Bishkekda kitob taqdimoti
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Qirg'iziston — bizning muhim strategik hamkorimiz, eng yaqin qo'shnimiz va vaqt bilan sinalgan do'stimizdir”, degan edi.
Albatta, bu so'zlarning zamirida ikki qardosh xalqning ming yillik azaliy do'st-qadrdonligi va qo'ni-qo'shnichiligi mujassam.
Qirg'izistonning O'sh shahridagi Kurmanjan Datka va Navoiy ko'chalari kesishgan hududda ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali o'rnatildi.
Aytish kerakki, 2019 yilda O'zbekiston va Qirg'iz Respublikasi Yozuvchilar uyushmalari o'rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ham ikki tomonlama adabiy aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo'lib kelmoqda.
Ardoqli shoirimiz Mirtemirning “Qirg'iz xalqiga” deb nomlangan she'rida qardoshlik tuyg'usi juda chiroyli ifoda topgan:
Chordevorlar o'rnida kombinatlar qurolgan
Baxti yorqin, but xalqsan;
Borsakelmas cho'llarda kombaynlar surolgan
Tuprog'i ham qut xalqsan;
Tarixning jilovini o'z izmiga burolgan
Daryolari sut xalqsan…
2022 yilda chop etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligida qirg'iz adabiyotining 150 dan ortiq vakillari ijodi qamrab olindi. Bu o'zbek tarjimonlari qirg'iz adabiyotining bugungi kuniga qiziqish bilan qarayotganliklarini bildiradi.
2024 yilda Chingiz Aytmatovning 10 jildlik asarlar majmuasining nashr etilishi, shuningdek, 2025 yilda Qirg'izistonda Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romanining chop etilishi adabiy do'stligimizning yaqqol namunasidir.
2024 yilda taniqli qirg'iz yozuvchisi Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar” nomli kitobi o'zbek tilida chop etildi.
2025 yil aprelida Qirg'iziston Yozuvchilar delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifi doirasida Qanibek Imonaliyevning “Qirg'iznoma”, Roza Aytmatovaning “Xat keldi” kitoblarining o'zbek tilidagi nashri taqdimoti bo'lib o'tdi.
Bugun qirg'iz adiblari O'zbekistonda, o'zbek adiblari Qirg'izistonda o'z kitoblari taqdimotlarini bemalol o'tkazishayotir.
2025 yilning 24 dekabr kuni Bishkekda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, “Shuhrat” medali sohibi, yozuvchi va tarjimon Habib Siddiqning “Amerikalыk koңshularыm” (“Amriqolik qo'shnilarim”) kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi.
Taqdimot munosabati bilan Bishkek shahriga kitob muallifi Habib Siddiq, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, shoir va yozuvchi Shukrillo Jalil va kamina taklif etilgan edik.
Andijon viloyati orqali O'sh shahriga o'tdik. U yerdan Bishkekka uchishimiz kerak edi. Ammo tumanli ob-havo tufayli kun bo'yi O'shda qolib ketdik. Xayriyatki, kechga Bishkekka uchishimizga ruxsat etildi. Bishkekka yetgach, bizni kutib olishga chiqqan qardoshlarimizning iliq munosabatini ko'rib, ko'nglimizdagi tumanlar ham butkul tarqab ketganini his qildik.
Taqdimot marosimi boshlanishidan oldin bizni Qirg'iziston Milliy yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imonaliyev qabul qildi. Suhbat jarayonida ikki qardosh xalq o'rtasidagi do'stlik mustahkamlanib borayotgani, bu borada shoir va yozuvchilarning hamkorligi katta ahamiyatga ega ekani ta'kidlab o'tildi.
Aliqul Osmonov nomidagi Qirg'iziston Milliy kutubxonasida O'zbekiston va Qirg'iziston Yozuvchilar uyushmalari, Qirg'iziston Milliy kutubxonasi, Bishkekdagi “Uluu toolor” nashriyoti hamkorligida o'tkazilgan tadbirda har ikki xalqning shoir-yozuvchilari, adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar, adabiyot ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
O'zbek yozuvchisining qirg'izistonlik va o'zbekistonlik mutarjimlar Aytmirza Abilqosimov, Uchqun Abdilazizov, To'raboy Jo'rayev tomonidan mahorat bilan qirg'iz tiliga o'girilgan hajviya va hangomalar jamlangan mazkur kitobi “Uluu toolor” nashriyotida chop etilgandi.
Adibning “To'qayga o't tushsa”, “Kim oshdi savdosi”, “Bedavo dardning davosi”, “Inglizcha tush”, “Chirog'i yoniq xonadon”, “O'raga sichqon tushdi”, “Hayot yo'lga o'xshaydi”, “Saylanma”, “Nimkosa” kabi nasriy va publitsistik kitoblari, “Yaxshilar ko'p dunyoda”, “Labbay, xo'jayin…” nomli qissalari chop etilgan, dramatik asarlari poytaxt va viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan, muxlislar e'tiborini qozongan.
Turli millat adiblarining jahonga mashhur bir qancha komediyalari va hikoyalari Habib Siddiq tarjimasida o'zbek o'quvchilari va tomoshabinlarining ma'naviy mulkiga aylanib ulgurdi.
Uning asarlari mazmunan rang-barangligi, hayotiyligi, shirali tili, hazil-mutoyibaga yo'g'rilganligi, kutilmagan yechimlari, tagdor iboralaru ilmoqli gaplarga boyligi, salmoqdor ijtimoiy yuki va falsafiy xulosalari bilan o'quvchi e'tiborini tortadi.
Xalqaro adabiy aloqalarimiz rivoji natijasida Habib Siddiq asarlari Vatanimiz sarhadlaridan tashqarida ham o'z o'quvchilarini topib bormoqda. Hajviya va hangomalari rus, ingliz, turk, qozoq, qirg'iz, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan. Rus tilida “I smex, i grex” (2020), qoraqalpoq tilida “Esim qurыsin” (2023) to'plamlari chop etilgan.
“Amerikalыk koңshularыm” adibning qirg'iz tilidagi ikkinchi kitobi. Uch yil avval Qirg'izistonda uning “Nыmkese” (“Nimkosa”) nomli kitobi nashrdan chiqqan va qirg'iz kitobxonlariga manzur bo'lgani e'tirof etilgan edi.
Tadbirda so'z olgan Qirg'iziston xalq shoirlari Akbar Risqulov, Markabay Aamatov, Qirg'izistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat arboblari To'raboy Jo'royev, Begijon Ahmedov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Muhammad Siddiq, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Shukrillo Hayitoxunov va boshqa ijodkorlar so'nggi yillarda ikki qardosh xalq orasida hamdo'stlik aloqalarining kengayib va mustahkamlanib borayotgani, ijodkorlar o'rtasida hamkorlik rivojlanayotgani haqida so'zladilar, o'zbek adibining qirg'iz tilidagi yangi kitobi mundarijasi, mazmun-mohiyati, tarjimonlar mahorati, qardoshlik aloqalarini mustahkamlashdagi ahamiyati to'g'risida fikr bildirdilar, qirg'izistonlik o'qirmanlar uchun munosib tuhfa bo'lganini e'tirof etdilar.
Uyushma rahbariyatiga va mazkur kitob nashriga hissa qo'shgan ijodkorlarga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining, muallifning esdalik sovg'alari topshirildi.
O'zbek adibi Habib Siddiqqa Qirg'iziston Milliy yozuvchilar uyushmasi faxriy a'zolik guvohnomasi topshirildi.
Adib o'zining o'zbek, qirg'iz, rus, qoraqalpoq tillarida chop etilgan kitoblaridan Qirg'iziston Milliy kutubxonasi fondiga sovg'a qildi.
Muhammad Siddiq RAHMATOV,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
a'zosi.
