So'z sehri va ijodiy mahorat
Jurnalist kadrlar tayyorlashda nazariy bilimlar va amaliyot uyg'unligi g'oyat muhim o'rin tutadi. Yarim asrcha burun biz talabalik davrimiz Begali Qosimov, Ozod Sharafiddinov, Ochil Tog'ayev, Abdug'afur Rasulov, Umarali Normatov, Sanjar Sodiq, G'aybulloh as-Salom, Najmiddin Komilov, Orif Saidov, Anvar Shomaqsudov, Irisali Toshaliyev kabi zabardast olimlarning darslik va o'quv qo'llanmalarini o'qib, sohamiz nazariyasini o'rganganmiz. Shu nazariy bilimlarimizni amaliyotga payvasta qilganlar yetuk publitsist, adib va shoirlar bo'lib kamolga yetdilar.
Har bir davrning o'z nafasi, o'ziga yarasha muhiti bo'ladi. Publitsistika kabi ilmiy-nazariy asarlar ham doimo boyitib borishni talab etadi. Xo'sh, bugun jurnalistika sohasi uchun qanday nazariy manbalar zarur, degan savol har bir nazariyotchini o'ylantirishi darkor. Bugunning darsliklari va o'quv qo'llanmalaridan quyidagi savollarga muxtasar javoblar o'z ifodasini topishi zarur: “Jurnalistikaning nazariy asoslari deganda qanday darslik va o'quv qo'llanmalarni tushunasiz? Ijod nazariyasini qandoq idrok etasiz? Ilk bor qo'liga qalam tutgan havaskor ijod bo'stoniga qandoq qadam qo'yishi mumkin? Jurnalist kasbini egallashga ahd qilgan yoshlar o'qishga kelgunga qadar nimalarni bilishlari, qanday tayyorgarlik ko'rishlari zarur? Faqat nazariy bilim olish bilan mahoratli jurnalist bo'lib yetishish mumkinmi? Ijodiy mahorat deganda nimalarni tushunasiz? Yozish uslubini qandoq tasavvur etasiz? Bugungi kunda milliy matbuotimiz oldida turgan asosiy vazifalar nimalardan iborat? Jurnalist etikasi, kasb odobi va burchi, so'z mas'uliyati deganda nimalar ko'zda tutiladi? Olgan nazariy bilimlaringiz amaliyotga to'g'ri keladimi?”
Bu kabi muxtasar savollarga Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika va o'zbek filologiyasi fakulteti jurnalistika kafedrasi dotsenti, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, adib Ahmadjon Meliboyevning “Jurnalistika saboqlari” (“Samo nashr”, 2023), “Erkin Vohidovning imzosi” (“Adabiyot”, 2023) “Asrlarga tatigulik umr” (G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2024), “Badiiy publitsistikada ijtimoiy tahlil” (“Samo nashr”, 2025), “Jurnalistning til boyligi” (“Tubo nashr”, 2025) kabi o'quv-amaliy qo'llanmalari, monografiya, ilmiy maqolalar to'plamidan muxtasar javoblar topish mumkin. Muallif, avvalo, iste'dodli publitsist-adib. Yarim asrdan oshibdiki, Ahmadjon aka tinmay ijod qilish bilan bir qatorda aynan publitsistika nazariyasiga oid ilmiy izlanishlar ham olib bormoqda. Buni ustozning ilmiy tadqiqotlari, o'quv-amaliy qo'llanmalarida yaqqol ko'rish mumkin. Atoqli adib O'tkir Hoshimov ta'biri bilan aytganda: “Roman quvvati bilan qissa, qissa quvvati bilan hikoya yozish kerak”. Shu nuqtai nazardan tahlil etilganda Ahmadjon Meliboyevning mazkur qo'llanmalari “Darslik quvvati” bilan yaratilgani yaqqol ko'rinib turibdi.
“Jurnalistika saboqlari” qo'llanmasidan o'rin olgan “Jurnalistika sehrli kasb”, “Jurnalistika haqida”, “O'qish va uqish yillari”, “Jurnalistikaning yozilmagan “qonun”lari”, “Jurnalistikaning til boyligi”, “Jurnalist surishtiruvi”, “Epistolyar janr: kecha, bugun, ertaga”, “Zamonaviy jurnalistika: u qanday bo'lishi kerak?” kabi maqolalarning sarlavhasidanoq o'quvchi mavzu mohiyatini anglay boshlaydi.
Yoshi ulug' yozuvchi-shoirlarga havas bilan ulg'ayganmiz. Asqad Muxtor, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O'tkir Hoshimov kabi ustozlarning har bir so'zi, ibratli ishlari biz uchun katta saboq edi. Publitsist-adib Ahmadjon Meliboyev uzoq yillar ana shu ustoz yozuvchi-shoirlar safida faoliyat ko'rsatgan. Ahmadjon aka o'sha kezlardayoq ko'rgan-kechirganlarini qog'ozga tushirib borgan! “Erkin Vohidovning imzosi” to'plamidan o'rin olgan maqolalar, esse va suhbatlarini mutolaa qilgan o'quvchi atoqli shoir, O'zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning serqirra faoliyati, ma'naviy olamiga oshno bo'ladi. Bu to'plam ijod ahli uchun o'ziga xos ibrat maktabi, desak arziydi. “Mening ishim — umrini Vatan saodati yo'liga bag'ishlagan mutafakkir vatandoshimiz haqidagi hayotning bugungi shiddati yoki boshqa sabab bois, yoddan ko'tarila boshlagan haqiqatlarni adabiyot olamiga endi-endi qadam qo'yayotgan yoshlarga eslatib qo'yish, o'zim ko'rgan, bevosita guvoh bo'lgan voqealar, eshitguliklar tafsilotlarini asli qanday bo'lgan bo'lsa, shunday holda ustozning jonli suhbatiga ilova qilishdan iborat bo'ldi, xolos, — deb yozadi muallif. — Kitob Erkin Vohidovni yaqindan bilgan, fusunkor she'rlari, dilbar g'azallaridan bahramand bo'lgan muxlislarning yangi-yangi ilovalari bilan boyib boradi, degan umiddaman”.
Ahmadjon Meliboyev ijodiy izlanishlari va ilmiy tadqiqotlarida mutafakkir va gumanist adib Chingiz Aytmatov mavzusi alohida o'rin tutadi. Amaliy jihatdan esa 2017 yilda Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida “Chingiz Aytmatov va O'zbekiston” ekspozitsiyasi tashkil etilishi katta voqelik bo'lgan. Ekspozitsiya tashkil etilishida, alalxusus, Chingiz Aytmatov hayoti, ijodi va O'zbekiston bilan bog'liq faoliyatiga oid adabiyotlar, fotosuratlar va boshqa ko'rgazmalarni to'plashda Ahmadjon Meliboyevning xizmatlari alohida. Shu kunga qadar ekspozitsiyani yanada boyitib borish yo'lida ustoz hamon izlanishda. Aytish joizki, mazkur ekspozitsiya bo'lg'usi jurnalist va filologlarning o'ziga xos ma'rifiy maskaniga aylanib qolgan.
Bu maskanda har yili 12 dekabrda adib Chingiz Aytmatov tavallud kuniga bag'ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar, adabiy kechalar o'tkazilishi o'ziga xos an'anaga aylangan. Unda atoqli qirg'iz adibi, Qirg'iziston Fanlar akademiyasi akademigi Chingiz Aytmatov hayoti va ijodi, uning o'zbek adiblari bilan do'stona aloqalari, millionlab adabiyot ixlosmandlari sevib mutolaa qilayotgan “Baydamtol sohillarida”, “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo'tako'z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo'li”, “Alvido, Gulsari”, “Oq kema”, “Dengiz yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg'asi” kabi asarlari haqida fikr almashiladi. Ekspozitsiya rahbari Ahmadjon Meliboyevning shu buyuk adib bilan uchrashuvlari, muloqotlari haqidagi xotiralari barchada katta qiziqish uyg'otadi.
Bugungi talabalar uchun O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning quyidagi fikrlari katta saboqdir: “Aytmatov ijodi bizga ko'p jihatdan saboq bergulik maktabdir. Mening uchun Aytmatov saboqlaridan biri quyidagicha: Chingiz og'a o'zining benihoya jasur iste'dodi bilan har qanday mahdud, qiyin sharoitda ham haqiqatni qiyomiga yetkazib, o'rinlatib ayta bilishini isbotladi. Adibning “Alvido, Gulsari” asarini eslang. Asar qahramoni Tanaboyning ham, uning sodiq yo'ldoshi Gulsari laqabli otning ham navqiron chog'lari jamiyat xizmatiga sarf bo'ldi. Biroq ular qartaygach, nazardan, e'tibordan qola boshladilar. Yozuvchi mana shu fikrni murakkab sharoitda katta mahorat bilan badiiy asarga aylantirdi. Bu gap bugungi kunda ham o'z aktualligini, hayotiy qimmatini yo'qotgan emas. Albatta, har qanday buyuk adibning ham o'z uslubi, ohangi bo'ladi. Tolstoyni Dostoyevskiydan farqlashda dohiyona belgilarni ilg'ash mumkin bo'lganidek, Aytmatov ijodini kuzatganda ham faqat unga xos bo'lgan fazilatlarni darhol topa olamiz. Bular — chuqur insoniy falsafa hamda g'oyat go'zal poetik ruhdir”.
Ahmadjon Meliboyev buyuk adib Chingiz Aytmatov ijodiy faoliyatini ilmiy tadqiq etishga talabalik yillaridayoq kirishgan. U 1974 yili ToshDU (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetini tamomlash arafasida yozgan diplom ishi mavzusi: “Chingiz Aytmatov — jurnalist” edi. Eng e'tiborli jihati, mazkur diplom ishini Chingiz Aytmatovning o'zi ham o'qib, tahliliy fikrlarini bildirgan. O'sha vaqtdan to adib hayotining so'nggi kunlarigacha Ahmadjon Meliboyev ul zot bilan necha marta yuzma-yuz ko'rishgan, muloqot qilgan. Muallif fikricha, yozuvchi Chingiz Aytmatov xalqimiz tarixi va madaniyatini, boy ma'naviy merosimizni yaxshi biladi, chuqur his etadi, buyuk allomalarimiz bilan o'zbek xalqi kabi faxrlanadi. Uning qissa va romanlari, publitsistik maqolalari, dolzarb ma'ruzalarida xalqimizning shonli tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi, Samarqand, Buxoro kabi o'tmishga shohid shaharlarimiz bilan faxrlanish, Orol ko'lining taqdiriga kuyunish kabi holatlar ko'plab uchraydi…
Turli davrlar mobaynida yozilgan “Adib bilan tanishuv”, “Botir bola, kimning o'g'lisan?”, “Tog' va dasht…”dan “Qulayotgan tog'lar”gacha”, “Aytmatovshunoslik ilmi ufqlari”, “Adib ijodida badiiy publitsistika”, “Jahannam uzra qarg'alar faryodi”, “Davr savollari”, “Suhbatlar, e'tiroflar”, “Fikr erkinligi asri”, “Kremldagi nutq”, “Chingiz og'a maktublari”, “Adib hikmatlari”, “Asrlarga tatigulik umr” sarlavhali maqola, badia va suhbatlari “Asrlarga tatigulik umr” ilmiy-publitsistik maqolalar to'plamidan o'rin olgan. Ularni teran nigoh ila mutolaa qilgan o'quvchi buyuk adib Chingiz Aytmatov saboqlaridan bahramand bo'ladi. Bu bitiklar Chingiz Aytmatovning quyidagi so'zlarini yodga soladi: “Yoshlar, shuni bilinglarki, jamiyat va adabiyot sizning oldingizga qo'yayotgan bugungi vazifalar adabiyotimizning katta avlodi oldida bir vaqtlar turgan vazifalardan keskin farq qiladi. Biz bugun tarixning shu choqqa qadar yurilmagan yo'llaridan ham yurmoqdamiz. Jamiyat, ijtimoiy hayot, adabiyot o'sib, rivojlanib bormoqda. Shunday ekan, sizlarga katta ustozlaringiz bosib o'tgan ijod yo'lidan ko'ra murakkabroq yo'llarni bosib o'tishga to'g'ri keladi. Shuning o'zi sizlarga, hammamizga daxldor mas'uliyat. Bundan keyingi ishlarimiz shu mas'uliyatdan kelib chiqishini anglab yetmog'imiz zarur… Asar yozish uchun qo'liga qalam olgan ijodkor gapni uzundan-uzoq cho'zmasligi, bo'lar-bo'lmas voqealarni quruq bayon qilish bilan o'quvchining boshini qotirmasligi kerak, deb o'ylayman. Buning o'rniga bugungi kun odamining ruhiy olami, ichki dunyosini ochib beruvchi, falsafiy o'y-fikrlar bilan sug'orilgan, chinakam adabiyot talablariga javob bera oladigan, odamlarning qog'ozdagi nusxasini emas, hayotdagi real obrazini ko'rsatadigan baquvvat asarlar yaratishga bel bog'langlar. Bunday asarlar yuksak grajdanlik (fuqarolik — izoh bizniki. T. E.) pafosi aks etgan poema, balkim, tragediya, maishiy mavzudagi drama yoki novella bo'lishi mumkin. Gap janrda emas. Har qanday asar iste'dod bilan yozilgan, o'quvchini to'lqinlantira oladigan bo'lishi zarur”.
Aytish joizki, adib Chingiz Aytmatovning bugungi yosh ijodkorlarga saboq bo'ladigan bitiklari ko'p. Jumladan, “Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori” asarida Sohibqiron Amir Temurning Sheroz shahrida hofiz Sheroziy bilan bo'lgan uchrashuvini yodga olib, ulug' hukmdorning quyidagi so'zlarini keltiradi: “O'z shoirini izlab yurgan podshoning qo'l ostidagi xalq baxtli bo'ladi. Biroq o'z hukmdorini izlab yurgan shoirning xalqi baxtsizdir”.
Kunda-kunora “Chingiz Aytmatov va O'zbekiston” ekspozitsiyasida saboq olayotgan talabalar qirg'iz adibi Chingiz Aytmatov o'zbeklar diyorini o'z yurtiday, odamlarini tug'ishgan og'a-inilariday qadrlaganini, Mirtemir, Zulfiya, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Maqsud Qoriyev, Ziyod Yesenboyev, Botir Zokirov, Asil Rashidov, Anvar Jo'raboyev, Pariza Muhammadjonova va boshqa ko'plab ijodkorlarni yaqin do'st bilib, ular bilan umrining oxirigacha qanchalik samimiy muloqotda bo'lganini anglab yetadi. Bu — qardosh xalqlar o'rtasida mehr rishtalarini toabad mustahkamlashda adabiyot qanchalik muhim o'rin tutishini ko'rsatadi.
“Badiiy publitsistikada ijtimoiy tahlil” monografiyasidan o'rin olgan “Milliy taraqqiyotga erishishda ijodkorning ijtimoiy faolligi”, “Badiiy publitsistikada davr ruhi va tamoyillari tahlili”, “Publitsistikada muallifning ma'naviy-axloqiy qarashlari”, “Badiiy publitsistikada muallif mahorati va fikr uyg'unligi”, “Dunyoviy yangilanish va ijtimoiy publitsistika” kabi ilmiy-ommabop maqolalari Ahmadjon Meliboyevning matbuotdagi uzoq yillik faoliyati, ijodiy izlanishlari va kuzatuvlari samarasidir. Muallif mazkur monografiyasida badiiy publitsistika — jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy jarayonlarga, dunyo miqyosida yuz berayotgan, odamlar ong-shuuriga, dunyoqarashi va turmush tarziga ta'sir ko'rsatayotgan voqea-hodisalarga tezkor va xolis munosabat bildiruvchi ijodiy tafakkur mahsuli ekanini ilmiy asoslab beradi. Shuningdek, bu janr o'quvchi ongiga tez ta'sir ko'rsatishi, biror bir vazifa yoxud muammo xususida jamoatchilik fikrini yuzaga keltirishi, alalxusus, fikrni aniq maqsad yo'nalishida rivojlantirishi haqida ham teran mushohadali fikrlar tahlil etilgan. Muallif alohida ta'kidlaganidek, publitsistika hayotning barcha sohalarini qamrab oladi va shu bois, badiiy ijod kabi bir necha (ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy, madaniy-ma'rifiy, hajviy) sohalarga bo'linadi. Bu sohalar ichida badiiy publitsistika, ya'ni yozuvchi publitsistikasi alohida mavqega ega.
Muallifning “Jurnalistning til boyligi” o'quv-amaliy qo'llanmasi yuqorida nomlari qayd etilgan qo'llanmalarining mantiqiy davomi bo'lib, unda asosiy e'tibor ona tilimiz muammolariga qaratiladi. “Til — tirik, harakatchan vujud, u ham xuddi inson kabi parvarishga, e'tibor, mehrga muhtoj. Bu haqiqatni unutadigan bo'lsak, yillar o'tib o'zbek tilini o'rganish kurslarini boshqalar uchun emas, o'zimiz uchun qayta tiklashimizga to'g'ri keladi” deya bong uradi adib Ahmadjon Meliboyev. Darhaqiqat, til shunday bir bog'ki, undagi har bir nihol, har bir g'unchaning o'rni va zarurati bor, bordi-yu, ulardan birortasi parvarishsiz qolsa, bog'ning ko'rki buziladi, tarovati susayadi. Binobarin, tilimizdagi har bir maqol va matal, so'z va ibora, noyob aytimlar, topilma tashbehlar, “kosa tagidagi nimkosa”lar ham shunday maqomga ega. Hikmatli so'zlar, maqol va matallar, rivoyat va hikoyatlar orqali biz xalqimizning olis o'tmishiga nazar tashlaymiz, bosib o'tilgan mashaqqatli yo'llardan xabardor bo'lamiz. Shu ma'noda tilni bugungi kunni olis o'tmish bilan bog'lovchi ko'prikka qiyoslash mumkin. Bu ko'prik bizni ezgu amallarga, insoniy komillikka, saxovatpeshalik va bag'rikenglikka, halol-poklikka da'vat etadi. “Tilini asragan el boy bo'ladi, uni yo'qotgan el esa yo'lidan adashadi” deganlaridek, o'zligimizni yo'qotmaslik, buyuk xazinamizdan bebahra qolmaslik uchun ham tilimizni asrashimiz lozim.
O'quv-amaliy qo'llanmadan o'rin olgan “Jurnalistning til boyligi”, “Gapning ushovi”, “Ayb hakkadami?”, “Til, tahrir, talqin”, “Javobsiz savollar”, “So'zning tirik jondek hayoti”, “Yog'li qurtga tobingiz qalay?”, “Bir og'iz so'z bilan”, “Chuchmallik”, “Baxtli tasodif tufayli”mi?, “Qo'l yozuvimiz nima bo'ladi?”, “Qutadg'u bilig” — saodatga eltuvchi bilim”, “Tilingdan o'rgilay, xalqim”, “Til va tafakkur”, “Tilim mening — jonu dilim mening” singari ilmiy-ommabop maqolalarni qunt bilan mutolaa qilgan o'quvchi ona tilimizga e'tiborsizlik qanchalik ayanchli holga olib kelishi mumkinligi haqida o'zi xulosa chiqarib oladi.
Katta hayot tajribasiga, betakror ijodiy mahorat maktabiga ega bo'lgan ustoz publitsist-tadqiqotchi Ahmadjon Meliboyevning kitoblari va kunda-kunora matbuotda yoritib borilayotgan maqolalarini mutolaa qilganlarning tafakkuri shunga yarasha boyib boraveradi. Yuqorida tahlil etilgan o'quv-amaliy qo'llanma, monografiya va ilmiy maqolalar to'plamlari jurnalist-kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim muassasalari uchun muhim nazariy-amaliy manbalar bo'lib xizmat qilaveradi.
To'lqin EShBEK,
O'zMU dotsenti, filologiya fanlari nomzodi.
