Vatanga sadoqat va muhabbat

yoki “Dunyo she'riyati” antologiyasi haqida ayrim mulohazalar

Keyingi yillarda mamlakatimizda, bir tomondan, o'zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, ikkinchi tomondan, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o'zbek tiliga tarjima qilishni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, samarali ijod qilayotgan mohir tarjimonlarni munosib rag'batlantirish, badiiy tarjimaning saviyasini yanada oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Binobarin, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2024 yilda badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta'sis etilgani bejiz emas.

Bu haqda fikr yuritganda, shuningdek, yurtimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi nashr etilganini ta'kidlash lozim. Ushbu turkumga O'zbekiston, Turkiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan jami 450 dan ziyod mumtoz va zamonaviy shoir, adib va mutafakkirlarning asarlari kiritilgan. O'z navbatida, MDH davlatlarida birinchi bo'lib O'zbekistonda nashr etilgan “Rus adabiyoti durdonalari” majmuasi rus adabiyotining oltin davri — Pushkin zamonidan to XX asrning oxirigacha bo'lgan yillarda yaratilgan eng yaxshi asarlarni o'zida qamragan.

Bundan tashqari, Moskvaning “Ladomir” nashriyoti tomonidan 2021-2022 yillarda o'zbek mumtoz she'riyatining barcha davrlariga oid buyuk vakillari ijodini o'z ichiga olgan ikki jildlik “O'zbek she'riyati antologiyasi” chop qilingan bo'lsa, 2024 yilda “Zamonaviy o'zbek she'riyati antologiyasi” nashr etildi. Uchta kitobning barchasi O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda dunyo yuzini ko'rdi.

O'z navbatida, Yangi O'zbekistonning tizimli va izchil asosda yaratilayotgan bunday beqiyos ma'naviy bisoti yaqinda yana bir noyob kitoblar turkumi hisobiga boyidi. Bu o'rinda taniqli shoir va mohir tarjimon, mahoratli jurnalist Karim Bahriyev tarjima qilgan va tuzgan “Dunyo she'riyati” nomli uch jildlik antologiya  nazarda tutilmoqda.

Ushbu muhtasham to'plamni varaqlar ekanman, dastavval, bundan 38 yil ilgari, 1987 yilda G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida chop etilgan “Asr ovozi. Ozod inson haqida qo'shiq”  nomli kitob xayolimga keldi va bu bejiz emas. Nazarimda, ana shu ikki kitob o'rtasida muayyan bog'liqliklar bor.

Birinchi bog'liqlik — “Asr ovozi” kitobi XX asr Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerika progressiv she'riyatidan o'zbekchaga tarjima qilingan sara she'rlarni o'zida jamlagan edi.

O'z navbatida, “Dunyo she'riyati” antologiyasiga so'zboshi yozgan ustoz — O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurov ta'biri bilan aytganda, “Besh qit'a, 144 mamlakatning har biridan hech bo'lmasa bir shoirning bir go'zal asari bor bu kitobda”.

Ikkinchi bog'liqlik — “Asr ovozi” kitobi ozodlik, tinchlik, ijtimoiy tenglik, insonparvarlik kabi o'lmas g'oyalarni tarannum etuvchi asarlarning eng yaxshi namunalari to'plami sifatida o'z davri ma'naviy-ma'rifiy hayotida nihoyatda ta'sirchan voqea bo'lgan edi.

Fikrimcha, “Dunyo she'riyati” antologiyasiga kiritilgan she'rlarda ham hayot va mamot, ozodlik va mutelik, Vatanga muhabbat va sadoqat, erk, burch va insoniylik kabi g'oyalar ustuvor ekanligi yaqqol sezilib turibdi.

Uchinchi bog'liqlik — “Asr ovozi” kitobini nashr etishga xalqimizning eng peshqadam va demokrat ziyolilari, xususan, yaqindagina O'zbekiston Prezidenti Farmoniga ko'ra “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan atoqli o'zbek shoiri Rauf Parfi bosh-qosh bo'lganligini yaxshi eslayman. Karim Bahriyev haqli yozganidek, “o'zbek so'z san'atining keyingi yarim asrini Rauf Parfi ijodisiz tasavvur etish aslo mumkin emas”.

Tabiiyki, biz o'zaro qiyoslayotgan shu ikki kitobning bir-biridan farq qiladigan jihatlari ham yetarli. Ushbu farqlardan uchtasiga qisqacha to'xtalaman.

Birinchi farq — “Asr ovozi” kitobi sobiq sovet zamonida nashrga tayyorlangan va chop etilgan. Shuning uchun, istaymizmi-yo'qmi, o'sha kitobga kiritilgan she'rlar ham, shoirlar ham, ayni shoirlar mansub mamlakatlar ro'yxati ham qaysidir ma'noda “senzura”dan o'tkazilgan. Bunda imkon qadar kitobning sho'rolar tuzumi siyosatiga javob berishi talabidan kelib chiqilgani aniq.

Aksincha, “Dunyo she'riyati” antologiyasini tuzish, tarjima qilish va nashr etish jarayonlari hech qanday “senzura”siz amalga oshirilganiga ishonaman. Bu borada Karim Bahriyevga hech kim qaysi mamlakat, qaysi shoir va qaysi she'rlarni tarjima qilish yoki tarjima qilmaslik yuzasidan qandaydir “majburiy yo'riq”, “rahbariy ko'rsatma” bermaganligi tayin va shuning o'zi ham bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlari, xususan, so'z va ijod erkinligi amal qilayotganidan dalolat beradi.

Ikkinchi farq — bundan salkam qirq yil oldin chop etilgan “Asr ovozi” kitobidagi she'rlarni turli shoir va tarjimonlar o'zbek tiliga tarjima qilgan. Sodda qilib aytganda, she'riy tarjimalar to'plami hashar yo'li bilan tayyorlangan. Ayni holat esa kitobning badiiy saviyasi qaysidir jihatdan birmuncha pasayishiga olib kelgan.

O'z navbatida, “Dunyo she'riyati” antologiyasining tarjimoni va tuzuvchisi bitta ijodkor — Karim Bahriyev. Bu omil, o'z navbatida, to'plamdagi she'rlar yagona adabiy did va she'riy ta'b, yaxlit madaniy-ma'rifiy yondashuv, yakdil dunyoqarash va nuqtai nazar asosida saralanishiga olib kelganki, natijada to'plamning sifati va saviyasi ijobiy tomonga o'sgan, deb o'ylayman.

Uchinchi farq — “Asr ovozi” kitobiga hech qanday so'zboshi yo so'ngso'z berilmagan. To'plam she'r bilan boshlanadi va she'r bilan tugaydi (mundarijani hisobga olmaganda).

“Dunyo she'riyati” antologiyasining 1-jildi esa, hali qayd etganimizdek, mashhur adabiyotshunos, tarjimon va adib Ibrohim G'afurovning “Mumtoz garmoniya. Karim Bahriyev tarjimalari” sarlavhali kirish maqolasi bilan boshlangan. Ustoz Ibrohim aka, bir tomondan, hozirgi zamon jahon va o'zbek adabiyoti hamda tarjimachiligi ilg'or tendensiyalarini zukkolik bilan talqin etsa, ikkinchi tomondan, “Dunyo she'riyati” antologiyasi sahifalaridan joy olgan muayyan she'r, shoir va o'sha shoir mansub mamlakat adabiyotini teran tahlilga tortadi, uchinchi tomondan, ayni muazzam to'plamni tuzgan va tarjima qilgan shogirdi Karim Bahriyevning ijodiy kamolot cho'qqisini egallash jarayonlari bilan kitobxonni payvast tanishtirib boradi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, “Dunyo she'riyati” antologiyasi chindan ham jiddiy kitob bo'lib, uchta salmoqli jild va 1 ming 440 betdan iborat juda katta hajmga ega. Unda 144 ta mamlakatning 494 nafar shoiri ijodidan namunalar jamlangan.

Odatda, nasriy asarni o'qishga nisbatan she'r mutolaasi muayyan vaqt va oraliq tanaffuslarni taqozo etadi. Shuning uchun “Dunyo she'riyati” antologiyasini o'qishda davom etyapman. Hozir dastlabki taassurot va mulohazalarimga muxtasar to'xtalaman.

Birinchi mulohaza. “Dunyo she'riyati” antologiyasi kamina davlat tuzilishi va huquqiy tizimi haqida tegishli ma'lumotlarga ega bo'lgan holda, adabiyotidan deyarli bexabar bo'lgan bir qator mamlakatlar xalqlari she'riyati namunalari bilan o'zbek tilida tanishish imkonini berdi.

Ikkinchi mulohaza. Shu paytgacha asosan prozaik, ya'ni nosir sifatida tanigan Redyard Kipling, Gyunter Grass, Jeyms Joys, Migel Anxel Asturias, Xorxe Luis Borxes, Jubron Xalil, Bertold Brext, Tudor Argezi, Akutagava Ryunoske, Ernest Xeminguey kabi mashhur yozuvchilarni hassos shoirlar maqomida ham o'zim uchun kashf etdim.

Uchinchi mulohaza. Nafaqat shoiru yozuvchilar, balki tarixda shafqatsiz siyosati bilan nom qoldirgan ayrim shaxslar ham she'r yozganligi fakti, rostini aytganda, aql bovar qilmaydigan voqelik, deb o'ylash mumkin. Masalan, “Dunyo she'riyati” antologiyasida Stalin she'rlarining o'zbekcha tarjimasi bilan tanishish, o'z navbatida, she'riyatning naqadar jumboqli olam ekani haqida fikrlashga undaydi.

To'rtinchi mulohaza. “Dunyo she'riyati” antologiyasidagi qamrovning bemislligi kitobxonni tabiiy ravishda hayrat va hayajonga soladi. E'tibor bering: 3 ta jildda 5 ta qit'a, 9 ta yirik mintaqa, 144 ta mamlakatning 494 nafar shoiri qalamiga mansub 1 mingta she'r (!) va 13 ta shoiri noma'lum she'r, shuningdek, folklor namunalari, xalq qo'shiqlari va bayotlar jamlangan.

Qiyos uchun: o'sha 1987 yilgi “Asr ovozi” kitobi esa 4 ta qit'a (Evropa, Osiyo, Afrika, Amerika), 32 ta davlatning 48 nafar shoiri bitgan 268 ta she'rdan iborat. Bu she'rlarni 20 dan ortiq tarjimon — mashhur xalq shoirlaridan tortib, havaskor qalamkashlargacha bo'lgan ijodiy jamoa tarjima qilgan. Binobarin, “Dunyo she'riyati” antologiyasidagi mingdan ortiq she'rni faqat bitta tarjimon o'zbekchalashtirgan!

Shu o'rinda “Dunyo she'riyati” antologiyasining mazmun-mohiyatini yanada mukammallashtirish yuzasidan ayrim taklif va tavsiyalarni ham bildirmoqchiman.

Birinchi taklif. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 iyunda qabul qilingan “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta'sis etish to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash, shuningdek, o'zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotining sara namunalarini o'zbek tiliga tarjima qilishni har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanlovi e'lon qilingan. Binobarin, “Dunyo she'riyati” antologiyasini, ulgurilsa joriy yilgi, bo'lmasa, keyingi tanlovga taqdim etish kerak, degan fikrdaman.

Ikkinchi taklif. “Dunyo she'riyati” antologiyasi 1 ming nusxada chop etilgan va bu miqdor 38 millionlik nufusga ega kitobxon xalqimiz uchun juda kamlik qiladi. Shuning uchun, birinchi navbatda, viloyatlar markazlaridagi axborot-kutubxona markazlari, oliy o'quv yurtlari va ijodiy maktablarning kutubxonalariga ushbu to'plam yetkazib berilishi o'rinli, nazarimda.

Uchinchi taklif. Yangi O'zbekiston yoshlari, ya'ni mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortig'i lotin imlosiga asoslangan o'zbek alifbosida yozadi va o'qiydilar. Shu ma'noda, “Dunyo she'riyati” antologiyasi lotin alifbosida ham chop etilsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi.

To'rtinchi taklif. Ushbu antologiyaning ana shu yangi nashrini tayyorlashda hozirgi nashrda o'tib ketgan ayrim texnik nuqsonlar, imloviy xatolar, ayniqsa, ba'zi so'zlarda yumshoq “h” bilan qattiq “x” farqlanmagan holatlar tuzatilishi lozim.

Beshinchi taklif. “Dunyo she'riyati” antologiyasi matnidagi aksariyat o'zbek kitobxonlari uchun notanish bo'lgan xorijiy va xalqaro atama va tushunchalarga qisqacha izohli lug'at berilgani ma'qul. Masalan, 1-jildda (69-bet) “bupati” degan so'z mavjud bo'lib, u bir joyning o'zida ikki xil —“bupati” va “buppati” shaklida yozilgan. So'zning ma'nosini Internet yordamida bilib olish uchun dastlab qaysi shakli to'g'ri ekanini aniqladik. Ma'lum bo'ldiki, Indoneziya shoiri Tavfiq Ismoil she'rida qo'llangan “bupati” tushunchasi — roja, ya'ni zodagonning hududdagi noibi, mustamlakachi hokimiyatning vakolatli namoyandasi, degan ma'noni anglatar ekan.

Aytmoqchimizki, hozircha o'zbek kitobxonlarining hammasi ham notanish so'zlarni internetdan bilib olish imkoniyatiga ega emas yoki bunga vaqt ajratgisi kelmaydi. Binobarin, “Dunyo she'riyati” antologiyasida bunday so'zlarning mo''jazgina izohli lug'ati berilishi o'quvchiga ancha qulaylik tug'diradi.

Oltinchi taklif. “Dunyo she'riyati” antologiyasiga kiritilgan har bitta shoir haqida muxtasar ma'lumot berilsa, ayni muddao bo'lur edi. Hozirgi holatda esa ayrim, juda sanoqli shoirlarning hayoti va ijodi xususida qisqa ma'lumot taqdim etilgan, xolos.

Ettinchi taklif. “Dunyo she'riyati” antologiyasida geografik atamalar o'rnatilgan mezonlar bo'yicha qayd etilishi o'rinli bo'lar edi. Aytaylik, kitobning oxirgi muqovasidagi “9 bo'lga” degani — Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq, Yevropa, Karib havzasi, Okeaniya, Shimoliy Amerika, Markaziy Amerika va Janubiy Amerikadan iborat 9 ta mintaqani anglatishini hamma ham tushunavermasligi mumkin.

“Dunyo she'riyati” antologiyasida Belorussiya — Belarus shaklida yozilmagani holda, Moldaviya — Moldova tarzida bitilgani yoki Lo'bnonni — Livan tarzida, Qibrizni — Kipr shaklida yozilgani holda, Bolgariyaning — Bulg'oriston, degan tarzda berilgani ham kitobxonni bir qadar sarosimaga solmasdan qo'ymaydi. Yana bir misol: Kitobda Koreya Respublikasi — “Janubiy Quriya” degan shaklda yozilgan bo'lsa, Shimoliy Koreya — “Koreya Xalq Demokratik Respublikasi” degan rasmiy nomi bilan qayd etilgan. Aslida, bu o'rinda koreys xalqi vakillari yashaydigan ikkita Koreya davlati haqida so'z bormoqda.

Sakkizinchi taklif. “Dunyo she'riyati” antologiyasida qaysi she'rlar qanday tildan tarjima qilinganligi, hech bo'lmaganda, mundarijada aniq ko'rsatilsa, yaxshi bo'lardi. Nima uchun? Chunki, masalan, 1-jildda 5 nafar O'zbekiston namoyandasi she'rlaridan namunalar berilgan bo'lib, o'quvchida ular o'z asarlarini qaysi tilda yozgan ekan, degan tabiiy savol tug'iladi. Agar Abduxoliq G'ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro asarlari — fors-tojik tilidan, Berdaq she'ri — qoraqalpoq tilidan, Sobit Madaliyev she'rlari rus tilidan tarjima qilingani ko'rsatilsa, bunday savolga o'rin qolmaydi. Bu — birinchidan.

Ikkinchidan, kelgusida mazkur “Dunyo she'riyati” antologiyasidan nafaqat she'riyat ixlosmandlari bahra olishi, balki uni adabiyotshunos va tarjimashunos olimlar atroflicha tadqiq etishiga ham ishonaman. Shunday ekan, til va tarjima borasidagi aniqlik tadqiqotchilarning qiyosiy o'rganishlarida ancha yengillik tug'diradi.

To'qqizinchi taklif. “Dunyo she'riyati” antologiyasining taqdimotini xorijda ham o'tkazish kerak, deb hisoblayman. Bunday muhim qadam, o'z navbatida, o'sha xorijiy mamlakatlarda ham milliy adabiyotimizga bo'lgan e'tibor va qiziqish yanada kuchayishiga turtki bo'ladi.

Muxtasar aytganda, “Dunyo she'riyati” nomli uch jildlik antologiya mamlakatimiz ma'naviy-ma'rifiy hayotida tom ma'noda ezgu ish bo'ldi.

Akmal SAIDOV,

akademik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =