“O'tkan kunlar” hayrati

yoki roman asosida ko'p qismli teleserial yaratish taraddudi haqida

 

Yoz oylari edi. Kitob javonimni titkilab, rejissuraga oid kitoblarni qidira boshladim. Negadir, qo'limga Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” kitobi to'g'ri kelib qoldi. Kitobni varaqlab o'tirib, undan ko'zimni uzolmay, kechgacha romanni to'liq yana o'qib chiqdim.

Menda, ko'pdan beri “O'tkan kunlar”ni to'liq versiyasini teleserial qilish niyati bor edi. Chunki bu roman asosida ikkita badiiy film olinganini hamma biladi. Bu filmlarda asosan Otabek bilan Kumushning o'tli muhabbati ochib berilgan. Lekin o'zbek romanchiligining asoschisi hisoblangan bobomiz Abdulla Qodiriy betak­ror asarida faqatgina ikki yoshning olovli muhabbatinigina bayon qilmoqchi bo'lgan emas. Albatta, men bu filmlarni tahlil qilish niyatim yo'q. Chunki barcha kitobxonlar biladi, “O'tkan kunlar” o'ta keng ko'lamda yozilgan betakror milliy roman va uni hech kim bir yarim soatlik filmga sig'dira olmasligi tabiiy edi.

Shu bois, romanning to'liq ekran yuzini ko'rishini ko'pdan beri orzu qilardim. Bejiz o'zbek adabiyotining katta darg'alaridan biri bo'lgan Tohir Malik: “Men bu asarni shimoliy ummondagi bahaybat muz tog'iga – aysbergga o'xshataman. Ma'lumki, bu tog'ning faqat cho'qqilari ko'zga tashlanadi, asosiy qismi esa ko'rinmaydi – suv ostida bo'ladi”, deb yozmagan edi. Xullas, romanni qayta-qayta o'qib, ko'p qismli teleserial ssenariysi ustida ish boshlashga jur'at etdim. Ochig'i, “O'tkan   kunlar”ni barchamiz maktabda va oliy ta'limda ham ko'p o'qiganmiz va olimlarimizning ma'ruzalarini ting­laganmiz. Qiziq, oldinlari asarning syujetiga ko'proq ahamiyat berib, asarning naqadar o'z kasbimga, ya'ni rejissura kasbiga yaqin ekaniga e'tibor bermagan ekanman. Eng qizig'i, ssenariy ustida ish boshlamasimdan oldin, qo'limda tayyor ko'p qismli kinossenariysi turar edi.

Lol va hayratda qoldim. Roman har bir jumlasining o'zi bir lavha(kadr) qilib yozilganiga va Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar”i rejissyorlik kasbimga judayam kerakli kitob ekanligi meni chuqur hayajonga solgan edi.

Bu asar, rejissyorlik kasbini o'rganmoqchi bo'lgan har bir insonga, darslik kitobi, qo'llanma bo'lib ham xizmat qilishi aniq. Chunki, teatr va kino rejissurasida montaj juda katta va muhim rol o'ynaydi. Buyuk   rus kinorejissyori Sergey Eyzenshteyn “Kino – bu montaj”, degan edi. Teatr san'atida ham montaj asosiy rol o'ynaydi. Bu haqda dunyo teatr san'atiga beqiyos hissa qo'shgan Konstantin Sergeevich Stanislavskiy ham o'z “sistemasi”da yozib qoldirgan. Buni qarangki, “O'tkan kunlar”ni varaqlar ekansiz, muallifning har bir so'zi montaj uslubida, ya'ni bir jumla – bitta kadr, ikkinchi jumla – ikkinchi kadrda edi.

Neajabki, “O'tkan kunlar” romani boshidan oxirigacha “kinomontaj” uslubida yozilgan ekan! Ulug' bobomizga yana bir bora tasanno aytgim keldi. Kamina rejissyorlik kasbida ko'p yillar ijod qilib kelganimga qaramay, rejissurani, avvalo, “O'tkan kunlar”dan o'rganishimiz zarurligini   bildim. 1923-1924 yillarda yozilgan mazkur roman (hali kino san'ati rivojlanmagan davr) “kinossenariy”   uslubida yozilganiga qoyil qolmasdan iloj yo'q edi. Aziz mushtariy, siz kitobning qaysi beti va qaysi jumlasini olmang, so'zimning isbotini topasiz.

Mana, e'tibor qiling-a, tayyor kino-ssenariy:

15-fasl. “Dushanba   kun kechasi”

1-kadr:   …Tun yarim bo'lib, oldingi uxlaganlar endi bir uyquni olgan edilar.

2-kadr:   Maydon eshigi ochildi.

3-kadr: Biri orqasidan biri yurib, ikki ko'lanka maydonga kirdi.

4-kadr:   Buni payqagan Otabek xanjarini qinidan chiqarib qo'liga ushlagach, yuz tuban yerga uzandi.

5-kadr:   Ikki ko'lanka so'zsizgina osti kesilgan bino yoniga kelib to'xtadilar.

6-kadr:   Kelguvchilarning biri Sodiq va ikkinchisi Mutal edi.

7-kadr (yirik planda): Tumshug'ini yerga tirab yotgan mushukdek bo'lib Otabek ularni kuzatar edi.

8-kadr: To'xtagach, shivirlab Sodiq so'radi:

9-kadr (yirik planda): -Teshilayozganmikin?

10-kadr: Ozgina qolgandir, deb o'ylayman, negaki, paxsaning enidan bir gaz chamasi joy ochilgan! Mutal tovushini baralla qo'yib so'zlar edi,shuning uchun Sodiq dedi:

11-kadr (yirik planda): — Tovushing­­ni sekinroq chiqarsang-chi!

12-kadr: Mutal belidan teshasini olar ekan,unga javob berdi:

13-kadr (yirik planda): — Hali shundan ham qo'rqasanmi, balki, hali ashulamni ham aytib yuborarman!

14-kadr (yirik planda): — Jinniligingni qo'y, Mutal aka! Men ham yoningda turaymi?

15-kadr (yirik planda): – Turasanmi, yo'qmi: ixtiyor o'zingda!

16-kadr: Mutal kovakka kirib kovlashga tutindi.

17-kadr (yirik planda): — Teshani qattiq solma, — dedi Sodiq.

18-kadr: — Menga o'rgatma, o'zim bilaman.

19-kadr: Sodiq Mutalning ehtiyotsizligidan qo'rqdi, shekillik, biroz Mutalning ishiga qarab turgach, dedi:

20-kadr (yirik planda): – Bo'lmasa, men eshik yoniga borib turay, teshildi deguncha hushtak ber.

21-kadr: — Tuzik, hali Homid kuyoving qayoqda qoldi?

22-kadr: — Ko'chaning boshida poylab o'ltirgandir. Hushtagingni eshitgach, uni ham chaqiraymi?

23-kadr: Chaqir, — dedi Mutal va shitr-shitr kesak tushira berdi.

24-kadr: Sodiq eshikdan chiqqan ham edi, Otabek sekingina boshini ko'tardi-da, Mutal sari shuviy boshladi.

25-kadr: Mutal esa yemirilib tushgan kesaklarni tashqariga surish bilan ovora edi…

26-kadr (yirik planda): Shu vaqt uning qo'ltig'i ostidan uzatilgan qo'l hiqildog'idan ombir kabi siqib oldi…

27-kadr: Mutal kuchli edi, ammo Otabek undan ham kuchlik edi.

28-kadr: Sapchib hiqildog'ini ajratish uchun bo'lgan Mutalning birinchi harakati bo'shka ketdi-da,chap biqiniga o'tkir xanjar g'achcha botirildi…

29-kadr: Ammo ul hamon bo'shalishga kuchanar edi va kuchli qo'l battarroq uni siqar edi.

30-kadr: Uch daqiqalik kurashdan so'ng Mutal bo'shashdi, ilgarigi kuchanishlardan qoldi va bir-ikki daf'a to'lg'anib jimgina jon berdi.

31-kadr: Otabek eshik tomondan ko'zini uzmagani holda Mutalni sudrab o'zi biqingan loyxonaga olib bordi va qo'rqibgina hiqildoqdan qo'lini oldi.

32-kadr: Mutalning boshi shilq etib loyxonaga tushdi-da, mangulik uyqusiga ketganligi ma'lum bo'ldi…

33-kadr: Otabek bitta-bitta teshilgan bino yoniga kelib eshik tomonga hushtak berdi, javob hushtagi eshitilgach, teshuk ichiga kirib o'ltirdi.

34-kadr: Teshukning yuqorisidan biroz tuynuk ochilgan bo'lgani uchun ichkaridan quloqqa yengilcha pishillash eshitilar edi…

35-kadr: Sodiq yaqin yetkan edi, kesmadan uzoqroqda turib shivirladi:

36-kadr (yirik planda): — Teshdingmi, Mutal?

37-kadr (yirik planda): — Teshdim, beri kel.

38-kadr: Sodiq kesma yoniga kelib engashdi.

39-kadr: Engashishi hamono qo'l hiqildoqqa to'g'ri kelgan edi va xanjar qorniga botirilgan edi…

40-kadr: Sodiq qo'lidagi xanjarini bir-ikki qayta solib ko'rsa ham, tegdirish uchun kesmaning tubanligi xalal berdi, lekin o'zi tetuk edi.

41-kadr:   Otabek sapchib kesmadan chiqdi va bor kuchi bilan Sodiqni bosib tushdi…

42-kadr: Bosib tushishi hamono allaqaysi yeri achishgandek sezildi…

43-kadr: So'l qo'li Sodiqning hiqildog'ida, xanjarlik qo'li Sodiqning xanjarlik qo'lida edi…

44-kadr: Biroz kuchini yig'ib olgach, hiqildoqni bor kuchi bilan siqa bosh­ladi.

45-kadr (yirik planda): Sodiq xirillar, shunday bo'lsa ham qo'lidagi xanjarni bo'shatmas edi.

46-kadr: Eshik tomondan Homid ham ko'rinib qoldi…

47-kadr: Vaqt tang kelgan edi… Sodiqning ko'kragini qochirib xanjarlik qo'lini bo'shatdi va Sodiqning ko'kragiga soldi.

48-kadr: Sodiqning xanjari bir-ikki qayta uning orqasiga kuchsiz-kuchsiz kelib tekkan edi.

49-kadr:   Xanjarini ikkinchi urishda Sodiq bo'shashdi va qo'lidan xanjari tushdi.

50-kadr (yirik planda Otabek): — Homid akanga juda ham mehribon ekansan, Sodiq! – dedi bosib yotkan joyidan Otabek. — Joningni ham unga qurbon qilding!

51-kadr: Sodiq ingrab qo'ydi.

52-kadr: — Kim xirillaydir? – dedi yaqinlashib kelgan Homid.

53-kadr: — Tezroq keling, Homid aka, Otabekni o'ldirdik! — dedi shoshib Otabek.

54-kadr: — Ax! — deb yurib keldi Homid.

55-kadr: Otabek Sodiqni qoldirib, Homidning xanjarlik qo'lini ushlab oldi: — Mutal o'ldi. Sodiq ham o'lim yoqasida. Endi siz bilan ikkimizgina qoldik!

56-kadr: Homid qo'lini bo'shatishga tirishar ekan, Otabek salmoqqina qilib dedi: — Ortiqcha oshiqmangiz, Homidboy, men sizning xanjarlik qo'lingizni bo'shataman hozir, ammo shungacha siz bilan ikki og'iz so'zim bor!

57-kadr:   Homid hanuz qo'lini bo'shatishga kuchanar edi.

58-kadr (yirik planda Otabek): — Kuchanmangiz, Homidboy!

59-kadr (yirik planda Homid): — Mard yigit bo'lsang, qo'limni qo'y!

60-kadr (yirik planda Otabek): – Oshiqma, qo'yaman, — dedi Otabek.

61-kadr: Shu choqda oyog' ostida yotkan Sodiq ko'tarilib-ko'tarilib o'zini otmoqda edi.

62-kadr: Otabek Sodiqdan nariroqqa Homidni boshladi. Homid tig'izlik bilan surildi.

63-kadr (yirik planda): Xanjarlik qo'li bilan tuynukka ishorat qilib, Otabek so'z boshladi: — Siz mendan ham yaxshiroq bilasizki, shu uyda sizni allaqancha mashaqqatlarga solgan, cheksiz jonivorliklar ishlatkan va hisobsiz tillalar to'kdirgan, nihoyat, shu daqiqaga keltirib to'xtatkan birov uxlaydir. Agarda sizning manim tilimdan yozib bergan taloq xatingiz durust hisoblanmasa, bu uxlaguchi manim halol rafiqam bo'lib, ikki yildan beri men uning ko'­yida sargardonman, demak, siz bilan maning oramizda shu birov uchun kurash boradir. Lekin siz shu choqqacha manim ustimdan muvaffaqiyat qozonib keldingiz: qora choponchi, deb dor ostilarigacha olib bordingiz, Musulmonqul qo'liga topshirdingiz, bu ishlaringiz foydasiz chiqg'ach, ismimdan taloqnoma yozib, ikki yillab rafiqamdan ayirib turishka muvaffaq bo'ldingiz, bu orada gunohsiz bir yigitni ham o'ldirdingiz. Nihoyat, o'g'rilik yo'liga tushib ikki yigitingizni manim qo'limda halok qildingiz… Endi menga javob beringiz-chi: bu yomonlik­laringizda siz haqlimi edingiz?

64-kadr (yirik planda Homid): — Haqli edim! – dedi Homid va siltab xanjarlik qo'lini bo'shatib chalqancha yiqildi.

65-kadr: Ul qo'lini bo'shatkan choqdayoq Otabek ishini to'g'rilagan, ya'ni Homidning qornini shir etdirib yorib yuborgan edi.

66-kadr: Homid holsizlanib yotar ekan, uni besh qadam naridan kuzatib tek turguchi Otabek zaharxanda ichida; “Haqlimi eding?” – deb so'radi.

67-kadr:   Kuchanib, “Haqli edim!” – dedi Homid va qo'lidagi xanjarni Otabekka otdi, xanjar Otabekning yoniga kelib tushdi…

68-kadr: Otabek kushxona o'rnidan eshikka qarab qo'zg'algan edi, Homiddan besh-olti qadam narida yotkan Sodiqning “xmmm” degan tovushi eshitildi. Otabek ko'ngli allanechuk­langani holda maydondan chiqdi…

E'tibor qiling, romandan biror satr­­ni o'zgartirishga, “tahrir” qilishga hojat yo'q. Istagancha asarni “kadr matni”da davom ettirish mumkin.

Ha, to'g'ri, adabiyotshunos emasman. Lekin imonim komil, Abdulla Qodiriy o'zbek xalqining buyuk yozuvchisi sifatida o'z qahramonlarining so'zi bilan butun insoniyatni intifoqlikka, totuvlikka chorlaydi. Yurtimizning kelajagi uchun qayg'uradi va turli buzg'unchi va nizochi unsurlardan xalqni ogohlantirmoqchi bo'ladi. Abdulla Qodiriy “O'tkan kunlar”ni xalqning g'amida kuyib-­yonib yozgan edi. Bugungi kunda “O'tkan kunlar”ning bir muxlisi sifatida bu romanni to'lig'icha ekranlashtirish xalqimizning bugungi hayo­tiga va yosh avlodni to'g'ri yo'lga solish uchun o'ta zarur deb bildim va ushbu nodir asar asosida ko'p qismli teleserial ssenariysi ustida ish bosh­laganimdan beri uning chinakam muxlisiga aylandim.

Ishonamanki, Abdulla Qodiriyning barcha asarlari, ayniqsa, “O'tkan kunlar”i biz uchun nafaqat sevimli kitob, balki san'atshunoslikka, kinochilik sohasiga oid qo'llanma ham bo'lib qolajak.

Toji Muhammad ISROILOV,

rejissyor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 11 =