Zamonaviy tibbiyot

Ertalabki nonushta payti Nata eri Korzuxinga diqqat bilan tikildi, so'ngra be­zovtalangan holda boshini ushlab:

— Nega bunchalik sarg'ayib ketdingiz? — deya so'radi.

Korzuxin rafiqasining dabdurustdan aytgan gapiga hayratlanib:

— Sarg'ayib? Nega sarg'ayar ekanman? — dedi.

— Bilmadim, to'g'risi. Juda sarg'ayib ketibsiz, azizam. Bu turishingiz menga hech yoqmayapti.

— Xo'p, — deya to'ng'illadi Korzuxin. — Bosh­­qa bunday bo'lmaydi, albatta, shifokorga ko'rinaman, xavotirlanma!

Korzuxin suhbatni shu joyida to'xtatib ishiga ketdi. Oradan ikki kun o'tgach, ayoli yana xavotir bilan so'z ochdi:

— O'lay agar, yana sarg'ayibsiz… Ozroq ko'karibsizam, shekilli. Jigarrang viskini eslatyapti aftingiz.

Korzuxin bu safar qo'rqib ketdi.

— Nimalar deyapsan? Yo tavba… Mana tekshiruv varaqasi.

— Balki, bu ko'p ichayotganingizdandir. Bosh­­qa shifokorga uchrashib ko'rarsiz.

— Nima farqi bor, hammasi ham bir go'rda shifokorlarning.

— Ana kerak bo'lsa! Unday demang, bizning shifokorlarimiz hamiyatli, yaxshi insonlar. Istasangiz, qishda meni davolagan shifokorni chaqiraman, qo'li yengil edi juda. Hoziroq unga maktub yozaman bugun kechgacha yetib keling deb, xo'pmi?

— To'g'risini ayt, xotin, rostdanam sarg'ayib, ko'karib ketibmanmi?

— O'lay agar, ahvolingiz yaxshimas. Battar ko'karibsiz.

— Axir ertalab ko'zguga qaradim. Hammasi joyida edi.

— Shunaqa deng… — deya afsuslandi ayol. — Demak, xotin yolg'on gapiradi, qayoqdagi ko'zguga ishonish mumkin-a? Ko'zguga qaradim deng? Bo'ldi, tushundim, siz ertalablari sizga qahva damlab beradigan, kechqurun shirin ovqatlar qiladigan, o'zining shirin bo'salari bilan har kech siylaydigan odamga emas, ana shu oynaga ishonasiz…

— Bo'pti, xo'p-xo'p, shifokor chaqiramiz.

Kechki ovqat tugar-tugamay shifokor yetib keldi.

— Salom, Natalya Pavlovna. Maktubingizni oliboq oyog'imni qo'limga olib yetib keldim, eringizni albatta davolaymiz, axir u sizning borlig'ingiz, ko'zlaringiz nuri, shundaymi?

Tekshiruv jarayoni uzoq davom etmadi. Shifokor Korzuxinning oyog'idan bolg'achasi bilan urdi, yuragini tingladi, keyin tilini diqqat bilan ko'zdan kechirib:

— Sizga ichish mumkin emas! — dedi. — Bu muqarrar o'limga olib keladi.

— Nimalar deyapsiz, doktor? — dedi rangi oqarib ketgan Korzuxin. — Biror chora toping, bu nima deganingiz?

— Xo'sh, odatda, nimalar ichasiz?

— Qittay-qittay aroq, ba'zida shampan yoki likyor…

— Sizga spirtli ichimlik umuman mumkin emas, shu jumladan, shampanu likyor ham…

— Bularsiz yashashning nima qizig'i bor, muhtaram doktor?

— Qiziq narsalar ko'p. Agarda ko'proq ruhingizni tinchlantirish bilan shug'ullansangiz, hammasi joyiga tushadi.

— Xo'p bo'ladi, hal qilamiz buni, doktor, — deya va'da berdi Korzuxin avzoyi buzilib.

 

* * *

— Sevgilim, bilasizmi, uxlayotganingizda tinmay yo'talasiz…

— Bo'lishi mumkinmas, men tinch uxlayman.

— Sizni aldashdan menga nima naf, ishoning, kechalari betinim yo'talyapsiz. Meni uxlashga qo'ymayapsiz.

— Ishonmayman, agar shunday bo'lsa nega o'zim sezmadim?

— Javobi juda oddiy: chunki uxlayotgan bo'lasiz. Balki buning sababi chekishdandir… Hech tashlamadingiz, tashlamadingiz-da chekishni, shu sigaretalaringiz ko'zimga tap tortmas dushmandek ko'rinadi, to'g'risi. Bo'ldi, yetar shuncha qiynalganingiz, bugun shifokor chaqiramiz, u sizni ko'rib, davolab qo'ysin, axir menga keraksiz.

— G'alati ishlar bo'lyapti… Kecha ishxonada mendan: “Axir kasal edingiz, qanday qilib darrov tuzalib ketdingiz?” deb so'rashdi.

— Shundaymi? Ko'rdingizmi, agar davolanmaganingizda ishxonadagilar sizga bunday yoqimli gaplar aytishmasdi, ko'karib-sarg'ayib yuraverardingiz. Odam teranroq o'ylashi kerak… hatto baliq ham chuqurroqdan o'ziga uy hozirlaydi. O'sha baliq uchun u muz ostida bo'lsa-da, kurashaverib charchadim, to'g'risi, biroq baribir xavotirdaman…

— Bo'ldi, tushundim. Chaqir o'sha shifokoringni, chaqir!

Shifokor g'iz etib yetib keldi-yu, yana Korzuxinni ko'rikdan o'tkazdi. Nata to'g'ri aytgan ekan. Doktor uni bu safar deyarli ko'rib o'tirmadi, tashxis qo'ydi:

— O'hho'! Chekishni tashlamasangiz… Oldinda sizni juda katta balolar kutyapti.

— Qanaqa balo ekan u?

— U yoqqa ravona bo'lasiz, — dedi shifokor barmog'i bilan tepaga ishoralab.

— Aytmoqchisizki, — deya pichirladi Korzuxin past ovozda, — agar chekishni tashlamasam, kafangado bo'laman, keyin eng tepa qavatdan uy olishga majbur bo'laman, shundaymi?

— Men asfalasofilinni nazarda tutyapman, — dedi shifokor jiddiy ohangda.

Korzuxin og'riqdan labini tishladi, keyin stoldan sigaretasini olib, yonib turgan kamenga uloqtirdi.

— Yashang, birodar! — dedi shifokor shang'i ovozda. — Endi tishingizni darhol olish kerak.

— Tishingizni? — pichirladi Korzuxin. — Tishim… kerakmasmi?

— Yo'q, sizga hozircha ular kerak emas. Ishonavering.

 

* * *

Oradan taxminan bir hafta o'tgach, shifokor yana Korzuxinlarnikiga tashrif buyurdi.

— Natalya Pavlovna menga qo'ng'iroq qildi, kechalari alahsirayotgan ekansiz…

— O'lay agar, alahsirayotganim yo'q. Tavba, nega alahsirar ekanman?

— Hozir ko'ramiz, tekshiramiz. Xavotirlanmang. Qani, ko'ylagingizni yeching… Xo'sh-xo'sh… Aytsam, hushingizdan ketmang faqat, sizda asablar bilan bog'liq o'ta jiddiy kasallik bor.

Korzuxin shifokor bilan biror-bir tijoriy shartnoma imzolamoqchi emasdi, biroq xavotirda edi.

— Nima qilay, ayting, iltimos? Nima qilsam tuzalaman? Xudo haqqi…

— Xo'sh, javob bering-chi, uyga nechchida kelasiz?

— Tungi uch-to'rtlarda. Ishdan chiqib klubga boraman, chunki…

— U klubda oshna-og'aynilari bilan karta o'ynaydi, — deya qo'shib qo'ydi ayoli Nata.

— Nima? Axir bu o'z joniga qasd qilish bilan teng-ku! Men davolamayman boshqa sizni. To'g'risini ayting, o'zi sog'lig'ingizni ozgina bo'lsa ham o'ylaysizmi?

— O'ylayman…

— Unda bu jin urgur klubu kartalarni yig'ishtiring! Har kuni soat o'n ikkidan oldin uxlang. Aytgancha, uyquga yotishdan oldin muzday suvda cho'milishni ham unutmang. Albatta, tuzalib ketasiz!

— Xo'p bo'ladi… — dedi Korzuxin o'ksinib. — Bugundan boshlab shunday qilaman…

 

* * *

…Shifokor Korzuxinni doimgidek bamaylixotir ko'rikdan o'tkazdi. So'ngra orqasiga mushti bilan urib so'radi:

— Og'riyaptimi?

— Albatta, og'riyapti.

— Xo'sh, shu yerimi?

— Oh! Ha, shu yeri.

— Asablar, asablar, asablar. Ular buzilgan, darhol tinchlantirmoq joiz. Xo'sh, ayting-chi, musiqani yaxshi ko'rasizmi?

— Operettachalik emas, to'g'risi.

— Yo'q, u to'g'ri kelmaydi. Jiddiy, chinakam badiiy, asablarni tinchlantiruvchi musiqalar tinglashingiz kerak. Him… Shunday! Eshitishimcha, ertadan Vagner operalari boshlanarmish. O'sha siz uchun juda foydali. Albatta, boring!

— Sal qolsa, esimdan chiqardi! — deya qichqirdi Nata qo'llarini silkitib. — Yaqin dugonalarimdan birida chegirmada bilet bor ekan shunga. O'ziyam ikki kishilik… Vagner — judayam ajoyib-da!

— Iltimos, kaminani ham bir eshitsangiz, — dedi hayajonlanib Korzuxin. — Ehtimol, Vagnerdan ko'ra osonroq yo'li bordir birorta. Masalan, oddiy operami… yo sirkmi…

Doktor Korzuxinning qorniga mushti bilan urib, yana savolini takrorladi:

— Og'riyaptimi?

— Boshqa nimayam bo'lardi?

— Ko'ryapsizmi, bu yana bir misol. Bu yerdagi og'riqqa ham Vagnerdan boshqa chora yo'q. Sirk deysiz-a kamiga… Axir bu revmatizm bilan og'rigan bemorga yo'tal dorisini berishday gap. Tavba, tuzalish niyatingiz bormi o'zi? Tibbiyot, birodar, shunday sohaki… Him… Him…

Xullas, shifokor Korzuxinlarnikiga uni ko'rishga tez-tez kelib turadigan bo'ldi, u oilaviy shifokorga aylandi, desak ham bo'ladi. Kunlarning birida ko'rikni yakunlab, Korzuxinga tashxis qo'yar ekan, xo'rsinib:

— Bu safar ish jiddiy, — dedi.

— Gapirsangiz-chi, meni qiynamang, nima bo'libdi o'zi? — deya so'radi Korzuxin xavotirlanib.

— Motor!

— Yo tavba, shunaqa kasallik bormi? Balki, psixomotordir?

— Yo'q, shunchaki motor. Sizga izvoshga chiqish taqiqlanadi, sizda chuqur miya chayqalishini aniqladim. Eshityapsizmi? Ko'krak-qorin ham asoratlari bor. Sizga motor kerak!

— Gapimni eshiting! — dedi Korzuxin achchiqlanib. — Doktormisiz o'zi? Bemorni tekshirish uslubingiz to'g'rimi? Shubhasiz, ajoyib. Deylik, u kasal. Mayli. Siz uni ko'rasiz va resept yozasiz. U shunga binoan dorixonaga boradi. O'lay agar, shu paytgacha birorta odamning shifokor resepti bo'yicha avtomobil ehtiyot qismlari do'koniga yugurib kirganini eshitmaganman!

— Siz jismoniy davolash usulini unutib qo'yyapsiz, — dedi shifokor ohista.

— Bu qanaqa musiqa bo'ldi tag'in?

— Mexanoterapiya.

— Buncha qo'rqinchli… — deya qovoq soldi. — Men, ehtimol, ko'krak-qorindagi og'riqlarni yo'qotish uchun velosiped olarman, har holda, arzonroq, axir mashina boshqa gap.

Shifokorning qoshlari chimirildi:

— Birodar, men gomeopat emasman. Agar davolash usulim yoqmasa, tuzalishni istamas ekansiz, bemalol, gomeopatga murojaat qilishingiz mumkin. U sog'ayib ketishingiz uchun tikuv mashinasini yozib bersa ham ajablanmayman. Marhamat, bemalol!

U so'zini tugatdi va qarsillatib eshikni yopib xonadan chiqib ketdi.

— Bu odam bilan hamkorligimiz yaxshi ket­yapti, — deya pichirladi ayol u chiqib ketayotganida.

 

* * *

Kuzning ajoyib kunlaridan biri edi…

Korzuxin kechki ovqatni tanovul qilib uxlashga yotdi, biroq ko'zlari yumilmadi. Xayolida turli kasalliklar, viruslar, doktorning so'nggi paytdagi tashxislari, boshiga tushgan barcha baxtsizliklar charx urardi. So'ngra o'rnidan turib kiyindi, g'amgin, hayotdan ranjigan alfozda mayda qadam bilan rafiqasi tomonga odimladi.

Ayolining xonasidan ovoz kelardi. Qiya ochilgan eshik oldida turib, ikki odamning suhbatiga quloq tutdi:

— Doktor, shunday qilmasangiz bo'lmaydi.

— Aslo yo'q! Nima so'rayotganingizni o'zingiz ham tushunmayapsiz… Axir odam chegarani, qachon to'xtash kerakligini ham bilishi lozim.

— Birinchidan, hali chegaradan chiqmadim. Ikkinchidan, bu oxirgi iltimosim. Bajarishingiz shart! Eshityapsizmi, doktor? Shu mehmonxonamizni yashilga bo'yatib bersangiz bo'ldi. Axir qip-qizil rang umuman tushmagan unga.

— Axir buning iloji yo'q. Qanday qilishni ham bilmayman.

— Bir yo'lini toping, bilmayman. Axir bu sizning kasbingiz, biznesingiz, shuning uchun ham shifokorsiz.

— Yo'q, bu mening emas, quruvchilarning ishi.

— Diydiyoni to'xtating, nimadir o'ylab toping! Unga qizil rang zararligini ayting… Qon bosimini oshiradi deng… Yo qon tomirlarini kengaytiradimi… Xullas, shunday nimadir…

— Bu g'irt bema'nilik! Axir u tentak emas, buni tushunib qoladi, nima deyman axir?

— Shunchaki tushuntiring, mehmonxonaning qizil rangda bo'lishi salomatlik uchun xavfliligini ayting…

— U buning yolg'onligini bilib oladi…

— Shunday kasallikni o'ylab topingki, u mehmonxonamizni yashilga bo'yatsin, qizil rangdan umuman yiroq yuradigan bo'lsin…

— Natalya Pavlovna… Xudo jazomizni beradi. U motordayoq tushuna boshladi hammasini. Agar u bularning barchasi yolg'onligini bilib qolguday bo'lsa, sizni ham, meni ham sog' qoldirmaydi. O'ylab ish qilaylik… To'g'ri, boshidagi taqiqlarni tushunish mumkin, ichish, chekish, qimor o'ynash… Biroq Vagner tuturiqsizlik, motor haqidagi tashxis shunchaki lof! Bularning birortasida ma'no, mantiq yo'q.

— Mayli, oxirgisi shu. Mehmonxonani yashilga bo'yaymiz, bo'ldi.

— Boshqa narsa so'ramaysiz-a?

— So'ramayman!

— Xo'p. Shu oxirgisi, unutmang! Boshqa yolvorsangizam rozi bo'lmayman… Xudo qo'llasin!

 

* * *

Shifokor va Nata birgalikda Korzuxinni izlab yotoqxonaga borishdi, ammo uni u yerdan topisholmadi.

Axiyri uni ayoli noliyotgan mehmonxonadan topishdi. U qizil divanda konyak ichib, sigareta chekib o'tirardi.

— Oh, doktor! — dedi u sarmast alfozda. — Salom! Hozir nima deyishingizni bilaman, bizning qizil rangdagi mehmonxonamiz kaminaning sog'lig'i uchun zararli, shundaymi? Aytgancha, xona devorlari ham ta'mirlashga muhtoj. Ha-ha-ha… Eskirgan mashina esa umrimni qisqartiradi, xo'sh, to'g'rimi? Bilasizmi, ayni paytda bemoringiz nima istayapti, hoziroq klubga borish, xumordan chiqquncha qimor o'ynagisi kelyapti. Aytgancha, Vagner… U juda ajoyib, xuddi sizdek. Muhtaram doktor, agar hoziroq tuzalmas va ahmoq bemoringiz Korzuxinning uyini tark etmasangiz, u yangi bir kasallikka yo'liqishi, oshqozoni buzilishi yoki insult bo'lishi hech gap emas. Ochig'i, sizni boshqa ko'rolmaslikdan chuqur afsusdaman! Nimayam derdim… Hammasini tushundim. Butunlay sog'aydim, ishoning. Endi marhamat qilib bu yerdan daf bo'lsangiz!

Rus tilidan

Rahmat Bobojon tarjimasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + nineteen =