Sog'lom mikroflora — bu sog'lom hayot
Inson salomatligi ko'p omillarga bog'liq bo'lsa-da, ularning ichida e'tibordan chetda qolib ketadigan juda muhimi — ichak mikroflorasidir. Ko'zga ko'rinmas bo'lsa-da, millionlab foydali bakteriyalar bizning har bir kunimiz, har bir ovqat hazm qilish jarayoni va hatto immunitetimiz ortida turibdi.
Mikroflora “K” va “V” guruhi vitaminlarini ishlab chiqaradi, zararli bakteriyalardan himoya qiladi. Shuningdek, muvozanati saqlanganida organizm barqaror ishlaydi, energiya yetarli bo'ladi va salomatlik mustahkam turadi. Ammo mikrofloraning buzilishi, ya'ni disbakterioz ko'pincha oddiy noqulaylik sifatida qabul qilinsa-da, aslida, hazm tizimi va butun organizm faoliyatida jiddiy o'zgarishlarga sabab bo'lishi mumkin. Tadqiqotlarga ko'ra, disbakterioz kattalarning taxminan 90 foizida, bolalarning esa 95 foizida uchrab turadi.
Bu kasallikka, asosan, to'g'ri ovqatlanmaslik, stress, dori vositalari va turli infeksiyalar kabi omillar ta'sir qiladi. Mavzuning dolzarbligi shundaki, ko'pchilik bu holatni yetarlicha baholamaydi, uning alkogol, allergiya, charchoq va hatto terining holatigacha ta'sir ko'rsatishi mumkinligini bilavermaydi.
Quyida disbakterioz nima ekani, uning sabablari, belgilari va oldini olish yo'llari haqida batafsil to'xtalamiz.
Sog'lom mikroflora — bu sog'lom hayotning asosi.
Disbakteriozning alomatlari turlicha: qorinda og'riq va noqulaylik, ortiqcha gaz to'planishi, ich qotishi yoki ketishi, uyqusizlik, charchoq, allergik toshmalar, terining quruqlashishi va immunitet pasayishi shular jumlasidandir. Bu belgilar boshqa hazm tizimi kasalliklariga o'xshash bo'lishi mumkin, shuning uchun o'zboshimchalik bilan tashxis qo'yish to'g'ri emas.
Disbakterioz turli omillar ta'sirida rivojlanishi mumkin. Eng ko'p uchraydigan sabablar:
Antibiotiklar infeksiyalarga qarshi kurashadi, lekin foydali bakteriyalarni ham yo'q qilib yuborishi mumkin.
Noto'g'ri ovqatlanish, ya'ni shakarga boy, qayta ishlangan mahsulotlar va tolaga kam bo'lgan yeguliklar mikrofloraga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Uzoq stressli holatlar ham ichak motorikasi va mikroflora muvozanatiga zarar yetkazadi.
Ayrim ichak infeksiyalari foydali bakteriyalarni yo'q qilib, ularning o'rniga zararli shtammlarning ko'payishiga olib keladi.
Dori vositalari, ya'ni laksativlar, gormonal preparatlar va ba'zi ximik moddalar mikrofloraga ta'sir qilishi mumkin.
Surunkali kasalliklar: qandli diabet, immun tizimi kasalliklari va boshqa uzoq davom yetuvchi patologiyalar disbakterioz rivojlanishiga yo'l ochadi.
Shuningdek, har birimiz disbakterioz alomatlarini bilishimiz kerak. Chunki ular, odatda, ayrim odamlarda charchoq, bosh og'rig'i, uyqusizlik, allergik toshmalar, teri qichishishi, quruqligi, qorindagi og'riqlar kabi belgilar bilan namoyon bo'lishi mumkin.
Kezi kelganda shuni aytish mumkinki, bu kasallik uchun bemorning shikoyatlari va klinik belgilar, laboratoriya tahlillari (ichak mikroflorasini tekshirish), qo'shimcha tekshiruvlar, biokimyoviy tahlillarga asoslanib tashxis qo'yiladi.
Terapevt yoki gastroenterolog aniq tashxis qo'yib, tegishli davolash rejasini belgilaydi. Bu kasallikda to'g'ri ovqatlanish va sog'lom turmush tarzini shakllantirish uchun konservalangan, qovurilgan va o'ta yog'li ovqatlardan voz kechish, spirtli ichimliklarni ichmaslik tavsiya qilinadi. Stressni kamaytirish, yetarli uyqu va jismoniy faollikni oshirish asosiy talablardan hisoblanadi.
Agar yuqoridagi alomatlar kuzatilsa, albatta, mutaxassis — terapevt yoki gastroenterologga murojaat qilish zarur bo'ladi.
Sevara AZIMOVA,
tibbiyot fanlari doktori,
oliy toifali gastroenterolog.
Ra'no TADJIBAYEVA,
tibbiyot fanlari nomzodi.
