Suvni deb kurashgan polvon
Abdirahmat polvon ko'klamda bog'bon oshnasidan o'n tup olma ko'chatini keltirib, o'g'li Majid muallimning hovlisiga ekkandi.
Oradan uch yil o'tib, nihollar daraxtlarga aylandi.
Lekin yaqinda yozning ayni chillasida o'g'linikiga borgan polvonning dili xufton bo'ldi. Chunki daraxtlar suvsizlikdan quriydigan ahvolga tushgan edi.
U o'g'lini chaqirdi.
Tandirga o'tin qalayotgan kelini qariyaga dedi:
— O'g'lingiz maktabning ishi bilan shaharga ketuvdi, bovasi, bilaman, daraxtlarni ko'rib, xafa bo'lyapsiz. Anovi katta ariqqa band solgan Turdi fermerning oldiga “suv ochaman” deb bir necha marta bordi, ammo suv bermadi noinsof. Bir gal o'zim xotin-xalajlarni ergashtirib ham bordim. Qayoqda, faqat so'kish eshitib qaytdik…
Kelinining gaplaridan Abdirahmat polvon o'yga toldi.
“Ha, Turdi fermerning hozir oshig'i olchi. Bir paytlar, hov kalxo'z davrida, kattalarning soyasiga salom berib yuradigan yugurdak edi, bugun esa qishloqning oldi boylaridan…”
Abdirahmat polvon daraxtga ilingan ketmonni olib, yo'lga tushdi va yaqin orada qishloqqa ariqdan suv oqmaganiga amin bo'ldi. Chunki suvsizlikdan ariqning ichida katta-kichik yoriqlar paydo bo'lgandi.
Kelini rost aytgan ekan, katta ariqdagi suv ayirgich yonida Turdi fermer chayla qurib olgan, o'g'li bilan kecha-kunduz tanda qo'yib yotardi.
Turdi fermer Abdirahmat polvonni darrov tanidi. “Oxiri polvon ham xabar topibdi-da…” So'ngra chayla soyasida yotgan barzangidek o'g'li tarafga qarab, dadillandi.
“Uning bir o'zi, biz ikkovmiz, qani, nima deb dov to'karkan boboy?” degan xayolga bordi.
Turdi fermer Abdirahmat polvonga peshvoz chiqib ko'rishdi va chaylaga taklif qildi.
— Choy ichib o'tiradigan paytmas, Turdiboy, suvsizlikdan Majidning hovlisiga ekkan nihollarim quriydigan bo'pti, suv ochgani keldim…
— Oxiri sizni yuborishibdi-da. Suv paxtaga oqyapti, iloji yo'q. Siz-ku, mayli, otam tirilib kelsayam suvni berolmayman!
Turdi fermerning gapi Abdirahmat polvonning qahrini keltirdi, ammo o'zini bosdi.
— Nima, qishloqdagilarni suv bermay quritinglar, deb aytishdimi?
Turdi fermer bosh chayqadi.
— Yo'q.
— Bo'lmasa, nimaga bunday qilyapsan?
— Odamlar bilan ishim yo'q, mendan kuzga borib paxta talab qilishadi, odamlardanmas…
— Nima, odamlar o'zga sayyoradan kelishganmi?
Turdi fermer polvon bilan gap talashib yengolmasligini sezdi.
— Bilaman, gapi qaytmagan odamsiz, agar hozir sizga suvni bersam, butun qishloq oyoqqa turadi, shuni bilasizmi?
— Bir haftada barisi sug'orib bo'lishadi.
— Yo'q, bo'lmaydi, g'o'zam gul tashlab ketadi.
— Ko'rdim, g'o'zang hali suvsagani yo'q, yolg'on so'zlama, Turdiboy…
Turdi fermer tin oldi va birdan boshiga kelgan tuyqus fikrdan quvonib, dedi:
— Bo'lmasa, menda bir taklif bor. Sizni yelkasi yerga tegmagan polvon deb eshitganman. Otam rahmatli Surxonga borib, kurashda tuya olganingizni ko'p gapirardi. Keling, bir ish qilamiz. Siz hozir o'g'lim Nortoji bilan bir bellashasiz. Agar polvon yigitni yiqitsangiz, men bandni ochib, bu yerdan ketaman, suv qishloqqa oqaveradi. Mabodo yiqilsangiz, mayli, faqat sizga suv beraman, ammo qolganlarga yo'q! Gapim — gap!
Turdi fermerning kutilmagan taklifi polvon boboning dilini og'ritdi, ammo ko'pni ko'rgan emasmi, sir boy bermadi.
— Hoy, uka, o'ylab gapiryapsanmi? Axir bolang nevaram tengi bo'lsa, uyat emasmi? Balki, o'zing bilan olishsam binoyi bo'lar…
— Yo'q, men olishib ko'rmaganman. O'g'lim boshqa gap, u kurash maktabida o'qiyapti, yaqinda viloyat chempioni bo'ldi.
Abdirahmat polvon bir zumga o'ylanib qoldi. Turdi fermerning g'alati taklifi tufayli o'zini tahqirlangandek his qildi-yu, keyin ich-ichidan bir daldami, ishonchnimi his qildi.
— Mayli, olish bo'lsa, olish-da, chiqar bolangni!
* * *
Do'ngsalikdagi chimzorda ikki yoshi teng bo'lmagan polvon davra aylandi. Biri ne-ne to'y va sayillarda maydonga chiqib, g'oliblik nashidasini surgan, yoshi uch kam sakson yoshli polvon bo'lsa, ikkinchisi yigirma yoshli ayni balog'at pallasidagi kuchga to'lgan yigit edi.
Turdi fermer o'g'lining qulog'iga: “Agar shu cholni yiqitolmasang, kuningni ko'rsataman: “Neksiya”ga oyoq oshirmaysan, yiqitsang, mashina seniki!” — deya shipshitishga ham ulgurdi. Nortoji ora yo'lda qoldi. Oxiri otasining izmiga bo'ysundi.
Shu tobda Abdirahmat polvonning o'y-xayolidan ne kechdi, ne qoldi, yolg'iz o'ziga va Yaratganga ayon edi. Xullas, g'aroyib kurash boshlandi.
Polvonlar davra aylanishdi. Bir zumda uch-to'rt tomoshabin ham paydo bo'ldi. Bular qo'y-echki boqib yurgan bolalar bo'lib, ularning ichida polvon boboning nevarasi Sulton ham bor edi. Bolakay yurak hovuchlab bobosining harakatlarini kuzatdi. Nihoyat, polvonlar bir-birlariga ro'baro' keldi. Abdirahmat polvon raqibiga ser solib, uning anoyi emasligini, uni mag'lub etish oson bo'lmasligini sezdi va o'z-o'zini koyidi.
“Ey, polvon deganning ozgina jununli bo'lishi rost ekan-da. Bo'lmasa, shu yoshga kirib olishib yurishga balo bormidi?.. Undan ko'ra Turdi fermerga “iltimos” deb yaxshi gapirganida, vaziyat shu darajaga bormasmidi…
Endi kech. Endi qanday qilib raqibni yengishni o'ylashi lozim. Axir qanchadan-qancha zo'rlarning yelkasini yerga tekkizgan-ku, buning ham ilojini topsa bo'lar?..”
Lekin Abdirahmat polvon birinchi qo'ldayoq tang ahvolga tushdi. O'pkasi tiqilib, hansirab qoldi. Biroq raqibiga o'zini oshkor etmadi. Polvonlar yana davra aylanishdi. Ikkinchi ushlashda Nortoji raqibini sinovdan o'tkazdi. Qo'shpoycha soldi. Ammo raqibi hamladan chiqib ketdi. Buni ko'rgan Turdi fermer o'g'liga:
— Hoy, nodon bola, buni Abdirahmat polvon deyishadi, ehtiyot bo'l! — deya ogohlantirdi.
Shu tobda Abdirahmat polvonning fikri-o'yida: “Raqibini qanday usulda yengish lozim?” degan savol aylanardi. “Ha, tezroq bir tadbir topish kerak, aks holda, yana ikki-uch nafasda keksalik pand berishi tayin…”
Shunda polvonning xayoliga yarq etib ustozi Bekmurod polvon o'rgatgan to'g'onoq usuli keldi. Yigitning bu ko'hna va deyarli unutilgan chilga qarshi biror harakat topishi dargumon. Keksa polvon raqibining ko'zlariga tik boqdi. Nortoji Abdirahmat polvonning bunchalik chapdastlik bilan qarshilik ko'rsatishini kutmagan edi, uning ko'ngliga shubha oraladi.
“Nahotki saksonni qoralagan shu qariyadan yiqilsam”, deya o'z-o'ziga savol berdi. Unda viloyat birinchiligida sovrindor bo'lgani nima bo'ladi? Ayniqsa, murabbiysi Primov eshitsa, nima deydi? Yo'q, u yiqilmasligi kerak. Iloji boricha raqibini charchatishi, buning uchun esa himoyaga o'tishi kerak. Kurash qanchalik uzoq davom etsa, u yutadi!
Shu lahzada Abdirahmat polvon kutilmaganda qoplondek hamlaga o'tdi. Nortoji buni kutmagan edi. Oniy lahzalik beparvolik unga qimmatga tushdi.
Ey, og'aynilar, shunda deng, Abdirahmat polvonning “Yo, pirim!” degan tovushi yangradi va raqibini avval ortga surib, so'ngra yonboshga ko'tarib tashladi. Olishuvni jon holatda kuzatib turgan Turdi fermer oh tortib yubordi. Keksa polvon raqibini qo'lidan tortib turg'izdi va uning yelkasiga qoqib: “Yomon olishmading, ko'nglingni cho'ktirma”, deb taskin berdi.
Lekin Turdi fermer tarafga atay qaramadi. G'oliblik nashidasidan masrur polvon nabirasi va uning jo'ralari bilan ko'y-echkilarni haydab qishloqqa qaytdi. Ularning ortidan esa tizginini uzgan toychoqdek o'ynoqlab ariqdan suv kelardi…
O'rolboy QOBIL,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.
