Tog'day tayanchim to'g'risida

Men ko'p yillar O'zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida ishladim. Munday qarasam, eslagulik hangomalarim ham, asosan, o'sha davrga tegishli ekan.

Chunonchi, 1978 yil edi, shekilli, bir olim akamiz ikki oy GDRda (o'sha vaqtlar Germaniya ham ikkita davlat – GDR va GFRdan iborat edi) ilmiy xizmat safarida bo'ldi. Qaytib kelgach, qoidaga ko'ra institut ilmiy kengashida bu haqda hisobot berish uchun minbarga ko'tarilib, “Das und, taraq-turuq” deya nemischalab biron besh daqiqa bizni sarafroz ayladi. Hammamiz og'zimizni ochgancha o'tiribmiz. Haytovur, birozdan keyin biz omilarni ayadi — o'z tilimizda gapirishga o'tdi. O'shandan beri chet tilini o'rgangan odamlarga ajablanib qarayman: dabdurustdan o'sha tilda gapirvorsa, men angrayib o'tiraversam? O'zi shunaqa, chet el havosidan nafas olib kelganlarning ba'zilari havoyiroq bo'lib qoladi.

Ammo hammasi ham emas ekan, haytovur.

To'qsoninchi yil edi. O'sha Til va adabiyot institutida ishlab o'tiribman. Eshik taqillab, bir yigit kirib keldi. Tarjima sohasiga qiziqishini, institutimizning tarjima nazariyasi bo'limi xodimlari bilan tanishgani kelganini aytdi. Afsuski, o'sha kuni bo'limimizda mendan bo'lak hech kim yo'q edi. O'tirib, u yoq-bu yoqdan gaplashdik. U kishi Xurram Rahimov, olmon va o'zbek tillarining qiyosiy stilistikasi sohasida dissertatsiya yoqlagan fan nomzodi ekan.

— E, aka, shoshmang, bu… o'tgan hafta “Adabiyot va san'at”da Lion Izmaylovning bir hikoyasi bosildi, tarjimoni… adashmasam, Xurram Rahimov edi, mabodo siz emasmi o'sha odam?

— Ha, ora-churada tarjima ham qilib turaman, — deya kuldi u.

O'sha hajviy hikoya menga juda yoqqan, tarjimasi ham qoyilmaqom edi. Shundanmi, gapimiz porom kelib, kechgacha suhbatlashdik. Ish vaqti tugab, uy-uyga qaytadigan bo'luvdik, qarangki, xonadonlarimiz ham ancha yaqin ekan. Buni bilgach, Xurram aka bir piyola choy ichib ketarsiz, deb meni uyiga qistadi. Ikkinchi qavatga chiqib, uy qo'ng'irog'ini bosgan edi, vo ajabo, bizdan ikki yil avval o'qigan fakultetdoshim Sharifa opa Salimova eshik ochib turibdi-ku! Zavjai muhtaramasi ekan Xurram akaning. Ikki emas, uch kishi bo'lib yana xiyla o'tirdik.

O'ttiz besh yil bo'pti shunga! O'shandan beri ham shaxsiy, ham oilaviy bordi-keldimiz bor bu oila bilan.

O'ttiz besh yillik qadrdonlikning hangomalarini, tafsilotlarini, ibratlarini yozar bo'lsam, rosmana bir kitob bo'lsa kerak. U kishining fanga jonkuyarligi, cho'rtkesarligi, prinsipialligi, ilmiy masalalarda hech kimga yon bosmasligi bir yon-u, duch kelgan mushtiparga yordam qo'lini cho'zishi, birovlarning ishi, iltimosi uchun hamma ishini tashlab, o'shaning g'amida necha kunlab, necha haftalab tashvish chekishlari, so'raganki odamga qo'lida borini berib, o'zi yordamga muhtoj darajasiga tushishlari, bir amallab qaddini tiklaganidan keyin esa yana o'sha do'lvorligu jo'mardligini kelgan joyidan davom ettiraverishlari… buyam bir yon. Agar Xurram aka o'zini o'ylaganida, topgan pullariga shahri azim Toshkandning o'rtasida olti qavatli dang'illama hovli, Bo'stonlig'u “Toshkent dengizi” yoqlarda oltita dala hovli qurib olgan bo'lar edi. Ota erta olamdan o'tgani bois, ukalaru singillar, jiyanlaru jigarlarning suyangan tog'i bo'lib berish, ularning har birini oyoqqa qo'yish tashvishlarini aytishim shartmi?

Hoy, o'zingni ham o'yla, deganlarga ham yo'q demaydi, bosh irg'ab ma'qullaydi, hatto noligandek ham bo'lib qo'yadi, biroq o'sha Xurram, o'sha Rahimov, boshqacha bo'la olmaydi. Axir aytadilar-ku, sut bilan kirgani jon bilan chiqadi, deb.

Sut deb yozdim-u, lop etib yodimga Xurram akaning onasi tushdi. U kishidagi halimlik, kengbag'irlik, nekbinlik, har bir farzandiga alohida mehr bilan qarash… yana qay fazilatlarini sanay hoji onaning? Yaxshi onaning, to'g'rirog'i, yaxshi onalarning bir fazilati bo'ladi — ular bolasining o'rtog'ini, do'stini ham o'z bolasi deb biladi, ularga ham xuddi o'z tuqqan farzandiday mehr beradi, suyadi, omadidan quvonadi, taqdiriga sinog'liq kunlar bitilgan bo'lsa, kuyadi.

Nimasini aytay, Xurram akaga do'stu birodar bo'lish sharofati bilan biz ham yana bir ona topib edik…

Bunday volidaning farzandi qanday bo'ladi?

Yigirma yilcha burun aka Xurram bir ish qildi. “Men har yili 4 yanvar kuni Toshkentda, issiqqina kvartiramda odamlarni chaqirib, tug'ilgan kunimni nishonlayman. Hamma meni maqtaydi. Ammo men o'zimdan-o'zim dunyoga kelmaganman-ku, meni onam tuqqan axir. Onam esa Jomboyda, qishloqda o'tiribdi. Shu… yo'q demasangiz, bu gal 4 yanvarda bizning qishloqqa borib, onam bilan diydorlashib, birga nishonlab qaytsak?..”

Bordik. Ana suhbat, ana diydor!

“Alpomish” dostonida botirning Boychibor oti yetti yil safarda yurib, shunchadan so'ng Boysun-Qo'ng'irot yurtiga qaytib kelganida tuqqan onasi Tarlon biya bilan qanday ko'rishadi, yodingizdadir? Xurram aka yetti hafta o'tmay onasini sog'inar, hayt deb ulov-otini gurillatib minib, onasini, ukayu singillarini ko'rgani jo'nab qolishini eshitgan edim.

O'sha kuni tun yarmigacha o'tirdik, so'ng uxladik. Ammo ona-bola to tongga qadar mijja qoqmay gaplashib chiqishdi. Men ona-bolaning bir-biriga mehrini ko'rganman, ammo Xurram akamiz onasi bilan ona-bolagina emas, do'st ham ekanini anglab, tong qoldim o'sha tongda.

Boshimga sinog'lik kunlar tushgan yillar yonimda bo'lgan yagona odam — shu odam. Boshqa gaplarga o'tmay qo'ya qolay.

Gap xorijiy tilni bilgan odamlarning fe'l-atvori haqida edi-ya. Xurram aka olmon tilini suvday biladi, desam, suvday biladiganlar ko'p, bu oddiy gap bo'lib chiqadi. Xurram aka olmon tilida… she'r yozadi, bu she'rlar Germaniya matbuotida chop etilgan!

Xurram aka oltmishga to'lganida Olmon yurtidan O'zbekistonga o'n ikki professor qutlagani kelgan, ular filologlargina emas, har turli sohaning eng taniqli vakillari ekan, yodimda qolgan birovi — Toshkentda, Amir Temur maydonidagi Xalqaro anjumanlar saroyi bor-ku, ana o'shaning arxitektori bo'lib chiqdi.

Til bilishda Xurram akaning favqulodda qobiliyati borligiga bir dalil. O'ttiz besh yil muqaddam u kishi doktoranturaga chiqqanida, zamonaning zayli-da, bu ilmiy ta'tilni Tiflis davlat universitetida o'tashi belgilanadi.

— Borib qarasam, Tiflisda hech kim o'rischa so'zlashmas ekan, — dedi u. — Yaxshiyamki, shanba kuni borgan ekanman, darrov bozorga tushib, “Ruscha-gruzincha so'zlashgich” sotib oldim. O'sha kuni, ertasi yakshanbada urinib, “Meni sizlarga doktoranturaga yuborishdi, iltimos, meni lutfan qabul qilsangiz va tegishli bir kafedraga biriktirsangiz”, deb gurji tilida o'zimcha gap tuzdim-da, yodlab oldim.

Universitet rektorining hayhotday xonasiga kirib borsam, uzoqda, to'rda bir tepakal odam o'tiribdi. Ostonada turiboq, kirishga izn so'radim-da, boyagi gaplarimni baland ovozda aytdim. Rektor o'rnidan uchib turib yonimga keldi, qo'limni mahkam qisib so'rashdi va yonma-yon stulga o'tirib, “Slushay”, deb gap boshladi: “Sen gruzin tilini dabdala qilib gapirding. Ammo sen mening tilimda so'z boshlaganing zahoti, menga xuddi onam boshimni silayotganday bo'lib tuyildi. Rahmat senga, barakalla! Ber qog'ozingni, o'qib ko'rmasdanoq qo'l qo'yaman!”

Gurjilar ona tilini shunday e'zozlashar ekan…

Bunday holatlar Xurram akaning “ikkinchi ona yurti” — Germaniyada necha marta yuz berganining sanog'i bormikan? Shuning uchun ham olmonlar “Olmon-o'zbek ilmiy jamiyati” rahbarligiga Xurram Rahimovni bir ovozdan saylashdi, bu jamiyatning jurnali chiqib turadi, unga ham shu jonkuyar akamiz bosh muharrir.

Xurram akaning uyi bizga yaqin deb aytuvdim-ku. Bir kuni, shunchaki chaqchaq suhbatini qo'msab borib qo'ng'iroq chalsam, eshikni Xurram aka emas, Sharifa opa ham emas, bir nemis kampirsho ochdi. Gapimni tushunmadi. Xonadon bo'sag'asida “Xurram, Xurram!” deb salomlashdik, “Xurram, Xurram!” deb xayrlashdik.

Keyin bilsam, u opaxon Xurram akaning nemis hamkori ekan, ikkovi o'zbek ertaklarini olmon tiliga tarjima qilishga kirishishgan, Samarqandning o'nlab qishloqlarida necha hafta kezib, ertak aytuvchi kampirlarning o'z og'zidan eshitib yozib olishgan ekan. Darhaqiqat, “Samarqand ertaklari” degan kitob o'sha go'yanda opalarning, o'zbek palos, beshik va palaklarining rangli rasmlari ilova qilingan holda, behad go'zal qilib nashr ettirildi.

To'g'ri, bizda nemischani biladigan odamlar kam emas. Maktablarda necha yuzlab muallim bolalarga bu tilni o'rgatyapti. Olmon tili, olmon adabiyoti bilan bog'liq holda ilmiy ish qilayotganlarning ham son-sanog'ini bilish qiyin. Ular ichida professorlar, dotsentlar talay. Ammo til o'rganish va o'rgatishdan maqsad — o'qitib qo'ya qolish, xolosmi? Biz bu tilni o'rgangach, endigi ishimiz undagi bebaho asarlarni tarjima qilish, odamlarni bu badiiyat ganjinalari bilan boyitish bo'lishi kerak emasmi? Men hali faqat badiiy asarlar haqida gapiryapman. Kant falsafasini, Gegelni… qachon asliyatdan o'giramiz? Tibbiyot, texnika, tabiiy fanlar… Bu fanlarga oid asarlarni-chi? Qachon o'zbekcha o'qiymiz?

Xurram aka oliy o'quv yurtida bolalarga olmon tilidan dars beradi, bu kamday, sog'lig'idagi muammolarga ham qo'l siltab, tunlari ilmiy ish bilan shug'ullanadi, imkon topildi deguncha o'sha Germaniyasiga ravona bo'ladi — bariga ulgurish kerak. Ulguradi ham. Butun oilasini ishga soladi, shoira opamiz Sharifa Salimova, dotsent qizi Gulruxni hol-joniga qo'ymay olmon asarlari tarjimasiga jalb etadi. Og'a-ini Grimmlarning o'zbek tilida yaqinda bosmadan chiqqan yostiqday keladigan ertaklar kitobini ko'rgandirsiz, bu — Xurram Rahimov domla chiqargan o'ttizdan ortiq tarjima kitoblarining bittaginasi. U kishimning o'zi esa bu orada qayta professionallashib, o'zbek folklori asarlarining, xususan, hozirga qadar chop etilgan deyarli barcha o'zbek ertaklarining olmon tilidagi kodini barpo etish bilan shug'ullandi, buning uchun manaman degan o'zbek folklorshunoslarini ham ishga soldi.

To'g'ri, hamma narsaga ulgurib bo'lmaydi, ammo himmati baland odam ko'p narsani uddalar ekan. Buni qarangki, shuncha ishlarni qilib qo'ygan Xurram aka tushmagur, to'rt-besh yildan beri o'zbek mumtoz adabiyoti asarlarini, jumladan, Alisher Navoiyning necha o'nlab g'azallarini, “Munojot”ini olmon tiliga o'girdi, endi esa “Xamsa”ning olmoniy tarjimasi bilan nemis do'stlarini sarafroz qilmoqchi bo'lib yuribdi.

Biz badiiy asarlarni, xususan, she'rlarni o'sha ikkinchi elning o'z vakili o'girgani yaxshi, chunki bunda so'zning obrazlanishi yuz beradi, deb aytib kelamiz va bu haqiqat. Ammo biz “ikkinchi” degan tilimizda she'r yozib yurgan odamga bu ish uchun “ruxsat” berilsa, to'g'ri bo'ladi, shekilli?

Ajab, shuncha vaqtdan beri bu odamning hech kimga nemischa gapirib quruqlanganini ko'rmadim. Bu ham ichki madaniyatning bir dalili, albatta.

Xurram aka, bilamiz, ishingiz ko'p, rejalaringiz esa undan ham bisyor.

Etmish besh — olimlarning, ijodkorlarning yetilgan, kuchga to'lgan yoshi emish. Siz bo'lsa ham professor olim, ham Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, yetuk mutarjimsiz. Bu ikkovini qo'shsak, ayni navqironlik pallasida bo'lib chiqarkansiz.

Xudo quvvat bersin!

Zuhriddin ISOMIDDINOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + four =