Dastingdan dod, telefon!
Har zamonning o'z muammosi bor. Avvallari odamlar tirikchilik, qorin g'amidan ortishmagan, deyishadi. Ayni farzandlarni o'qitib, kamol toptirib, qariyb besh yuz yil deganda bir mustaqil bo'lgan Vatan sha'nini olamga yoyadigan payt kelganida esa, butun bir avlod tilsiz-jag'siz telefon degan baloga qul bo'lib o'tiribdi.
Ha, zamon o'zgardi, texnika, texnologiyalar rivojlandi. Dunyoning narigi burchidan turib, odamlar bir-biri bilan hol-ahvol so'rashadigan taraqqiyot davrida yashayapmiz. O'sha zormandaning yaxshi va qulay tomonlari juda ko'p. Ammo shu bilan birga butun insoniyatni o'ziga mute qilib oldi. Ertalab ko'z ochib, Allohning bergan kuniga shukur, deyish o'rniga yuz-qo'limizni yuvmasdan “Instagram”ga kim “story” qo'ydi ekan?” deb qo'limizdagi qutichani kovlashtiramiz.
Nafaqat uyda, jamoat joylarida, avtobusda, poezdda, samolyotda, hatto oliy ta'lim o'choqlarida, darsda o'tirganimizda ham pinagimizni buzmay ana shu matohning hukmiga bo'ysunamiz.
Hech bir odam o'ylamaydiki, axir oltin bilan teng vaqtimiz kulday havoga sovurilmoqda. “Dod dastingdan, telefon!” devorging keladi. Uyda onalar farzand tarbiyasini unutishdi, ovqat tayyorlash paytida ham ahvol shu, yotsa ham, tursa ham qo'lda telefon!
Ey, odamlar, ko'zlaringizni ochsangiz-chi! Hoy talaba tengdoshlar, bir zum quloq tuting! Axir ota-onangiz yemay-ichmay, yaxshi kiyinmay, sizlarni o'qitish uchun ne mashaqqatlar bilan million-million so'mlarni kontraktingiz uchun to'lab, ilm olishga jo'natgan! Siz-chi, telefon quliga aylanib bo'ldingiz. Axir bu ahvolda qanday qilib kasb egasi bo'lasiz?
Boshini egib o'tirgan bir yigitni ko'rdim. U ham sizga o'xshab qutichaga tikilib o'tirar, xayoli o'zida emasdi. Jimgina kuzatdim. Bir payt g'alati ovozda “topdim!” deb yubordi. Hammaning nigohi unda. Shu yigit biror ilmiy kashfiyot qildi-yov, deb kuzatishda davom etdim. Nimadir bo'ldi chog'i, u yanada ayanchli ovozda: “Uh, jonim ketdi!” dedi.
Chetdan qaraganda, bu sog' odamning hayotimas, dunyodan uzilish ham shuncha bo'ladimi?
E'tibor qilsangiz, telefon quvvatsizlanib, o'chib qolsa, odam ham o'chadi.
Xo'sh, nima qilishimiz kerak? Nahotki o'sha matohning yaxshi tomonlaridan aql bilan foydalanishga irodamiz yetmasa?! Axir ayrim odamlarning kayfiyati “batareya” darajasiga qarab o'zgaradigan bo'lib boryapti. Nihoyatda og'riqli masala. Bu mutelikdan qutulishning biror chorasi bormi? Nima deysizlar, zamondoshlar?!
Kitob, gazeta-jurnal yo'q! O'qib nima qilardi. Barisi telefonda bor. Aslida kattayu-kichikning aqli xushini o'g'irlagan, sog'ni kasal, kasalni telbaga aylantirayotgan telefon balosidan qutulish, undan me'yorida, keragida foydalanish shunchalar qiyinmi?
Men esa sizlarga: “Hayqiring, hayqiring odamlar, oltin avlodimizni tilsiz yovdan qutqarish uchun birlashing, deyishdan o'zga choram yo'q! Ha, hayqiring! Ozod tafakkur, yorqin kelajak uchun hayqiring!
Shahzoda HALIMOVA,
O'zbekiston Jurnalistika va
ommaviy kommunikatsiyalar
universiteti
3-bosqich talabasi.
