Halqa
(Hikoya)
Çol uzoqdan bolaning ovozini tanidi: sirka içgan xörozdek çiyillagan ovoz goh baralla eşitilar, goh sönib qolardi. Boboning kökayini kuyindi hididek yoqimsiz bir nima qattiq açiştirdi: hoynahoy, gödak bugun ham yiğlayverib, ovozi böğzidan çiqmay qolganga öxşaydi.
U qurilganidan beri ikki tabaqasi bir vaqtda oçilmagan eski, şaloği çiqqan darvozaning kiçkina örta eşigini oyoği bilan tepib oçdi: almisoqdan qolgan, har oçilganda zang tortgan oşiq-moşiqlari dardli ğiçirlaydigan eşik sal qoldi qöporilib tuşişiga.
Uy oldidagi keksa gujum soyasida urçuq yigirib ötirgan kampir darvoza darçasining taraqlab oçilişiga zarra eʼtibor bermadi. Yumuşini davom ettirdi: ğirillab aylanayotgan urçuqboşning şardozini yoşiga yaraşmagan epçillik bilan boşi uzra çözib-çözib kalavaga örardi.
Lekin bobosini körişi bilan arang oyoqda turgan gödakning masʼum çehrasida quyoş porladi. U hamma narsani unutib, talpanglagança bobosi tomon intildi. Bobo va nabira açomlaşişga ulgurmadi: bolaning beliga boğlangan pilik ip tarang tortilib, uni taqqa töxtatdi — muvozanatini yöqotgan bola orqasi bilan ğadir-budur, öydim-çuqur qoq yerga ötirib qoldi.
Çol yiğlamoqqa çoğlangan nevarasini dast kötarib olar ekan, gujum tomon yurdi: ulkan daraxt tanasiga boğlangan ip salqi taşladi…
— Otamdan!.. Otamdan!.. Mana, men keldim… Yana yiğladingmi?! Ööö, momasi yana Alpomişimni daraxtga boğlabdi-da. Ha, hali töxtab tursin, bu momongning taʼzirini beramiz… Ö, otajonim-a! Yana yiqilibsiz-da! Mana, hozir ipni yeçamiz. Mana-mana!..
Bobo bolaning beliga mahkam tanğilgan ipning tugunini yeçar ekan, tirnoqlari açişib ketdi. Çolning köksiga boşini qöygan gödak esa iç-içidan xörsinardi. Tiyiqsiz bu iztirob çolning ğazabini qözğab, dardi dunyosini qoronği etdi. Köksida böron bölib qözğalgan bu nafratni tiliga çiqarişga ulgurmadi.
Tuyqus qarğa qağillagandek kampir ğazabnok gapira boşladi:
— Megajin qiz, bir sötakni deb bizlarni şu köyga soldi!!! Mana bu kökiyagini bizlarga taşlab, öşa şumqadam bilan pul izlab ketdi-bordi! Men uning zormanda çirqilloviğini dardimga gazak qilamanmi?! Özi bir haftadan beri qölim şişib, buyragim oğrib, belimni ololmayman. Bu jonimning egovining ovozi tinsa deng. Daraxtga boğlamasam, qonimga taşna qildi. Hali özi tekis yerda yurolmaydi-yu, hovli-hayotning töriga qoçgani-qoçgan. Ikki marta anavi yertokning içidan topib keldim. Govzombirdan ham qörqmaydi bu çakaging öçgur! Çayonmi, ilonmi çiqib öldirsa, qutulardim bu dardi bedavodan!!!
Şu yerga kelganda çol çidab turolmadi, portladi:
— Aaaay, ahmoq, sangnafas, öçir ovozingni! Xudodan qörq!!! Gödakning ohi uradi sen befahmni! Bolada nima ayb, onasi taşlab ketgan bölsa?! Öylovsiz qiz!.. Şu nodonni ham sen tuqqansan, sen tarbiya bergansan. Bir narsa desam, qopağon itday oğzimdan qopding, endi bas qil!!!
Kampir köz ostidan eriga çaqçayib qaradi: çolning qorayib, tutaqib ketgan yuzidagi ijirğaniş va nafrat kampirning tiliga tuşov soldi.
Qölidagi urçuğini şiddat bilan yigira boşladi.
Hamon xörsinişini bosolmagan gödakni bağriga bosganiça hovli töridagi yertok tomon yöl olgan çolning dimoğiga tuproq hidi urildi.
Şundagina bobo gödakning ust-boşi tuproqqa belanganini, har yiqilganida yuziga saçragan çang gardidan bolaning yuzi kir tortib ketganini fahmladi.
Nevarasining tuproq yuvgan yuzida yoş tomçilari namiqib qotib qolgan edi.
Bola yertok boşiga yetib kelganida hammasini birdan unutdi: “Abu, abu, abu!” degança yerga tuşişga intildi.
Çol nabirasini avaylab yerga qöyar ekan, gödak yulqinib uning qölidan çiqib, alpan-talpang yurganiça bir narsa izlagandek yertok atrofini aylanişga tuşdi.
Gödak izlaganini topdi: qayerdandir oppoq kapalak uçib keldi, u yertokning betartib şoxlari uzra qanotlarini qoqib, çang ötirgan barglari çetiga qönişga çoğlanardi.
Bola qiyqirib kula boşladi: “Abu, abu, abu!”
U qöllarini çözib, kapalakni uşlamoqçi bölardi.
Bobosidan taralayotgan açqimtir ter hidi, yertokning barglaridan anqigan şirin bir ifor, oppoq kapalakning qanotlaridagi nurli tasmalar halqalarga, oltin halqalarga aylanib, gödakni nurli oğuşiga oldi: halqalar, halqalar… olam halqalarga töldi.
Temirpölat TILLAYEV,
Özbekiston Yozuvçilar
uyuşmasi aʼzosi.
