To'nlar muborak!

O'ktam MIRZAYoR

(Hikoya)

Qo'shnilar bilan yaxshimiz. Bordi-keldi avjida, gap-gashtak, deganday. Erkaklarning yig'ini alohida: ko'chada. Avval ayolu erkak birga yig'ilishardik. Soliboyning taklifi bilan “ko'cha”ga chiqib ketdik. Nima emish, gap qiladiganning xotini kuydir-pishir bilan ovora bo'lib, gapdan qolib ketarmish. Tug'ilgan kunimda ularni uyga chorladim. Sovg'a-salom mo'l bo'ldi: soat, chirog'i bor ruchka, ko'ylaklar deysizmi, xullas, xilma-xil sovg'alar.

Soliboy chopon ko'tarib chiqqandi o'shanda. Shu Soliboyning qilig'i yomon ekan. Buni bilmasdim, e'tibor qilmaganman, shekilli. Toshmurod qassob aytib qoldi. Soliboy qo'shnilarnikiga chiqsa, pista-bodom­ning sho'rini quritar ekan. Qassobnikida shunday bo'libdi. Soliboyning gali kelganda, qassob ham bir siqim pistani chaqib bo'lgach, ikkinchisiga hujumga o'taman deb turganida, Soliboy pista solingan billur vazaning ustiga tarelkani qo'yib: “Oldingizdagi po'choqni shunga soling”, debdi.

— Bopladi zang'ar, — dedi qassob, — hush­yor ekan.

— Yo'g'-e, — dedim, — e'tibor qilmagan ekanman.

Xullas, izdihom tugagach, xotinim sovg'a-salomlarni birma-bir qo'ldan o'tkazdi. Menga shu chirog'i bor ruchka yoqib qoldi.

— Voy o'lay! — dedi xotinim bir payt. — Soliboyning xotini Saltanat satang yaxshi xotin emas ekan.

— Nega?

— Mana qarang, olib chiqqan choponining yenglari chaparasta.

Qiziqqanimdan kiyib ko'rmoqchi bo'ldim. Yengining oyog'i osmondan qilib tikilgan, ya'ni tor tomoni qo'ltiqqa, qo'ltig'i yeng tomonga qilib qo'ndirilgan. Tepasi ingichka, pasti lo'li xotinning ishtoniday sholpillab osilib yotsa, g'alati ko'rinar ekan.

— O'zi tikmagandir, bozorchilar qo'ltiqlatib yuborgandir, yo bo'lmasa, fahm-farosati senga o'xshagan tikuvchi shunday tikkandir.

— Sizga meni chandish bo'lsa bo'ldi, a, adasi. Qarang, qaysi kallasi bilan jonday qo'shnisiga shu to'nni ravo ko'radi odam degan? Soliboyingiz ham qo'ltig'iga tiqib yuborsa, lallayib ko'tarib chiqaveradimi? Qaytarib yuboraman.

— Yo'g'-a, nima ish qilsang qil-u, shu ishni qilma, xotin! Nima degan odam bo'laman? O'rtaga sovuqlik tushadi, — dedim.

— Buni birovga berib bo'lmasa, kiyib bo'lmasa! Yotadi joy egallab.

— Menga qara, shuning yengini joy-joyiga qo'yib tiksang, nima bo'ladi? Hademay o'zining tug'ilgan kunida olib chiqamiz, — dedim.

Bu gapim xotinimga juda yoqib tushdi.

— Voy, to'g'ri aytasiz! O'zim-ku buni eplay olmayman. Narigi ko'chada Shoira degan tikuvchi juvon bor, rosa chaqqon, shunga aytib to'g'rilatib kelaman.

Shunday qildi. Yangi yilning ertasiga uning tug'ilgan kuni edi. Gapdagilar bilan bostirib boradigan bo'ldik. Ungacha xotin ishni besh qilib qo'ydi.

— Shoshmay tursin, gali kelganda, qo'shnilarning o'rtasida bir boplayman, shunday qilibsiz, deyman, — dedi xotinim.

Urishib berdim:

— Qo'shnilar orasiga sovuqlik tushirma! Ular ham bilishmagan, birortasi olib kelgandir, xullas, to'y choponlardan biridir-da.

— Baloni bilmaydi! Hamma narsani biladi, atay qilgan. Fahmi yetmaydi, deb o'ylagan, ustimizdan kulmoqchi bo'lgan. Ko'rsataman men hali u sho'rtumshuq satangga.

Qarasam, qaytmaydigan, bu narsa beixtiyor o'zimga ham alam qila boshladi. Axir ko'zday qo'shnilarmiz-a?!

— Bo'ldi, bas, — dedim jiddiy, — xafa qilaman. Bu yog'ini o'zimga qo'yib ber.

Xullas, Soliboyning tug'ilgan kuni kelganda to'nni qo'ltiqlab chiqdik.

Chiqish oldidan xotinimning og'zini mahkamlab qo'ydim. “Bir gap bo'lsa, ayamayman, bilib qo'y!” dedim. Borsak, uy to'la mehmon. Qassob bilan kelishib oluvdik. Hali alamidan chiqmagan ekan. Men kira-sola to'nni Soliboyning egniga yopib, “muborak bo'lsin!” qildim. Xotini Saltanat yalt etib menga qaradi. Chamamda, to'nini tanidi. Ammo sir bermadim.

— Yengini kiying, yengini, — dedim belbog'ini yelkamga tashlab, do'ppini kiydirayotib.

Soliboy to'nni kiydi, xotini to'nning yon-veriga qaradi, yenglarini tortib ko'rdi.

— Yengini aytmaysizmi, yengini, — dedi xotinim atay cho'zib.

Saltanat duv qizardi.

Mehmonlar qarsak chaldi, men uning govmishnikiday qorniga belbog'ni arang yetkazib, tortib bog'ladim. Shu turishda u nafas ololmay qoldi.

— Voy, aka, qornim yorilib ketadi, yeching-eching, — dedi.

— To'xtang, rasmga tushaylik, — dedim qassobga qarab. Qassob imillabgina telefonini kovlay boshladi.

— Tezroq bo'ling, aka, yorilib ketaman, — dedi Soliboy arang ingragannamo.

Noiloj yechdim. Ko'rsatilgan joyga borib o'tirdik. Xotinlar chiqib ketishdi. Soliboy o'zi bilan o'zi bo'lib qoldi, dam o'tiradi, dam turib u yoq-bu yoqqa yurib keladi. Endigi navbat qassobniki edi. U tortilgan taomlarni apil-tapil tushirib bo'lgach, pis­taxo'rlikka tushib ketdi. Bu gal bir hovuchini oldiga olib, qisirlata boshladi. Men ham vaqt o'tkazmay tarelkani olib, baland­roq ovozda:

— Qassobjon, oldingizdagi pistaning po'choqlarini mana shu tarelkaga soling, — deb pista solingan billur vazaning ustiga qo'ydim. Qo'shnilar gur etib kulib yuborishdi.

Xullas, endi tug'ilgan kunlar ham ko'chada o'tkazilsa, ajabmas…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 8 =