Tamaddunning oltin beşigi
Qadim tamaddunning neça ming yillik sadolari kelib turgan Navoiy viloyatining Sarmişsoyidagi nodir obidalar — petrogliflar ötmişimizning yangidan-yangi qirralarini namoyiş etib, minglab xorijlik mehmonlarni yurtimizga çorlamoqda.
Zarafşon daryosidan ötib, Qalqonota ziyoratgohi va Sarmişsoy darasiga bora-borgunça yöl yoqalari obodonlaştirilib, behisob anvoyi gullar ötqazilgan. Butunlay yangiça qiyofaga kirgan turar-joy binolari esa har qanday kişi közini quvontirib, kayfiyatni kötaradi.
QOYALARGA BITILGAN TARIX
Aytişlariça, “sarmiş” qadimgi söğdiyça söz bölib, “sarimuşk” — “asl gul hidi anquvçi makon” degan maʼnoni anglatadi. Nomi uzukka közdek öziga yaraşgan Sarmişsoy viloyat markazidan öttiz beş çaqirim şimoli-şarqda joylaşgan. U Nurota toğ tizmalariga kiruvçi Qoratoğ etaklaridagi eng xuşmanzara, gözal daralardan biri hisoblanadi. Sababi, Zarafşon daryosining zilol suvlari yuzini yuvib turgan Navbahor tumani (Sarmişsoy darasi joylaşgan maskan) qadimgi ajdodlarimizning boy madaniy hayoti haqida maʼlumot beruvçi noyob tarixni öz bağrida saqlab kelayotir.
Özbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Arxeologiya instituti olimlari ötgan asrning oltmişinçi yillarida uşbu hududda madaniy merosni örganişga kirişgan edi. Arxeologik qazilmalar natijasida qadimgi yaşaş manzillarining qoldiqlari, jumladan, Qalqonota yodgorliklari: Uçtut, Çaqmoqtoş konlari, Sarmişsoy, Qoraqönğirsoy, Bironsoy, Qoyatoş suratlari kabi qadimiy yodgorliklar borligi aniqlandi. Topilgan osori-atiqalar şundan guvohlik beradiki, bu qadim zaminda eramizdan avvalgi oltinçi, beşinçi asrlarda ham ajdodlarimiz istiqomat qilişgan. Uçtut, Ijand, Sarmiş deb ataluvçi manzillardan topilgan aşyoviy dalillar, yodgorliklar, toşbitiklar, ov qurollari bu makonda ijtimoiy hayot juda erta boşlanganidan sözlaydi.
Navbahor tumanidagi qadimgi yodgorliklardan yana biri Sarmişsoy darasidir. Uning baland qoyatoşlaridagi suratlar soni ön mingdan oşiq. Özbekiston Respublikasining birinçi Prezidenti Islom Karimovning Sarmişsoy darasi va u yerdagi ibtidoiy suratlar haqidagi quyidagi eʼtirofi maʼnaviyat, qadriyat, tarixga bölgan ehtiromni yanada oşiradi:
“Sizlar har kuni körib va kezib yuradigan Karmana şahrining yoşi neçada? Yoki çöli Malikdagi eski rabot sardobalari qaçon paydo bölgan? Sarmişsoy darasi va ğoridagi ibtidoiy suratlar bu ölkaning eng qadimiy madaniyat beşiklaridan biri ekanidan darak bermaydimi?..”
Darhaqiqat, bu zamin bağridan topilgan osori-atiqalar, yodgorliklar, ov qurollari, ziyoratgohlar tarixdan hikoya sözlaydi göyo. Çunonçi, oçiq osmon ostidagi ğaroyib tarixiy landşaft muzeyi tufayli Sarmişsoy nafaqat Özbekistonning, balki butun jahon hamjamiyatining boyligi, desak, mubolağa bölmaydi. Zero, Sarmişsoy darasidagi köplab tarixiy yodgorliklar, jumladan, turli davrlarga oid tört mingdan ortiq petrogliflar hali-hanuz öz jilosini yöqotmagan holda dunyo eʼtirofini öziga jalb etib kelmoqda.
ZULQARNAYN DARASI
Men tuğilib ösgan joylar Sarmiş darasidan unça uzoq emas. Şu bois bolaligimda Juma katta otam bilan Sarmişsoy darasi va ğoridagi ibtidoiy suratlarni körgani tez-tez borib turardik. Ayniqsa, bobom menga toşlarga çizilgan surat-yozuvlarni körsatib, ularning tarixi haqida soatlab sözlab berar edi. “Kampir kunjak”, “Iskandar Zulqarnayn” deb nomlangan daralar menda katta taassurot qoldirgan. Ular meni öziga tamomila rom etib qöygandi. Hamon yodimda, Zulqarnayn qoyasida jahonni zir titratgan Iskandar Zulqarnaynning uzoq-uzoqlarga ğazab, qahr, nafrat bilan öqrayib turganini körganimda, buni kim yaratgan ekan, deb hayron qolgandim. Uşbu qoyadan sal naridagi qalʼa qoldiqlari va vayronasiga közim tuşgaç, gap nimada ekanini tezda fahmladim.
Hoynahoy, Jahongir (tarixda “Taxtizar” deb nomlangan) mazkur qalʼada milliy qahramonimiz Spitamen bilan töqnaş kelgan. Örtada ayovsiz jang bölgan. Köplab qurbon berilgan. Biroq, şunga qaramasdan, qalʼa ahli yovga taslim bölmay, jon-jahdi asnosida öz yurtini, tuproğini himoya qilgan. Alaloqibat, Taxtizarni qölga kiritolmasdan xunobi oşgan Iskandar mana şunday qarab qoladi…
Yana bir safar u yerga borganimizda, katta otamdan bu rasmlarni kim çizganini söradim. Şunda Juma katta otam nigohlarini olis-olislardagi qoyalarga qadaganiça ohista gap boşladi.
— Bilasanmi, qöziçoğim, bu daralar, qoyalardagi xarsangtoşlarga bitilgan yuzlab, minglab suratlar, aslida, tarixdan sözlaydi. Sababi, bu bitiklarni qadimda ota-bobolarimiz yurak qörini, qalb mehrini berib çizgan. Şundanmi, bularning har bittasi qatida rivoyat, afsona, naql yaşiringan. Men bu yodgorliklarni bebaho durdonalar sirasiga qöşgan bölardim, — degandi.
Ulğaygaç, katta otam aytgan gaplar haqiqat ekaniga amin böldim. Angladimki, har bir inson öz yurtidagi qadimiy, salobatli toğlar, daralarni yaxşi bilişi kerak ekan. Aytgança, katta otam nuqul Nurota toğ tizmasi daralarini “Susambil bu”, deya aytgani-aytgan edi. Ha, afsona va ertaklarda taʼrifi keltirilgan erkinlik, tenglik, baxt-saodat diyori Susambilning özi-ku, degani esimda.
KAMPIR KUNJAK
Muzrobga çöponlik tayoği otasidan meros. Öşandan beri u uzzukun toğu toşlar zanjirdek qoplagan Sarmiş toği etaklaridagi serunum yaylovlarda qöy boqadi. Bu makondan uçi ötkir, arratiş çöqqilar közga yarq etib taşlanib turardi. U baʼzi-baʼzida ulkan xarsangtoş kavaklariga berkinganiça, böri yoki şoqollarni poylaydi. Ammo suruv yonida çöpon bölganidan, qaşqirlar kunduzlari çorvaga oçiqçasiga hujum qilişga jurʼat eta olmaydilar. Ularni odamdan köra, öqotar qurol behad çöçitardi. Bir kuni çöponning qiziqişi ustun kelib, tepadan yaqqol körinib turgan ikki qoyaga çiqib bormoqçi böldi. Unga şu tobda oçiq yerdagi söqmoq yöl juda ham asqatdi. Tepaga kötarilgunça badanini jiqqa ter bosdi. Lekin u sir-boy bermadi. Aksinça, özini tetik, bardam tutardi. Nihoyat tepaga çiqib oldi. Toliqqanidanmi, darhol ulkan xarsang ustiga çözildi. Közi ilingan ekan. Şunda uning yuz-közini allaqanday qöl silay boşladi. Öziça öyladi. Bu qöl egasi ajina bölmasin tağin? Şuni fikr qila turib, şörlikning yuragi orqasiga tortib ketdi. Bolaligida kampir momosi aytguvçi edi: “Bordi-yu, toğ-toşda, dala-qirda oldingdan sap-sariq ajina çiqib qolsa, özingni yöqotib, şalpayib qolma. Aksinça, özingni qörqmaganga ol, dadil, tetik tut. Şu zahoti uning soçidan mahkam burab olib, kalimangni keltir”.
U közini oçganida, qarşisida çiroyli, qoş-közlari popukkina qiz beozorgina tikilib ötirardi. U qizga qarab lol qoldi. Neçun taqdir uni bu xilvat göşada gözal qizga yöliqtirdi? Ehtimol, hayot yöli bu parivaşga boğlanar. Yöq, yöq, u ajina emas, aksinça, bölğusi umr yöldoşining naq özginasi.
Ular, nihoyat, tanişib oldilar. Şu mahal allaqayerdan kayvoni bir kampir kelib qoldi. Dedikim:
— Bolam, mening ismimni Mastura deydilar. Hov, pastlikdagi qişloqda turamiz. Agar nevaramni yoqtirib qolgan bölsang, çözmasdan sovçi yubor. Urf-odatlarimizni ado etib, töy qilamiz.
Mastura kampirning bu gapi yigitning könglini toğdek kötardi. Köp ötmay, töy ham böldi. Hamma şodu xurram uy-uyiga tarqadi. Ammo negadir odamlar oşyonlariga qaytiş çoğida:
— Oğayni, ertaga juvanalarni (mahalliy şevada hökizça deyiladi) toqqa, Muzrob kelin bilan momosiga duç kelgan joyga, yaʼni “Kampir kunjak”ka haydab boraman. Şunga kömaklaşsang degandim, — dedi.
— Mayli.
— Rahmat!
Şu tariqa jöralar xayrlaşdilar. Bu vaqtda şamol dov-daraxtlarni, butalarni zör berib yulqilay boşladi. Havo esa tund, töqimtabiat bölib qolgandi. Endi gapni ertaklardagidek çöpon yigitdan eşitaylik. U yorini topgan kezlari quvongandi. Qolaversa, u otgan toş möljalga bexato tekkan edi. U şunaqangi quvonib, kampirni alqab, ular bilan duç kelgan qoyatoşni “Kampir kunjak” degan ajabtovur nom bilan atay boşladi. Tez orada “Kampir kunjak” atamasi xalq qalbiga xuddi qörğoşindek örnaşdi-qoldi. Aslida, kunjak burçak degan maʼnoni anglatadi. Bundan çiqdi, mahalliy aholi luğati yangi bir söz bilan boyidi. Odamlar esa çöpon yigitning nom qöyişdagi topqirligiga, narsalar mohiyatini çuqur, töğri tahlil qilişiga qoyil qolgandilar.
Sirli tekisliklar tugab, şoşqin soy boşlanadigan joy tepasida bir sirli qoya bor. U xuddi kampirning kunjakda, burçakda qotib turgan holatiga juda-juda öxşab ketadi. Uni körgani tez-tez odamlar kelib turadi.
OSMON OSTIDAGI XAZINA
Vaqt imillaydi. Şu bois şoşilmasak bölmasdi. Hamrohlar bilan Qoratovning eng baland nuqtasiga qarab yöl oldik. Aslida, mazkur makonga toşlarni uşlab, çirmaşib çiqib boriş şunçaki jön yumuş emas edi. Tepaga, yuksakka qarab kötarilib boradigan dara bizlarni qadim ajdodlarimiz çizgan rasmlar çamanzoriga, yassitoğlikka, arratiş çöqqilar sari olib çiqardi. Köz öngimda çöqqilari osmon bilan böylaşgan toğlar hamda falak toqida bemalol, xotirjamgina suzib yurgan bulutlar laşkari namoyon böldi. Dara atrofi bor-böyiça pastqam yovvoyi bodomzor butalari bilan qoplangan. Boz ustiga, yöl bosganda belgi beruvçi son-sanoqsiz çiziqlar serob ekan. Illo, mavridi kelgani uçun şu narsani aytib ötmasak bölmas. 2004 yilda Navoiy viloyati hokimligi tomonidan Sarmişsoyga tarixiy-madaniy va tabiiy landşaft muzey-qöriqxonasi maqomi berildi. 2018 yilda esa Özbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan “Sarmişsoy” davlat muzey-qöriqxonasi taşkil etildi. Mazkur muzey-qöriqxona zimmasiga qadimgi ajdodlarimiz yaratgan yirik maʼnaviy boylikni asraş, eʼzozlaş, ularning ilmiy ahamiyati va qiymatini örganiş, qadrlaş hamda ularni kelajak avlodlarga butunligiça yetkaziş singari qator vazifalar yuklatildi. Eʼtiborga molik jihati şundaki, ötgan yillarda Qozoğiston, Qirğiziston, Özbekistonda ötkazilgan ilmiy anjumanlarda Sarmişsoy madaniy merosi tarixi, uning umummadaniy ahamiyatini ifodalaşdek muhim masalalarga batafsil töxtalib ötildi. Şuningdek, Sarmişsoyda ilmiy hamkorlik işlarini olib boriş hamda özaro tajriba almaşiş maqsadida bu yerga Norvegiya, Finlandiya, Rossiya, Qozoğiston kabi davlatlardan yetuk mutaxassis va olimlar taklif qilindi. Bugungi kunda “Sarmişsoy tabiiy arxeologik majmua muzeyi qöriqxonasi” Birlaşgan Millatlar Taşkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari böyiça taşkiloti — YUNESKO eʼtiborida. Bu eʼtirof Sarmişsoy nomini butun dunyoga tanitdi. Bugun bu maskandagi qadimiy ajdodlarimizning toş davridagi hayoti, tarixi, madaniyatidan hikoya qiluvçi noyob qoyatoş suratlari, arxeologik tarixiy-madaniy yodgorliklar, tabiatning rang-barang jozibador boyliklari xorijlik sayyohlarni ham qoyil qoldirmoqda. Şu örinda YUNESKOning Jahon madaniy merosi durdonalari röyxatiga qadimiy va hamişa navqiron Samarqand, Buxoro va Şahrisabz şaharlarining tarixiy markazi, Xivadagi Içanqalʼa majmuasi kiritilgan bölib, taşkilot tomonidan ularning dunyo miqyosida tarğib etilişiga jiddiy ahamiyat qaratilayotganini aytib ötmasak bölmas. Bundan taşqari, yaşariş va yangilaniş ayyomi — Navröz, askiya, katta aşula, Şaşmaqom, Boysun madaniy merosi, “Palov madaniyati va anʼanalari” insoniyatning oğzaki va nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNESKOning Reprezentlari röyxatidan munosib joy olganligi köngilda quvonç hislarini uyğotadi. Birlaşgan Millatlar Taşkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari böyiça iş yuritadigan taşkiloti — YUNESKO bilan Özbekistonning orasi yaxşi, boşqalar havas qilgulik. Negaki, Özbekiston bu taşkilotga 1993 yildan beri aʼzodir. Mazkur nufuzi baland taşkilotning poytaxtimizda vakolatxonasi iş boşlaganiga bu yil yigirma sakkiz töldi. Bu vaqt orasida YUNESKO va mamlakatimiz orasida munosabatlar önglandi. Oqibatda hamkorlikda qator loyihalar hayotga tatbiq etildi. U yurtimizda ötkazib kelinayotgan qator madaniy tadbirlarning mehmoni, taşkilotçisi va iştirokçisi bölib kelayotir. Kişini hayratlantiradigan darajada gözal va maftunkor Sarmiş darasini kezib yurganimda, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilişga astoydil bel boğlagan jahonning martabali taşkiloti YUNESKOning xayrli amallarini yodga oldim.
Aslida, soha mutaxassislarining taʼkidlaşiça, Nurota toğ tizmalariga qaraşli Qoratoğning Sarmiş darasidagi qoyatoşlarga çizilgan rasmlar, petrogliflar neolit, bronza davriga borib taqaladi. Qoyalarda buqa-tur, sigir, şer, yölbars, qoplon, böri, it, ilon, qulon, ot, tuya, kiyik, buğu, eçki, arxar va boşqa hayvonlar bilan birga öq-yoy, nayza, qiliç va xöjalik buyumlari hamda turli geometrik şakllar aks ettirilgan. Qoyatoşlardagi suratlarning körinişi va hajmi turliça bölib, ayrimlari 30-40 santimetr, bir xillari 70-80 santimetr, baʼzilari esa bir metrdan ortiqdir. Ulkan qoyatoşlarga tuşirilgan tasvirlar daraning qadimiy tabiati, hayvonot olami, insoniyatning ibtidoiy hayot tarzini va insoniyat taraqqiyotining maʼlum bosqiçlarini özida töla-tökis aks ettirgan.
SIRLI SURAT
…Sarmişsoy darasini aylanib yurib, tabiiy silliq toş devorlarning biridagi antiqa rasm meni qiziqtirib qöydi. Unda yöldan katta va badavlat karvon ötayotgani tasvirlangan. “Çöl kemasi” deya taʼriflanadigan, örkaçli yirik tuyalar ikki qator bölib, tizilişib boryapti. Çiroyli bezatilgan tuyaning ustida esa qöğirçoqdek yasantirilib, baland boş kiyim kiygizilgan qiz tasviri. Bunda kelin olib keliş marosimi tasvirlanganini köriş mumkin. Ikkinçi qatordagi tuyalarda kelin va kuyovning qarindoş-uruği sep olib borişmoqda. Uşbu tasvir faqat quyoş çiqqan kunning maʼlum qismidagina bir neça daqiqa körinadi-yu, yana sirli ravişda ğoyib böladi.
Yana bir gap: örta asrlarda çizilgan petrogliflarda ham ov mavzusi asosiy örinni egallaydi. Bu manzaralarda toğ eçkisi, jayron ovlaş jarayonlari aks ettirilgan. Sarmişsoyda tasvirlangan bunday suratlarda Möğuliston, Sibir, Sahroyi Kabir, Janubiy Afrika va Yevropada topilgan petrogliflarga öxşaş jihatlar kam emas.
DONIŞMANDLAR KITOBI
Bugungi kunga kelib Navoiy viloyatining Sarmişsoy darasiga hamda bu yaqindagi qutluğ joylarga bölgan qiziqiş kuçayib boryapti. “Sarmişsoy tabiiy arxeologik majmua muzeyi qöriqxonasi”dan xorijlik sayyohlarning qadami uzilmaydi. Buyam kişi qalbida faxr, ğurur hislarini uyğotmay qolmaydi. Zarafşon vohasining Qoratovidagi qutluğ qoya va çöqqilarni donişmandlar kitobi desak böladi. Boisi, uni öqigan sayin yangi-yangi sahifalarini oçaveramiz.
…Uyimizdan şundoqqina Nurota toğ tizmalarining uzviy bölagi bölmiş Oqtov körinib turgani sababli bolaligimdan toğu toşlar, daştu dalalar joni dilim edi. Bular meni çinakam tabiatga şaydo etgan edi, desam, xato bölmas. Şu asnoda yaşil örmonlar, purviqor toğlar, kökka böy çözgan dov-daraxtlar, umuman olganda, jonli tabiat mening köngil mulkimga aylanib ulgurgandi.
Xullas, Sarmişsoy darasi böylab qilgan safarimiz ajoyib, esda qolarli, unutilmas taassurotlarga boy ötdi. Haytovur, bu toğlar bağrida ösgan turfa ösimlik-ötlarni, antiqa daraxtlarni öz közim bilan kördim. Vatanimiz aziz göşasining betimsol gözalligi, ajoyib tabiat manzaralari meni maftun etdi.
Uluğbek JUMAYEV,
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.
