganini keyinchalik qayd etilgan bir tarixiy dalil ham aynan yodga tushiradi. 1813-1814 yillarda Qo'qonda bo'lgan Rossiya elchisi Filip Nazarov xonning qabul marosimini shunday tasvirlaydi: “…saroyga yetishimizga uch yuz qadamlar qolganda bizga otlardan tushishga buyurishdi. Darvozadan chiqqan ikki nafar mansabdor saroy ichiga olib kirdilar. Cho'kka tushish buyurildi va amir maktubni qabul qilib olib, yonidagi vazirga uzatdi. Ularning odati bo'yicha uning ikki qo'lini qisib so'rashishim kerak edi…” (O'sha manba, 14-bet). Bu bitiklar Ispaniya elchisi Rui Gonsales Klavixoning esdaliklarini yodga tushirmayaptimi? “Ulug' amir qo'lidan o'pishga ruxsat etmadi, chunki ularda bunday odat yo'q…”
Albatta, an'ana va tartiblarning davomiyligi masalasida ko'plab tadqiqotlar olib borish lozim bo'ladi. Asrlar osha tarix silsilasida an'analar uzviyligi va davomiyligini aniq misollarda yorqin ko'rish mumkin. Masalan, Qo'qondagi Xudoyorxon o'rdasi qurilishida Temuriylar davri me'morchiligi yutuqlaridan foydalanilgani sir emas. Tadqiqotlar binoning tarhini chizishdan qurilishining borishi, ashyolar, masalan, g'ishtlarning tayyorlanish texnologiyasida tayyor tizim va namunalardan foydalanilganini tasdiqlaydi — bundan boshqacha ham bo'lishi mumkin emas edi. O'rda qurilishi o'n yil davom etgan. 18 gektar maydonni egallagan, 4 hovlisi, 114 xonasi bo'lgan (ayni paytda ulardan 19 tasigina saqlanib qolgan). O'rda atrofida bog'lar barpo qilingan va ular Samarqanddagi bog'larga hamohang nomlangan: Bog'ishamol, Bog'idilkusho, Bog'ichinor, Bog'inaqshijahonoro… Albatta, bunday ulkan qurilish tariximizning shonli davrlaridan namuna olib, qad rostlagani kundek ravshan. Demak, an'analarning yashovchanligi, shu bilan birga ularning tadrijiy ravishda keyingi sulola yoki avlodlar tomonidan boyitib borilishi ayni abadiylik muhridir. Avvalo, uncha-muncha urf-odat va udumlar an'ana sifatida yashovchan bo'lmaydi, ularda yashovchanlik kurtagi bormi, demak, hayotiy bo'lib chiqadi. Keyinchalik ularga rivoj berildimi, binobarin, shu darajada salohiyat yuzaga kelgan; endi bu harakatni yangi ufqlar kutyapti. Shahrisabz va Qo'qondagi yillar zarbini yengib, mag'rur yashab kelayotgan purviqor binolar ana shu haqiqatning tasdig'idir.
* * *
Bular oddiy haqiqatlar. Shak-shubhasiz, bunday bardavomlik umummilliy boylikka munosib hissa bo'lib qo'shiladi. Uning umuminsoniyligiga kafil bo'ladi. Shu nuqtai nazardan Temuriylar davri va Qo'qon xonlari tarixini yaxlitlikda, qiyosiy o'rganish fanga hali ko'plab yangiliklar berishi mumkin. Yillar chig'irig'idan o'tib yashab kelayotgan maishiy hayot tarzi (to'y va o'zga marosimlar, xalq bayramlari, boshqa rasm-rusumlar), hunarmandchilik, oshxona madaniyati, liboslar va kiyinish me'yorlari, o'zaro muomala odobidagi sipolik, batartiblik, mayin-muloyimlik singari insoniy go'zalliklarning shaxs tiynatida mujassamlashishi uzoq jarayonni kechirganligi va odatga aylanganligi, bu ko'nikmalar tarixning chuqur ildizlaridan suv ichgani sir emas. Har yumushda me'yorni bilish, adabiyot va san'atga oshuftalik, insonni mavqeiga, hayotda erishgan darajasiga qarab qadrlash singari ko'pda idrok etilavermaydigan fazilatlarning vodiy ahlida (boshqa viloyatlarni kamsitmagan holda) nisbatan yorqinroq ranglarda jamol ochib turishi o'tmishning o'sha farahli kunlaridan yetarlicha oziqlanganligining samarasi emasmikan, deb o'ylab qolaman. Ne tongki, ana shunday zebolik Shahrisabz ijtimoiy-ma'naviy muhitida, turmush tarzida bo'rtib turadi…
Umuman, hali barcha sohada tadqiq qilinadigan mavzular juda ko'p. Bunday yumushlar oddiy tarixiy dalillarga oydinlik kiritishdan umummilliy qiyofani belgilab olishgacha bo'lgan keng qamrovli vazifalarni tashkil etadi. Negaki, turli sabablar bilan tariximizda aniqlashtirilmagan, qiyosiy o'rganilmagan va baho berilmagan o'rinlar yetarli. Jumladan, Sohibqiron qanoti ostiga kirgan — safiga qo'shilgan 20 yashar o'g'li Umarshayx Mirzoni 1375 yilda Andijon hokimi etib tayinlaydi. 18 yil o'tib, 1393 yilda unga Fors hukmdorligi topshiriladi. Endi savollar tug'iladi. Oradan o'tgan yillarda amirzoda Umarshayx Mirzo Andijonda hokim bo'lib turdimi, u qanday ishlarni amalga oshirdi? “Boburnoma”da muallif uni “Ulug' Umarshayx” deb chuqur mamnuniyat bilan eslaydi, chunki bobosining ismi ham Umarshayx Mirzo edi (ikki Umarshayx hayotining mutanosib tomonlari ko'p: tug'ilish va vafot etgan yillari orasida farq — 100 yil, ikkalasi ham shahid bo'lgan…). Manbalarda Ulug' Umarshayxning Andijon hududida “Guliston” deb nomlangan bog' barpo qilgani va mazkur bog' ancha mashhurligi qayd etilgan. Bu haqda, umuman, faoliyati, bunyodkorlik ishlari yuzasidan yana qanday ma'lumotlar bor va ularni qaerdan izlash o'rinli?
Taniqli adabiyotshunos olim Ismatullo Abdullayev (Alloh rahmat qilsin!) bir tadqiqotida Sohibqironning opasi Qutlug' Turkon oqa o'z kanizaklari bilan Qamchiq dovoni orqali Bibi Ubayda ziyoratgohini tavof etishga kelganini, bu voqea ancha shov-shuv bo'lganini qayd etgan edi. Bunday tashriflar bardavom bo'lgani, ular yaxshilikka xizmat qilgani bor gap, lekin olim bu dalilni nimaga tayanib keltirgan? Ana shunday kamyob ma'lumotlar qaerlardadir xilvatlarda, qo'lyozmalar sahifasida bekinib yotibdi. Demak, odamlarning qo'lida hali ilmiy jamoatchilikka ma'lum bo'lmagan kitoblar bo'lishi mumkin. Ularni izlab topish, ilmiy muomalaga kiritish ham yetilgan masalalardandir. Qo'qon davlat muzey-qo'riqxonasi katta ilmiy xodimi Muhammad Yahyoxon Xo'qandiy yaqinda nashr etilgan “Oltun beshik. Xo'qand xonlari tazkirasi” kitobida hali jamoatchilikka ma'lum bo'lmagan ko'plab ma'lumotlarni keltirgan. Ular jiddiy izlanishlarga asos bo'ladi. Umuman, ixtiyorimizda bo'lgan qo'lyozmalar to'la tasnif qilinganmi, o'rganishga kirishilganmi?
Hali ma'lum bo'lmagan sirlar bisyor, ular tadqiqotchilarini kutmoqda.
Xullas, savollar yetarli. Mamnun bo'ladigan jihat shundaki, bu yumushlarga yo'l ochilgan va ular davlat darajasida qo'llab-quvvatlanyapti. Poytaxtimizda hali dunyoda o'xshashi yo'q milliy Islom sivilizatsiyasi markazidek noyob majmuaning bunyod etilishi sa'y-harakatlar qanday o'lchamlarda olib borilayotganiga aniq misol bo'la oladi. Yoki turkiy davlatlarning o'zaro yaqinlashishga jiddiy ko'shish bildirayotgani olamshumul voqea. Davlatimiz rahbarining rahnamoligida yaratib berilgan sharoit, ko'rsatilayotgan e'tibor yanada g'ayrat, jiddi-jahd bilan izlanishlar olib borishga undaydi. Jumladan, boqiy an'analarning davomiyligi va zamonaviy amaliyotini inkishof etish kelajagimizning yana ham purviqor bo'lishini kafolatlaydi. Negaki, daraxtning tomiri qancha chuqur ketsa, bo'y-basti shuncha yuksak bo'ladi, degan haqiqat mavjud. Bu borada Temuriylar, bu silsilaning davomi — Hindistondagi Boburiylar saltanati va Qo'qon xonlari tarixining hamohang jihatlari qiyoslanib, mukammal o'rganilsa, ana shu yumushga munosib hissa bo'lib qo'shiladi.
Hakim SATTORIY
