Qaysi partiya yutib chiqadi

Aziz NESIN

(Hikoya)

— Murod og'a har narsani biladi, – deyishdi.

Qishloqqa kelganimda, bir necha marotaba Murod og'aning uyida mehmon bo'lgandim. Murod og'ani bu safar uyidan emas, qahvaxonadan topdim.

— Murod og'a, siz bilar ekansiz, har holda, shunday deyishdi. Qani ayting-chi, bo'lib o'tayotgan bu bahslarda qaysi partiya yutib chiqadi? – deya so'radim.

— Vallohi a'lam, ma'lummas hali, – dedi.

— Axir qaysi partiya kuchli bo'lsa, o'sha yutmaydimi?

— Yo'q, bir narsa deyish qiyin oldindan. Oq qo'y oqmi, qora qo'y qorami, bahs so'ngida ma'lum bo'ladi. Bu qishloqdagilarning qo'y bilan ishi yo'q, qancha so'rama, befoyda. Nega, bilasanmi? Unda, eshit.

U o'ng oyog'ini o'ziga tortdi, o'ziga xos qilib chordana qurdi. Yaxshilab o'rnashib olgach, sigarasini olovlatib so'z boshladi:

— Avvalo, bilib qo'y, jiyan, bizning mamlakatda partiya-martiya degan narsa yo'q. To'g'ri, bor, faqat nomi bor, hech kim partiya haqida hech narsa bilmaydi. Biz u zamonlar partiyani hukumat deb bilardik. Ulkan bino — hukumat binosi, unda partiya joylashgan deyilardi. Vaqt o'tib, partiya ishi ish bo'lmay qoldi, to'g'ri kelgan odam aralashadigan bo'ldi. Tikuvchi Komil bir kun yonimga kelib: “Murod og'a, keling, siz bilan shu yangi partiyaning bo'limini ochaylik shu yerda”, deb qoldi. “Qani, bu yerdan sur, Komilboy, bu sen aytgan partiya deganing mayda-chuyda sotiladigan do'kon emas, ishingni qil…” dedim. Uning izidan advokat Rizo bey keldi. U ham birga partiya ochaylik, dedi. Aytishicha, u yangi partiyaning kattasi bilan gaplashibdi, masala halmish. Maktub yozishganmish. Ular: “Bu mamlakat so'zingizni ting­laydi, partiyaning bo'limini oching”, deyishibdi. “Qo'ying, o'g'lim, aqlingiz yetmasa keragov, — dedim. — Bir paytlar o'lkamizda “Erkin jamiyat” nomli tashkilot ishga tushgandi. Uni qurganlarni toshbo'ron qilishdi. Birortasi yurtimizda qololmadi, muhojirlik to'rvasini yelkaga osib, vatandan chiqib ketishdi”. Advokat Rizo bey: “Yo Xudo­yim-ey, Murod og'a, hozir boshqa zamon… U davrlar o'tdi. Hozir Amerikada qanday bo'lsa, bizda ham shu. Har bir inson biror partiya a'zosi bo'lishga majbur”, dedi. Uning gapiga kirdik, cho'zib o'tirmay, partiya tuzdik. Biz partiya tuzgach, boshqa partiyada qancha odam bo'lsa, bari bizga oqib kelaverdi. Partiyaning kotibi ro'yxatga olib charchab ketdi. O'lay agar, buncha odamni nima qilamiz? Meni qo'rquv bosdi, jiyan, so'rama… Advokat Rizo bey bizning yo'lboshchimiz. Unga xavotirlanib: “Rizo bey, shu ro'yxat to'ldi deylik, boshimizga kulfat tushmasin tag'in”, dedim. “Hech narsa bo'lmaydi, – deya dalda berdi u. — Partiyaning odami qancha ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi. Qanchalik tarafdorlarimiz ko'p bo'lsa, hukumat bizniki bo'ladi”. Boshqa partiyadan bizga qo'shilayotganlar yetmagandek, umrida partiya degan so'zni eshitmaganlar ham kela boshladi, jiyan. Buning oxiri nima bo'ladi? Yo Xudoyim… Omonni, zamonni anglagan bormi birorta? Kelgan odam partiyamizga kirardi. Mamlakat tarafdorlarimiz bilan to'ldi, jiyan. Tepadan kimdir bilib qolsa, kovushimizni to'g'rilashi aniq. Hech bo'lmasa, men shu partiyadan chiqib, boshqasiga kiray, dedim. Bizga partiya markazidan tabriklar kela bosh­ladi. Bizning advokat Rizo bey shunday nutq so'zlardiki, oh-oh, go'yo olqishdan bozor yiqilib ketay derdi. Shunday paytda, jiyan, bir xabar keldi, partiyamizning katta boshlig'i keladi, degan… Yetti yoshdan yetmish yoshga qadar barimiz yurt yo'llariga to'kildik. Kimdir buni ko'rib qolsa, bizni egasiz qo'ylarday mamlakatning to'rt tomoniga tarqalib ketibdi, derdi. Biz advokat Rizo beyni yaxshi nutq so'zlaydi deb yurgan ekanmiz. Sen nutqni bizning katta boshlig'imizdan eshitmabsan. U shunday to'lqinlanib, chayqalib, rolga kirib gapirardiki, millat ho'ngir-ho'ngir yig'lardi. So'ng yana shunday gapirardiki, millatning kulaverib ichagi uzilardi. Bir yig'latadi, bir kuldiradi. Go'yo tugmamiz uning qo'lida. Tugmani bu tarafga burasa, tinmay ko'zyosh to'kamiz, boshqa tarafga burasa, tinmay qahqaha otamiz.

Nutq tugagach, partiyamiz binosiga tashrif buyurdi. Advokat Rizodan:

— Qishloqning aholisi qancha? – deb so'radi.

Rizo bey:

— Yigirma to'rt ming, – dedi.

Katta boshlig'imiz:

— Ovoz berishga kirmaydiganlarni aholiga qo'shma, – dedi.

— Ulardan tashqari taxminan o'n ikki ming…

— Bizning partiyaga qanchasi a'zo?

— To'qqiz ming…

Katta boshliq:

— Unday bo'lsa, bu qishloqda yetarlicha ovoz to'p­labmiz, – deya baqirib yubordi.

Keyin, jiyan, katta boshlig'imiz ketdi. Narigi partiyani qo'rquv bosgandi. Darhol uning rahbari qishlog'imizga keldi. U kelishidan avval men partiyamizdan chiqib, boshqasiga kirmoqchiydim, ulgurolmay qoldim. Bu safar u ham bir nutq so'zladi. O'lay agar, jiyan, nutq bo'lsa, shunchalik bo'ladi. Masjidda mavlud o'qilsa, bunchalik yig'lashmaydi. Nutqi yakunida:

— Yurtdoshlar, — dedi, — biz hokimiyat tepasiga chiqsak, har bir odamga ming liradan kredit ajratamiz.

Voy jiyan, voy, pul berilishini eshitib, narigi partiyaga shunday ko'chish bo'ldi. Ertasi kun advokatimiz Rizo bey boshini ushlab, tizzasini quchoqlab yig'lay boshladi.

— Nima bo'ldi, Rizo bey, tishingiz og'riyaptimi? – deya so'radim.

— Tishlarim protez, ming shukrki, og'rimaydi. Undan yomon xabar bor, barcha tarafkashlarimiz narigi partiyaga o'tib ketishdi.

— Bizda hech kim qolmadimi?

— Quruvchilar va kredit berilishini eshitmaganlargina qoldi.

Men ham ichburug' bo'lgan odamday burala bosh­ladim. Dodlab sochimni yulaman, Rizo bey ham mendan qolishmaydi.

— O'lay agar, Rizo bey, – dedim, – bunday soch yulish bilan ish bitmaydi. Tur, biz ham narigi partiyaga kiraylik tezroq. Kech qolsak, ro'yxat to'ldi, deb olishmaydi.

— Shoshilmay tur, markazga qo'ng'iroq qildim, ko'raylik-chi, nima javob kelar ekan?

Jiyan, qishloqda shunday savdolashish bosh­landi, shunday savdo qaynadi, ko'rmading, ko'rmading-da. Millat pulsevar, bolam.

— Bu nima sharmandalik, pulni ko'chadan supurib olyapsizlarmi? – deyman.

— Bu partiya falon pul beryapti ekan, – deya og'zimga urishadi. Daryoni ko'rmay etik yechiladimi hech, jiyan? Bizda yechiladi!

Advokat Rizo ohlagancha boshini ushlab:

— Evoh, ovozlarni yo'qotdik, – deya baqiradi. Baqirganidan tog'u tosh titraydi.

Shu desang, partiyamiz boshlig'i yana to'rt marta shoshilinch kelib ketdi. Xudo haqqi, bir safar mashinadan tushib o'tirmadi, oyog'ining changi bilan to'g'ri ustiga chiqib, shunday nutq so'zladiki!.. Alloh-Alloh! Lof deganing nima? Bir og'zini ochadi, millat kuladi, bir og'zini ochadi, millat yig'laydi.

Eng oxirida:

— Yurtdoshlar, – dedi, — bu yerga mendan avval bittasi kelibdi, sizlarga saylov yakunlangach, kredit beraman debdi. Biz, xudo xohlasa, hokimiyat tepasiga chiqsak, ikki ming liradan kredit ajratamiz.

Oh, jiyan, yo'q eding, ko'rmading-da. Partiyamizning to'qqiz ming a'zosi bor edi. Sakkiz ming yetti yuzi boshqasiga o'tgandi. Ikki ming lirani eshitganlar yana partiyamizga qaytib keldi, avvallari to'qqiz ming a'zomiz bo'lsa, endilikda o'n bir mingga yetib qolgandik.

Advokat Rizo:

— Bu safar aniq yutib chiqamiz, —– derdi.

Faqat Rizo bey emas, hamma shunday derdi. Shaharchada shunday savdo-sotiq boshlandi, oldingisi hech narsa emas.

— Ie, bu nimasi endi? – deyman.

— Narigi partiya bergan pul tugadi, endi sizning partiya va'da qilgan ikki ming lirani kemirmoqchimiz, – deyishardi. Jiyan, bizning hamqishloqlar dono odamlar! Qo'liga tushgan pulni yeydi, uni yeb tugatgach, boshqasiga o'tadi. Bu safar narigi par­tiyadagilar ishga kirishdi. Ularning rahbari keldi.

— Ikki ming lira beramiz deb sizni aldashibdi, – dedi.

Partiyamiz a'zolaridan biri:

— Aldashgani yo'q, – dedi, — qanday aldashadi? Biz ular aytgan pulni yeb tugatdik allaqachon…

Rahbar:

— Mayli, aldashmagan bo'lsa-ku, mayli, – dedi, — u partiya oila boshiga ikki ming lira bersa, biz kishi boshiga ikki ming liradan berishga qaror qildik. Bormi biror gapingiz?

Qishloqdagilar nutqning qolganini eshitib o'tirishmadi. Hamma shoshilib u partiyaga o'ta bosh­ladi. Bizning partiya yana bo'shab qoldi. Rizo bey:

— Evoh, saylovda yutqazamiz-ku, – deya tinmay oh uradi.

Men bu safar, yaxshisi, u partiyaga o'tib qolay dedim. Narigi partiyaning kishi boshiga ikki ming liradan kredit berishini eshitgan ota oilasini ko'paytirishga shoshiladi. Mulla nikoh qiyib charchab qoldi. Yo tavba, bu ketishda mamlakatga sig'may qolamizov.

— Ie, o'g'lim, bu nima qilganingiz tag'in? – deya hayratlanaman.

— Jonajon vatanimiz kelajagini yaratyapmiz, – deydi.

Yo Xudoyim, yo tovba, Vatan kelajagi shunday yaratiladimi? Shu desang, jiyan, partiyamizning katta boshlig'i yana tashrif buyurdi. O'lay agar, ayni vaqtida keldi. Agar bir kun kech qolsa, aniq partiyamizda birorta a'zo qolmasdi, nafaqat bizda, boshqasida ham. Kelishi bilan shunday nutq so'zladiki…

— Vatandoshlar, – deya so'z boshladi, — anavi partiya sizga kishi boshiga ikki ming liradan kredit beraman deb aldagan. Bilib qo'yinglar, bizning partiya odam boshiga ikki ming lira beradi, hatto foizini ham olmaydi.

Eshitganlar partiyamizga gur etib qaytib keldi. Advokat Rizo saylovda aniq yutamiz deb do'ppisini osmonga otardi.

— Rizo bey, tezroq shu saylov bo'lsa yaxshi bo'lardi, – dedim. — Mabodo narigi partiyadan kelishib, narxni oshirishsa, yana o'sha yoqqa qarab jo'naydi bu bachchag'arlar.

Aytganimday bo'ldi. Narigi partiya rahbari keldi.

— Hamyurtlar, – dedi, — kredit foizini olmaslik nima gap? Biz foiz ham olmaymiz, shuningdek, avvalgi qarzlaringizni ham unutamiz. Kreditdan birorta qarzdor odam qolmaydi yurtimizda, inshoolloh!

Maydonni bir ko'rmading-da, jiyan, to'y bo'layotgan joyga aylandi. Kimdir surnay chaladi, kimdir qo'shiq aytadi… Qiyomatning o'zi!

— Nima qilamiz, Rizo bey? – deya so'radim.

— Yondik, Murod og'a, adoyi tamom bo'ldik, – dedi. — Partiyamizda birorta odam qolmadi, hammasi narigiga o'tib ketdi.

— Yur, biz ham vaqt borida o'taylik.

— Shoshilma, katta boshlig'imizga xat yubordim. Ko'raylik-chi, kredit qarzlarini o'chirgach, ustiga nima berishar ekan?

Saylovda adolat qolmadi, bolam. Bugun-erta saylovlar bo'ladigan, yaqin qolgani uchun propaganda taqiqlandi, pul beramiz, desakkina kelisharmish a'zolar. Afsus, kech qoldik… Partiyamizda nari-beri yuz kishi bor, narigi partiyada esa o'n sakkiz ming odamga yetibdi.

— Yo tavba, Rizo bey, qishlog'imizda bunchalik odam yo'q, bular qaerdan keldi? – deya savol berdim.

— Kredit qarzdorligi o'chirilishini eshitishdi, bir odam partiyaga ikkita deb yozildi, – dedi.

— Bizdagi haqiqiy saylovchilar qancha?

— O'n ikki ming…

— Menga endi ruxsat, Rizo bey. Bu ish partiya ishi. Bu ishda siqilish yaramaydi. Men, yaxshisi, narigi partiyaga o'taqolaman. Maylimi?

Xullas, jiyan, narigi partiyaga o'tdim.

Murod og'a qahvaxonachiga uchinchi marotaba qahva buyurdi. Boshqatdan chordana qurdi, oyoqlarini o'zgartirdi, o'ng oyog'ini iyagi ostiga qo'ydi. Mendan so'radi:

— Xo'sh, jiyan, o'zing ayt… Partiyaning birida o'n sakkiz ming a'zo bor, boshqasida esa mingta ham chiqmaydi. Qani ayt-chi, saylovda qaysi partiya yutib chiqdi?

— Murod og'a, buning nimasini so'raysiz? Albatta, o'n sakkiz ming a'zosi bor bo'lganida!

— Bilmading, jiyan, bilmading. Saylovda bizning partiyamiz, men tark etgan partiya yutib chiqdi. Men o'shanga ovoz berdim, tushundingmi? Yangi kirgan partiyamga bermadim. Bizning ish shunday, bolam. Bittasi keladi, ikki ming beraman deydi, gur etib o'shanga o'tishadi, biri keladi, uch ming beraman deydi, yana gur etib shunga o'tishadi. Biroq quloq solma, saylov vaqti keldimi, har kim o'z bilganini qiladi.

— Mayli-ku-ya, nega bunday bo'ladi axir?

— Jonim jiyan, birov keladi, ikki ming lira kredit beraman deydi, uning puli bekorga ketsinmi? Puli behudaga ketmasin deb, uning par­tiyasiga o'tiladi. Pul qo'lga o'tmasdan yengib chiqilsa, bu boshqa gap, xuddi o'shandagidek… Pulni eshitgan yana boshqa tomonga o'tadi. Ammo saylovlar bosh­langach, ko'ngliga qaysi partiya yoqsa, o'shanga ovoz beradi. Jiyan, shuning uchun bu ish oldindan ma'lum bo'lmaydi. Birortamizning yoqamizdan tutib so'rasang, senga ovoz beramiz, deymiz. Ishonma! Etiklar kiyilganida ma'lum bo'ladi hammasi. Xo'sh, jiyan, qahva ichasanmi yana?

Turk tilidan Rahmat Bobojon

tarjimasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − fifteen =