Bag'rikeng adibning noyob kitobi

O'tdi davron, ketdi karvon,

Endi karvonlar qaydadir?

(Qo'shiqdan)

O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning hayot va ijod yo'li haqida o'ylasam, qalbim entikib-entikib, nurli hislarga to'lib, guvrangandan-guvranib ketadi. Bunday baxtli taqdir o'zbek adabiyoti sahifalarida kamdan-kam uchraydi. Ona O'zbekistonda asriy orzular ro'yobga chiqib, istiqlol qo'lga kiritilganda sevimli adibimiz 72 yoshda edi. Hayotning achchiq mevalarini rosa totib ko'rgan, Jezqozg'on lagerlarida xavfli mahbus sifatida azoblarga giriftor etilgan adibning o'zi uzoq umr ko'rishiga sira-sira ishonmas edi.

Allohning karami keng ekan: “Xalq dushmani” sifatida 25 yilga qamalgan va Russiyaga surgun qilingan, simli tikonlar ortida ne-ne azoblarga giriftor bo'lgan adibga 87 yil umr berdi. Bu umr ham adabiyotimiz tarixida noyob voqealardan. Istiqlol baxtiga erishgan yozuvchi yoshlardek yana yeng shimarib ijodga berildi. Istiqlol quyoshidan yuragi nurlangan adib quvnoq, jo'shqin hajviyalar, dilbar lirik hikoyalar yaratdi. “Xandon pista”, “Bir o'pichning bahosi” va “Yo'qotganlarim va topganlarim” kabi kitoblari, yangi saylanma asarlari chop etildi. Ayniqsa, “Yo'qotganlarim va topganlarim” esse-xotiralar kitobi o'zbek adabiyoti tarixida noyob asar bo'ldi.

Ona O'zbekiston Said Ahmadni e'zozladi. U to'lib-toshib ijod qildi. O'zbekiston xalq yozuvchisi, O'zbekiston Qahramoni bo'ldi.

Qarang, Yaratganning aytgani bo'lar ekan-da. Qattol sobiq Ittifoq tuzumi, 53-yillardagi qatag'on uni va ular kabi necha yuzlab millatimiz ziyolilarini yo'q qilib tashlamoqchi bo'ldi. Uzoq yillik qamoqqa tashladi. Lekin ilohiy taqdir uni asradi.

Agar adabiyotimiz tarixiga nazar tashlasak, Said Ahmaddek ko'ngli keng va saxiy ijodkorni uchrata olmaymiz. U zot chinakamiga jon-tan bilan “Majolis un-nafois” edi. “Yo'qotganlarim va topganlarim”ni varaqlar ekanmiz, fikrimizga qo'shilasiz. Unda 16 nafar yozuvchi va shoirning hayoti haqida g'oyat teran va tesha tegmagan xotiralar berilgan. Mazkur xotiralar kitobi haqida o'ylarkansiz, xayolingizga adabiyotshunos olim Umarali Normatovning mana bu fikrlari keladi: “Yo'qotganlarim va topganlarim” turidagi kitobni faqat Said Ahmadgina yozishi mumkin edi. Bu kitob adabiyotimizning mash'um totalitar rejim zamonlari bosib o'tgan mashaqqatli va ziddiyatli yo'li, adiblarimiz qanday og'ir sharoit va vaziyatlarda yashab ijod etgani, o'shanday zamonlarda ham asl insoniy fazilatlarini saqlab qolgani, noyob badiiy durdonalar yaratishga erishgani to'g'risida haqqoniy tasavvur beradi”.

Kitob ustoz, akademik shoir G'afur G'ulom haqidagi “Nazm chorrahasidan reportaj” umumiy sarlavhali xotiralar bilan boshlanadi. Shu yerda kitobning badiiy qiymatini yanada oshirgan nuktadonlikni aytsak. Unda har biri adabiyotimiz tarixida shov-shuvli voqea bo'lgan “Yigitlar”, “Vaqt”, “Baxt tongotari”, “Xotin”, “Siyohdon”, “Bizning uyga qo'nib o'ting, do'stlarim” she'rlarining tug'ilishi va yozilish tarixi va hatto yozilish jarayonlari haqqoniy yoritilgan.

G'afur aka yozishdan tinmasdi. Hammaning og'ziga tushgan “Ko'kan”dan keyin “Ikki vasiqa”, “To'y” degan dostonlarni yaratdi. Adabiyot ishqibozlari bu dostonlarning mag'zini chaqib ulgurmayoq, G'afur G'ulom o'nlab hikoya, ocherk, felyetonlar yozdi. O'ttiz oltinchi yilga kelib, u birdan ikkita katta qissani e'lon qildi. Biri “Yodgor”, yana biri mashhur “Shum bola”.

“Guliston” jurnali “Yodgor”ni bosa boshladi, “Mushtum” esa butun yil bo'yi “Shum bola”ning sarguzashtlarini chop etdi.

“Yo'qotganlarim va topganlarim”ni varaqlar ekansiz, G'afur G'ulom jafokash, hech qachon nolishni bilmagan xotiniga atab bir dunyo she'rlar bitganidan voqif bo'lasiz. Bu she'rlar shoirning ich-ichidan qo'shiqdek otilib chiqqan misralar edi.

 

Jonlanib o'zing ayt, qaysi so'z bilan,

Sening maqtovingni kuylayin, qog'oz!

Do'stim Muharramga oshiq ko'z bilan

Bir umr termuldim, ikkoving mumtoz.

 

Shoirning qizi Olmos qattiq betob. Moskva kasalxonasida ko'kka ko'z tikib yotibdi. Yonida onasi. U mijja qoqmay tonglarni ottiradi. G'afur G'ulom rosa iztirobda. U ozib, yuzida ajinlar ko'payib qolgan. “Moskva unga bir qadam”.

Kitobning 91-sahifasidan “Elkasini haqiqat silagan ijodkor” sarlavhali xotiralar boshlanadi. 56 sahifadan iborat bu xotira-esselar Said Ahmadning sevimli ustozi Abdulla Qahhorga bag'ishlangan. O'qirkansiz, ko'z oldingizda o'ta-o'ta haqiqatgo'y, adabiyotning, so'zning kuchi atomdan zo'rligini amalda ham isbotlagan badiiy so'z ustasini ko'rasiz.

Ilk hikoyasi “Tortiq” bilan Said Ahmad Abdulla Qahhordan “tarsaki” yegan yozuvchi. Shunday bo'lsa ham u Abdulla Qahhorni mahkam qo'ymasdi. Uning har bir so'zi, har bir satri mo''tabar darslik bo'lganini kitobda mehr bilan qayta-qayta ta'kidlaydi. “Abdulla aka o'sha kezlarda go'zal hikoyalar yozardi. O'qib qoyil qolardim. Qandoq qilsam o'shanaqa hikoya yozaman, deb o'ylardim. Chexovning hamma kitoblarini yig'ib keldim. Hijjalab o'qidim, baribir hech narsaga tushunmadim. Ruscha bilmagandan keyin nimasiga ham tushunardim”.

“Tortiq” hikoyalar to'plamida Abdulla Qahhor Said Ahmadni patlari to'zg'igan qushday qilib, ko'zlariga dunyoni qop-qora qilib tashlaydi. Ana shunday yozuvchi 1962 yil “Ufq” romaniga bag'ishlangan “Ilhom va mahorat samarasi” maqolasi bilan uni siylaydi. “Bu sof hayot, yozuvchining qalbini o'rtagan, ardoqlagan, unga ilhom bergan hayot tasviri”, deya romanni boshqa yozuvchilarga ko'z-ko'z qiladi.

Said Ahmad bir umr ustozi Abdulla Qahhor bilan hamqadam, hamroh bo'ldi. Uchrashuvlarga birga bordi. 1979 yildan to umrining oxirigacha qishin-yozin Abdulla Qahhorning Do'rmondagi bog'-hovlisida tanholikda kechirgan hayoti g'aroyib jumboqdir.

Asardagi “Dilbar shoir edi” sarlavhali esse otashin shoir Maqsud Shayxzodaga bag'ishlangan. Unda g'oyat qiziqarli voqealar faqat Said Ahmad qalamiga xos uslubda qalamga olinadi. Maqsud Shayxzoda — ozarbayjon xalqining farzandi edi. U vaqtida bir arzimas voqea tufayli Toshkentga surgun qilinadi. O'sha vaqtda O'zbekiston rahbari bo'lgan Usmon Yusupov “Maqsud Shayxzoda xalq dushmani, millatchi emas” deya qamoqdan chiqargan. Qamoqdan ozod bo'lgan Maqsud Shayxzoda bag'ri keng o'zbek xalqini tashlab ketolmadi.

Uzoq yillar davomida Toshkent davlat pedagogika institutida o'qituvchilik qildi. U Oybek va G'afur G'ulomning qadrdon do'sti edi.

O'zbek adabiyotida shoir Mirtemir alohida iz qoldirgan. U ustozi Oybekka o'xshab ko'p ishonuvchan, sodda, chuv tushirish oson odam edi. U sodda bo'lsa-da, partiyadan ko'ngli ko'p zada edi. Mirtemir domla qamalib, “Moskva — Volga” kanali qurilishida Beriya qamchisi ostida ishlab qaytgandan keyin ham ro'shnolik ko'rmadi, kosasi oqarmadi.

“Yo'qotganlarim va topganlarim”dagi shoir Shuhrat haqidagi esse ham dardchil yozilgan. Bu xotiralarga yozuvchi “Uch mungli qo'shiq” deya sarlavha qo'ygan. Shuhrat mashhur “Shinelli yillar” romanini tugatish arafasida shaxsga sig'inish ofatiga uchradi. Tikanli simlar ortida sabot va matonat bilan kun kechirdi. Besh yillik xo'rliklardan so'ng, ona O'zbekistonga qaytdi.

“Shinelli yillar” tugab, kitobxon qo'liga tegdi. Roman rus tilida 100 ming nusxada bosib chiqarildi. Og'ir va mashaqqatli mehnat tantana qildi.

O'zbek adabiyotining nodir sahifalariga nazar tashlar ekansiz, baxtiyor oilaviy juftliklarning hayot yo'li, taqdir matonatiga qoyil qolasiz. Zulfiyaning sozi baxt tarannumini to'lib-toshib kuylayotganda “o'lim xanjari” bir umr baxtsizlikka aylantirdi. Otashin shoira 35 yoshida hayotdan judo bo'lgan Hamid Olimjon ishqida o'tli misralar bitdi. Ulkan qalb sohibasi, zukko olima Zarifaxonim Saidnosirova nodir iste'dod egasi Oybek bilan hamisha birga bo'ldi. Injiqliklarini bardosh bilan ko'tardi. Yozuvchi tildan qolib, qo'li qalam tutolmay qolgan paytlari umr yo'ldoshiga ham til, ham qalam bo'ldi — pichirlab aytmoqchi bo'lgan fikrlarini qog'ozga tushirdi. Vafotidan keyin esa jasorat bilan “Mening Oybegim” kitobini yozdi.

Mashhur L.Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanini o'zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan Kibriyoxonim Qahhorova esa olmos iste'dodli yozuvchi Abdulla Qahhor bilan matonat ila yashadi. Yozuvchining Moskvadagi og'ir xastalik damlarida doimo tepasida turdi. Vafotidan keyin esa “Chorak asr hamnafas” xotiralar kitobini bitdi.

Ulkan qalb egasi bo'lgan Said Ahmad umr yo'ldoshidan yolchigan edi. U “yigirma yetti yil tiriklikning goh nurli, goh nursiz yo'llarida birga hamroh bo'ldi”. Said Ahmad nohaq qamalgan yillarda uni matonat bilan kutdi. Eri qamoqdalik davrida shoira Saida Zunnunovaning boshiga ham og'ir ko'rgiliklar tushdi. Unga “sen xoin eringdan kechasan!” degan zulmli ta'qiblar bo'ldi. Ammo shoira sadoqat bobida tengsiz edi. Buning uchun unga ish berishmadi, yozgan she'r va hikoyalari ham “Qatag'on”ga uchradi.

Shoira sekin, xuddi shivirlagandek she'r o'qiydi. She'r Said Ahmadga bag'ishlangandi:

 

Eshik tirqishidan bir chiziq yonib,

Oftob bo'lib kirib yoritar xonam.

Mashinkang chiqillar, to'xtaydi ba'zan,

Bilaman, chekyapsan, chekyapsan ulab.

Koshki ochib qo'ysa deb derazani,

Kamroq cheksa-chi, deb bo'laman xunob.

Xonangni tutundan poklash dardida

Bedor o'tiraman sendan narida.

 

Mazkur kitobdagi “Shoiraning feruza olami” xotiralarini mutolaa qilarkansiz, diydangiz bardosh berolmay, beixtiyor ko'zingizga yosh keladi.

Ha, qahramon yozuvchining dunyosi keng, ko'ngli oyday ochiq inson edi. Adabiyotga haqiqiy talant bilan kirib kelgan iste'dod egasini e'zozlab, uning nomini yuksaklarga ko'tarar edi. Hamyurtimiz Tog'ay Murodning adabiyotga toshqin selday kirib kelishi unga shunday quvonchlar hadya etdi. Otaxon yozuvchi “Tog'ay Murod qo'shiqlari” degan qo'shiqday esse yozdi. Bu haqda Tog'ay Murod undan bir olam minnatdor bo'lib bergan intervyusida shunday deb eslaydi: “Hurmatli yozuvchimiz Said Ahmad bir kitobingizga yozgan so'zboshida “Tog'ay Murod adabiyotga tutab emas, yonib kirdi”, deb yozdi. Siz ushbu bahoni qanaqa qabul qildingiz?” degan savolga shunday javob qildi: “Men bu gapni Said Ahmadona mardlik va halollik deb qabul qildim. U “Tog'ay Murod o'zbek tilini kuylatdi. O'zbek tilining jami jilvalarini oftobga solib ko'rsatdi”, deb yozdi. Har bir asarimni halollik bilan ko'z-ko'z etib, ulug'ladi. Said Ahmad ana shu halolligi, ana shu mardligi uchun, mana, to'qson yoshni qoralab boryapti”.

Xullas, “Yo'qotganlarim va topganlarim” juda ajoyib, juda go'zal kitob. Undagi Toshpo'lat Hamid, Asqad Muxtor, Turob To'la, O'lmas Umarbekov, O'tkir Hoshimov, Ne'mat Aminov, Maqsud Qoriyev kabi shoir va yozuvchilar haqidagi esse va ocherklar ham faqat Said Ahmadona iqtidor bilan yozilgan.

So'zimizni muxtasarlaydigan bo'lsak, tilimizda “Otaxon” degan chiroyli bir lutf bor. Bu ajoyib lutf fe'li qahramon, mehnati va ijodi mardona yozuvchi Said Ahmadga juda-juda yarashiqli edi. Kitob mutolaasini qizg'in bir ruhda o'qib tugatarkansiz, yozuvchining ustozlarga g'oyat mehribonligi, yosh yozuvchi va shoirlarga chin dildan otalardek bag'ri kengligiga qoyil qolasiz. Ko'nglingiz ko'p vaqtlar yoqimli bahor havosidan to'yinganday bo'ladi.

Toshtemir TURDIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi,

Denov tuman ma'naviyat va

ma'rifat bo'limi rahbari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 3 =