Diydor shirin

Humoyun
Muallif haqida: Humoyun (Humoyun Akbarov) — 1964 yil 31 yanvarda Bo'z tumanida tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universiteti (avvalgi ToshDU)ning o'zbek filologiyasi fakultetini bitirgan. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Muallifning “Unutilgan gul” (1998), “Dilxiroj” (1999), “Ko'nglim guli” (2005), “Yoshlik bekati” (2008), “Tuyg'ular raqsi” (2010), “Intihosiz navolar” (2012), “Quyosh huzuriga yo'l olgan karvon” (2016) singari ko'plab kitoblari nashr etilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
(“Ajoyib kishilar” turkumidan)
O'shanda Novosibirskdan Toshkentga samolyot chiptasi topilmadi, noiloj Olmaotaga uchdik. Aytishlaricha, bu yerdan Andijonga to'g'ri reys bor ekan. Samolyotdan tushganimizda kechki soat to'rtlarga yaqinlashib qolgan, ustiga ustak havo aynib turgandi, shahar aylanish ham ko'ngilga sig'may, aeroportning chiptaxonasi tomon chopdik. Yoshi oltmishlarga borgan, qalin qilib upa-elik surganidan yuzi supraday oqarib ketgan chipta sotuvchi – asabiy o'ris kampirni ko'rdimu, somon tiqib joylanganday katta qanorday gavdasi ko'zimga birdan xunuk ko'rindi. Ertalab kelib cho'kkan o'rnidan haligacha qo'zg'almagandir, deb o'yladim. Xayolimdan kechgan o'yni sezganday, men ham unga yoqinqiramadim, darrov sezdim.
Beli baquvvatning ovozi dadil bo'ladi, bunday odam har qanday toshyong'oqni pul bilan chaqishiga ishonadi. Ayni damda o'zimni boyvachchalarday his qildimmi, harqalay kampirning ko'ziga boqmay, darrov ishim bitishini o'ylab, ikkita pasportning orasiga bitta yuztalikni qistirdim-da, peshtaxtaga tapillatib qo'ydim.
— Ikkita chipta, Andijongacha, qaytimi kerakmas…
Qaytim oz emas, salkam yigirma olti so'm! Ikkita chipta – o'ttiz yetti so'mdan – yetmish to'rt so'm bo'ladi. Ha, “usti”ni berib, ishni dangal hal qilib qo'ya qolay, dedim-da. Pulimiz bo'lsa – bor!
Kampir “yalt” etib yuzimga qaradi-da, meni puldor surbetlardan, deb o'yladimi, bilmadim, pasport va pulni otvorgudek siltab, men tomonga surib tashladi. Keyin:
— Andijonga chipta yo'q, vijdonsiz, – deb chiyilladi jahl bilan.
Hayronman. Nima, “qaytimi kerakmas” deganimga shunchalikmi?! Yoqmasa, indamay qaytarib beraver, pul o'zimga ham kerak. Bu yerlarning toshu tarozisini bilmasam. Har holda kam bermagandirman!?
Orani sovutay deb biroz aylanib kelgach, kampirning ko'zidan panaroqda turdim. Do'stim Nuriddin chiptaxona tuynugiga yuzlanib, ikkita pasport bilan ikkita ellik so'mlikni uzatib, Andijonga chipta berishini so'radi. Qaytim haqida og'iz ochmadi. Ammo kampir bizni allaqachon tanib ulgurgan ekan, yana tutoqib ketdi.
— Men shu yerda o'tirar ekanman, senlarga chipta yo'q,– deya baqirdi.
— Toshkentga-chi?
— Hech qaerga yo'q!
Nuriddin kampirning do'qidan cho'chib tushdi, biroq ortga chekingisi kelmay, ertangi kunga chipta bor-yo'qligini surishtirdi.
— Men shu yerda o'tirar ekanman, senlarga umuman chipta yo'q, – dedi shang'illab.
Hafsalamiz pir bo'ldi. Kampir o'zini tahqirlanganday his qilgani aniq, u endi bizni kechirmaydi. Yonimizda ikkita mashina sotib olishga yetguli pulimiz bor, axir. Buncha pul bilan poezdda ketib bo'lmaydi. Bir baloga yo'liqish mumkin…
Tez qizishib ketadigan oshnam Nuriddin menga gina bilan qaradi. “Bir-ikki kun shahar aylanaylik, boramizda, o'sha qishloqqa”, deb har qancha urinmasin, men ko'nmagandim. Ishimiz bitdi, bo'ldi-da, qaytamiz, sayohatga kelganimiz yo'q-ku, axir. Oshnam sarguzashtga ishqiboz, uning gapiga kirsam topgan pulimni sovurib, quruqqo'l bilan qolaman. Shuni o'ylab, zudlik bilan ketamiz, deb oyoq tirab turib olgandim.
— Oshna, – dedi Nuriddin shahar aylanib, ko'ngil yozib ketish umidida. —Taksida ketaylik, dovondan o'tamiz. Shahar aylanmadik, hech bo'lmasa tog'larni tomosha qilaylik…
— Mayli, yangiroq mashina tanlaymiz. Qimmat olsayam o'zimiz ketamiz, boshqa odam oldirmaymiz.
Gapni bir joyga qo'yib, aeroport binosidan chiqdik. Shu yaqin oradagi mashinalar to'xtash joyining bir chetida moviy rang “Jiguli” turgan ekan. Kirakash bo'lsayam kerak. Nuriddin mashinaning old eshigini ochib, uyqisirab, radio tinglab o'tirgan haydovchiga gap qotdi.
Andijonga taksida ketmoqchi bo'layotganimizni eshitgan haydovchining chehrasi yorishdi. Yo'lovchi kutaverib zerikib o'tirgan, shekilli, mijoz topilganidan xursand bo'ldi, shekilli. Keyin esa uning eski mashinasiga qarab, bu Andijongacha yetib borolmasa kerak, deya xavotirga tushdim. Axir, dovon oshiladi…
— Andijonlikmisizlar, – haydovchining yuzida tabassum paydo bo'ldi. – Bu yoqlarda nima qilib yuribsizlar?
— Ulan-Udedan shu yergacha uchib keldik, ammo bu yog'iga chipta topilmadi. Andijonga ham, Toshkentga ham joy yo'q deyishdi.
— Yo'g'-e, Toshkentga chipta olish muammo-ku, ammo Andijonga joylar serob-ku. O'zim ham yilda bir borib kelaman, – ajablandi haydovchi. – Tanishib qo'yaylik, ismim Habibullo, shu shaharda yashayman. Andijonda o'rtoqlarim ko'p.
Qorachadan kelgan, bo'ydor, ozg'in Habibullo akaning yoshi ellikdan oshgan, odamoxun kishi ekan. Muomalasidan oshna-og'aynigarchilikni o'rniga qo'yadigan ulfat, oqibatli ko'rinadi. U mashinadan tushib, birma-bir qo'l berib salomlashdi-da, bizga havas bilan tikildi. Bir daqiqa oldin mashinasining orqa o'rindig'ida uyqusirab, mijoz kutib o'tirgan kishining yuzidagi tundlikdan asar ham qolmadi. Qarshimizda ochiqchehra, yuzi nurli kishi turardi.
Uning xushmuomalaligi, eski qadrdonlarday mehr bilan so'zlashi bizdek aeroportdan quvib solingan yigitlarga taskin berdi.
— Men Andijonda harbiy xizmatda bo'lganman, undan keyin qolib, bir-ikki yil Kampir Ravot suv ombori qurilishida ishlaganman. Andijonlik birodarlarim bilan bordi-keldimiz bor. Odam sog'inadi. Andijon – mening yoshligim, – dedi u entikib. – Eh, qanday davrlar edi-ya… Foziljon, Nozimjon do'stlarim – ajoyib yigitlar. Ishonsalaringiz, hozirgina ularni eslab, samolyotda uchib ketvorsammikin, deb o'ylab o'tirgandim. Osmondan tushganday sizlar kelib qoldingiz, xuddi ularni ko'rgandek bo'ldim. Andijonning nafasini tuydim. Balki tanirsiz, ular Xonobodda yashaydi?..
— Xonobod viloyatning narigi chetida, bizning Bo'z bu chetida, – dedim hozirjavoblik bilan. – Biz u yoqlarga dam olishga, sayohatga borib turamiz. Bahavo, jannat joylar.
Habibullo aka gapimni eshitmadi, shekilli, bizga e'tibor bermay, o'zining xotiralariga ko'milib, yana jo'shib so'zlay ketdi. Uning gapiga mahliyo bo'lib, yo'l tashvishlarini unutayozdik.
— Yigitlar, bugun biznikida qolasiz, andijoncha osh damlaymiz, ertaga ertalab o'zim samolyotda uchirvoraman. Olmaotaga bir kelibsizlar, shundayicha qo'yib yubormayman.
— Ming bor uzr, katta rahmat, Habibullo aka. Anjanga borganingizda o'zimiz devziradan osh qilib beramiz, – dedim xushyor tortib. Tanimagan, bilmagan joyda qolib bo'ladimi, ustiga ustak, yonimizda ikkita mashinaning puli bo'lsa…
Habibullo aka biroz o'yga toldi, keyin mashinasini o't oldirib, o'tiringlar degan ma'noda orqa o'rindiqqa ishora qildi.
— Mayli, anchadan beri uydan uzoqda yurgandaysiz. Ota-onangiz ko'cha eshigiga termilib o'tirgandir. Hozir sizlarni taksidan ko'ra qulayroq, bexavotir ulovga chiqarib yuboraman!
Habibullo akaning mashinasi eskiroq ko'rinsa ham, bir maromda tekis yurarkan, rulni abjirlik bilan boshqarib, xuddi andijonlik o'rtoqlarini shahar aylantirib yurganday, ko'cha yoqasidagi mavzelarni, binolarni tanishtirib borardi. U biz singari quvnoq, o'ylab-o'ylamay gapiradigan yigirma besh yashar yigitga aylanib qolgandi. Qiziq, ajoyib odamlar bor-da, o'zi yetti yot begona bo'lsa! Bizga anjanliklarga o'xshab gapiradi. Xayolimdan: boshqa fikr aylanardi: “Ishqilib, chuv tushirmasmikin? Qayoqqa olib ketyapti bizni? Yonimizda katta pul borligini sezib qolmadimikin?”
Serqatnov ko'chalardan o'tib, to'rt-besh chaqirim yurgach, Habibullo aka rulni keskin o'ngga burdi-da, shaharlararo qatnaydigan avtobus bekatining chetiga kelib to'xtatdi.
— Yarim soatdan keyin Toshkentga avtobus jo'naydi. “Mers”. Yaqinda keltirishdi. Xorijniki. Chipta bemalol, – dedi Habibullo aka ishonch bilan. – Yo'llaring ochiq yigitlar ekansiz, ulgurib keldik. Hozir ko'ramiz.
Habibullo aka bizni chiptaxona tarafga boshladi-da, o'zi chipta sotuvchi ayolga yuzlandi:
— Toshkentga ikkita bilet bering, mehmon kuzatish yaxshi-da. Chipta bo'lmasa, yana bir kun qolishadi, – hazillashdi u.
Chiptani olgach, Habibullo aka quvonib ketdi. Biz bo'lsa, Olmaotadan Toshkentga avtobus yurishini xayolimizga ham keltirmagandik.
— Mana, hali yoshsiz, tomosha qilib ketasiz. Avval Jambulda, keyin Chimkentda avtobuslar o'zgaradi. Xuddi charchagan otlarni almashtirganday, besh-o'n daqiqa nafas rostlab, choy ichib, yana yo'lga chiqasiz. Avtobus chiptasi 24 so'm ekan, samolyotniki 37 so'm, bu tomondan ham sizlarga foyda! Agar taksida ketaman desangiz, yuz so'mdan kamiga bormaydi. Chunki orqaga quruq qaytadi-da.
Gap pul masalasiga ko'chgani uchun Nuriddinning ko'ngliga keldimi, yonidan bitta qizil o'n so'mlikni chiqarib, Habibullo akaning kissasiga asta solib qo'ydi.
— Aka, kam bo'lsayam ko'p o'rnida ko'rasiz, rozi bo'lasiz endi.
Habibullo aka avvaliga o'ng'aysiz ahvolga tushdi, keyin esa, hafsalasi pir bo'lgan kishiday qo'yarda-qo'ymay cho'ntagidan pulni olib, Nuriddinning qo'liga tutqazdi. Men ham xijolat tortdim.
— Yigitlar, pul qo'lning kiri, keladi-ketadi. Odam topilmaydi. Men sizlarni uchratib, go'yoki o'rtoqlarimni ko'rganday bo'ldim.
Habibullo aka avtobus joyidan jilguncha kutib turdi. Keyin eski qadrdonlarday ortimizdan qo'l siltab qoldi.
Avtobus yarim soatcha yurgach, o'zimizga keldik shekilli, Nuriddin menga ajablanib qaradi-da, jilmayib dedi:
— G'alati kishi ekanmi!? Nima uchun uning uy manzilini yoki telefonini yozib olmadik yoki o'zimiznikini bermadik?
— Ko'rib turibsan-ku, gapirgani qo'ymadi. Xonobodlik o'rtoqlari hurmatidan bizga yaxshilik qildi. Endi navbat bizniki, qarz bo'lib qoldik, – dedim o'ylanib.
Yangi, o'rindiqlari yumshoq avtobusda tekis yo'ldan ketayotib, tasodifan bir ajoyib insonni uchratganimizni, ammo ming afsuski, uni darrov yo'qotganimizni his etib borardik.