Jannat darvozasi

Xoliyor SAFAROV

(hikoya)

Muallif haqida:

Xoliyor Safarov – 1983 yil Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida tavallud topgan.

2005 yilda Samarqand davlat universitetining o'zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

Asarlari rus, turk, ozar,  qirg'iz, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.

Yozuvchining “Oy botmagan kechalar” (2010), “Qanotsiz qushlar” (2015), “Nomus va hayot” (2019), “Onamning yolg'onlari” (2024) nomli kitoblari chop etilgan.

Ayni paytda “O'zbekiston tarixi” telekanali “Ilmiy-ommabop telefilmlar” muharririyati katta muharriri vazifasida ishlaydi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Bomdodni ado etgan G'ulom muallim ikki yonga salom berib, endi o'rnidan turayotgan edi, odatdagidek, narigi xonadan g'ingshigan ovoz eshitildi. Joynamozni taxlab, orasiga tasbehni soldi va deraza tokchasiga qo'ydi. Ortiga qaradi: qizi uxlab yotibdi. U oftoba ko'targanicha o'choq ayvonga qarab ketdi. Haligina u bomdodga olov yoqib, suv isitgan va qumg'onni cho'g' ustida qoldirgan edi. Oftobaga iliq suv tayyorlab, iziga qaytdi va tashqari eshik yoniga to'nkarib qo'yilgan mis dastsho'yni olib, hali ovoz kelgan xona eshigi oldiga keldi-yu, tutqichni ushlaganicha buyuk bir kalomni o'qiyotganday jim turib qoldi. So'ngra sekin eshikni itardi. Dimog'iga gup etib, chirk aralash shiptir hidi urildi.

— Yo, Xudoyim-ey…

G'ulom muallim chiroqni yoqdi.

Xonada oltmishdan oshay deganda ayoli vafot etgan, izidan ikki oy o'tmasdan insultga chalinib, chirigan cho'pday to'zib, qurigan qalampirday egilib, go'dakday yengil, ko'zlari ko'rsa-da, qulog'i tom bitib, tildan qolgan va xotirasi ketganligidan o'zini bilmaydigan holga kelgan otasi yotibdi. To'rdagi devorga kashta ilingan va ikki qator taxmon ko'tarilib, o'rtasiga pastak shkaf qo'yilgan. Ustida dori-darmon aralashib yotibdi. Undan tepada chamasi ellik yoshlardagi er-xotin surati. Unda qoshlari qalin, peshanasi keng, qirra burunli qoruvli erkak va ozg'in, kasalmand, xushro'ygina ayol tasviri aks etgan. Eshik tomondagi qo'lbola stol ustiga televizor qo'yilgan. Karavot qarshisida yerga yana bir to'shak solingan. Unda G'ulom muallim o'tiradi va kechalari yotib ham qoladi. Tun-u kun otasining yonida. Hozir ham uyg'oq, shiftga hissiz termilib yotgan padarining ufunat anqigan ko'rpasini ko'tarib, taglikni alishtirdi. Eski paxta ko'ylakni iliq suvga botirib, avratlarini artib chiqdi va karavot ustiga o'tirg'izib, yuz-qo'lini yuvib qo'ydi. Mayin sochiq bilan avaylab artdi… Ammo ota bularning hech qaysini anglamayotgan, hatto his etmayotgan edi… Uning nigohlari noma'lum nuqtaga qadalib qolgan, bir maromda nafas olar, labining cheti osilib, og'zidan majolsiz nam oqib turardi.

— Ota!..

Javob yo'q, his yo'q. Ikki yildan oshdiki, shu ahvol.

G'ulom muallim qaroqlarini ezib, bo'g'zini to'ldirib kelgan g'ussasini ichga yutdi-da, otasini yana joyiga yotqizdi. Dastsho'y bilan oftobani olib, tashqariga chiqdi.

— Dada, choy damlaymi?

G'ulom muallim “hozir” deganday qiziga bir qarab qo'ydi-da, hovli to'riga qarab ketdi. Axlatni o'raga to'kib, oftobadagi suvdan dastsho'yni chaydi. Iziga qaytayotib, atrofga boqdi. Tong yorishib kelyapti. Tevarakdan chumchuqlar chug'uri, itlar hurgani, qo'ylarning ma'rashi, bolakaylarning ovozi eshitiladi. Uning qalbi o'rtandi.

— Onag'ar, yuzsizlik qilmaganida, hozir ikki bolayam uy oldida chug'urlab yurgan bo'lardi…

Qaynotaning to'shakda yotib qolishi kelinga malol keldi, burni jiyirildi. Mahram ishlarni G'ulom muallimning o'zi bajarayotgan bo'lsa-da, iliq suv tayyorlab berish, uy yig'ishtirish, ovqatiga qarash og'ir bota boshladi. Bir hafta o'tmay ochiq aytdi:

— Men sizga otangizning ketini tozalayman deb tekkanim yo'q!

— Hey, og'zingni yop! — shundoq ham o'zi hiqildog'iga kelib yurgan G'ulom muallimning qoni qaynadi. — Nima, malol kelyaptimi? O'zimga tegishlisini o'zim qilyapman-ku!

— Baribir bajarolmaymiz! Boshqalaram qarasin!

— Nima, otamni eplolmayapman deb shahardagi akamga oborib beraymi yoki opamlarnikiga tashlab kelaymi?

— Nima qilsangiz qiling! Lekin men qaramayman!

— Shu yerdan non-tuz yeyapsanmi, meni deb kelganmisan, qaraysan!

— Men sizni deb kelganman, otangizni deb emas! — yig'lab yubordi ayoli. — Bu odam nima qilayotganimizni bilmasa, sezmasa, hatto bizning kimligimizniyam bilmaydi-ku!

— Ey, ahmoq! Axir u otam-ku!

— Bunday odamni nogironlar uyiga topshirish kerak!

Bu so'z jizzaki kelinning og'zidan qanday chiqib ketdi, G'ulom muallim qanday qilib uning basharasiga urdi, bilmaydi. Dunyo ko'ziga qorong'i bo'ldi. Gunohlar azaldan ayol sabab vujudga kelgan. Yodida qolgani — yuragi kirlangan, sabrsiz ayoli dodlab, ularni qarg'ab, bolalarni: “Yur hammang, otang shiptirga botib o'tiraversin! Endi bu uyda tinchlik yo'q!” deb yetaklab, yo'lga tushdi. Boshlang'ichda o'qiydigan ikki o'g'il qo'ziday bo'lib, onasiga ergashdi. Faqat katta qizi — Nasiba qoldi.

— Bormayman! Buvamga kim qaraydi?! — dedi va hiqillab yig'lab yubordi.

— Yur! — baqirdi ayol. — Endi bu uy chirib ketadi… Mosliqxonaga aylanadi!

Nasiba o'zini otasining panasiga yashirib, belidan quchoqlab oldi. Muallimning butun vujudi qaqshadi va lablari gezarib ketgan xotiniga qarab baqirdi:

— Yo'qol, padaringga la'nat! Qaytib qorangni ko'rmay!

Ayol ketdi, qiz qoldi. Qahri qattiq ekan. Shu ketganicha qorasini ko'rsatmadi. G'ulom muallim ham o'rlik qilib, so'ramadi. Maktabdagi ishidan ham bo'shadi.

— Boshqa ilojim yo'q… — dedi direktorga. — Sizni tushunyapman, menga pul ham kerak, ammo endi ishlayolmayman. Bir kun kelib, ikki kun kelolmaydigan bo'lsam, hammasi arosatda qoladi. Xalqning bolasini aldab nima qilaman? Shunchasiga chidayapman, bir it kunim o'tar-da… Hozir otamning yonida bo'lishim kerak.

Shundan beri nafaqaga kun kechiradi. Elchilik, qo'ni-qo'shni so'rab, osh-non ko'tarib chiqadi. Shahardagi akasi yordam beradi, opalari xabar oladi. Non yopib ketadi. Ikki-uch kunlab yonida qolishadi. Ammo har kallada har xayol. Akasi: “Kelinni olib kel”, deydi. Opalari esa: “Unday do'zaxining boridan yo'g'i”, deydi.

— Menga shu xotindan gap ochmanglar… — G'ulom muallim o'rtanib ketadi. Ko'ngil berib, bir yostiqqa bosh qo'ygan ayolining bu sinovda shunday teskari bo'lib qolganini hazm qilolmaydi. — Endi mening jannatim ham, do'zaxim ham otam… Agar uydagi vaziyat sizlarni xijolatga qo'yayotgan bo'lsa, bu haqida o'ylamanglar. Tamom-vassalom!

Vaziyat shunchalik tarang ediki, qaysi jihatdan yondashganda ham barcha tushunchalar, qarashlar buyuk g'oya kabi otaga kelib bog'lanar va hissiz, xotirasiz, abgor yotgan padari buzrukvorning xizmatida bo'lish farzandlardan fidoyilik va jasorat talab qilardi. Muallim esa bularni hech bir og'rinchsiz bajarar edi…

Hozir ham otasining yoniga qaytishi bilan televizor stolida turgan dasturxon bilan kichik kosani oldi. Nasiba choy damlab kirdi. G'ulom muallim kosachaga novvot solib, choy quydi va ustidan non to'g'radi. So'ngra padarini o'rnidan turg'izdi va ko'tarib olib, dasturxon boshiga o'tirg'izdi. Bunday paytlarda qariya g'ingshib, tixirlik qilib qolar, o'g'il esa avaylab, ba'zan imo-ishoralar, ba'zida peshanasi, chakkalarini uqalash orqali tinchlantirib olardi. Hozir ham otasining sohibiga bo'ysunmas oyoqlarini yig'ib, beliga yostiq qo'ydi. Qariya o'zini xiyol orqaga tashladi, boshi devorga suyaldi. Ko'zlari atrofga alang-jalang boqdi. G'ulom muallim uning yoqasiga sochiq qistirdi. Avval suvga qo'shib dori ichirdi. So'ngra qoshiq bilan kosadagi ivigan nondan olib, puflab avval o'zi tatib ko'rdi. Haroratini aniqlagach, otasining og'ziga tutgandi, purkab yubordi. Ivitilgan non bo'laklari dasturxonga, bir qismi bo'ynidagi sochiqqa to'kildi. Nasiba hammasini artib oldi.

— Rahmat, qizim… — dedi va yana otasining og'ziga taom tutdi. Bu gal yedi, ammo to'rt-besh qoshiqdan keyin yana purkab yubordi. Yana artib olindi. G'ulom muallim yosh bolani o'ynatganday qoshiqni avval otasining, keyin o'zining, yana otasining og'ziga tutib, kosadagi nonni oxirigacha yedirdi. Ko'ngli joyiga tushdi. Yana dorisini berdi va ustidan novvot choyni ichirdi. Yana iliq nam latta bilan yuz-qo'llarini artib qo'ydi.

Qorni to'yganidanmi, qariyaning yuzida tabassum balqidi. Bir muddat devorga tiralib loqayd o'tirdi-yu, keyin o'zini yonga tashlab yubordi. Har lahzada nimadir yuz berishiga ko'nikib qolgan muallim otasining yelkasidan tutib qoldi va ko'tarib, yana karavotiga yotqizdi. Shu payt havo buzildi… Nasiba go'yo hech gap bo'lmaganday dasturxonni yig'ishtirdi-da, choynak-piyolani ko'tarib, xonadan chiqib ketdi.

Qariya nonushtadan keyin bir muddat shiftga qarab jim yotadi. Bu paytda G'ulom muallim tashqaridagi ishlarini qilib oladi. Qizini maktabga jo'natadi. Mol-holga qaraydi. Hozir ham chiqsa, Nasiba kiyinib turgan ekan.

— Qizim, sen maktabingga borib kel, — dedi.

— Ha, ketyapman.

— Ha, oynalay sendan. Yaxshi o'qigin.

G'ulom muallim uning boshini silab qo'ydi, ammo ich-ichidan nimadir chirt uzildi.

Nasiba ketgach, dahlizda turgan aravachani tashqariga chiqardi va kelinchaklar kolyaskasini sozlaganday ko'rpacha soldi. Suv va sochiq qo'ydi. So'ngra uyga kirib, otasini ko'tarib chiqdi.

Bemor ilk bora nogironlik aravachasiga o'tirganida, garchi uning nimaligini bilmagan esa-da, yosh boladay quvongan, o'g'li uy oldida surib yurganida qo'llarini o'ynatib, aravacha tutqichlarini shapatilab urgan va allaqanday zavqlangan edi.

— Ota! Aravacha sizga yoqdimi?

Ota javob o'rniga miyig'ida jilmayar, “Yana hayda” degandek butun tanasini qimirlatishga urinardi. G'ulom muallim sekin aravachani itarib borar, padarining boshi qimirlab, ozg'in bo'yin terilari tortishib, qo'llari ko'tarilib tushar, barmoqlarini yengil o'ynatardi. Bunday paytda o'g'ilning yuragi to'kilar, qizi ko'rmasligi uchun bo'g'zini to'ldirib kelayotgan g'ussasini ichiga yutardi. Bora-bora bunga ham ko'nikdi. Ayolining yo'qligi, qizi va otasi o'rtasida abgorligidan ba'zan qizining sochlarini tarab, o'rib qo'yar, uni quchib: “Ona qizim, oynalay sendan…” deb erkalash bilan ham o'zining hasratlarini, ham Nasibaning sog'inchlarini aritardi. Qizi ham onasiz hayotga ko'nikib borardi…

G'ulom muallim avvallari otasini aravachaga o'tirg'izib, faqatgina hovli ichida yurardi. Keyinchalik ko'chaga ham olib chiqadigan va mahalla guzarigacha aylantirib keladigan bo'ldi. Bugun otasi nogoh qo'lini ko'tarib, to'g'riga ishora qildi. Favqulodda yuz bergan bu o'zgarishdan muallimning yuragi toshdi. Oldiga o'tib so'radi.

— Qaerga olib boray, ota?

Otasi javob o'rniga yana to'g'riga ishora qildi. Aytganini bajardi. Tosh ko'chada aravachani shiqirlatib ketaverdi. Ancha yurdi, u yoq-bu yoqqa burilib ko'rdi, ammo otasi faqat to'g'rini ko'rsatardi. Oxiri tushundi — qabristonga borishni xohlayotgan ekan… Titrab ketdi. Qabriston darvozasiga yetganida aravachani to'xtatdi. “Endi qaysi tomonga ishora qilar ekan?” degan umid bilan otasining ko'zlariga boqdi, ammo hissiz nigohlardan hech narsani o'qiy olmadi. Ayni damda ota nega bu yerni ko'rsatganini unutgan va befarq bir holatda boshini xiyol egib, jim turardi.

— Ota, ichkariga olib kiraymi?

Otaning nigohlari bir nuqtaga qadalib qolgandi. G'adir-budur yo'lning charchog'idan sillasi qurib tez-tez nafas olardi. G'ulom muallim rezina idishchaning og'zini ochib, otasiga suv ichirdi. Ota suvni to'kib-sachratib ichdi-da, idishni urib yubordi…

— Yo, Allohim… O'zing sabr ber!..

G'ulom muallim otasini ko'tarib oldi va talpanglab, qabrlar oralab yura boshladi. Buvisi bilan bobosining yonma-yon turgan qabrini topib borganda yelkasidan tushirdi. Qariya atrofga olazarak boqdi. Onasining qabrtoshini ko'rganda, bexosdan “Ona…” dedi-yu, hiqillab yig'lab yubordi va boshini changallab o'tirib qoldi. G'ulom muallim avvaliga qo'rqib ketdi. So'ngra sevindi. Axir otasi tilga kirdi! U padarini quchoqlab oldi.

— Ona… — qariyaning ko'zlaridan tinimsiz yosh oqar, ammo u boshqa so'z aytmas, faqat bir nuqtaga tikilib turardi.

G'ulom muallim avaylabgina otasini yerga o'tirg'izdi va ortidan o'zi cho'kkaladi. Otasini o'ziga suyab, pichirlab tilovat qila boshladi.

— A'uzu billahi minash shaytonir rojiym…

Duoda ko'zlaridan oqqan yosh otasining bo'yniga tushib, yoqasini ho'l qilib yubordi. Qariya qo'li bilan bo'ynini siladi va o'g'liga qaradi. G'ulom muallim duoni ham tugatolmay otasini quchoqlab oldi va padarining boshi uzra yuziga fotiha tortdi.

Ota-bola qabristondan qaytar ekan, G'ulom muallim padarining yana gapirishini, nimadir deyishini, buyurishini istardi, ammo padaridan yana sado yo'q edi. Aravachada boshini egganicha, ko'zlarini yumib, tebranib kelardi. Bu go'yo to'fon oldidan yuz beradigan sukunatga o'xshardi…

Uyga yetay deganda mo''jiza yuz berdi. Ota ostonada turgan Nasibani ko'rib, qo'llarini oldinga cho'zdi va “Su-uv” dedi. G'ulom muallim joyida to'xtadi.

— Ota?! — uning a'zoyi badani titrab ketdi. — Yo, xudoyim, o'zingga shukr! Otam gapirdi! Otam gapirdi! Ikki yil deganda gapirdi…

Atrofiga qaradi. Eshik oldida turgan qizidan boshqa hech kim yo'q edi. Ammo ruhi yengil tortdi. Ko'z oldini egallab olgan zulmat chekindi.

— Dada! — Nasiba yugurib kelib, uning tizzasidan quchoqlab oldi. — Buvam gapirdimi?

— Ha, bolam, buvang gapirdi. Chop, suv olib kel.

— Dada, sizga bir gap aytaymi?

— Bor, qizim, birinchi suv olib kel!

Nasiba chopib ketdi. Ota-bola darvoza oldida tin olishdi. Bir mahal eshik ochilib, ayol kishining salom bergani eshitildi. G'ulom muallim yalt etib qaradi. Ne tongki, ostonada ayoli ming istihola bilan bir piyola suv ko'tarib turardi…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =