Eng go'zal muhabbat

Chol to'qson to'rt yoshida qattiq yotib qoldi. Bugun-erta umri poyoniga yetishini hatto o'zi ham sezib turardi. Bolalarining zimdan hovlilarni supurib-sidirib “tayyorlanishayotgani”ni   anglab yotardi. Ertalab u ancha bezovta bo'lib qoldi. Ko'zlari javdirab birovni qidirganday bo'ladi. Goho kampiri tomonga boshini burib unga tikilib qoladi. Kirgan-chiqqanlarga yalinchoq nigoh bilan tikiladi. Qandaydir muhim, juda muhim iztirob uni qiynayotganday edi. Buni sezdi, shekilli, katta qizi bolalari va nevaralariga shipshidi.

— Tashqari chiqib turaylik-chi, otamning onamga aytadigan gapi bor, chamamda, biror omonat gapi bo'lsa, aytib olsin.

Hamma tashqari chiqib ketgach, kampir so'radi:

— Chol, biror omonat gapingiz bormi? Nimaga buncha bezovta bo'lyapsiz?

Chol xonani bir qur ko'zdan kechirdi. Hech kim yo'qligiga ishonganidan keyin horg'in nigohini kampiriga tikdi.

— Kampir, sen bilan juda baxtli yashadik. Sendan roziman, mendan ham rozi bo'lgin.

— Roziman, chol, roziman. Shunga bezovta bo'lyapsizmi? Roziman.

— Unga emas, yo'q. Mendan keyin bolalar senga yaxshi qarasharmikin? Biron narsaga muhtoj bo'lmasmikinsan? Ha, aytgancha.., ko'k choying bormi, biror yilga yetadimi? Nov­vot-chi?

— Xavotir olmang, ko'k choy ham, novvot ham bor. Meni bolalar ko'chaga tashlab qo'yisharmidi. Xudoga shukur, olti pahlavon o'g'limiz bor, ikki qizimiz, o'ttiz yetti nevaramiz, to'rt chevaramiz bor. Bolalar hammasi toparmon-tutarmon.

— Ha, ha, to'g'ri aytasan. Lekin shu… senga qarasharmikin deb…

Kampir uning gapidan kuldi.

— Aytdim-ku, o'ylamang, mendan ko'nglingiz to'q bo'lsin. Shunday farzandlar ato qilganiga shukur deyman. Ularga ishoning, o'zingizga ishonganday ishoning.

— Endi ko'nglim tinch. Gaping to'g'ri. O'zingga shukur, parvardigor.

Chol ko'zlarini sekin yumdi.

Kechga borib uzildi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =