Eski Rimda yashagan odam
Aziz NESIN
So'zlab bermoqchi bo'lgan voqeam miloddan avvalgi 128 yilda sodir bo'lgan. Iltimos, yaxshilab e'tibor bering, sodir bo'ldi demayapman, sodir bo'lgan. Chunki men bu voqeani tarix kitoblaridan o'qiganim yo'q, shaxsan o'zim guvohman.
“Tanosuh” atalgan ruhiy holat, ya'ni hozirgi insonlarning ko'p yillar ilgari boshqa birovlar yoxud hatto hayvonlar o'laroq yashaganlariga ishonasizmi? Istasangiz ishoning, istamasangiz yo'q, kaminani bu qiziqtirmaydi aslo.
Men o'tgan oqshom — bundan ikki ming sakson to'rt yil oldingi hayotimni boshqatdan yashadim. Hali “ruh-ul-quddus” abadiy bokira Hazrati Maryamning qorniga kirmagan, ya'ni hali o'rtada Hazrati Isoning na nomi, na nishoni bor. Miloddan avvalgi 128 yil… Men rimlikman. Plafium tog'ining etagidagi keng va ulkan bog' ichida shinam villam bor. Uch kecha avval villamga bir guruh mehmonlar keldi: Valustus, Yulius Perus, Sompeius, Titseron va boshqalar. Xullas kalom, barcha yaqin do'stlarim kelishgandi. Siz ularning birortasini tanimaysiz. Shu bois sizga ularni biroz tanishtira qolay. Do'stim Valustus mashhur gladiator. Yaqinda Kolizeyda juda taniqli bir gladiator bilan kurashdi. Bu jangni ko'rishingizni juda istardim. Ikki gladiator maydonga chiqqanida, Kolizeyni to'ldirib o'tirgan oltmish ming odamning shovqini odamni garang qiladigan darajada balandladi. Hozirgi davrda partiya yig'ilishlari, shuningdek, milliy terma jamoalarning futbol o'yinlaridagina bunchalik shovqinga guvoh bo'lish mumkin.
Do'stim Valustus hurmat bajo aylab, konsul minbari sari yuz tutdi, u bilan salomlashgach:
— Alvido, qadri baland konsulimiz, hozir o'limga yuz tutayotganlar senga chin dildan salom yo'llaydi! — deya baqirdi.
Olomon bu otashin nutqni shunday olqishladiki, siz bunchalik shovqinni hozir yalang'och qiz raqqos ishtirokidagi teleshoulardagina ko'rishingiz mumkin. Ikki gladiator naq uch soat jang qilishdi. Yakunda do'stim Valustus dushmanni chorasiz qoldirib, yerga yiqitdi. Yerdagi gladiatorning yarqiragan kumushrang zirhi ostida ko'ksining qanday dupurlayotgani ko'rinib turardi go'yo. Yengilgan gladiator qo'lining ikki barmog'ini konsulga uzatdi. O'ldirmasligi uchun afv tiladi. Lazzatlangan tomoshabinlar:
— O'lim, o'lim!.. — deya baqirishdi. Bu xuddi futbol o'yinlaridagi muxlislarning “Tepp! Teppp! Yorib tashla to'pni!..” degan chuvvosiga o'xshardi.
Konsul arslon panjasiga o'xshagan qo'lini minbarining oldini o'ragan, oltindan ishlangan matoga uzatdi, so'ngra tirjaydi. Boshini sekin quyi egdi. Bu Valustusga ishora edi. U “Dushmanning ishini bitkaz!..” deyayotgandi. Valustus qilichini yalang'ochlab, yerda yotgan dushman yuragiga sanchdi. Xullas, mening jasur do'stim Valustus shunday odam.
Kelganlardan bittasi Yulius Perus — birga qonli janglarga kirgan birodarim, mashhur qo'mondon. U Hellenizm qirolligini qulatgan lashkarni boshqargan.
Do'stim Sompeiusga kelsak, u ilgarilari qul edi. Biroq mashhur shifokor va faylasuf bo'lgani, shu bilan birga, xo'jayinini og'ir xastalikdan qutqarib, joniga orom kirgizgani uchun uni ozod qilishgan. Qullikdan partiyagacha ko'tarilgan, u o'ta aqlli va donoligi bois hatto Tribuna majlisida tribun etib saylangan.
Do'stim Titseron yoshligida Rimning eng yaxshi aravakashi, ko'plab musobaqalar g'olibi edi. Hozir esa bu ishni tashlagan, she'ru pyesalar yozadi.
Uyimdagi yig'ilish zap yaxshi bo'ldi. Cholg'uvchilar harp, lira, gitara, fleyta chalishdi. Raqqoslar eng yangi va yaxshi raqslarini o'ynashdi. Ichkilik seldek oqdi. Bu safar Valustus davramiz chempioni bo'ldi. Uch kun davomida u yotgan divaniga naq yigirma marta yegulik va ichkilik to'la patnis keldi. To'rt marta qusdi, keyin yana yedi, ichdi. Tushundingiz-a, nimadan chempionligini?! Bunchalik yegan odamni siz, balki, jurnalistlar sharafiga uyushtirilgan ziyofatlarda ko'rgandirsiz… Juda go'zal yig'ilish bo'ldi. Uch kun davomida tinimsiz yeb-ichildi. Keyin barchamiz bundan charchadik. Hozirgi ochilish marosimlaridagi ziyofatlarga o'xshagan bir narsa edi bu. Uch kundan so'nggina o'zimizga keldik.
Iliqqina hammom qabul qilgach, badanimga ifor beruvchilar sepdim, oppoq va bejirim xalatimni kiyib, tashqariga chiqdim. Qaerga borishni bilmay garang edim. So'ngra qo'shnim Plebiusning villasiga yo'l oldim. U:
— Ertaga ovga chiqamiz, odamlaring bilan tayyorlan! — dedi.
— Ertagi ish-ku, mayli, — dedim, — bugun nima qilamiz?
Plebius bilan bir partiyaga a'zomiz, ochig'i, uning partiyaga kattagina xizmatlari singgan.
— Istasang, musobaqaga boraylik, — dedi, — bahslashishga sabablar ko'p.
— Charchaganman, Plebius, — dedim.
— Unday bo'lsa, amfiteatrga boraylik, yaxshi bellashuv bor, — dedi.
Do'stim Plebius bilan amfiteatrga yo'l oldik. Hesapianusning bir komediyasi sahnaga qo'yilayotgandi. To'g'risi, bu yaramasni hech yoqtirmayman. Tilini uzib olsang arziydi, tili zahar. Har o'yinida yo Senatni yomonlaydi, yoki Quriya majlisini… Yo konsul haqida bo'lmag'ur gaplar ming'irlaydi, yoki Pretur borasida. Necha marta: “Shu yaramasni yo'qotaylik, yig'ilishda zaharlangan sharob beraylik”, dedim. Bizning faylasuf Sompeius:
— Rim — respublika, bu yerda unaqasi ketmaydi, hamma istaganicha yozadi, so'zlaydi, — dedi.
Juda jahlimni chiqaradi bu Hesapianus degan yaramas. Men konsulning o'rnida bo'lsam, uni sirkdagi quturgan och qoplonlarga yem qilardim. Uning go'shtini yegan qoplonlar ham zaharlanardi hatto, maraz, yaramas…
Olomon ham asabimni buzadi. Shu to'nka yozgan asar sahnaga qo'yilgudek bo'lsa, amfiteatrni to'ldirishadi darrov. Biroq kelganlardan ko'pchiligi plebuslardan, partiyachilar, ya'ni o'z tovoqdoshlaridan kam odam keladi uning tomoshalariga.
Hesapianus o'sha kungi asarida yana bizning partiya haqida so'z ochgandi. Go'yo biznikilar saylovchilarni aldagan, bergan va'dalari ustidan chiqmayotganmish. To'g'ridan-to'g'ri so'zlamay, naqadar qog'ozga o'rab aytmasin, baribir tushunsa bo'lardi. Tomosha tugaganida olqishdan amfiteatr qulab ketay dedi. Men esa rosa siqildim. Turtinib-surtinib villamga keldim. Qarasam, villam oldida olomon to'plangan. Nimalar bo'lyapti? Qullarim tashqari uloqtirilgan. Bittasidan:
— Nimalar bo'lyapti? — deya so'radim.
U:
— Afandim, — dedi, — askarlar o'g'lingiz Kabakiusni ushlashga kelishibdi.
O'g'limni ushlashga kelgan askarlar boshida do'stim Yulius Perus ham bor edi.
— Bu qanaqasi Perus? O'g'limni nega olib ketmoqchisizlar? — dedim. U:
— Aniq sababini bilmayman, lekin aytishlaricha, o'g'ling bir she'r yozgan, bir misrasida “Rimga olib borar yo'llar yopilgan”, deb yozgan.
— E, bu qanaqasi tag'in? Quvur chuqurlari qazilgani uchun yo'llar yopilgan. Yolg'onmi yo?
— Balki, aybi bu emasdir, balki, shu, bilmayman. Hamma bilgan haqiqatlarni ochiq aytish ba'zan ayb sanaladi. Merjimekiusning nega o'ldirilganini eslarsan. Rimning respublika bilan boshqarilishini bilgan holda u “Rim respublikadir!” deya baqirgani uchun qatl etilgandi. Nega ushlansin deyishdi, men bilmayman, biroq qo'limda buyruq bor.
— Yulius Perus, bu buyruqni kim berdi? Darhol ayt, Yupiter haqqi-hurmati, ichagini boshiga salla qilaman uning.
Xanjarimni qinidan chiqardim. U qo'lidagi qog'ozlarni uzatdi:
— Mana, sening dushmaning shu qog'ozlar, — dedi. — Amr shunda. Mars haqqi, qasam ichamanki, o'g'lingni o'zimdan-o'zim tutayotganim yo'q. Axir bilasan-ku, o'z ishimni bajaryapman, xolos.
— Tushundim, ish bu ish, — dedim. — Biroq bu buyruqni kim berdi senga?
— Qo'shin qo'mondoni Polakius.
G'azab otini jilovlayolmay qo'shin qo'mondoni Polakiusning yoniga ketayotganimda, yo'lda faylasuf do'stim Sompeius bilan uchrashib qoldim.
— Babarius, qayoqqa shoshilyapsan buncha, nima, orqangdan jahannam xudosi quvlayaptimi? — deya so'radi.
— Pluton meni jazolasa ham mayli, ammo shu qo'shin qo'mondoni Polakiusni asfalasofilinga jo'nataman. O'g'lim Kabakiusni ushlash haqida amr etibdi.
— Polakius o'z-o'zidan qilmagan bu ishni. U ham biror joydan olgan bo'lsa kerak buyruqni.
— Men Xolis vatandosh partiyasi a'zosi emasmanmi axir, Sompeius? — deya so'radim.
— Ha, — dedi u javoban, — sen eski rimliklardansan. Rimlik ota-onadan dunyoga kelgan mahalliy fuqarosan.
— Men yer, mol-mulk va qullar sohibimanmi?
— Ha, Babarius.
— Bu to'nkalarni ishga kirgizish uchun ovoz berganmanmi?
— Bergansan, do'stim.
— Shunday ekan, to'g'rimi menga qilingan shu ish? Nohaqlik emasmi bu?
— Nohaqlik, birodar.
— Shunday ekan, bu nohaqlikni qilgan bir yaramas bor. Yupiter haqqi, uning boshiga yetaman bugunoq.
— Shoshilma, Babarius. Agar haqiqiy aybdorni topolsang, o'ldirolmaysan. Xanjaring uning yuragiga emas, qiniga kiradi.
— Ahd qilib bo'ldim allaqachon. Ko'rasan mana… — dedim.
Shohona ko'ylagimning etagini uchirgancha, qo'lda xanjar, yugura ketdim. Qo'shin qo'mondoni mudiri Polakiusga:
— To'g'risini so'zlagani uchun o'g'limni ushlashga amr etgan senmisan? — deya so'radim.
— Mening aybim yo'q, mana, shaharboshining buyrug'i, — dedi.
Shaharboshi tomonga yugurdim. U ham:
— Men buyurilgan ishni qilyapman, bo'ldi, — dedi. — Mana, Rim hokimi Zibariusning buyrug'i.
So'ng uning yoniga shoshildim.
— O'g'limni sen ushlattirdingmi?
— Yo'q, Babarius. To'g'risini aytgani uchun bir yigitchaning ushlanishidan men ham juda ranjidim.
— Shunday ekan, aybdor kim? Menga bir qancha qog'oz parchalari, doiralarning tosh devorlarini ko'rsatishadi. O'g'limni to'g'risini aytdi deya bu qog'ozlar, bu marmar devorlar ushlab turibdimi? Qog'ozlarni so'yib tashlaymi? Devorlar bag'rini o'yaymi?
Zibarius ham bir qancha qog'ozni uzatdi.
— Mana, Tribuna majlisining amri, — dedi, — ostida uch tribunning imzosi bor.
Darhol tribunlar sari yugurdim.
— Men Rim uchun qon to'kkan Babariusmanmi?
— Qahramon rimlik, partiyamizning eng faol a'zosi Babarius, salomlar! — deyishdi bir ovozdan.
— Salom ham, qahramon ham o'lsin! — deya baqirdim. — O'g'limni ushlashga siz buyruq berdingizmi?
— Biz nega bunday qilar ekanmiz, aslo, — deyishdi. — Konsul amr qilgan.
— Konsulmi? Farqi yo'q, kim bo'lishidan qat'i nazar, bu nohaqlikning jazosini chekajak, — dedim.
Qo'limda xanjar, Konsul Oktamirusning qarshisiga chiqdim.
— Ayt, mening dushmanim senmisan? — deya baqirdim.
U:
— Aqldan ozdingmi, Babarius? — dedi. — Men qirol yo diktator emasman axir. Rim respublika bilan boshqariladi. Mana, o'g'lingni ushlash buyrug'i.
— Yana qog'ozlarmi? Nima, o'g'limni shu qog'ozlar ushlashyaptimi? Birov aytsin axir, qaysi zang'arning ishi bu?
— Bu amrni Senat bergan, Babarius. U a'zolarning qarorlari bilan amalga oshiriladi.
Shamol tulporini qamchiladim. Mutlaqo dushmanni topish ilinjida edim. Yo'lda o'sha omadsiz kimsa bilan to'qnashdim, o'sha — Senat haqida tanqidiy, kulgi ostiga olingan asarlar yozadigan dramaturg Hesapianus bilan.
— “Rimga olib borar yo'llar yopilgan” degani uchun o'g'limni ushlashibdi, Hesapianus, — dedim. — Bu nohaqlik emasmi axir?
— Ha, nohaqlik… — dedi u.
— Bu nohaqlikni qilgan kim? Dushmanim kim mening? — deya so'rayman, — Menga amrlar yozilgan bir dasta qog'ozni ko'rsatishadi. Ayt, axir shu qog'ozlarning boshiga yetaymi? Bu nohaqlikni qilgan ablah qaerda, ayt?
— Nima qilasan o'sha ablahni?
— Yupiter haqqi, ichagini kallasiga salla qilib o'rayman, umrini bitiraman, ko'ksi xanjarim tig'iga nishon bo'ladi.
U ham faylasuf do'stim Sompeius kabi:
— Aybdorni topsang, hech narsa qilolmaysan, — dedi.
— Qilolmaysan? Mana ko'rasan. Va'da beraman, tamom u. Bu qog'ozlarni ilk chiqargan odamni axtaryapman, — dedim.
— Shak-shubhasiz, Senat u, — dedi.
— Shunday, — dedim.
— Senat a'zolari kimlar?
— Bizning partiyadagilar.
— Ularni kim saylagan?
— Men!
— Haliyam aybdorni izlayapsanmi?!
Xanjarimni olib, ko'ksimga suqdim. Oppoq va qimmatbaho shohona ko'ylagim qirmizi qonga bo'yaldi. Aybdorni topgan va o'ldirgandim…
Ishonavering, insonning ilgari qaysi vaqtda, qanday holatlarda yashaganini xotirlashdan og'ir narsa yo'q. Xo'sh, rostini ayting-chi, orangizda mendek miloddan avvalgi 128 yilda Rim Respublikasida yashagan biror odam bormi?
Turk tilidan Rahmat BOBOJON tarjimasi.