Yaxshi niyat

Ular ikkisi kasalxonada tanishdilar. Ikkovining ham bolasi qiz edi, ikkovi ham to'rt yoshda edi. Ikkovining ham bolasi bir xil kasallik bilan og'rirdi, ya'ni o'qtin-o'qtin sudurgi berar, to'satdan o'zidan ketib qolardi. Ularni davolayotgan vrach bor bilimini, imkoniyatini ishga solar, bolalarning sog'ayib ketishlari uchun tinim bilmasdi. Kunlarning birida bu ikki ayolga do'xtirlarning biri maslahat berdi:

— Bolalaring tez-tez kasalxonaga tushib turibdi. Bu chakana chiqim emas. Har safar falon pulga davolatasizlar. Undan ko'ra nogironlik toifasiga o'tkazdirib qo'ysanglar, o'zlarining nafaqalari o'zlariga yetib turadi.

Birinchi ayol darhol ishga kirishdi. Eri ko'rgani kelishi bilan tezda qiziga nogironlik nafaqasini to'g'rilash uchun do'xtirlarga uchrab qog'ozlarni to'ldirishni talab qildi. Er bu vazifani to'la ado etdi. Ikkinchi ayol esa iymanibgina eriga shu haqda aytgandi, eri unga kulib turib dedi:

— Nima deyapsan? Qanaqa nafaqa? Qizimni bu yerga nafaqaga chiqarish uchun emas, davolatishga olib kelganman. Hech qanaqa nafaqa kerak emas, qizim tuzalib ketadi. Men uni oyog'im yetgan joyga olib borib davolataman: yetsa molim, yetmasa jonim.

Erining gapi ayolga ham ma'qul tushdi.

Uchqur yillar o'taverdi. Ikki ayol yana uchrashdilar. Bu safar bozorda. Ikkinchi ayol so'radi:

— Yaxshi yuribsizmi? Qizingiz yaxshi bo'lib ketdimi?

— Ha, biroz tuzuk. Oyoqlari yaxshi ishlamaydi, aravachada o'tiradi, lekin bizga og'iri tushmaydi. Hozir nafaqasi o'ziga yetib turibdi. Shuning nafaqa hujjatlarini yangilaymiz, deb olib kelgandik, — birinchi ayol nariroqda aravachada o'tirgan yigirma yoshli qiziga ishora qildi, — o'zingizniki-chi, yaxshimi?

— Xudoga shukur, hozir universitetda uchinchi kursda o'qiyapti. Shunga yangi o'quv yiliga ust-bosh qilib beraylik deb olib kelgandik, — ayol rastalar bo'ylab tuflilarni tanlab yurgan qizi tomon ishora qildi.

Birinchi ayol bir u qizga, bir o'zining qiziga qaradi-da, ko'rsatkich barmog'ini tishlab o'ylanib qoldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − nine =